Endometrit – bachadon ichki qavatining yallig‘lanishi bo‘lib, ko‘pincha tug‘ish jarayonining qiyin kechishi, abort, homila tushishi va boshqa turli xildagi ginekologik aralashuvlar natijasida kelib chiqadigan kasallikdir. Bu kasallik 90 % hollarda farzand ko‘rish yoshidagi ayollarda uchraydi. Hozirgi kunda ushbu kasallik bachadon ichi kontrasepsiyasidan ko‘p foydalanish, abortlar sonining ortishi va bachadon ichi manipulyatsiyalari ko‘p o‘tkazilishi tufayli ushbu kasallik ayollar orasida keng tarqalmoqda. Surunkali endometrit kasallikning o‘tkir shaklini to‘liq davolanmaslik natijasida yuzaga keladi.
Endometrit homilaning tushishi, sun’iy urug‘lantirishning samarasizligi, homiladorlik va tug‘ishdan keyingi asoratlarga olib keladi. Hozirgi kunda ushbu kasallik to‘liq davolanadi. Shifokorlar kompleks ravishda, medikomentoz va xalq tabobati yordamida, hamda fizioterapiya muolajalaridan foydalanib davolashni tavsiya etishadi.
Surunkali endometrit nima?
Surunkali endometrit – bu bachadon shilliq qavatining yallig‘lanish kasalligidir. Bunda bachadon ichki qavati shikastlanib homiladorlikning to‘xtashiga olib kelishi mumkin. kasallikning erta muddatlarida yallig‘lanish belgilari tez rivojlanadi, bunga sabab bakteriya, virus, zamburug‘, parazitlar yoki boshqa turdagi infeksiyalar bo‘lishi mumkin. ko‘pincha bir necha xildagi infeksiya omil sabab bo‘ladi.
O‘tkir shakldagi endometrit to‘g‘ri davolanmasa, bemor shifokor tavsiyalariga rioya qilmasa yoki immunitet pasayganda surunkali shaklga o‘tib ketadi. Bunda belgilar kamayadi, lekin kasallik davolanishi qiyinlashadi.
Surunkali endometritning xuruj davrida belgilar yuzaga chiqishi o‘tkir shaklidagi kabi kechadi. Kasallikni davolanmasa bachadonning keyingi qavatlariga, hatto mushak qavatigacha yetib boradi va mioendometrit rivojlanadi.
Endometrit sabablari va xavf omillari
Endometriy 2 qavat to‘qimalardan tuzilgan. Tashqi funksional qavat hayz siklining oxirida ko‘chib tushadi. Bazal qavat – funksional qavat shakllanishi uchun xizmat qiladi.endometritning asosiy sababi – ushbu qavatlar strukturasi buzilishi va infeksiya kirishidir.
Ko‘p hollarda endometriy qavatlarning jarohatlanishi quyidagi sabablar natijasida kelib chiqadi:
- Bachadon bo‘shlig‘iga zond qo‘yish;
- Qinni yuvish maqsadida olib boriladigan muolajalarning noto‘g‘ri bajarilishi;
- Gisteroskopik tekshiruvda;
- Gisterosalpingografik tekshiruvda.
Endometrit keltirib chiqaruvchi omil va qo‘zg‘atuvchidan qat’iy nazar spetsifik (maxsus) va nospetsifik turda bo‘ladi.
Spetsifik endometrit – bachadon shilliq qavatida xlamidioz, odiiy gerpes virusi, sitomegalovirus, OIV-infeksiyasi, gonoreya (so‘zak), sil (tuberkulyoz), mikoplazmoz, kandidoz, toksoplazmoz, sarkoidoz va barcha TORCH infeksiyalar natijasida kelib chiqadi.
Surunkali nospetsifik endometrit – ko‘p hollarda bachadon ichi spirali, kichik chanoq a’zolari nurlanishi, gormonal kontraseptiv vositalardan foydalanish, qin mikroflorasining buzilishi tufayli yuzaga keladi. Bunda tekshiruvlar o‘tkazilganda spetsifik mikroorganizmlar aniqlanmaydi.
Endometrit bilan kasallanuvchi xavf guruhidagi ayollar quyidagilar bo‘lishi mumkin:
- Abort o‘tkazgan yoki homila tushish holatlari kuzatilganlar;
- Gisteroskopik tekshiruvlar o‘tkazilgan ayollar;
- Gisterosalpingografik tekshiruv o‘tkazgan ayollar;
- Bachadon ichki qavatidan biopsiya olingan ayollar;
- Bachadon ichi spiralidan foydalanuvchi ayollar;
- Tug‘ruqdan keying infeksiya asoratlari;
- Surunkali servitsit kasalligi bor ayollar (bachadon bo‘ynining yallig‘lanishi);
- Bakterial vaginoz yoki kandidoz kasalligi bor ayollar;
- Jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklari bor ayollar (gonoreya, xlamidioz, mikoplazmoz);
- Genital gerpes yoki sitomegalovirus tashuvchilari;
- Shilliq osti miomasi yoki polipi bor ayollar.
Endometrit kasalligi kelib chiqishida shuncha xavf omillari bo‘lsa ham, ushbu kasallik bilan kasallangan ayollarning har 1/3 qismida, kasallik sababi noma’lum.
Surunkali endometrit belgilari
Bachadon qavatining qanchalik darajada chuqur yallig‘langanligi va tuzilishining buzilishiga qarab surunkali endometritning yengil, o‘rta, o‘gir darajali shakllari bor, ularning barchasida o‘ziga xos simptomlari mavjud.
Surunkali endometrit kasalligi bilan xastalangalarda quyidagi belgilar kuzatilishi mumkin:
- Hayz siklining buzilishi (ko‘p hayz suyuqligi ajralishi va uning quyuqlashuvi);
- Bachadondan qon ketish;
- Yiringli ajralamalar;
- Qorinning pasti sohasida simmilovchi og‘riq;
- Jinsiy aloqa vaqtida jinsiy a’zolarda og‘riq sezish.
Surunkali endometritda – kasallikning simptomlari doimo yuzaga chiqmaydi. Har bir bemorda qaysidir bir klinik belgi yaqqol bo‘ladi, boshqa belgilar esa kuchli namoyon bo‘lmaydi.
Surunkali endometrit diagnostikasi
Diagnostika – bemorni so‘rab surishtirishdan keyin, ginekologik kresloda tekshiruvlardan so‘ng, bachadon devorlarining o‘zgarishiga qarab qo‘yiladi. Bachadon ichki qavati shikastlanishi natijasida ko‘pincha polip va kistalar hosil bo‘ladi. ushbu kasallik oqibatida har 1/10 ayol homiladorlik baxtidan mosuvo bo‘lsalar, har 2 ta ayoldan bittasi homiladorlikni oxirigacha olib bora olmaydilar.
Ginekolog uchun endometrit kasalligini tasdiqlash yoki inkor etish uchun qo‘shimcha tekshiruvlar kerak bo‘ladi:
- Bachadon ichki qavati UTT (UZI) tekshiruvi;
- Gisteroskopik tekshiruv;
- Bachadon ichki bo‘shlig‘idan namuna olish.
Agar ushbu tekshiruvlar endometrit kasalligini tasdiqlasa, kasallikni qo‘zg‘atuvchi infeksiyani aniqlash uchun qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkaziladi:
- Bachadon ichki bo‘shlig‘idan olingan namunani bakterial ekish. Bu tekshiruvda nafaqat bakteriya turi, balki unga ta’sir etadigan eng samarali antibiotikni tanlashda ham qo‘l keladi;
- Qonni IFA analizi, infeksion-virusli kasalliklarni aniqlashda yordam beradi (sitomegalovirus, gerpes);
- Bachadon bo‘shlig‘idan olingan namuna PZR (polimeraza zanjir reaksiyasi) o‘tkaziladi. Bunda bakteriya va virusning turi aniqlanadi.
Qin mikroflorasidan surtma olish. Qin va bachadon bo‘yinchasida yallig‘lanish jarayoni kechayotganligi haqida ma’lumot beradi.
Surunkali endometrit davosi
Endometrit diagnozi qo‘yilgandan keyin, bu kasallikni davolash mumkin. bunda kompleks ravishda mikrobga qarshi, oksidlanishga qarshi, immunomodulyatorlar va fizioterapiya muolajalari buyuriladi.
Samarali davo muolajalari natijasida bachadon ichki qavati UTT (UZI) tekshiruvida normallashadi, patogen mikroflora aktivligi pasayadi yoki umuman yo‘qoladi, to‘qimaning morfologik tuzilishi tiklanadi, qorin pastki qismida og‘riq yo‘qoladi va hayz sikli ham normaga qaytadi.
Medikomentoz davo ikki bosqichdan iborat:
- Infeksiyani yo‘qotish. Buning uchun antibiotiklar buyuriladi: Seftazidim, Seftraksion, Sedeks, Doksisilin va boshqalar. Preparatlarni qabul qilish dozasi va muddati shifokor tomonidan, tekshiruvlar natijasiga asoslanib buyuriladi. Yiringli endometritda antibiotiklar bilan birglikda Metronidazol ham buyuriladi. Agar kasallik qo‘zg‘atuvchisi virus bo‘lsa, antivirus preparatlar va immunomodulyatorlar buyuriladi (Asiklovir, Viferon, Interferon va boshqalar). Bularga qo‘shimcha ravishda yallig‘lanishga qarshi va og‘riq qoldiruvchi preparatlar ham qo‘llanilishi mumkin (Ibuprofen, Nurofen, Diklofenak, Spazmolgon, aspirin, No-Shpa va boshqalar).
- Endometriy to‘qimalarini qayta tiklash. Bunday davo muolajasi gormonal (Divigel, Utrojestan) va metobolik (Aktovegin, Xofitol, Inozin, C va E vitamin, Metionin, Vobenzim) preparatlar bilan olib boriladi. Agar bachadondan qon ketish kuzatilsa Oksitotsin preparati ham qo‘llaniladi. Hayz siklini tiklash uchun oral kontraseptiv vositalar buyuriladi (kamida 3-4 oyga). Ba’zi dorivor preparatlar bachadonning ichki qavatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yuboriladi, bu zararlangan qavatlarni tiklanishini tezlashtiradi.
Surunkali endometritni zararlangan to‘qimalarni tiklash uchun fizioterapiya yordamida ham davolash yaxshi natija beradi. Bunday muolajalar yallig‘lanishni oladi, to‘qimalar shishini kamaytiradi, qon aylanishini yaxshilaydi, immunologik reaksiyani oshiradi. UVCH, elektroforez, impulsli ultratovush muolajasi va magnitoterapiya usullaridan foydalanish yaxshi samara beradi.
Homiladorlarda surunkali endometrit
Homiladorlik vaqtida surunkali endometrit – ko‘p uchraydigan holat, chunki endometrit aynan farzand ko‘rish yoshidagi ayollarda kelib chiqadigan kasallik. Bu kasallikning homiladorlik vaqtida xavfli tomoni – homilaning erta tushishi yoki homilaning o‘limidir. Shu sababli endometrit belgilari sezilishi bilanoq shifokor ko‘rigidan o‘tish va kerakli davo muolajalarini olish kerak.
Homila tushish xavfini kamaytirish uchun quyidagi ayrim chora tadbirlarni bajarish talab etiladi:
- Optimal variant – kasallikni homiladorlikni rejalashtirish vaqtida davolash kerak;
- Surunkali endometrit bilan kasallangan ayollar homilador bo‘la oladilar, ammo homiladorlikning kechishida jiddiy muammolar kelib chiqishi mumkin. Shu sababli homilador ayollar doimo shifokor nazoratidan o‘tib turishlari shart;
- Shifokor ko‘rsatmasiga binoan infeksion endometritda antibiotiklarni qo‘llash kerak, chunki homila uchun antibiotikning ta’siri infeksiyadan ko‘ra kamroq. Bunda ichak mikroflorasini buzib qo‘ymaslik uchun eubiotiklardan ham foydalanish zarur.
- Qo‘shimcha ravishda esterogen miqdorini oshirish uchun gormonal preparatlar ham qabul qilish mumkin.
- Homilador ayol sog‘lig‘i uchun fizioterapevtik muolajalarning foydasi ham katta.
Surunkali endometrit kasalligi bilan homiladorlik, sog‘lom ayollarga nisbatan qiyinroq kechadi. Shunday bo‘lsa ham kasallikni davolash mumkin. Buning uchun shifokor bilan maslahatlashish va ular tomonidan buyurilgan barcha muolajalarni amalga oshirish talab etiladi. Hatto, belgilar kuchsiz namoyon bo‘lib, ayolga diskomfort tug‘dirmasa ham shifokor tavsiyalarini inkor etish kerak emas, aks holda yallig‘lanish chuqurlashib mioendometritdan tortib sepsisgacha olib kelishi mumkin.
Diqqat! Maqolada nomi sanab o‘tilgan preparatlar, faqatgina tanishish maqsadida keltirib o‘tilgan va bu standart namuna emas. Har bir bemorning umumiy ahvolidan kelib chiqib shifokor davolash rejasini tuzib chiqadi. Kasallikning belgilari kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish shart. Zero, salomatligingiz o‘z qo‘lingizda! Salomat bo‘ling!
Homiladorlik davridagi oʻzgarishlarni kuzatib borish, foydali maslahat va tavsiyalardan koʻproq bahramand boʻlishni istasangiz, homilador ayollar uchun moʻljallangan “Lalu — Homiladorlik maktabi” mobil ilovasini telefoningizga oʻrnatib olishingizni maslahat beramiz.
Bu ilova homiladorlik uchun zarur boʻlgan, homiladorlik kalendari, ratsional ovqatlanish, homilaning oʻlchamlari va embrionning haftalik rivojlanish illyustratsiyalari, Kegel mashqi va boshqa koʻplab muhim imkoniyatlarga ega.