Sulola. Dolimovlar shajarasi. Muhiddinbek va Faxriddinbek Komilovlar


Post Views:
71

Muhiddinbek Komilov – Komilbek Norbekovning birinchi o‘g‘il farzandi, 1918 yilda tug‘ilgan. 1939 yili politexnika institutiga o‘qishga kiradi va  uzoq haydalishlardan so‘ng 1947 yili tugatib, injener-energetik bo‘lib yetishadi. Muhiddin aka otasi surgun qilingandan keyin ham ancha dabdabali hayot kechirgan, otasidan qolgan katta boylikni jo‘ya va nojo‘ya ishlarga sarf qilgan. Urush jarohatlari hali tugamagan, ko‘plab xonadonlarda aza, xalq yarim och, yarim to‘q holda yashayotgan bir vaqtda – 1949 yili Muhiddin aka yuqorida tilga olingan, otasiga Fayzulla Xo‘jayev esdalik sifatida taqdim etgan ancha qimmatbaho brilliant ko‘zli uzukni sotib, “Pravda Vostoka” ko‘chasidagi ikki qavatli “Natsional” mehmonxonasi (To‘xtaboyvochchaning qo‘rasi bo‘lgan – hozir ham mavjud) restoranida 30 kishidan iborat turli-tuman toifadagi o‘rtoqlariga katta ziyofat uyushtiradi. Bu ziyofat-banket katta urushga aylanib, Muhiddin akani qattiq kaltaklashgan, natijada, burni qattiq shikastlangan.  Uzoq vaqt shifoxonada davolangan va katta pul evaziga burnini plastik operatsiya qildirgan. Bu operatsiya juda muvaffaqiyatli chiqqan. Muhiddin akaning bunday nojo‘ya harakatlari uning keyingi hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan. 1952 yilda sho‘ro hukumatining navbatdagi qatag‘on o‘rami boshlangach, boyning bolasi, buning ustiga, turli gaplarda qatnashganlikda hamda siyosiy latifa aytganlikda ayblanib, qamoqqa olingan. Besh yil Sibir surgunida bo‘lib, Stalin o‘limidan keyin oqlanib, qaytib kelgan va avvalgi injenerlik ishiga tiklangan. Uning turmush yo‘ldoshi Muborak opa nihoyatda go‘zal ayol bo‘lgan, uzoq yillar Toshkent shahar, Sobir Rahimov (Olmazor) tumani bolalar poliklinikasida bosh shifokor bo‘lib xizmat qilgan. Ular 1946 yili Otabek ismli yolg‘iz farzand ko‘rishgan, u ham otasi kabi injener bo‘lib yetishgan. 1970 yili Otabek mashhur akulist professor Muhammadjon Komilovning qiziga uylangan. Muhiddinbek Komilov 1994 yili, Muborak kelin oyi 2000 yili va Otabek 2003 yili vafot etishgan, Teshikqopqa qabristoniga dafn etilganlar.

Faxriddinbek Komilov – Komilbek Norbekovning uchinchi farzandi, 1921 yili tug‘ilgan. Ota-onasining suyukli farzandi bo‘lib voyaga yeta boshladi. U amakivochchalari Ziyodbek va Sultonbeklar kabi tibbiyot institutida o‘qishni orzu qildi. Uning bu orzusi amalga oshib, mazkur institutning davolash fakultetini a’lo baholar bilan tugatdi va shifokor bo‘lib yetishdi. Uzoq vaqt davomida millioner boyning o‘g‘li sifatida uni ilmiy-tadqiqot ishiga yaqinlashtirishmadi. Ammo o‘z oldiga qo‘ygan maqsadidan qaytmaydigan, o‘ta tirishqoq Faxriddinbek 1947 yilda ToshMIning aspiranturasiga kirishga muvaffaq bo‘ladi va 1951 yili dissertatsiya ishini himoyaga qo‘yadi. Bu haqda keyinchalik o‘zlari – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi, uch oliy toifaga ega bo‘lgan doktor Faxriddinbek Komilov quyidagilarni yozadi: “Bizning oilaga sho‘ro hukumatining ta’qib va tazyiqlari ancha kuchli bo‘ldi. Akam Muhiddinbekni siyosiy latifa aytgan, deb qamashdi, o‘zimni esa ancha vaqt ilmdan chetlashtirishdi. 1951 yili ilmiy ishim tayyor bo‘lib, erta-indin himoya qilaman, degan paytimda firqa kotibi Didchenko quloqning bolasi, deb ishimni to‘xtatib qo‘ydi. Endi qo‘lim oshga yetganda, orzularimni chil-chil sindirdi. Nima qilishimni bilmay, tunlarni tongga ulaganlarim hamon esimda. O‘shanda ariza ko‘tarib uchrashmagan odamim, kirmagan tashkilotim qolmadi. Moskvaga xat yozdim, foyda bermadi. Keyin “Tez yordam ko‘rsatish xizmati”ga oddiy shifokor bo‘lib ishga kirdim. Tayyor ilmiy ishimni yo‘qqa chiqarishdi. Ishni yana nuldan boshladim. Halol xizmat qilib, oddiy shifokorlikdan Toshkent shahar “Tez yordam ko‘rsatish xizmati”ning bosh shifokori darajasiga erishdim. 1973 yili butunlay yangi mavzuda, avvalgi yakunlangan ishimdan 22 yil o‘tgach, “Toshkent shahar tez yordam ko‘rsatish xizmatining tarixi, ahvoli va istiqboli” mazusida ilmiy-tadqiqot ishi yozib, nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildim. Bu o‘sha paytda tez yordam ko‘rsatish xizmatiga bag‘ishlangan sobiq ittifoq miqyosidagi ikkinchi ilmiy tadqiqot ekan.” [Sirojiddin Ahmad. Taraqqiyparvar aka-ukalar.  // Turkiston, 1997, 4 iyun]

Faxriddin Komilov uzoq yillar Toshkent shahar “Tez yordam ko‘rsatish xizmati”ga rahbarlik qildi, bu soha uchun malakali mutaxassislar tarbiyalab yetishtirdi. Faxriddin akada hech bir qarindoshlarimizda uchramagan, umuman, kamdan-kam odamlarda bo‘ladigan fazilat mavjud edi. Avlodimizdagi biz yoshlar, ehtimol, kattalar ham ularning bu fazilatiga havas qilishar, ularga o‘xshashga harakat qilishardi, lekin uddasidan chiqish juda qiyin edi. Bu Faxriddin akaning kiyinishi, yurish-turishi, o‘ziga alohida zeb berishida (yaxshi ma’noda) edi. Bu fazilat ularni ayollari Karima kelinoyi vafotlaridan keyin ham tark etmadi. Faxriddin aka nima kiysa, o‘ziga atab tikilgandek yarashardi, o‘zlari ham chiroyli odam edilar. Undagi bu fazilat otalari Komilbekdan o‘tgan deyishardi.

1977 yil yoz kezlari Nu’monbek amakim vafot etganlarida, fotiha kunlari 3 – 4 kun davomida mashhur geograf olim, universitet geografiya fakulteti professori, sobiq SSSR Geografiya jamiyatining haqiqiy a’zosi Hamidilla Hasanov ham kelib turdi. Amakilarim qatorida sohibi ta’ziya sifatida Fahriddinbek akam ham bor edi. Hamidilla aka meni chetroqqa chaqirdi va Faxriddin akani ko‘rsatib:

– Ulug‘bek, bu odam sizlarga kim bo‘ladi? –deb so‘radi.

– Adam va amakilarimning amakivochchasi, Dolimbek otamning ukalari Komilbek otamning o‘g‘illari, Toshkent shahar “Tez yordam” bo‘limining bosh shifokori, ismi-shariflari Faxriddinbek Komilov, – deb javob berdim.

– Men ko‘p katta-katta to‘y-ma’rakalarda bu odamni ko‘raman, lekin  shu vaqtgacha bu odamchalik nihoyatda o‘ziga e’tibor berib, tartibli kiyinadigan odamni ko‘rgan emasman, bunaqa tartib-intizomli, o‘ziga alohida e’tibor beradigan odamni sizlarning avlodlaringizda ham uchratmaganman, – dedi Hamidilla aka.

– To‘g‘ri aytasiz, domla. Yoshlari ulug‘ qarindosh-urug‘larimizning aytishlariga qaraganda, bunday fazilat Faxriddinbek akamga adalaridan o‘tgan ekan, adalari Komilbek otam ham xuddi shunday tabiatli odam bo‘lgan ekanlar, – dedim.

Kunlardan bir kun ukam Kenjabekning uyida qandaydir munosabat bilan qarindosh-urug‘lar yig‘ilishdi. Ukamning qayin otasi Safo aka Murodov (Safo Murodovich Murodov uzoq yillar Toshkent shahar, Sobir Rahimov (Olmazor) tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan) bilan birga Faxriddin aka ham keldi. Ular yoshlikdan birga o‘sgan, institutda ham bir guruhda o‘qishgan “qiz o‘rtoq”lardan deyishar edi. O‘ltirish uzoq davom etdi: eng noyob ichimliklardan oz-oz olishdi ham. Qorong‘i tushgach, belgilangan vaqtda Faxriddin akaning shofyori kelib, Safo aka bilan birga uylariga olib ketdi. Faxriddin akaning hamma vaqt olib yuruchi, hatto bitta kichkina kitob ham sig‘maydigan sumkacha (portmone)lari qolib ketibdi. Yurish-turishlari, kiyinishlari biz uchun ancha sirli tuyuladigan Faxriddinbek akaning portmonesida nimalar borligi bizni juda qiziqtirar edi. Biz jazm qilib, sumkani ochdik. Ichida ozroq pul, tuflini artish uchun qog‘ozga o‘ralgan kichkina duxoba parchasi, taroq, kichkina shchyotka bor ekan. Demak, ko‘cha-ko‘yda ham imkon topib, uyoq-buyoqlariga qarab qo‘yar ekanlar.

Faxriddinbek aka va xotinlari Karima Mahkamboy qizi 1946 yilda Ulug‘bek, 1949 yilda Fotima va Zuhra ismli farzandlar ko‘rishdi. 1996 yili Faxriddinbek Komilovning 75 yoshga to‘lishlari munosabati bilan kattagina yubeleylari o‘tkazildi, Eski Jo‘vadagi “Guliston” restoranida shinam bir ziyofat ham bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, Faxriddinbek Komilov 2002 yilda va o‘g‘illari Ulug‘bek Komilov 2004 yilda vafot etishdi, Shayx Zayniddin buva qabristoniga dafn etilganlar.

Davomi bor…

Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»
Toshkent, «Akademnashr», 2015

Ushbu kitobni taqdim etgan Elbek Dolimovga minnatdorchilik bildiramiz

https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-muhiddinbek-va-faxriddinbek-komilovlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x