Suzukota

Yurtimiz qadim tarixi, boy anʼanalari, allomalariyu obidalari, ziyoratgohlari bilan dunyoga mashhur. Poytaxtimiz Toshkent shahri ham azaldan ilm-fan va madaniyatning yirik markazlaridan biri sifatida olamga tanilgan.

2017 yil 26 may kuni davlatimiz rahbari
Shavkat Mirziyoev poytaxtimizning ana shunday qadamjolaridan biri Shayxontohur tumanida joylashgan «Suzuk ota» majmuasida boʻlib, maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish boʻyicha tavsiyalar bergan edi.

Poytaxtimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshayotgan muhtasham majmua qurilishi yakunlanayotgan ayni kunda taniqli ijodkor Asqar Obidov “Xoja Ahmad Yassaviy va Suzukota” nomli risolasiga tartib bergani ayni muddao boʻldi. Ushbu risolada koʻhna Suzukota mahallasining tarixi, mahalla asoschisi Suzukota toʻgʻrisida maʼlumot va rivoyatlar berilgan. Quyida mazkur risoladan parcha bilan tanishasiz.

 Tahririyat


 

SUZUKOTA

Xoja Ahmad Yassaviyning qizi Gavhari Xushtoj (Xushtari) va Turkistonning Qorachuq qishlogʻida yashagan xalifasi Sulaymon Valining oʻgʻli Xoja Valining farzandi Ahmad al-Qorachiqiy Shayx (Alixoʻja Hazrat)dan uch oʻgʻil – Hazrat Imod Shayx (Omadi Shayx), Abdul Vali (Sodon Xoja) va Mustafoqul (Suzukota, taxminan 1130/40 – 1217) tugʻilgan.

“Sayram tarixi” risolasidan quyidagi bitiklarni oʻqiysiz: “Bu yerda marqadi muborak Hazrati Shayx Mustafoquli Xojaning turbatlari bor. Eshon farzandi arjumand Hazrati Alixoʻjaota erdilar, Hazrati Sulton Xoja Ahmadning qizlaridan boʻlgan nabiralari erdilar. Yosh bolalik vaqtida bobolarining xizmatiga borur erdilar. Nogoh bobolarining nazari muboraklari tushib, muhabbat bilan aytdilarki: “Maning suzugim, xush keldingiz! Maning suzugim, xush keldingiz!”. Shuning uchun mardumlar Suzukota deydilar”.

Rivoyat qilishlaricha, issiq yoz kunlarining birida oʻsmirlar qatoriga qoʻshilgan Mustafoqul, akalari va otasi bilan birga ekinni chopiq qilgani chiqibdi. Charchagan va chanqagan, qoʻllari qabargan Mustafoqulning ogʻzidan: “Ekilgani qolsin, begonasi chiqsin!” degan soʻz chiqib ketibdi. Shu onda daladagi barcha ekinzor begona oʻtlardan tozalanib qolibdi.

Bu hodisani koʻrgan otasi qattiq ranjib: “Beli ogʻrib mehnat qilib, peshona teri bilan topilgan luqma halol va shirin boʻladi. Agar istasam, shu onda bu mevani yetishtirib yeyishimiz va barcha hosilni yigʻib ketishimiz mumkin boʻlar edi. Kuch-quvvatga toʻladigan payting, hozirdan osonlik bilan luqma topishga oʻrganma”, deb qattiq tanbeh beribdi.

Mahallada yashagan quruvchilar, duradgorlar, qirmachi, miskar, toqichi, yogʻoch oʻymakorlar Toshkentdagi koʻplab mahallalarda quruvchilik va ustachilik bilan mashgʻul boʻlgan. Shuning uchun juda qadimdan bu mahallani ustalar mahallasi deb atashgan. Hozir oʻsha ustalarning avlodlari shu mahallada yashab, bobolari kasbini davom ettirib kelmoqda. Dastlab bir nechta oiladan iborat aholi kundan-kunga koʻpayib, katta mahallaga aylangan. Mahallada yashovchilar asosan xoʻjalar oilasiga mansub boʻlgani uchun u yerni xoʻjalar mahallasi deb ham atashgan.

Mahalla ayollari ham oʻzlariga munosib hunar bilan mashgʻul boʻlgan. Palak, soʻzana, kashta, doʻppi, koʻylak, nimcha tikib, qizlariga ham buni oʻrgatishgan. Turmushga chiqqan qizlar yangi xonadonga borganidan keyin ham oʻz kasbini davom ettirib, roʻzgʻorga oʻz hissasini qoʻshgan.

Mahalla ahli shahar tashqarisidagi chekka joylarda bogʻ va ekinzorlar barpo qilib, yozda bogʻ hovlilarda dehqonchilik va bogʻdorchilik bilan shugʻullanib, shahardagi hovlilarda qishlagan. Dala hovlilari asosan Samarqand darvoza, Komolon darvoza, Izza, Qaʼni, Choʻponota, Chilonzor Oqtepasi kabi mavzelarda boʻlgan.

Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” kitobida yozilishicha, Oʻzbekxon taxtga oʻtirganidan sakkiz yil oʻtgach, mashoyixlar va musulmonlarning shayxi, avliyolarning qutbi, hazrati Zangiota ishorasi bilan hazrati Sayidota guvohligida hijriy 720 (milodiy 1320) yili islomni qabul qilish sharafiga muyassar boʻldi. Sayidota Dashti Qipchoq, Ural va Volga boʻyidagi xalqlarni musulmon qilishda ancha samarali mehnat qiladi.

Suzukotaning yana bir mashhur xalifasi, qoʻshni mahallada yashagan Choʻponota boʻlib, u taxminan 1185 yili tugʻilgan. Suzukotadan ilm oʻrganib, uning oq fotihasi bilan Samarqand­dagi Choʻponota tepaligida salkam yigirma yil faoliyat koʻrsatgan. Keyin Toshkentga qaytib, shaharning chetidagi hozirgi Choʻponota mavzesida kimsasiz tashlandiq yerlarga suv chiqarib, bogʻ-rogʻlar barpo qilgan. Odamlar qalbiga ezgulik urugʻini qadagan. U salkam bir asr umr koʻrib, 1285 yili vafot etadi va shu mavzega dafn qilinadi. Tarix sahifalarida yozilishicha, 1420 yili Mirzo Ulugʻbek uning qabri uzra shinamgina maqbara qurdirgan ekan.

Suzukota uzoq-yaqindan shifo istab yoki biror bir iltimos va hojat talabida kelganlarga yordam bergan. Sayohatga chiqayotganlarga bexatar safar, tijoratchilarning savdosiga baraka va rivoj tilagan. Diyorimizdagi shaharlar va qoʻshni davlatlar bilan savdo aloqalarini oʻrnatib, usta-hunarmandlar sarmoyasining koʻpayishiga sababchi boʻlgan. Bu tinib-tinchimas zot har bir katta qurilishga oʻzi bosh-qosh boʻlar ekan. Nafaqat oʻzi yashagan mahalla, balki qoʻshni Mirlar, Chuqurkoʻprik, Oʻqchi, Koʻmirchi kabi mahallalarda ham hunarmandchilikka asos solgan.

 …Suzukota bilan bir davrda shaharning koʻzga koʻringan mashhur insonlari umrguzaronlik qilgan. Zangiota (1162/65–1258) Suzukota yashagan mahallaga qoʻshni boʻlgan mavzeda yashagan va ular onalari tomonidan qarindosh (xolavachcha) boʻlgan.

Shayx Zayniddin bobo (1164–1259) Suzukota mahallasidan ikki mahalla naridagi Koʻkcha mavzesida yashagan. Shayx Zayniddin boboning xalifasi Xoja Nuriddin Basir (taxminan 1159–1242) ham Suzukota bilan uchrashib, suhbatlashgan.

Suzukotaning ikki farzandi yosh vafot etgan. Uch oʻgʻil va uch qizi otasining ezgu ishlarini davom ettirgan. Oʻgʻillari – Shayx Abulqosim, Shayx Abdulloh va Xoja Abdulhay, qizlari – Sofiya, Eshonguli va Nurbibi.

Shayx Abulqosimning avlodlari Yevropa mamlakatlarida va AQSHda ham bor. Shayx Abdulloh avlodining koʻpchiligi Sharq mamlakatlarida umr kechirmoqda.

Sofiya qizlari “Kattabogʻ” koʻchasidagi Eshonguzar mahallasiga kelin boʻlib tushgan. Eshonguli esa “Chigʻatoy” mahallasiga kelin boʻlgan. Ustalar yoki Xoʻjalar deb atalgan mahalla Suzukotaning vafotidan keyin Suzukota mahallasi deb atalgan.

 

Asqar hoji OBIDOV,

Suzukota mahalla fuqarosi

 

uzas.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/suzukota/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x