SYUAN SZAN

SYUAN SZAN (taxm. 600664) xitoylik sayyoh, Budda dini rohibi. 627-y. Changanda hindistonlik buddist olim Poʻmidoʻlo bilan tanishib, uning taʼsirida Hindistonga borishga axd qiladi. Tan davlati hududidan boshlangan (629) Syuan Szanning safari Turk xoqonligi taʼsiri ostidagi yoʻllardan oʻtgan. Xesi yoʻlagi (koridori), Ivergʻul (hoz. Qumul, xitoycha Xami) orqali Turfonga kelgan. Bu yerda u Turfon (Gaochan) davlati xukmdori xuzurida boʻlgan. S. S. Qorashar, Kuchar, Aqsu, Muzrat dovoni, Issiqkoʻl, Taroz (Suye), Choch, Samarqand, Buxoro, Temir darvoza (Temenguan), Afgʻonistonning shim. viloyatlari, Hindukush togʻlari orqali Hindistonga borgan (630). U yerda barcha buddizm madaniyati markazla rini, mashhur ibodatxonalarni ziyorat qiladi. Hindistonning shim. sharqidagi Nalanda (Nalanto) ibodatxonasida 5 y. tahsil oladi. 640-y. bu yerda 18 mamlakatdan kelgan vakillar ishtirokida oʻtkazilgan katta xalqaro anjumanda maʼruza qilib yirik buddaviy rohiblar qatoridan joy oladi. Syuan Szan koʻp noyob kitoblarni olib 645-y. Changanga qaytib keladi. Tan hukmdori Li Shimin (627—650-y. larda Tayzung nomi bilan taxtni boshqargan) uni Loyangdagi saroyiga taklif qilib, Markaziy Osiyodagi mamlakatlar, xalqlar, iqtisodiy ahvol va harbiy kuchlar haqida suhbatlashgan hamda bu haqda batafsil yozma maʼlumot berishni topshirgan. Bu davrda Tan sulolasi Turk xoqonligiga qarshi kurash olib borayotgani tufayli bunday maʼlumotlar nihoyatda zarur edi.

Syuan Szanning yoʻl xotiralari asosida yozgan «Da Tang siyuji» («Buyuk Tang sayohatnomasi») asari Markaziy Osiyo xalqlari tarixini oʻrganishda muhim manbadir. Syuan Szan bundan tashqari oʻzi bilan Hindistondan keltirgan kitoblarni xitoy tiliga tarjima qilish bilan shugʻullangan. Maʼlumotlarga koʻra, u jami 1335 bobdan iborat boʻlgan 74 ta asarni tarjima qilgan. S. S. Changʼandagi «Yuyxua shi» ibodatxonasida vafot etgan.

Abdulahad Xoʻjayev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x