SURXON DAVLAT QOʻRIQXONASI — Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanining shim. gʻarbiy qismida joylashgan 2 mustaqil maydondan — Koʻhitang togʻining sharqiy yon bagʻri va Paygʻambaroroddan iborat qoʻriqxona. Paygʻambarorol uchastkasi vodiytoʻqay ekosistemalari va buxoro bugʻusini muhofaza kilish maqsadida 1971-y. da tashkil etilgan. Koʻxitang davlat buyurtma qoʻriqxonasi 1986-y. da Paygʻambarorol qoʻriqxonasi bilan birlashtirilib, Surxon davlat qoʻriqxonasiga aylantirildi. Vazifasi qoʻriqxona hududidagi oʻsimlik va hayvonot olamini muhofaza qilish, oʻrganish, i. t. ishlari olib borishdan iborat. Surxon davlat qoʻriqxonasining togʻoʻrmon ekosistemasiga kiruvchi Koʻhitang (dengiz sathidan 850—3157 m yuqori) qismi (24583 ga) gidrologik tarmoqqa, kattakichik soylarga boy, Laylakon, Qizilolmasoy kabi yirik daryolari ham bor. Qoʻriqxona hududida Zarautsoy rasmlari saqlangan dara mashhur. Koʻhitangda turkiston va zarafshon archalari (8033 ga), turkiston zarangi (104 ga), turongʻil (512 ga), buxoro bodomi (891 ga), jiyda (183 ga), shirin bodom, oʻrik, yongʻoq, xandon pista, saksovul, butalar va b. oʻsadi. Oʻsimliklarning 810 turi mavjud, ularning 29 turi Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Togʻ va togʻ yon bagʻirlarida turkiston silovsini, morxoʻr, osiyo mufloni, boʻri, tulki, quyon, boʻrsiq, har xil zaharli ilonlar va qushlarning 130 ga yaqin turi uchraydi.
Qoʻriqxonaning Paygʻambarorol uchastkasi (Amudaryodagi kichik orol — uz. 8, eni 5 km; 3044 ga) oʻrmonzor va toʻqayzordan iborat (1986-y. gacha etalon toʻqayzorlarning oʻsimlik va xayvonot dunyosini tabiiy holida saqlash maqsadida tashkil etilgan mustaqil qoʻriqxona boʻlgan). 970 gektarini oʻrmonzor, qolgan qismini jiyda, terakjiyda, yulrun va terak aralash toʻqayzorlar tashkil etadi. Shuningdek, orolda chuchukmiya, yulgʻun va galofit oʻsimliklar oʻsadi. Toʻqayzorlarda buxoro xonguli, yovvoyi toʻngʻiz, qamish mushugi, qushlardan qirgʻovul, burgut, tasqara, qirgʻiy; hind jayrasi, sudraluvchilardan choʻl agamasi, toshbaqalar, kaltakesaoar, ilonlar va b. koʻp uchraydi. 12—13-a. larda orol muqaddas ziyoratgoh boʻlgan. Rivoyatlarga koʻra, orolda musulmon arboblaridan biri dafn etilgan va uning qabri ustida Zulkifl masjidi boʻlgan. Shu bois, musulmonlar bu orolni muqaddas joy, yaʼni «Paygʻambarorol» deb atashgan.
Abdushukur Xonazarov.