Sulton Yaʼqub saylanmasi

Navoiyshunoslik Alisher Navoiy hayotligi davrida koʻchirilgan yana bir qoʻlyozma bilan boyidi. Shoir ixlosmandlari tomonidan 1481 yili oqqoʻyunlilar hukmdori Sulton Yaʼqub uchun koʻchirilgan sheʼrlar majmuasi mavjudligi aniqlandi.

Alisher Navoiy qalamiga mansub quyidagi bayt hammamizga maʼlum:

 

Olibmen tahti farmonimgʻa oson,

Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.

Xuroson demakim, Sherozu Tabrez

Ki, qilmishdur nayi kilkim shakarrez.

 

Ayni baytda Navoiy faxr bilan qayd etgani – asarlari dovrugʻi Sherozu Tabrizgacha yetib borgani shunchaki gap emasligi 2012 yili oʻz tasdigʻini topgan edi. Oʻshanda 1471 yili Oqqoʻyunlilar saltanati markazi – Sherozda, Xalil Sulton saroyida koʻchirilgan Alisher Navoiyning “Oqqoʻyunli muxlislar devoni” navoiyshunoslikka maʼlum qilindi. Navoiyning ijod koʻlami munosabati bilan Sherozni yod etishi asosli ekanligi isbotini topdi. Navoiy yuqoridagi sheʼrida bejiz “Sherozu Tabriz”ni tilga olmagan. 1480–1481 yil Tabriz tomonlarda koʻchirilgan Alisher Navoiy sheʼrlariga ega yana bir toʻplam aniqlandi. Mazkur toʻplamda Navoiyning bir necha sheʼri boʻlib, u Oqqoʻyunlilar hukmdori Sulton Yaʼqub buyurtmasi boʻyicha tuzilgan. Bu hukmdor 1478–1490 yillari sulola taxtida hukm surgan. Tabriz shahri esa uzoq vaqt mobaynida Oqqoʻyunlilar poytaxti boʻlib kelgan.

Qoʻlyozma soʻngida kotib shunday deb yozgan: “Tamm al-intixob biʼavni malik ul-vaxxob ʼala yad il-ʼabd uz-zaʼiyf al-muhtoj ila rohmatillahil-gʻaniy Abdurrahim al-Yaʼqubiy sattarollohu uyu ubahu va gʻafarollohu zunubahu, sanai xamsu va samaniyn va samon mia bil-xayri”. Yaʼni: bu saylanma malik va vahhob boʻlgan Allohning izni ila Boy parvardigorining rahmatiga muxtoj va ojiz banda Abdurrahim al-Yaʼqubiyning qoʻli bilan (Alloh xatolarini bekitib, gunohlarini magʻfirat qilsin), 885 hijriy sanada, yaxshilik bilan tamomlandi.

Alisher Navoiy sheʼrlari kirgan mazkur toʻplamni shartli tarzda “Sulton Yaʼqub saylanmasi” deb atash mumkin. Nega? Gap shundaki, u tayyorlangan vaqtda ayni hukmdor taxtda oʻtirgandi va Abdurahim Xorazmiy oʻzi koʻchirgan qoʻlyozmalarda “Yaʼqubiy” taxallusini qoʻllardi. Abdurahim Xorazmiy 1471 yili Navoiyning “Oqqoʻyunli muxlislar devoni”ni, taxminlarga koʻra, Sherozda koʻchirgan. 1471–1478 yillari Oqqoʻyunlilar sulolasi hukmdori Uzun Hasanning (1453–1478) oʻgʻli Xalil Sheroz shahriga hokimlik qilgan va otasi oʻlimidan keyin 1478 yili olti oy mobaynida Tabrizda taxtda oʻtirgan. Shu yili ukasi Sulton Yaʼqub uni oʻldirib, hokimiyatni egallaydi. Shundan keyin Abdurahim Xorazmiy Sulton Yaʼqubga yaqinlashadi. Avvallari u sheʼr yozganida Anisiy taxallusini qoʻllagan, qoʻlyozmalarda esa oʻzini Abdurahim Xorazmiy deb koʻrsatib kelgan boʻlsa, keyinchalik hukmdoriga sadoqat va yaqinlik ifodasi sifatida qoʻlyozmalarni Abdurahim al-Yaʼqubiy nomi ostida koʻchira boshlagan. “Sulton Yaʼqub saylanmasi”da ham u oʻzini shu nom bilan atagan. Demak, qoʻlyozma Sulton Yaʼqub homiyligi ostida yuzaga kelgan. Umuman olganda, Sulton Yaʼqub eski oʻzbek tilidagi adabiyotga qiziqqan. Uning buyurtmasiga koʻra Haydar Xorazmiyning “Maxzan ul-asror” asari 883 yili 25 jumod ul-avval(milodiy 1478 yil 24 avgust)da koʻchirilgan.

Shu oʻrinda ikki ogʻiz Alisher Navoiy va Sulton Yaʼqub munosabatlari haqida. Navoiy Sulton Yaʼqub bilan doʻstona munosabatda boʻlgan. “Majolis un-nafois” tazkirasida Sulton Yaʼqub haqida maʼlumot berib, uni maqtaydi hamda fors tilidagi sheʼrlarini asarining yettinchi majlisida keltiradi: “Yaʼqub Mirzo – turkman salotinida aningdek pisandida zotligʻ va hamida sifotligʻ yigit oz boʻlgʻay. Darveshsifat va foniyvash erdi. Bu ruboiy aningdurkim:

 

Olamki, dar u sabot kam mebinam,

Dar har tarabash hazor gʻam mebinam,

Chun koʻhna rabotestki, az har tarafash

Rohe ba biyoboni adam mebinam”.

 

Husayn Boyqaro davri madaniy muhitining mashhur tarixchisi Gʻiyosiddin Xondamir (1475–1536) oʻzining “Habib us-siyar” (1524 yili yozib tugallangan) asarida Navoiy va Sulton Yaʼqubga aloqador voqeani esga oladi: bir kuni Navoiy Sulton Yaʼqubga Abdurahmon Jomiy kulliyotini yuborishga qaror qilibdi. Jomiyning kitobi muqovasini boshqa unga oʻxshashi bilan adashtirgan kutubxonachi elchiga boshqa kitobni topshiribdi. Bu elchi oʻzining olimligi bilan maqtanmoqchi boʻlgan ekan. Sulton Yaʼqub elchidan: “Yoʻlda zerikmadingizmi”, deb soʻraganida, u zerikishga oʻrin qoldirmaganini – Navoiy tomonidan Sultonga sovgʻa sifatida yuborilgan Jomiy asarlarini yoʻlda mutolaa qilib kelganini aytibdi. Sulton Yaʼqub bu kitobni koʻrishni istabdi. Shunda elchi oʻzi bilan boshqa kitobni keltirgani maʼlum boʻlibdi. Bu aybi tufayli elchi Navoiy nazaridan chetda qolibdi.

Demak, Navoiyning bevosita Oqquyunli hukmdor Sulton Yaʼqub bilan munosabatlari yaxshi boʻlgan. “Sulton Yaʼqub saylanmasi” – Oqquyunli hukmdorning Alisher Navoiyga va uning ijodiga ixlosi baland ekanidan dalolatdir.

Xoʻsh, “Sulton Yaʼqub saylanmasi” tarkibi qanday? Avvalo shuni taʼkidlash kerakki, bizning qoʻlimizda mazkur toʻplam qoʻlyozmasining atigi besh sahifasi bor. Gap shundaki, ayni majmua xorijda shaxsiy kutubxonada saqlanadi va uning toʻliq tarkibi toʻgʻrisida maʼlumotga ega emasmiz. Bilganimiz, qoʻlyozma antiqa buyumlar savdosi bilan shugʻullanuvchi Sotbis auksionida sotilgan va oʻshanda 12 varaqdan iborat boʻlgan. Bizga bundan-da kamrogʻi maʼlum – kichik qoʻlyozmadan olti sahifasining nusxasini qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻla oldik, xolos. Unda turli hajmda oʻnta sheʼriy parcha keltirilgan va ularning hammasi ham toʻliq emas. Mana shu parchalarga qarab fikr yuritishga toʻgʻri keldi.

Endi “Sulton Yaʼqub saylanmasi” aniqlanishi munosabati bilan Navoiy devonlarining yaratilgan davri aniqliligiga doir masalani chuqurroq oʻrganish imkoni yaratiladi.

Maʼlumki, oqqoʻyunlilar davrida adabiy asarlar oʻgʻuz turkchasi va forsiy tilda bitilgan. Shu bois, mazkur saylanmada Navoiy sheʼrlaridagi ayrim soʻzlar aynan oʻgʻuz lahjasiga oʻgirilgani (masalan: topqasen – dopasen, uchun – ichun, boʻlurmen – oʻluram), ayrim soʻzlar hatto butunlay boshqasiga almashtirilganini (masalan: yangligʻ – nisbat, emas – dagil, iynak – ishta) koʻrish mumkin. Yodingizda boʻlsa, “Oqqoʻyunli muxlislar devoni”da ham shunday oʻgʻuzlashtirish unsurlari mavjud edi. Ikki sheʼriy majmuani ham bir shaxs – Abdurahim Xorazmiy-Yaʼqubiy koʻchirganini hisobga olsak, bu tushunarli hodisa va ayni paytda oʻrganiladigan alohida mavzu.

“Oqqoʻyunli muxlislar devoni” hamda “Sulton Yaʼqub saylanmasi” aynan bir kishi – Abdurrahim Xorazmiy-Anisiy-Yaʼqubiy tomonidan 10 yillik davriy tafovut bilan koʻchirilgan. Aftidan, bu xattot “Sulton Yaʼqub saylanmasi”da “Oqqoʻyunli muxlislar devoni” matnidan foydalanib, undagi oʻziga manzur boʻlgan baytlardan toʻplam yaratgan boʻlishi ham mumkin.

Shu oʻrinda 1508 yili Navoiyning shaxsiy kotibi Abduljamil tomonidan tartib berilgan “Tuhfat us-salotin” (“Sultonlarning tuhfasi”) nomli toʻplamni eslash oʻrinli. Matnshunos olim Porso Shamsiyev maʼlumotiga koʻra, mazkur toʻplamni yaratishda Abduljamil saylanma asarlar yoki terma devonlar tuzishdan koʻra ancha murakkabroq vazifani bajargan: Navoiy gʻazallarini koʻchirib, ulardagi shohbaytlarni tanlab olib, toʻplam tuzgan. “Sulton Yaʼqub saylanmasi” ham ayni hukmdor uchun Navoiy sheʼrlaridan tanlab olingan va shoir yashagan davr – XV asrga xos shohbaytlar majmuasi sifatida ahamiyatli.

“Sulton Yaʼqub saylanmasi”ning qoʻlimizdagi nusxasiga asoslanadigan boʻlsak, undagi sheʼrlarning barchasi “Xazoyin ul-maoniy”ning bizga yaxshi maʼlum boʻlgan Toshkent nashrida uchraydi. Afsuski, qoʻlyozmaning barcha sahifalari qoʻlimizda mavjud emas, shu sababdan bu haqda uzil-kesil fikr bildirishga imkonimiz yoʻq. Nima boʻlganda ham, mazkur qoʻlyozma Alisher Navoiyning tiriklik paytida koʻchirilgan nodir manba sifatida navoiyshunoslik uchun qadrlidir. Quyida bizning qoʻlimizga yetib kelgan qoʻlyozma sahifalaridan oʻrin olgan Navoiy qalamiga mansub sheʼrlarni keltiramiz.

 

Aftondil ERKINOV,

filologiya fanlari doktori,

Rustam JABBOROV,

tadqiqotchi

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sulton-yaqub-saylanmasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x