Surat va siyrat tasviri

Portret va xarakter surat va siyratga muvofiq keladi. Hazrat Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida qahramonlar surati va siyratini shunday tasvirlaganki, asar qahramonlari oʻquvchi tasavvurida oʻzining individual xususiyatlari bilan yaqqol namoyon boʻladi. Jumladan, Iskandar saltanat tojidan bosh tortganida, xalq oyogʻiga bosh urib, taxtni qabul qilishni soʻragan holati talqin etilar ekan, muallif shohning surati va siyratini yorqin boʻyoqlarda chizadi:

 

Jahon ichra sen bilmagan yoʻq ulum,

Bilur olam ahli, nekim ahli Rum.

Falak shamʼi royi muniring sening,

Maloyik charogʻi zamiring sening.

Jahon koʻrmagan sen kibi xusrave,

Quyosh talʼate, mushtariy partave.

Qilib adl royingdin andoq zuhur –

Ki, gul birla xurshiddin atru nur.

Vujudingda pinhon xiradyorligʻ

Jamolingda paydo jahondorligʻ

Bu himmatki zoting aro bordur,

Sanga Rum sultonligʻi ordur.

 

Tabiiyki, bu oʻrinda Iskandar portreti va xarakteri tasviri mubolagʻali. Biroq Navoiy Iskandarning ichki dunyosida farishtalarga xos yorugʻlik muajassam ekaniga, uning quyosh yuzli, mushtariy siymo ekaniga oʻquvchini yaqqol ishontira oladi. Bu hukmdor xarakterida, yaʼni siyratida adolat shu darajadaki, xuddi guldan xush boʻy taralishi, quyoshdan nur yogʻilishi qanchalik tabiiy boʻlsa, u ham shu qadardir.

Navoiy Iskandar portretini dinamik turga xos belgilar bilan chizadi. Yaʼni, qahramon portretini mufassal tasvirlamaydi. Obrazni oʻquvchining oʻzi tasavvur etib olishiga imkon beradi. Navoiy ijodidagi bu oʻziga xos uslub dostondagi epik tasvirning asosini belgilaydi.

Akademik Aziz Qayumovning fikricha, “Navoiy Iskandar xarakterini mukammal koʻrsatgan… Insonparvarlik, odamiylik, ana shunday fazilatlarga ega boʻlgan zotning bergan tarbiyasi insonni shakllantiruvchi asosiy omildir”.[1]

Bu xarakter Iskandarning feʼlida, amaliy faoliyatida ham oʻzini namoyon etadi. U podsholik taxtiga chiqqan kunidan boshlab xalqning arz-dodini tinglaydi, mamlakatda adolatni barqaror qilish maqsadiga qaratilgan turli tadbirlarni amalga oshiradi. Jumladan, el-yurtni ikki yillik xirojdan ozod etadi, zolim amaldorlarni mansabdan chetlashtiradi, jazolaydi, bozorlarning narx-navosi, tosh-tarozi va boshqalar ustidan qattiq nazorat oʻrnatadi. Har bir ishni olimlar bilan maslahatlashib amalga oshiradi.

Asarda qahramonlar xarakteri oʻzaro uygʻunlikda aks etgan. Jumladan, Iskandar xarakterini anglash uchun uni boshqa obrazlar bilan oʻzaro qiyoslanadi. Dostondagi Mahmud hikoyatida Masʼudning tushiga otasi Mahmud kiradi va uning holatini shoir mana bunday shaklda tasvirlaydi:

 

Hamono laqab erdi Masʼud anga,

Kirib tushga bir kecha Mahmud anga,

Oʻgʻulgʻa ajab navʼ qildi zuhur,

Boshidin-ayogʻigʻacha gʻarqi nur.

Boʻlub turfa bogʻe aning maskani,

Dema bogʻkim, ravzaning gulshani.

Damodam fuzunroq nishoti aning,

Oshib har zamon inbisoti aning.

 

Mahmud ajoyib bir bogʻda boshdan-oyoq nurga gʻarq holda tasvirlanmoqda. Unga dam-badam xursandchilik yuzlanib, shodligi ortayotgani orqali qahramonning ruhiy holati yoritilmoqda. Bu oʻrinda shoir portret va ruhiyat tasvirida tush epizodidan sanʼatkorona foydalangan.

Doroning elchisi Rumga bayzo (oltin tuxum) tilab kelganda, Iskandarning tashqi koʻrinishidan lol qoladi:

 

Skandar shukuhi qilib lol ani,

Qayu lolkim, dangu behol ani.

Qilib shoh andin bu maʼnini fahm –

Ki, farru shukuhi anga soldi vahm.

Soʻz aytib, aning sori solmay koʻzin,

Anga tegrukim, topti qosid oʻzin.

 

Bu baytlardan koʻrinadiki, Iskandarning salobati elchini lolgina emas, balki karaxt qilib qoʻyadi. Dono shoh esa salobati elchini dovdiratib qoʻyganini darrov fahmlaydi. Demak, Navoiy idealidagi shohning salobati, tashqi koʻrinishi shu darajada boʻlganki, uni koʻrgan odam lol-u hayron boʻlmasdan iloji qolmasligi kerak edi.

Elchi Doroga Iskandarning soʻzlarini yetkazgach, Doro elchiga shunday javob qiladi:

 

Ki: “Har kimga bu navʼ afsonadur,

Tasavvur qilurmenki, devonadur”.

 

Shunda Doroning gapini eshitgan elchi: “Men uni telba ham, mast ham, deb oʻylamadim, balki bagʻoyat aqlli, hushyor, soʻzlari mazmundor va oʻzi olijanob zot koʻrinadi. Shuningdek, u ilmu hikmatga hamdast, zabardast va shersifat odam ekan”, deya Iskandarning tashqi koʻrinishi va ichki dunyosi bir-biriga uygʻun ekanini taʼkidlaydi. Hazrat Navoiy Iskandar portreti va xarakteridagi ana shu mutanosiblik uning dushmanlarini hayratga, hatto vahimaga solganini badiiy tasvir orqali ifodalaydi.

Navoiy qahramonlar portretini chizishda, ularning sifatlarini taʼriflashda boshqa qahramonlardan foydalanadi, yaʼni tasvirlash vazifasini ularga yuklaydi. Shoir bu bilan oʻzining badiiy mahorati qanchalar yuksak ekanligini yana bir bor koʻrsatishga muvaffaq boʻladi.

Doro bilan Iskandar oʻrtasidagi jang voqeasida ham Navoiy Iskandarning portretini quyidagicha chizadi:

 

Turub qalb aro shohi farruxsarir,

Nechukkim hizabre, vale shergir.

Boshi ustida sherpaykar alam,

Esib anga nusrat yeli dam-badam.

 

Iskandarni shoir jang holatida xuddi sherga tashlanmoqchi boʻlgan arslonga tashbeh etadi. Uning boshi ustidagi shersurat bayroq esa dam-badam zafar va gʻalaba shabadasidan xushxabar keltirganday hilpirab turgan holatda tasvirlanadi.

Navoiy mazkur jangdagi pahlavonlar portretini ham mahorat bilan chizadi. Misol uchun Doroning jangchisi Harronni shunday tasvirlaydi:

 

Ravon boʻldi maydongʻa qotilvashe,

Tutundek gʻaliz, oʻt kibi sarkashe.

Oʻti naʼlidin toki xudida mil,

Kirib koʻk temur ichra andoqki nil.

 

Bamisoli tutundek achchiq, oʻt kabi oʻjar. Mingan otining taqasidan to qalpogʻining uchigacha sixchalar qadalgan, xuddi nildek koʻk temirga gʻarq boʻlgan. Bunda xarakter vositasida portret, shuningdek, portret vositasida xarakter ifodalangani eʼtiborga molik.

Navoiy dostonda Magʻrib pahlavonining portretini ham yorqin boʻyoqlarda chizadi. Pahlavonning quvvatini filning kuchiga qiyoslab, oʻzi piltan ekanini taʼkidlaydi. Mingan oti ham karkidondek bahaybat. Oti ustidagi yopinchigʻi qoplon terisidan boʻlib, oʻzi ham xalq boshiga ofat solish uchun yoʻlbars terisidan toʻn kiyib olgan. Qizil dubulgʻasini boshiga qiyshiq kiygan, uning vahimasidan oʻlim ham ajal tekkandek behol boʻlib qoladi. Qizil qalpogʻi tegrasiga qora mato oʻrab olgan. Holbuki, hech kim qora dogʻga oʻralgan lolani koʻrmagan boʻlsa kerak – ana shu tasvirdagi tashbeh hazrat Navoiy tafakkur dunyosining bemisl ekaniga dalil boʻla oladi.

Dostondagi Sulton Abu Said Koʻragon hikoyatida laqabi Koʻragon boʻlgan podshohning xarakteri uning qilgan amallaridan xulosa qilingan holda koʻrsatib berilgan:

 

Shahekim, ishi xurdadonligʻ edi,

Laqab otigʻa Koʻragonligʻ edi.

Hunar koʻp berib olimul-gʻayb anga,

Vale bor edi bir ajab ayb anga –

Ki, maxzan yigʻorgʻa solib maylini,

Tutar erdi tanqis ila xaylini.

 

Bu podshoh xazinalarini yigʻib, toʻplayverar edi-yu, qoʻl ostidagi lashkarlarni undan bahramand qilmas edi. Shoir ushbu obrazda xasis portretini chizar ekan undagi xasislik tabiatini koʻrsatadi. Hikoyat mazmunicha, xasis shoh qilmishidan norozi boʻlgani uchun ayni jang qizigan mahali uning lashkarlari dushman qoʻshini tomonga oʻtib ketadi va natijada u gʻanimlariga asir tushib, halok boʻladi. Hikoyatning bu tarzdagi xotimasi orqali Navoiy xasislikning oqibati xorlik, bu kabi illatlar odamzodning asl tiynatiga zid ekanini, bir kun kelib insonning oʻziga qarshi kuch boʻlishi mumkinligini taʼkidlaydi.

Dostonda Arastu obrazi juda muhim oʻrin tutadi. Chunki Iskandarning har qanday savoliga faqat donishmand Arastu toʻliq va qoniqarli javob bera olgan. Jahongirning quyidagi savoli aynan inson xarakteri bilan bogʻliq, xarakterning mohiyatini ochishga qaratilgan. U Arastuga shunday savol beradi:

 

Yana qatla doroi gardunshukuh,

Dedi: “K-ey hakimi Filotunshukuh!”

Kishida ne feʼleki mavjud erur –

Ki, andin ziyonbud yo sud erur.

Chu feʼligʻa boqsa taaqqul bila,

Natijasin anglar taammul bila.

Bilurkim tamaʼ aylar elni zalil,

Qanoatqa izzu sharafdur dalil.

Erur shoh ishiga dogʻi bu qiyos –

Ki, chun boʻldi behbudigʻa rahshunos.

 

Hakim! Kishi oʻz feʼli-xoʻyi tufayli yo ziyon koʻradi yoki foyda topadi. Feʼl-atvoriga aql-idrok bilan boqqan odam har bir ishning qaysi biri foydali, qaysinisi zararli ekanini anglab olishi qiyin emas. Tama kishini xor qiladi; qanoat esa odamga sharaf bagʻishlaydi. Shohlik ishi ham aynan shunga oʻxshaydi; fazilat yaxshilikka yoʻlboshlovchidir.

Iskandar Kashmir shahriga borganida, bu yurt shohi Mallu u yerdagi tilsim qoʻrgʻonidan yel bilan oʻtni oʻgʻirlaydi. Arastu buning sirini topadi va unga Iskandarning yordami kerak boʻladi, shunda u jahongirga shunday taʼrif beradi:

 

Ki, ham shohsen, ham jahon pahlavon,

Javonmard oʻzung, davlating navjuvon.

 

Yaʼni, sen shoh boʻlganing holda, jahonning eng zoʻr pahlavonisan; oʻzing javonmard boʻlganing kabi, davlating ham ayni gullab-yashnaydigan pallada.

Navqiron vaqtida inson koʻp mehnat qilishi zarurligi haqidagi bobda Navoiy yosh va keksa kishi portretini chizadi. Jumladan, muallif vasf etganidek, yosh kezlarida odam farzandlari mana bu suratda boʻladi:

 

Jamolingi jannatmisol ayladi,

Boʻyung toʻbiyoso nihol ayladi.

Chu afsungar etti koʻzung jodusin,

Anga soldi oshubu noz uyqusin…

 

Yaʼni, yoshlik davringda Olloh taolo jamolingni jannatmisol, qaddi-qomatingni jannatdagi tubiy daraxtidan ham goʻzal va navnihol ayladi. Koʻzingni kishini sehrlaydigan darajada oʻtkir va har narsaga hayajonlanib boquvchi qilgani holda, unga noz uyqusini ham berdi. Sunbul sochlaringni jingalak etib, kishilar koʻnglini qarmoqday oʻzi tomon ilintirishga qodir ayladi. Kipriklaringdan nayzalar paydo qilib, nayzador bahodirlarning ixtiyorini sening qoʻlingga olib berdi.

Portret tasviri mukammal chiqishida muallif badiiy sanʼatlardan sanʼatkorona foydalangan. Jumladan, tashbeh (jannatmisol, toʻbiyoso), istiora (koʻzung jodusi, koʻngil boʻynigʻa, qoshing yoyi, tishing jolasi), husni taʼlil (Chu berdi iki laʼlinga noʻshxand, Uyotdin ezildi aro yerda qand) kabi badiiy sanʼatlar fikrning poetik goʻzalligini taʼminlagan. Natijada, epik tasvirning lirik ruh bilan uygʻunligi yuzaga kelgan.

 

Jamolingni tovusi zeb ayladi,

Karashmangni obidfireb ayladi.

 

Jamolingni tovusday zebo aylagani holda, noz-karashmayu jilva bilan qarashingni har narsadan parhez qiladigan taqvodor zotlarni ham beixtiyor oʻziga maftun etuvchi qildi.

Dostonda insonning qarilik kezidagi surati, portreti ham original tasvirlangan. Bu haqdagi baytlar maʼnosining chuqurligi jihatidan ham, badiiyatining mukamalligiga koʻra ham yuqoridagi misralarni toʻldirib keladi, izchil davom ettiradi:

 

Qilib “hay” deguncha bu vodini tay,

Chu qoʻysang qariliq tariqigʻa pay,

Xud oʻlmas tarab yeli ul dam vazon,

Yetar umr bogʻigʻa fasli xazon.

Boʻlur yuz nechukkim xazon yafrogʻi,

Sarigʻliqqa lekin yuz urgʻon chogʻi.

Chinor ilgidek titrar el panjasi,

Vale boʻlsa ul barg yel ranjasi.

Agarchi ilik titrar ul bargvash,

Tomurlar qurur, uylakim obkash.

Yetib tiyra koʻzlarga zaʼfi qaviy

Boʻlur uylari kunjida munzaviy.

 

Navoiy – portret va xarakter ustasi. Shoir dostonda portret yaratar ekan, bir vaqtning oʻzida xarakter haqida ham tasavvur hosil qila oladi. Yoki aksincha, qahramon xarakteri xususida yozar ekan, bu obrazning portreti oʻquvchi koʻz oʻngida yaqqol gavdalanadi. Jumladan, yuqoridagi misralar mutolaasi keksa odam qiyofasini koʻz oldingizda yaqqol namoyon etadi. Tanosub, tazod, tashbeh singari badiiy sanʼatlar bilan birga buyuk shoir istiora sanʼatidan, ayniqsa, mahorat bilan foydalangan. “Qarilik tariqi”, “tarab yeli”, “umr bogʻi”, “xazon yafrogʻi” singari istioralar mazkur iqtibosdagi matn badiiyatini taʼminlagan asosiy omillardir.

Nazariy manbalarda: “Xarakter insonning koʻproq tabiatdan olgan ruhiy va jismoniy xususiyatlari majmuasi”[2] ekani aytiladi. Dostondan olingan quyidagi baytlar ana shu fikrni tasdiqlaydi:

Vale chun yaratti el afʼolini,

Yashurdi anga dona ahvolini –

Ki, dehqon nekim dona mazruʼ etar,

Ani – oʻq oʻrar, chunki vaqti yetar.

 

Kishilarning feʼl-atvori yaratilganda, qismati ham unda yashiringan boʻladi. Axir, dehqon oʻz yeriga nimaning urugʻini eksa, hosil pishganda oʻshanigina oʻrib-yigʻib oladi-ku. Birov tuproqqa bugʻdoy sochgan boʻlsa, u hech qachon arpa yigʻib olmaydi. Inson xarakteri va qismatining uygʻunligi haqida soʻz yuritar ekan, muallif “Har kim ekkanini oʻradi” maqolini fikrlari ichiga singdirib yuboradi va bu orqali irsoli masal vositasida fikrning taʼsirchanligini oshiradi:

 

Chu afʼolning ashrafu duni bor,

Agar dunu ashraf bu qonuni bor –

Ki, har kim ayon etsa yaxshi qiligʻ,

Yetar yaxshiliqdin anga yaxshiligʻ.

Va gar kimsadin zohir oʻlsa yamon,

Koʻrar har nekim, zohir etti hamon.

 

Feʼl-atvor aslan ikki xil boʻladi: sharofatli va yaramas. Xoh sharofatli va xoh yaramas boʻlsin, hammasi tabiatning qonuniga koʻradir. Har kim yaxshi qiliqli boʻlsa, bu yaxshi qiligʻidan oʻziga ham yaxshilik yetadi. Agar birov yomonlikdan zavq oladigan boʻlsa, oʻzi ham qilmishiga yarasha yomonlik koʻradi.

Umuman, ushbu bobdagi izlanish va kuzatuvlar hazrat Alisher Navoiyning portret va xarakter yaratish borasidagi yuksak sanʼatkorligidan dalolat beradi. Ulugʻ mutafakkir ijodida portret tasvirlangan oʻrinlarda xarakter va aksincha, xarakter qalamga olingan kezda portret tasviri uygʻun keladi. Bu esa, ijodkorga katta umumlashma fikrlarni, eʼtiborga molik falsafiy umumlashmalarni goʻzal badiiy shaklda berish imkonini yaratadi.

 

Rezyume

 

Maqolada Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida portret va xarakter tasviri masalasi nazariy aspektda tadqiq qilingan. Dostonda portret tasvirlangan oʻrinlarda xarakter va aksincha, xarakter qalamga olinganda portret tasviri uygʻun kelishi xususida fikr yuritilgan. Buyuk shoirning portret va xarakter yaratish mahorati tahlil etilib, umumlashma xulosalar chiqarilgan.

 

V statye issledovana problema izobrajeniya portreta i xaraktera v poeme “Saddi Iskandariy” Alishera Navoi. Avtor analiziruyet xarakter, gde izobrajen portret i naoborot, portret, gde on garmonichno sootvetstvuyet xarakteru. Krome togo, analizirovan masterstvo velikogo poeta v sozdanii portreta i xaraktera i obobshʼeniʼ obshʼimi viʼvodami.

 

In the article is investigated a problem of a portrait and character image in the poem “Saddi Iskandary” of Alisher Navoiy. The author analyzes character where the portrait is imagined and vice versa, a portrait where it harmoniously corresponds to character. Besides, it is analyzed a skill of the great poet in creation of a portrait and character and are generalized by the general conclusions.

 

Oybarchin ABDULHAKIMOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

 


[1] Qayumov A. Asarlar. 1-jild, 2-kitob – T.: Mumtoz soʻz, 2008, 274-bet.

[2] Adabiyot nazariyasi. I-tom. Toshkent, “Fan” 1978 yil.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/surat-va-siyrat-tasviri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x