Post Views:
192
Buvam Dolimbek hoji Muhammadaminbek hoji o‘g‘lining aytishlariga qaraganda, bobokalonimiz asli qo‘qonlik Haytabek “Amir al-muslimin” sharafli unvoniga musharraf bo‘lgan mashhur shoh va shoir, siyosiy arbob Amir Umarxonning e’tiborli saroy beklaridan bo‘lib, uning ko‘p davlat ishlarida, harbiy yurishlarida faol ishtirok etgan, Oqmachit istehkomi qurilishi tashkilotchilaridan biri bo‘lgan ekan. Ma’lumotlarga qaraganda, Umarxon ko‘p yillardan beri yurak xastaligiga uchragan edi-yu, lekin e’tibor bermay kelishi tufayli kasallik ancha jiddiylashgan edi. Oqibat shunday bo‘ldiki, o‘z davrining yirik tabiblari va Mirzo Junaydullo Hoziq muolajalari ham kor qilmay, 1822 yili 35 yoshida vafot etadi va uning o‘rniga hali voyaga yetib ulgurmagan o‘g‘li Muhammadali xon etib ko‘tariladi. U ancha o‘yin-kulgiga, kayf-safoga berilgan, noshar’iy ishlarga ham qo‘l urishdan qaytmaydigan maishatparast bo‘lib voyaga yetdi. Uning davlat va shariatga xilof ishlariga qarshi chiqqan, otasi davrida faoliyat ko‘satgan e’tiborli arboblarni ta’qib va tazyiq ostiga oldi, quvg‘in qildi, ba’zilarini o‘ldirdi. Hatto ancha hushyor ukasi Sulton Mahmudni o‘ziga raqib, taxtga da’vogar hisoblab, poytaxtdan uzoqlashtiradi, Shahrisabzga jo‘natadi. Uning bunday nomatlub fe’l-atvori tarixchi-olimlar yilnomalarida ham o‘z ifodasini topgan. Olim va ma’rifatparvar shoir Ishoqxon to‘ra Ibrat Qo‘qon xonligi tarixiga bag‘ishlangan “Tarixi Farg‘ona” nomli asarida bu haqda shunday yozadi: “Umarxon vafotidan so‘ng Muhammadalixon o‘n besh yoshlarinda taxtga julus etdi… Oxirgi hollarinda xalq bu kishining sharoratidan ozurda edi. Muhammadalixon umrini ortiq joriyalar va mahramlar, o‘yin-kulgi ilan kechurub, havoyu havasga naqdini sarf etib, maslahat chiqadurgon odamlarni mamlakatdan chiqorib yoki o‘ldurub, bu siyosat ila ehmol etgan bir zot edi… U yaxshi kishilarni musohib qilmay, behuda kishilarni hamsuhbat qilib, oxiri natijai bad chiqdi”.
Muhammadalixonning maishatparastligi, davlat, shariat hukmlarini oyoqosti qilganligi haqida yana bir muhim manba “Shahonai devona Mutrib” tarixiy-badiiy dostonida quyidagilar bayon etilgan:
Davlati kundan-kun haddidin oshdi,
O‘ynab, jo‘sh urub har yona toshdi.
Xotin ola berdi, demadi ko‘p.
Ba’zini banikoh qaydig‘a oldi,
Ba’zini benikoh oldig‘a soldi.
Nafsini jilovdin olmadi qo‘lg‘a,
Qo‘ya berdi chopib borg‘on yerig‘a.
Ammo yosh xonni bu nojo‘ya va noshar’iy harakatlardan qaytarish hamda uni davlat ishlariga tortish uchun katta jasorat kerak edi. Ayniqsa, Muhammadalixon davriga kelib, O‘rta Osiyo xonliklari o‘rtasida katta harbiy qudratga ega bo‘lgan Buxoro amirligi bilan iqtisodiy va siyosiy munosabatlar keskinlashib bormoqda edi. Muhammadali xonligining dastlabki yillarida saroyda bo‘lib o‘tgan mashvaratlarning birida siyosiy salohiyatga ega bo‘lgan Haytabek xonlikdagi ichki va tashqi siyosat haqida to‘xtalib, jannatmakon Amir Umarxonning mamlakat harbiy va mudofaa qudratini mustahkamlash maqsadida olib borgan ishlari haqida gapirishga jur’at etdi:
– Otangiz Amir al-muslimin Rusiyadan keladurgan xavf-xatarning oldini olish maqsadida Oqmachitda mustahkam istehkom bino qildilar hamda bu haqda Usmonli xalifaligi sulton Mahmudga kitobot yo‘lladilar. Hozirda bu xavf-xatar kun sayin kuchayib bormoqda. Bunday vaziyatdan Buxoro va Xiva xonlarini ham ogoh qilish, mamlakat, xalq osoyishtaligi uchun adovatlarni yig‘ishtirib qo‘yib, ular bilan hamjihat bo‘lish, harbiy qurollarni yangilash, muntazam lashkar tayyorlash kerak, – deydi.
Yosh xonning bunday nomatlub fe’l-atvoridan xonlikning diyonatli, iymon-e’tiqodli arboblari ham qattiq norozi edilar. Xon izmiga yurmagan saroy arboblari qatorida Haytabek ham bunday oqilona mulohazalari, takliflari uchun qattiq ta’qibga uchradi, hayoti xavf ostida qoldi. Uning Muhammadalixondan eshitgan so‘nggi gapi shu bo‘ldi:
– Sen bugundan e’tiboran vazifangdan ozod bo‘lding‘, ertadan boshlab qorang‘ni saroyda ko‘rmay!
Haytabek yosh xonning bu sovuq buyrug‘i zaminida qanday fojialar yashiringanini yaxshi tushungan edi, u xon qahridan omon-eson qutulganiga Allohga shukronalar aytdi. Hatto mashhur shoira Nodirabegim va Amir Umarxon tarbiyasini olgan, xonlar avlodiga mansub yetuk tarixchi-olim, ma’rifatparvar yozuvchi Muhammad Hakimxon to‘ra Ma’sumxon to‘ra o‘g‘li ham Muhammadalixon quvg‘uni tufayli bir necha yillar davomida xonlikdan ancha uzoqda – Rusiyaning Orenburg, Shamay (Semipalatinsk), Omsk, Astraxan shaharlarida, Turkiya, Eron, Misr, Falastin kabi musulmon davlatlarida musofirlikda, darbadarlikda istiqomat qildi, haj safarini amalga oshirdi. Bu safar taassurotlari asosida Buxoro amirligi, Qo‘qon va Xiva xonliklari ta’lim-tarbiya, ilm-fan, harbiy qurollarning hamda davlat boshqaruv tizimining dunyo tamaddunidan qanchalar orqada qolib ketganligini, ayniqsa, Muhammadalixon davridagi parokandalikni o‘zi shohidi bo‘lgan voqyealar zaminida ochiq ko‘rsatib beruvchi “Muntaxab ut-tavorix” (“Saralangan tarixlar”) yilnomasini yaratdi.
1830-yillarning boshlarida Haytabek Toshkentga kelib, bir necha oy turib qoladi va “Hazrati Imom” (xalq o‘rtasida “Hastimom” nomi bilan mashhur) mavzesidan ichkari va tashqarili mo‘’jazgina bir hovli sotib oladi. Muhammadalixon qahridan uzoqroq bo‘lish, u bilan ziddiyatni yanada keskinlashtirmaslik maqsadida oilasini ham ko‘chirib keladi. Bu hovli “Hazrati Imom” mavzeidan Qo‘shtutga chiqadigan Kaffoli Shoshiy ko‘chasining boshlanishida bo‘lib, Haytabek vafot etganda, tashqari hovlisiga dafn etilib, ko‘chaga qaratib sag‘ana qurilgan. Bu sag‘ana xalq tilida “Haytabek mozor” deb atalib, Mupovaza kelin oyim (Ziyodbek amakimning xotinlari)ning aytishlariga qaraganda, 1950-yillarning o‘rtalarigacha saqlangan bo‘lib, Dolimbek otam Hastimom bozori (40 – 50-yillarda Hastimom mavzei yonidagi katta sayhonlikda qo‘y-mol bozori bo‘lgan)ga har borganlarida bu mozor oldida o‘tirib, Qur’on tilovat qilar va “Bu qabrda mening eng katta bobom Haytabek yotibdi” der ekanlar.
XIX asr boshlaridan – Olimxon va Amir Umarxon davrlaridan e’tiboran Toshkent shahri Qo‘qon xonligiga bo‘ysungan va shaharni o‘rab olgan devor qayta tiklangan hamda mustahkamlangan edi.
Umrining so‘nggi yigirma yilini Toshkentda o‘tkazgan Alisher Navoiyning kichik zamondoshi ulug‘ mutafakkir Zayniddin Vosifiy (1485 – 1566)ni shahar va uning atrofidagi so‘lim chorbog‘lari-yu shirin-shakar mevalari maftun etgan, hayratga solgan edi: “Bir shahar ko‘rdimki, atrofida Kaykovus binolaridan chorbog‘lar bo‘lib, unda Eram bog‘ining dilida dog‘i bordir… Sersuv latif shaftolilari shu qadar dilbarki, o‘z xasta va majolsizlarini visol ne’matidan to‘yg‘izar. Masnaviy:
Andoq bir shaharki jannatmakondir,
Xijolatdin jannat siynasi qondir.
Muborak tuprog‘i misli to‘tiyo,
Suyi rahmat suyidan xo‘broq go‘yo.
Nasimi go‘yoki Isonafasdir,
Anga yetmoq Masihoga havasdir.
Tegrasin qurshagan go‘zal chorbog‘lar,
Alardin Eramning ko‘ksida dog‘lar.
Teraklar saf tortib turarlar qator,
Har birin degaysan sarviqomat yor.
Yasangan qizlardek qaddi sanavbar,
Viqor-la turadi saf tortib ar’ar.
Lolazorda maskan qurgan andalib,
Gul madhin tark etmas tani o‘t olib.
Uzumin vasfidan aytayin bir qur,
La’lu durlar bilan garovda yengur.
Husayni uzumin har bir donasi –
Go‘zallar la’lining ol durdonasi.
Bir kezib chiqsangiz tarvuz paykalin,
Havas ham qilmaysiz behisht asalin.
Mevalarga to‘liq bu rangin bo‘ston,
Arziydi yozolsam sha’niga doston.
Ta’rifda yagona Toshkand anjiri,
Bunda jamuljamdir sirlarning siri.
Bulardan hamisha jonga halovat,
Shirasi asalni qilur malomat.”
“Hazrati Imom” asrlar davomida Toshkent shahrining Shayx Xovand Tahur (Shayxontahur)dan keyingi eng mashhur, obod va gavjum mavzelaridan bo‘lib, uning tarixi X asrning ulug‘ din peshvosi, fiqh olimi Imom Abubakr Muhammad al-Kaffol ash-Shoshiy shaxsiyati bilan bog‘lanadi. “Hazrati Imom” nomi bilan shuhrat qozongan al-Kaffol ash-Shoshiyning futurdan ketgan qabri ustiga shayboniyzoda hukmdorlar 1541-1542 yillarda ancha salobatli maqbara qurdirganlar. “Hazrati Imom” mavzesining Markaziy Osiyoda mashhur bo‘lgan yana bir tarixiy obidasi “Baroqxon” madrasasidir. Baroqxon Muhammad Shayboniyxon sulolasiga mansub bo‘lib, asli ismi Navro‘z Ahmadxon edi. U Movarounnahrga hukmdorlik qilgan 1551-1556 yillarda Toshkentda katta madrasa qurdirgan, asrlar davomida u “Baroqxon” madrasasi nomi bilan e’tibor qozongan. Keyinroq uning ro‘parasida “Mo‘yi muborak” kichikroq masjid va madrasasi qurilgan. Kaffol ash-Shoshiy maqbarasi va “Baraqxon” madrasasi XIX asr boshlarida Amir Umarxon tomonidan qayta ta’mir qilingan va nihoyatda ko‘rkam me’moriy obidaga aylantirilgan edi. Bu madrasaning shuhrati XIX asrning ikkinchi yarmiga qadar ham yuqori bo‘lgan. “Baroqxon” madrasasi hatto sho‘rolar davrida ham, mustaqillik davrida ham diniy mutaxassislar tarbiyalab yetishtirishda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Sovet davrida va hozirda ham musulmon diniy ishlar boshqarmasi shu madrasaga joylashgan. Mustaqillik sharofati bilan “Hazrati Imom” kompleksi yanada ko‘rkamlashdi, butunlay qayta ta’mirlandi, musulmon olamining mashhur qadamjolaridan biriga aylandi. “Hazrati Imom”dan, bir tomondan, Zarqaynar ko‘chasi orqali mashhur Eski Jo‘va bozoriga, Beklarbegi, Xo‘ja Ahror Valiy, Ko‘kaldosh masjid va madrasalariga, Zarqaynar ko‘chasiga qarama-qarshi tomondan Kaffoli Shoshiy ko‘chasi bilan Qo‘shtut guzari orqali shaharning Sag‘bon va Chig‘atoy darvozalari va qabristonlariga, Guruchariq (hozirgi Ziyovuddin Boboxon) ko‘chasi orqali Toshkentning Qorasaroy darvozasi hamda Teshikqopqaga chiqilar edi.
Shuhrati butun Turkiston o‘lkasiga, hatto undan tashqarilarga ham ma’lum va mashhur bo‘lgan mana shu “Hazrati Imom” mavzesida Haytabek oilasi bilan qo‘nim topdi. Oila iqtisodiy jihatdan og‘irroq ahvolda bo‘lsa-da, poytaxtdan, siyosatdan uzoqroq, tinch, xavf-xatarsiz hayot kechira boshlaydi. Haytabek oila tebratish maqsadida mahalla guzarida kichik bir do‘kon ochdi va savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullandi, o‘g‘li Norbek “Baroqxon”, keyinroq “Ko‘kaldosh” madrasasida o‘qishni davom ettirdi. U madrasa ta’limini oxiriga yetkaza olmadi: iqtisodiy tanqislik tufayli qarib qolgan otasi Haytabek qo‘lidan savdo ishlarini oldi. Ammo baqqolchilik, savdo ishlari yurishmagach, kosibchilik bilan ham shug‘ullanib, o‘rtahol hayot kechira boshladi. Shunday qilib, “yotib yeganga tog‘ ham chidamas” deganlaridek, xonlikning katta lavozimlarida uzoq yillar ishlab yiqqan boyliklari 5 – 6 yil ichida tugab, boqqolchilik va yamoqchilikka kuni qoldi. Haytabekning Islombek, Arslonbek, Fazilat ismli farzandlari ham bo‘lgan, ammo ularning taqdiri bizga ma’lum emas. Haytabek uzoq vaqt Toshkentdagi g‘aribona va faqirona hayotga o‘rgana olmadi: poytaxt, ona shahri Xo‘qandi latifdagi madaniy-ma’naviy hayot, she’riyat va san’at anjumanlari, u yerdagi yoru birodarlar, qarindosh-urug‘lar uni ohanraboday o‘ziga tortib turar edi.
Ko‘p o‘tmay, Muhammadalixonning nojo‘ya va noshar’iy harakatlari mash’um fojialarni olib keldi. 1842 yilda Buxoro amiri Nasrulloning musulmon dini sofligini mustahkamlash bahonasi bilan Qo‘qon xonligini bosib olishi, dahshatli xunrezliklari Haytabekni qattiq larzaga soldi: Nodirabegimdek oqila, shoira ayolning, norasida nabiralarining, begunoh saroy ahllarining qilichdan o‘tkazilishidan cheksiz iztirobga botdi. Axir, u Madalixon ta’qib va quvg‘iniga uchragan bo‘lsa-da, Amir Umarxon, Nodirabegim va xonlikning shoiru fozillaridan mehr-muruvvat ko‘rgan, oqibatli do‘stu birodarlar orttirgan, xon saroyida muntazam davom etib turgan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlarning doimiy ishtirokchisiga aylangan edi. Bu mash’um voqyeadan keyin ham Haytabek xeshu aqrabolari, yoru do‘stlari bilan diydorlashish maqsadida voyaga yetib qolgan o‘g‘li Norbek bilan birga bir necha marta ona-shahri Xo‘qandi latifga borib keldi, ularga hamdardligini bildirdi.
“Botir qassob” nomini olgan Amir Nasrulloning bu fojei ishlari Buxoro amirligiyu Xiva va Qo‘qon xonliklarida birday katta obro‘-e’tibor qozongan mashhur zullisonayn shoir, tabib, shariat va din peshvosi Mirzo Junaydullo Maxdum Hoziqning ham nafratini qattiq alangalantirdi. Bu mash’um voqyealarni muarrix Mirzoolim Mushrif Mirzarahim Toshkandiy o‘zining “Ansob us-salotun va tavorix ul-havoqin” (“Sultonlar nasl-nasablari va hoqonlar tarixi”) nomli mashhur yilnomasida kelgusi nasllar uchun muhrlab qoldirdi. O‘zining Xo‘qandi latifda uyushtirgan razil qilmishlaridan mamnun holda Buxoroi sharifga qaytayotgan amir Nasrullo boshqa shoiru a’yonlar qatorida shayxulislom Hoziqni ham huzuriga chaqirtirib: “…bu zafarli yurishimiz haqida bir fard ayt”, – deb buyuradi. Hozirjavob shoir Hoziq arkoni davlat huzurida amirning yuziga tik qarab, ushbu fardni aytgan ekan:
“Buridi bar qadi xud az malomat,
Libosi to ba domoni qiyomat”.
Mazmuni:
Qaddingga malomatdan shunday libos tikdingki,
Bu libos ustingda to qiyomatgacha qoladi.
Ulug‘ mutafakkir bu jasorati uning boshiga qanday fojialar olib kelishini yaxshi bilar edi. Amir Nasrullo Buxoroga yetib kelguncha, hech kim bilan gaplashmadi, birorta arbobni oldiga kiritmadi ham, Buxoroga yetib kelgach, Hoziqni saroyga chaqirtirdi, ammo u Shahrisabzdagi ota mulkiga ketib ulgurgan edi. Amir Nasrullo Shahrisabzga uch qatla odam yuborib chaqirtirsa ham shoir kelmaydi, chunki Buxoroda uni o‘lim kutayotganini yaxshi bilar edi. Amir o‘ziga va saltanatiga qarshi gapirganlarni unutadigan va kechirib yuboradigan odam emas edi. U birmuncha vaqt o‘tkazib, 1843 yilning qish faslida Buxoro zindonidan Dushaboy degan kallakesar o‘g‘rini chiqarib, qanday bo‘lmasin, Junaydullo Hoziqning kallasini olib kelishni buyuradi. Dushaboy Shahrisabzda bir necha kun yurib, shoirning boshini olib keladi va amir uni katta sovg‘a-salomlar bilan taqdirlaydi. Bu mash’um voqyealar butun tafsilotlari bilan Muhammad Hakimxon to‘raning “Muntaxab ut-tavorix” asarida ham o‘z ifodasini topgan.
Mutafakkir Junaydullo Hoziq juda to‘g‘ri ta’kidlagan edi: asrlar o‘tyapti, ba’zi bir yaxshi-yomon voqyealar unutilyapti, lekin amir Nasrulloning xunrezligini, Nodirabegimdek ulug‘ ayolni – mutafakkir shoirani, uning norasida nabiralarini, begunoh davlat arboblarini qatl qildirgan Nasrulloni millat unuta olmaydi.
XIX asr o‘rtalariga kelib yanada keskinlashgan Buxoro amirligi bilan Qo‘qon va Xiva xonliklari o‘rtasidagi bunday qonli to‘qnashuvlar, ichki ziddiyatlar, jaholat va mutaassiblik Vatanimiz va xalqimizning fojiali kelajagini tezlashtirmoqda edi. Taxminan, 1830-yillarning oxirlarida Haytabek o‘g‘li Norbekni uylatiradi va 1850-yillarning o‘rtalarida 70 – 75 yoshlarida vafot etadi. Norbek ham ketma-ket Komilbek, Muhammadaminbek, Rustambek, Yo‘ldoshbek, Saodat, Fazilat, O‘g‘iloy ismli farzandlar ko‘rdi. Ota farzandlari tarbiyasiga alohida e’tibor berdi, to‘ng‘ich o‘g‘li Komilbekni keyinroq Vatan himoyasi uchun o‘z jonini fido qilgan davlat va din arbobi Muhammad Solihbek dodxoh bosh mudarrislik qilgan, shaharning eng dongdor Ko‘kaldosh madrasasiga o‘qishga berdi. U nihoyatda havas bilan o‘qishga berildi. Norbek farzandlarining yoshlik va yigitlik chog‘lari Vatan, Millat taqdiri hal bo‘layotgan davrlarga – chor Rusiyasi butun mustamlakachilik qonli yurishlarini Markaziy Osiyoga qaratgan bir davrga to‘g‘ri keldi. Bu davrda Toshkent qalin va baland paxsa devor bilan o‘ralgan mustahkam qo‘rg‘on bo‘lib, uning tepasida qurollangan sarbozlar bemalol yurgan, ma’lum joylariga to‘pxonalar ham o‘rnatilgan edi. Shaharning o‘n ikkita – Labzak, Taxtapul, Qorasaroy, Sag‘bon, Chig‘atoy, Ko‘kcha, Samarqand, Kamolon, Beshog‘och, Qo‘qon, Qoshg‘ar, Qo‘ymas nomlari bilan ataluvchi darvozalari bo‘lgan, ular tunda yopilgan, tonggacha hech kim kiritilmagan va chiqarilmagan. Toshkentning Shayxontahur, Sebzor, Ko‘kcha, Beshog‘och nomli to‘rt dahasi bo‘lib, Eski Jo‘va bozori o‘n ikki darvoza va to‘rtala daha uchun baravar qulay o‘ringa joylashgan edi. O‘n ikki darvozadan katta yo‘llar to‘g‘ri Eski Jo‘va bozoriga kelib tutashar edi. Shahar chekkalari va shahar tashqarisidagi qishloqlarda yetishtirilgan hunarmandchilik, dehqonchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik mahsulotlari o‘n ikki darvoza orqali shu bozorga oqib kelar edi. To‘rt dahaning to‘rt qozisi bo‘lgan va ular qozikalonga bo‘ysungan. 1868 yildan e’tiboran so‘nggi qozikalon Hakimxon eshon vafotidan keyin Turkistonning birinchi general-gubernatori fon-Kaufman tomonidan qozikalon lavozimi bekor qilingan: dahalar qoziligiga kimni saylash va ularni nazorat qilishni ham gubernatorlik o‘z qo‘liga olgan. Toshkent hokimlari va qozikalon chor Rusiyasi bosqiniga qadar Qo‘qon xonlari tomonidan katta ilmga ega bo‘lgan olimlardan tayinlangan. Toshkent hokimiligi o‘rdasi yonidan o‘tadigan anhor (shuning uchun shahar aholisi bu anhorni “O‘rda” ham deydi) shaharning janubiy chegarasi bo‘lib, butun shaharni suv bilan ta’minlovchi asosiy hayot manbai hisoblangan.
Davomi bor…
Ulug‘bek Dolimov
“Ahli irfon”
Toshkent, “Akademnashr”, 2015
https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-uzoq-moziyga-bir-nazar-haytabek-va-norbek-1-qism-2/