Yodimda bor, shoʻro davrida ToshDU – hozirgi Milliy universitetimizda falsafa-iqtisod fakulteti boʻlar, unda besh yil oʻqib, taʼlimni bitirganlar qoʻliga berilgan diplomning “mutaxassisligi” degan joyiga chiroyli qilib “faylasuf” deb yozib qoʻyilardi. Hayron boʻlardim: oʻzimiz tengi, qishloqning qora-qura yigitlaridan tortib, Murod Muhammad Doʻst iborasi bilan aytganda, Imom al-Buxoriyning “Al jomeʼ as-sahih” kitobi nomini nozik lablarini choʻchchaytirib aytadigan olifta qizlargacha – har yili kamida 60-70 nafar faylasuf tayyor!..
Keyinroq amin boʻldimki, diplomdagi yozuv bilan peshonadagi bitikning orasida allaqancha farq bor ekan. Hatto hozir ham respublikada falsafa sohasida nomzodlik, doktorlik, hatto akademiklik daraja va unvonlariga ega boʻlgan olimlar bisyor boʻlsa-da, chinakam faylasuf bormi, agar boʻlsa, ular kimlar, degan savolga dabdurustdan javob topishga qiynaladi kishi…
Bugun ibratli shaxsi va faoliyati toʻgʻrisida qisqagina soʻz aytmoqqa chogʻlanganimiz olimning ilmiy darajasi fan nomzodligi, xolos. Bir-ikki “aqli peshlar”ning “saʼy-harakati” sabab u kishi tayyor boʻlgan doktorlik ishini himoyaga olib borish masalasiga oʻzining mashhur ikki qayta qoʻl siltashini qilgan. Biroq… biroq boshqalarni bilmadim-u, shaxsan menga Abdurahim Erkayev yurtimizda faylasuf olim deyishga eng arzigulik mutaxassislardan biri ekanini qayta-qayta isbotlab, hujjatsiz ham tasdiqlayveradi. Nimasi bilan deng? Biri biridan oʻqishli maqolalari, biri boshqasidan salmoqli kitoblari bilan.
Nafaqat jismu jonimiz, iqtisod va siyosatimizga, balki ongu tafakkurimizga ham erkinlik olib bergan istiqlolning dastlabki yillaridayoq “Maʼnaviyat – millat nishoni” nomli nihoyatda jiddiy tadqiqotini eʼlon qilgan olim, oʻtgan yillarning deyarli har birida bittadan kitobni xalqiga taqdim etdi. Ularning hech biri nomigagina kitob boʻlmay, ayni nomni toʻla oqlaydigan original mazmun va mohiyatni oʻzida mujassam etgandir.
Kamina ayni kunlarda Abdurahim Erkayevning “Maʼnaviyat” nashriyotida bosishga tayyorlanayotgan “Maʼnaviyatshunoslik” nomli, ikki jilddan iborat yirik monografiyasi mutolaasi bilan bandman. Va qoʻlimni koʻksimga (vijdonimning ustiga!) qoʻyib aytanmanki, anchadan buyon milliy mualliflarimizga tegishli bunaqa gʻuj mazmunli, keng va teran tahlillar asosidagi ohorli xulosalar bayon etilgan kitobni oʻqimagan edim. Har bir jildi 480 sahifalik bu ulkan mehnat samarasi toʻgʻrisida hozir yoʻl-yoʻlakay, shoshilinch toʻxtab oʻtishdan oʻzimni tiygan holda, eʼtirof etishim kerakki, mazkur kitob nafaqat Oʻzbekiston yoxud Markaziy Osiyo mintaqasida, balki dunyo miqyosida ham ayni muhim soha tadqiqiga bagʻishlangan yirik, masala qirralarini toʻla qamragan, chinakam ilmiy, ayni paytda nihoyatda ommabop tilda yaratilgan birinchi va hozircha yagona kitobdir.
Abdurahim Erkayev barcha maqola va kitoblarida oʻzi mushohada yuritayotgan sohalar tabiatini ichdan his qilib yozgani tufayli, fikr-mulohazaning, tahlil va talqinning oʻqishli ifodasi eʼtiborli oʻquvchini oʻziga ipsiz bogʻlab oladi. Bu mushohada ibtidoiy davr kishilarining ov qilinadigan hududlarni oʻzaro taqsimlashidagi kelishuvlar jarayoni boʻladimi, Mirzo Ulugʻbekning oʻzini oʻrab olgan “jaholat va kasofat olami” bilan deyarli yakkama-yakka oʻttiz-qirq yillik olishuvimi yoxud Germaniya “yangi maktablari”dagi deyarli pornografik darajaga tushib ulgurgan dars mashgʻulotiga bolasini yubormagani uchun jazolangan nemis kishisi ahvolining talqini boʻladimi – hamma-hammasini olim oʻz aqlidan, tafakkuri va koʻnglidan oʻtkazib bayon qiladi. Ayni vaqtda barcha sohalarning mulohaza aytilayotgan hamma yoʻnalishlari, masala va muammolari boʻyicha albatta aniq, ilmiy manbalarga tayaniladi, ularning konkret mualliflari bilan bahs ochiladi. Bu bahsda ham avtoritetlar soyasiga oʻtish yoxud ularga soʻzsiz qulluq qilish usuli bu olimga mutlaqo yotdir.
Aytilganidek, Abdurahim Erkayev oʻzi murojaat qilayotgan bironta sohani, ilmu fan yoʻnalishini yuzaki bilish, oddiy xabardorlik bilan cheklanishni istamaydi, hammasi boʻyicha professional darajada, ijodiy fikrlashga izn beradigan ilm yigʻadi. Uning, masalan, “Milliy oʻzlikni anglatishda badiiy adabiyotning oldiga na fan, na din, na axloq, na huquq tusha oladi. Badiiy obraz millatning yulduzli onlari, bosqinchilarga qarshi matonatli kurashi, buyuk farzandlari shonli gʻalabalari va madaniy yutuqlarini konkret-obrazli tasvirlab, milliy gʻururni tarbiyalaydi” degan muhim xulosaga kelishi – oʻzi mansub boʻlgan fanni, dunyo dinlari tarixini, ming yillik axloq va huquq meʼyorlarini hamda bu jumlada tilga olinmagan yana koʻplab sohalarni chuqur, ichidan bilishi natijasidir. Shu maʼnoda ham oʻzbek olimi tomonidan yaratilayotgan, faqatgina bir fan sohasi – maʼnaviyatshunoslikka oiddek tuyuladigan kitoblar, aslida, ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishdagi boshqa fan mutaxassislari – tarixchilar, falsafa olimlari, adabiyotshunoslar, etnograflar, dinshunoslar, sanʼatshunoslar singari koʻplab ziyolilar uchun ham gʻoyat qiziqarli, ularga-da yangi fikrlar, gʻoyalar, daʼvatlar berishi bilan qimmatlidir.
Mana, shunday zabardast olim, zamonaviy oʻzbek fanining yetuk vakillaridan biri Abdurahim aka Erkayev tavalludiga ham 70 yil toʻlibdi. Biz u kishini qutlugʻ yoshga toʻlishi munosabati bilan muborakbod etamiz!
Rahmon QOʻChQOR,
filologiya fanlari nomzodi
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tafakkur-va-kongildan-chiqqan-mushohada/