Turkum
* * *
Daraxtni zoʻrgʻa koʻndirdim
Birga uchishga
Qushga aylanishimni
Kutamiz endi
* * *
Soʻzga aylana olmay qiynalar
Rangli sharlar ichidagi
Nafasim
* * *
Ikkimizning qoʻllarimizga
Yogʻar edi bahor yomgʻiri
Shamol har kun terib keltirar
Titrogʻimiz siniqlarini
* * *
Tomda qurigan makkapoyalar
Quyoshni qitirlab kemirar sichqon
Koʻkdagi qushlarga termilar
Qarigan mushuk
* * *
Tuyoq tozalayotgan shaharlik ayol
Qoʻllariga yopishib qolar
Olis yaylovdagi maysalar sasi
* * *
Sogʻilayotgan sutning ovozi
Oʻchoqdagi olov ovozi
Suhbatlashar
Kutib turar tong boʻsagʻada
* * *
Bir shoda anor
Xona devoriga osilgan
Koʻrpani boshiga tortar bolakay
* * *
Pullarini sanayotgan kuz
Koʻzini uzmas
Terakning uchidagi
Soʻnggi yaproqdan
* * *
Shamol qoʻnadigan shoxga
Supurgidan singgan xaslarni jamlab
Tuxum qoʻydi musicha
Mushukning koʻziday yaltirar yulduzlar
* * *
Xayollarin ushatib berarkan
Baliqchalarga
Ariqning labida oʻtirar bir qiz
Qimirlamas ariqning labi
* * *
Arraning ovozi kelar ustaxonadan
Xazonlar ostiga berkinar
Oʻrik danagi
* * *
Kun boʻyi
Daraxtni aylanib avradi
Soyasi
Mevaga oʻxsharmish qushlarning ini
* * *
Qafasdagi rangdor qushcha
Sayramay qoʻydi
Par yostiq koʻtargan ayolni koʻrib
* * *
Qizgʻish qalpoqchali bolakay
Yugurardi suvsiz ariqning ichida
Gulzordan anqirdi atirgul boʻyi
* * *
Bolalik bekinmachoq oʻynardi
Bodring joʻyaklari ichida
Tizzachalar izi koʻmildi suvga
* * *
Osmonga oʻqtalgan arava shotisi
Toʻpga oʻxshardi
Kechgacha termilar bir toʻp bolakay
Qargʻalar galasi koʻrinmas
* * *
Gʻamgin qoʻshiq aytar
Zardoʻzi qizlar
Soʻligan oʻsmani yoritadi oy
* * *
Bahorning soʻnggi kuni
Qaldirgʻochlar xayrlashar
Koʻzimga chizilgan ovozlari bilan
* * *
Qizgʻish tumanlar ortida elas
Qorday oppoq ikki tepalik
Yumshoq
Silliq
Yostiqqa oʻxshar
Mudraydi quyosh
* * *
Quyosh botmoqda
Qutqargani otlanar
Doʻkonini yopib
Namozshomgullar
* * *
Yoz chillasi
Daraxtlar ostida
Erib yotar pishgan oʻriklar
Bogʻda anqir balogʻat hidi
* * *
Paykalda yorilgan qovun
Shira oqib borar oyning nurida
Chumolining iniga tomon
* * *
Chayqatib yuborishdi
Tungi hovuzni
Baliq oviga chiqqan yulduzlar
* * *
Oy yulduzsiz qorongʻu kecha
Koʻrinmaydi hovuzdagi suv
Uzoqdan qaytardi horigan xayol
Aziz SAID
“Sharq yulduzi”, 2012–6
https://saviya.uz/ijod/nazm/suvdagi-izlar/