Post Views:
90
SULTON MAHMUDXON (XONIKAXON) (? –1504) – Mo‘g‘uliston xoni. Yunusxonning o‘g‘li. Boburning tog‘asi. 1487 yil otasi vafot etgach, taxtga o‘tqazilgan. Sulton Mahmudxonga qarshi chiqqan Umarshayx Mirzo va Sulton Ahmad Mirzo qo‘shini Toshkent yaqinidagi mustahkam Ashtar qal’asi yonidagi jangda mag‘lub bo‘lgan. 1488 yil Sulton Ahmad Mirzo qo‘shini ustidan Chir (Chirchiq) daryosi bo‘yida g‘alaba qozongan. Natijada Sulton Mahmudxonning obro‘si, kuch-qudrati oshgan. Mo‘g‘ulistonning sharqiy qismiga ukasi Sulton Ahmadxon (Olachaxon), Farbiy qismiga o‘zi bosh bo‘lib, qarorgohi – Toshkent shahrida joylashgan. 1493 yil Sulton Ahmad Mirzoning katta qizi Robiya Sulton begim (Qorako‘z begim)ga uylangan. Samarqand va uning atrofida Sulton Mahmudxonni Xonikaxon deb atashgan. Boburga Samarqandni egallashida harbiy yordam bergan. Bobur uning saroyida, Toshkentda ma’lum muddat yashagan (1501–02). 1503 yil Sulton Mahmudxon va ukasi Sulton Ahmadxonlarning birlashgan qo‘shini Arxiyon qal’asi (Farg‘ona) yaqinida Shayboniyxon qo‘shini tomonidan tor-mor keltirilgan, aka-ukalar asir olingan. Sulton Mahmudxonning Toshkentga vaqtinchalik hokim qilib qoldirilgan o‘g‘li Sulton Muhammad shaharni tashlab qochgan. Shayboniyxon Toshkentni egallab, uni amakisi Suyunchxo‘jaxonga bergan. Sulton Mahmudxon va ukasiga shafqat qilib qo‘yib yuborgan. Ular Mo‘g‘ulistonga ketishgan, bir ozdan so‘ng Sulton Ahmadxon vafot etgan. Taxt uchun kurashda Sulton Mahmudxon yolg‘izlanib, ko‘mak istab Shayboniyxon huzuriga kelgan. Biroq farzandlari bilan birga Xo‘jand daryosi bo‘yida qatl etilgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/sulton-mahmudxon-xonikaxon/