Sulola. Dolimovlar shajarasi. Ma’naviyat


Post Views:
121

Mustamlaka o‘lkada kapitalistik munosabatlarning paydo bo‘lishi bilan yaramas, o‘ta qabih illatlarni ham olib keldi. Bu illatlar mahalliy xalq axloqiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi: mehmonxonalarda, restoranlarda “doim fiyon” (Ishoqxon Ibrat) bo‘lib yurish hollari vujudga keldi. Bu haqda akademik V.V.Bartold yozganidek: “Yerli aholining ruslar bilan yaqinlashishi, rus tilini o‘rganishi natijasida rus hayotining tashqi, salbiy tomonlarini o‘zlashtirdilar. Fahsh hayot kechirishga, vino, pivo ichishga o‘rgandilar”.

Buning ustiga, Rusiya hukumati ham mustamlaka o‘lka xalqlari ma’naviyatini, diniy e’tiqodini buzish uchun aroq, vino, pivo va papiros bilan savdo qiladigan maxsus do‘konlar tarmog‘ini kengaytirdi, fohisha ayollarning o‘lkaga oqib kelishiga, restoranlar, fohishaxonalar ochishga katta imkoniyatlar yaratdi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasidagi fohisha ayol Liza va restoran xodimi Artun, CHo‘lponning “Kecha va kunduz” romanidagi Mariya Ostrova, Oybekning “Qutlug‘ qon” romanidagi restoran fohishalari obrazida, Ishoqxon Ibrat, Tavallo she’rlarida chor Rusiyasining ushbu o‘ta qabih siyosati fosh etilgani tasodifiy hol emas. General-gubernatorlik ma’murlari bu bilan ham cheklanmadi: mahalliy xalqni yaramas illatlardan muhofaza qiluvchi, ularni qattiq nazorat ostiga oluvchi, ayniqsa, yoshlarni ichkilik, qimorbozlik, foxishabozlik kabi yaramas, musulmon axloqiga zid odatlardan muhofaza qiluvchi muhtasib, a’lam, rais kabi lavozimlarni ham bekor qildi va bularning hammasi millat ma’naviyatining, diniy e’tiqodining oyoqosti bo‘lishiga katta imkoniyat yaratdi.

1914 yilning 27 fevralida ma’naviyatimiz tarixida haqiqiy ma’noda buyuk voqyea sodir bo‘ldi. Toshkentning Georgiy Mirzabekovich Sinsadze (1868 – 1919) tomonidan 3000 tomoshabinga mo‘ljallab qurdirgan eng katta “Kolizey” teatri (sho‘rolar davrida Sverdlov nomidagi konsert zali, hozirda markaziy savdo birjasi) binosida yuqorida tilga olingan chor Rusiyasining, Turkiston General-gubernatorligining yaramas siyosatini fosh etuvchi, o‘zbek dramaturgiyasining hamma mutaxassislar yakdil e’tirof etgan birinchi asari – Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasi Munavvarqori va Abdulla Avloniy rahbarligidagi “Turon” dramtruppasi havaskorlari tomonidan sahnaga olib chiqildi. Matbuot bu kunni haqli ravishda “tarixiy kun” deb e’lon qildi. Tomosha oldidan Munavvarqori Abdurashidxonov oddiy xalqqa qarata otashin nutq so‘zladi, teatr va uning millat ma’naviyati rivojidagi ahamiyati haqida hammabop ma’lumot berdi, uni “ibratxona”, “ulug‘lar maktabi”, artistlarni esa “tabibi hoziq” deb atadi. Munavvarqorining bu nutqi “Turkiston viloyatining gazeti” o‘sha yil, 2 mart sonida e’lon qilindi. Bu tarixiy voqyeaning katta harakat, mablag‘ talab qiluvchi teatr binosi arendasi, sahna jihozlari, kiyim-kechak, afisha, maromnoma, chiptalar va boshqa ishlar asosan Komilbek va Karimbek Norbekovlar zimmasiga tushgan edi. Bu tarixiy voqyea haqida jadid shoiri To‘lagan Xo‘jamyorov – Tavallo uchta she’r bitdi. Uchala she’r shoirning 1914 yilda nashr etilgan “Ravnaq ul-islom” to‘plamiga kiritilgan. Ularning birida shunday satrlar bor edi:

Cho‘x munavvar etdi olamni Munavvar qorimiz,
Ko‘rdimiz ravshanlig‘idin fe’limiz, atvorimiz.
Ibrat oling, yoshlar, deb to‘kdi ko‘zdin yoshlar,
Nutqida tahrir etub, bizlarni yo‘qu borimiz.
Chin ko‘nguldan biz eshitduk, chin ekan aytgan so‘zi,
Shuncha bid’atlarni bilduk, voy, biz iqrormiz.
Sahnaga qo‘ydi “Padarkush” fojia Behbudidin,
Bahra oldi o‘rusu arman, o‘zbaku totorimiz.
Ko‘rdilar nodon chujuq, betarbiyat hangomasin,
Dedilar bizni chujuqlar: “Emdi biz bezormiz!”
“Bu bola ermas, balo!” deb, nechalar qon og‘ladi,
Vahmig‘a ketdi o‘zidin, bir necha ko‘knorimiz.
Bas, Ubaydullo, Karimbeku Nizomiddinlara,
Jumla qatnashganga to o‘lguncha minnatdormiz.
Barchadin avval kelib joy oldi, o‘lturdi ko‘ring,
Foydalandi, ibrat oldi necha parhezdorimiz.
Ko‘b umid birlan, Tavallo, boz bir o‘ynasa deb,
Belni bog‘lab, o‘zni chog‘lab bunda xizmatkormiz.

Ushbu she’r dastlab jadidlarning “Sadoyi Turkiston” gazetasida, o‘sha yili Karimbek Norbekov muassisligida nashr etilgan shoir Tavalloning “Ravnaqul islom” nomli she’rlar to‘plamida e’lon qilindi, shu 1914 yili Munavvarqori Abdurashidxonov jadid maktablarining yuqori sinflari uchun tuzgan “Sabzazor” darsligiga ham kiritildi. Natijada, ushbu she’r keyingi maktab darsliklariga ham kirib bordi va millat farzandlari tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etdi.

Komilbek va Karimbek Norbekovlar “Turon” teatri truppasi faoliyatida sezilarli iz qoldirdilar, ayniqsa, uning pul, mablag‘ bilan hal qilinadigan iqtisodiy jihatlariga yaqindan yordam berdilar. Keyinchalik Hoji Muin va Nusratullo Qudratulloning “To‘y”, mashhur ozarbayjon dramaturgi Mamed Said O‘rdubodiyning “Andalusning so‘nggi kunlari” dramalarini sahnaga olib chiqishdagi iqtisodiy tomonlari ularning zimmasida bo‘lgan. Bu haqda 1915 yili “Sadoyi Turkiston” gazetasi mamnuniyat bilan “Biletlar sotish to‘g‘risida ko‘p foydalari tekkan Komilbek Norbekov, Karimbek Norbekov afandilarga idora tarafidan ko‘p rahmat va tashakkurlar arz qilurmiz”, – deb yozgan edi.

Davomi bor…

Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»

Toshkent, «Akademnashr», 2015

Ushbu kitobni taqdim etgan Elbek Dolimovga minnatdorchilik bildiramiz

https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-ma-naviyat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x