TAGAL TILI, tagalo, tagalog — avstronez tillari makrooilasiga mansub Filippin tillaridan biri; dastlab Filippin Respublikasining eng muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi boʻlmish Luson orolining oʻrta va jan. qismida, keyinchalik orolning shim. gʻarbiy qismlari va Lusondan jan. dagi boshqa orollarda tarqalgan. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 15 mln. kishiga yaqin. Tagal tili mustamlaka davrigacha qabilalararo til, 20-a. boshidan umummilliy til maqomida boʻlib, 1959-y. «pilipino» (filippin tili) degan nom olgan. 1973-y. da esa ingliz tili bilan bir qatorda Filippin Respublikasining rasmiy tili deb eʼlon qilingan. Lahjalari 10 dan ortiq boʻlib, ular tagallarning tarqalish hududiga moye holda manila, bataan, bulakan, batangas kabi nomlarga ega; leksika va imlo boʻyicha oʻzaro farqlanadi. Adabiy tili manila lahjasi asosida shakllangan. Tagal tili 100 dan ortiq Filippin tillari orasida 20-a. boshigacha adabiy til sifatida shakllangan yagona tildir. Fonetikasida 5 unli va 16 undosh fonema mavjud. Otlarga nisbasan feʼllarda morfologik kategoriyalar (zamon, nisbat) yaxshi rivojlangan. Gapda soʻz tartibi belgilovchi ahamiyatga ega emas. Leksikasida ispan, ingliz, xitoy, arab, hind tillaridan oʻzlashgan soʻzlar koʻp. Tagal tili mustamlaka davrigacha qad. hind yozuvidan kelib chiqqan boʻgʻinli yozuvdan foydalangan. 17-a. boshlaridan lotin grafikasi asosidagi yozuv joriy etilgan.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые