Ustoz nega aynan birinchi darsdan Lev Tolstoyni tanishtirdi, oʻqishga oʻrgatdi, vazifa qilib berdi?..
Toʻrt yil deganda talaba boʻldim. Buning hayajoni qancha boʻlsa, masʼuliyati ham shuncha.
Dars boshlandi. Jadval boʻyicha birinchi dars – adabiyot. Biroz koʻnglim xotirjam tortdi. Sababi, negadir shu darsda oʻzimni erkin sezaman. Oʻqituvchi hammamiz bilan birma-bir tanishdi. Nimaga qiziqishimizu qaysi fanni yoqtirishimizni obdan surishtirdi. Dars oxirlab qolganda Lev Tolstoyning “Iqrornoma” asarini oʻqishni va oʻz “iqrornoma”mizni yozib kelishni vazifa qilib berdi. Birinchi kundan kitob oʻqish ekan-da, deb hali bir-birimizni yaxshi tanib ulgurmagan boʻlsak-da, muhokama qila ketdik.
Xayriyat, hajmi kichik ekan. Tezda oʻqib boʻlaman deya uyga yoʻl oldim.
Muallif asarida oʻzining hayotini bor boʻy-basti bilan tasvirlagan. Hech kimdan qoʻrqqan emas, uyalgan ham emas. Hayotdagi barcha chigalliklar, adolatsizlik, takabburlik, imonsizlik faqat uning hayotida sodir boʻlayotgandek koʻrinadi. Tolstoy xotiralarni yozishga urinarkan, oʻsha davr eshigidan oʻtishga ham harakat qiladi.
“… Manfaatparastlik, shuhratparastlik hokimiyatparastlik, shahvoniyat, mutakabbirlik, gʻazab, intiqom – bularning hammasi hurmatga sazovor edi. Bu hislarga berilganimda men katta odamlarga oʻxshab qolardim va mendan mamnun ekanliklarini his qilardim…”
Yozuvchining birgina shu jumlasi oʻtmishda ham, bugun ham ayrimlar niqobsiz yura olmasliklariga ishora emasmikan?!
“Iqrornoma”da Sharq masalidan biri keltiriladi. Muallifning yozishicha, sayyoh sahroda bir yirtqichga duch keladi. Undan qutulish maqsadida suvsiz quduqqa sakraydi. Quduq tubida esa uni ajdaho kutardi. Sayyoh nima qilarini bilmay quduq yorigʻidan oʻsib chiqqan butaga osiladi. Pastda ajdaho, yuqorida yirtqich. Butani esa atrofidan biri qora, biri oq sichqon kemira boshlabdi. Sayyoh muqarrar oʻlishini bilib, buta bargidan tomchilab turgan asalni yalashga harakat qiladi.
Muallif oʻzini xuddi oʻsha sayyoh kabi nochor his qiladi. Bu dunyo qiyinchiliklarga, azob uqubatga, zulmga toʻla ekanini aytadi.
Ushbu masaldagi sayyoh haqiqatan ham chorasiz ahvoldagi inson. Ammo unda kichik boʻlsa-da, umid paydo boʻldi – butalar. Biroq kunu tun deya taʼriflangan sichqonlar chorasiz qolgan insonning bor umidini buta bilan birga kemirib tashladi.
Shularni oʻqir ekanman, bir narsaga iqror boʻldimki, hayot beshafqat, u kutib turmaydi. Ammo omon qolishing yoki halok boʻlishing ham oʻz qoʻlingda. Vaholanki, yashab turgan har bir insonga umid va ikkinchi imkoniyat albatta beriladi.
Asarni oxirigacha oʻqimay oʻz “iqrornoma”mni yoza boshladim. Gap avvalida boshlaganim toʻrt yil oʻqishga kirolmaganim sababi ham oʻzimda ekanini angladim. Har gal kitob oʻqish bahonasida hamma ishlardan ozod qilinib, kitob oʻqirdim, ammo tub maʼnosini, magʻzini chaqib koʻrishga biror marta harakat qilmagan ekanman. Har gal “yiqilganimda” esa buni omadsizlikka yoʻydim, xuddi menda omad degan narsaning oʻzi yoʻq. Omadim boʻlganda birinchi, ikkinchi, qoʻyinki, uchinchi yil oʻqishga kirar edim, deb oʻzimga taskin berardim. Hech bilimim kamligidan yoki mavzuni yaxshi oʻzlashtirmaganimdan ekanini tan olgim kelmasdi…
Ushbu asarni oʻqigan kishi albatta oʻz iqrornomasiga qoʻl uradi.
Nega aynan ustozimiz birinchi darsdan Lev Tolstoyni tanishtirdi, oʻqishga oʻrgatdi, vazifa qilib berdi?..
Keyinroq katta kurslar bilan suhbatlashganimizda ustoz ulardan ham ilk darsida “iqrornoma” olgan ekan. U bu usuli bilan talabalar haqida ilk taassurotga ega boʻlar, bizning ichki olamimiz, kechinmalarimiz, hayot haqidagi fikrlarimiz haqida maʼlumot olar ekan. Ustozimiz birgina asar orqali butun bir sinfdagi talabalarni bilishi u kishining nafaqat oʻqituvchi, balki yaxshi psixolog ekanidan boʻlsa kerak.
Kamola SOBITJONOVA,
OʻzMU jurnalistika fakulteti talabasi
https://saviya.uz/ijod/nasr/talabaning-iqrornoma-si/