Post Views:
168
1917 yil 25 oktyabr (yangi hisobda 7 noyabr)da Petrogradda to‘ntarish munosabati bilan Muvaqqat hukumat ag‘darib tashlandi va butun hokimiyat Lenin boshchiligidagi bolsheviklar qo‘liga o‘tdi. “Hurriyat” gazetasining 1917 yil 7 noyabr sonida bolsheviklar tomonidan Qishki Saroyning egallanishi munosabati bilan bosh muharrir Abdurauf Fitrat “Rusiyada yana bir balo bosh ko‘tardi – bolshevik balosi!” – deb yozgan edi. Jadidchilik harakati namoyandalari, rahbarlari bunday zo‘ravonlikka, xunrezlikka butunlay qarshi edilar. Toshkentda ham bolsheviklar hukumatni egallash uchun to‘rt kechayu to‘rt kunduz qirg‘in uyushtirdilar. Shunday qilib, bolsheviklar ming-minglab begunoh halok bo‘lganlar qoni va joni evaziga hokimiyat tepasiga chiqdilar. Shunday og‘ir vaziyatda Karimbek Norbekov to‘ppochasini olib:
– Hamma bolshaviklarni peshanasidan otaman! – deb, ko‘chaga chiqadi.
Katta akasi Dolimbek “hay-hay”lab uning yo‘lini to‘sdi:
– To‘xta, Karim! O‘zingni bos, uka! Ikkitasini otarsan, uchtasini otarsan. Ular ko‘p, hatto bolshavoylar va’dasiga uchgan o‘zbek qarollarini ham ishga solishgan ko‘rinadi, hammasi qurollangan, butun avlodi-ajdodimizni yo‘q qilib tashlaydilar!
– Aka, tushuning, ularning nima haqqi bor vatanimiz, xalqimiz tinchligini buzishga! Ularga sig‘indi bo‘lib yashashdan ko‘ra o‘lim ming marta afzal-ku! Bir boshga – bir o‘lim!
– Uka, sen faqat o‘zingni o‘ylama, farzandlaring, jigarlaring, qarindosh-urug‘laringni o‘yla! Bu kunlar ham o‘tib ketar. Sen shu kundan boshlab ko‘chaga chiqmaysan, bu gaplar akang Komilga ham taalluqli, to‘pponchangni shu zahotiyoq yo‘qot, hojatxonaga tashlab yubor. Hali ular kelib uylarimizni tintuv qilishdan ham toymaydilar.
Shu-shu oktyabr to‘ntarishidan keyin biror tashkilotda va yig‘inlarda Komilbek va Karimbek Norbekovlarning ismi-sharifi tilga olinmaydi. Ular siyosatga aralashmaslikka, tinch ish bilan – savdo-sotiq bilan mashg‘ul bo‘lishga qaror qildilar. Zamonning keyingi evrilishlari ularni shunday yo‘l tutishga majbur etdi. Savdo-sotiq ishida iymon-e’tiqodni, halollikni o‘zlari uchun muqaddas bilgan, haromdan va birovning haqiga hiyonat qilishdan hazar qilgan, xalqining koriga yarashni o‘zlari uchun muqaddas bilgan Komilbek va Karimbek Norbekovlar faoliyati uzoqqa bormadi. Oktyabr to‘ntarishidan keyingi turli-tuman fojialar ularning boshiga ham yomg‘irday yog‘ila boshladi. Bolsheviklar hukumati ularning millatparvarlik faoliyati uchun, jadidchilik harakatining yetakchi namoyandalari bo‘lganliklari hamda millatning iqtidorli bolalarini chet el oliy o‘quv yurtlarida o‘qishlariga katta iqtisodiy imkoniyat yaratganliklari uchun ta’qib ostiga oldilar. Endi bolsheviklar o‘rnatgan yakkahokimlik va zo‘ravonlik, ayniqsa, “harbiy kommunizm” siyosati mustamlaka o‘lkaning iqtisodiy ahvolini, maorif va madaniyatini parokandalikka, fojiali ahvolga olib keldi. Bu siyosat ochlikka mahkum etilgan Turkiston aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga emas, aksincha, ularning bor-yo‘g‘ini tortib olib, bolsheviklar tuzumining himoyachilari bo‘lmish qizil askarlarni, “markaz”ni boqishga xizmat qildi, mustamlakachilik zulmi ham avjiga chiqdi.
1920-yillarning boshlarida vaqtincha bo‘lsa-da, NEP – yangi iqtisodiy siyosat tufayli barcha sohalarda nisbatan erkinlik hukm surdi. Chunki sho‘ro hukumati ikki frontda: ham fuqarolar urushida, ham jadid ziyolilari hamda badavlat qatlam bilan baravar kurash olib bora olmas edi. Norbekovlar ham oilasi bilan 2 – 3 yil tinch-osoyishta hayot kechirdilar. Bolsheviklar “bosmachilik harakati” deb nomlagan, aslida istiqlolchilik harakatini qonga botirib, 1925 – 26-yillardan boshlab o‘z mavqyeini mustahkamlab olgach, hamma erkinliklarga chek qo‘ydi. Ular yo‘qsillar bilan badavlat qatlam o‘rtasida sinfiy adovatni kuchaytirishga zo‘r berdilar, ularni suv va olov kabi bir-biriga g‘irt dushman qilib qo‘ydi, xususiy savdoga qarshi kurash keskin tus oldi, millat manfaatlari uchun kurashgan jadidlar qattiq ta’qib ostiga olindi. Bunday ishlarning tepasida Moskvadan – RKP (b) MQ tomonidan yuborilgan Sredazbyuro (dastlabki nomi RKP(b) MQning Turkbyurosi) tashkiloti turdi. Mahalliy rahbar xodimlar sho‘ro boshqaruv tizimidan siqib chiqarildi. Komilbek va Karimbeklarning ishlab turgan do‘konlariga qulf solindi, savdo-sotiq ishlari butunlay to‘xtatildi, natijada, aka-ukalar uyga kirib qoldilar. Bu vaqtlarda Dolimbek ukalaridan ancha keyin boshlab qo‘ygan uyi hali bitmagan, lekin oilasi ancha kattalashgan, 12 farzandi bilan ota hovlisida ukalari Komilbek va Karimbeklar bilan birga yashar edi. Dunyo ko‘rgan, yurt so‘ragan aka-ukalar ishsizlik, mustabit sho‘ro hukumatining ta’qib va tazyiqlari, oilaviy kelishmovchiliklar girdobida azob chekardilar.
Muazzam ammam (1919 – 2001) o‘sha vaqtlarda Komilbek otam bilan kechgan bir voqyeani aytib bergan edilar: “Adashmasam, 1927 – 1928 yillar bahori edi. Oyim kir yuvish uchun katta jomasho‘yni to‘ldirib, kirlarni bo‘ktirib, zina ustiga qo‘ydilar. Shu payt opododam (biz jiyanlar Komilbek va Karimbek amakilarimizni “opododa” der edik) xonalaridan chiqib, jomasho‘yni kir-piri bilan uloqtirdilar, jomasho‘y hovlining narigi burchagiga borib, devorga qarsillab urildi, qalin sopoldan ishlangan jomasho‘y ikkiga bo‘linib ketdi va oyimga:
– Bu uyda tinchlik bormi-yo‘qmi!? Qachon o‘z uylaringga ko‘chib o‘tasanlar!? – deb oyimga baqirdilar.
Xuddi shu voqyea ustiga Qozoqboy buvamning kelinlari – Salohiddin tog‘amning xotinlari Bashorat kelin oyim kelib qolsalar bo‘ladimi. Bo‘lib o‘tgan voqyeaning hammasini ko‘rib, kuzatib, eshitib, eshik oldida birpas turib qoldilar va:
– Bek, otdan tushsangiz ham, egardan tushmas ekansiz-da! Siz va Karimbek Dolimbek pochchamga tegishi kerak bo‘lgan, Mo‘minboydan qolgan bog‘-rog‘larda, shinam hovlilarda yashab, katta-katta do‘konlariga egalik qiling-da, yana ularga zulm qilasizmi?! Axir, siz va Karimbekning Mo‘minboyga zarracha aloqangiz yo‘q-ku! Sizda oz bo‘lsa-da insof bormi? Shoshmay turing, ertaga sizni “Mushtum”da shunday do‘mbra qilayki, xalq bilib qo‘ysin kimligingizni!
Nihoyatda shaddot, betga chopar Bashorat kelin oyimning bu gaplarini eshitib, opododam bir og‘iz ham gapira olmay, xonalariga kirib ketdilar. Keyinroq Karomat kelin oyim (opododamning xotinlari, Yo‘ldoshbek buvamning qizlari)dan eshitdim: opododam nihoyatda qo‘rqib ketgan ekanlar, chunki zamon og‘ir, Komilbek va Karimbek amakilarimga qarshi kurash avjiga chiqqan, do‘konlariga qulf tushgan, ikkalovlari uyga kirib qolgan, ularning amakivochchalari Hasanbek va Husanbek Norbekovlar allaqachon qamoqqa olingan, buning ustiga, “Mushtum” jurnalida biror kishi tanqid qilinsa bormi, omon qolmas edi. O‘ta og‘ir zamonlar edi”.
Bunday ko‘ngilsizliklardan keyin Dolimbek oilasi bilan ukalari Komilbek va Karimbeklar yangi hovlisining orqa tomonidagi somon suvoqda bo‘lgan I-Sag‘bon oxiri berk ko‘chadagi 29-hovlisiga ko‘chib o‘tdi. Bu hovliga II-Sag‘bondan emas, I-Sag‘bondan kirilar edi.
Munavvarqori Abdurashidxonov va uning safdoshlari qamoqqa olinib, otib tashlangach, u bilan yaqin hamkorlikda bo‘lganlarning, shu jumladan, Komilbek va Karimbek Norbekovlarning ham hayoti xavf ostida qoldi. 1930 yilning kuz oylarida Komilbek Chimboydagi, Karimbek Jarariqdagi bog‘ hovlilaridan qamoqqa olinadilar va istiqlol fidoyilari hayotining so‘nggi damlari shohidi bo‘lgan Toshkentning “Moskva” (“Oloy” bozori yonidagi hozirgi “Yulduz” firmasining bir qismi joylashgan) turmasiga tashlaydilar. Bu zindonning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan azob-uqubatlari, tergovlari bir yil uzluksiz davom etdi. 1932 yilning bahor oylarida Komilbek va Karimbek Norbekovlar “Munavvaqorining davomchilari”, “millatchi” va boshqa ayblov hamda tuhmatlar bilan 10 yil ozodlikdan mahrum etiladilar va Novosibirskka surgun qilinadilar. Bechora mahkumlar noinsoniy tuzumning otib yubormaganiga ham shukurlar aytgan ekanlar. 1933 yili Muhammadaminbek hoji 90 yoshida vafot etgach (mahalla-ko‘y Hoji qarg‘ab yubormasin deb, ancha hayiqib turishgan ekan, shekilli), Komilbek va Karimbek Norbekovlarning hovli-joylari, yer-suvlari, do‘konlari, mol-mulklari tortib olindi.
1930-yillarda mustamlaka Turkistonda kechgan uzluksiz qatag‘onlar haqida biror haqiqatni aytish va sho‘ro matbuotida e’lon qilish aslo mumkin emas edi. Shunday bo‘lsa-da, “Yosh Turkiston” jurnali haqgo‘y, erkin matbuot sifatida imkoniyati doirasida sho‘ro qatag‘onlari haqida turkum maqolalar berib bordi. “Yosh Turkiston” jurnali sonlaridan birida bu haqda quyidagilarni o‘qiymiz: “Munavvar, Salimxon, To‘lagan domla – Turkistondagi rus proletaryoti diktaturasining so‘nginchi qurbonlari emasdir. Yillardan beri sovet turmalarida, surgunlarida azob chekayotgan ko‘b-ko‘b ma’ruf odamlarimiz haqinda hech bir ma’lumotimiz yo‘qdir. Ulardan qanchasi yo‘qoldi? Tirik qolg‘onlari bormi, yo‘qmi? Bu to‘g‘rida hech bir narsa bilmaymiz. Balki qadar (taqdir) bizga yangi qayg‘uli xabarlar hozirlamoqdadir,” – degan juda to‘g‘ri taxminlarni bayon qilgan, qatag‘onlarning son-sanog‘i yo‘q edi. “Yosh Turkiston” jurnali sahifalarida Sibirga surgun qilingan minglab hammaslaklarining fojiali ahvoli haqida ularga hamdardlik bildirib, Vatanidan judo qilingan turkistonlik muhojirlarning she’rlari ham e’lon qilingan:
Surgun(dagi) o‘rtog‘imdan
Kafanga o‘rolg‘on Sibiriya cho‘lida,
Kishanlar, zanjirlar qo‘l-oyog‘imizda,
Tepki, ot tuyog‘i doim boshimizda,
Hamda qonli qamchin, achchiq izg‘irinlar!
Tuganmak bilmagan bu qiynov yo‘lida:
Gala-gala quzg‘un tevaragimizda,
Yig‘lamoqda qorlar bosgan izimizda,
Suyagimizning-da maqbari bu qorlar!
1934 yili sho‘rolar davrida mas’ul lavozimda faoliyat ko‘rsatgan, firqa a’zosi Komilbekning qaynisi ham amakivochchasi Qosimbek Yo‘ldoshbekov (1900-1958) jiyanlari – Komilbekning yosh-yosh o‘g‘illari Muhiddinbek va Faxriddinbekni, Karimbekning katta o‘g‘li Anvarbekni Novosibirskka olib boradi va katta qiyinchiliklar natijasida bolalar o‘z otalari bilan diydor ko‘rishadilar, ammo ular bir haftadan keyin yana uzoq muddatga ayrilishadilar.
1936 yili ikkinchi marta Qosimbek Yo‘ldoshbekov Novosibirskka borib, pochchasi Komilbekni Toshkentga olib keladi, ammo Karimbek esa Toshkentga kelishdan qo‘rqib (chunki ularni Toshkentda sho‘ro hukumati omon qo‘ymasligini yaxshi bilar edi), Sintszyan Uyg‘ur avtonom rayonining G‘ulja shahriga o‘tib ketadi. Komilbek esa o‘limni bo‘yniga olgan holda Toshkentga oqshom paytida – qosh qorayganda kirib keladi. Sag‘bon mahallasidagi uy-joylarini sho‘ro hukumati tortib olganini bilib, Guliston mahallasidagi yaqin qarindoshinikiga tushadi. Qarindoshlar uni xursandchilik bilan kutib olib, darhol uyiga odam yuboradilar. Ammo unga oilasi, farzandi arjumandlari bilan ko‘rishib, ularni bag‘riga bosish ham nasib etmadi. Uning bu kelishidan oldindan xabar topgan GPU ayg‘oqchilari qochqin sifatida o‘sha soatdayoq uni olib ketib, surgunga mahkum etadilar. Yana sakkiz yillik surgun davomida sho‘ro hukumatining turli-tuman g‘ayriinsoniy azob-uqubatlarini ko‘raverib toliqqan Komilbek Norbekov 1943 yilda surgun muddatini tugatib, ich terlama kasali bilan og‘riydi va chalajon holda Toshkentga – o‘z oilasi quchog‘iga qaytadi.
1932 yilda yozuvchilar Ziyo Said bilan Nazir Safarovning Dolimbek, Komilbek va Karimbek Norbekovlar hamda ularning oilasi boshida kaltak bo‘lib singan “Tarix tilga kirdi” dramasi yozilmay turib sahnaga qo‘yiladi (bu dramaning matni saqlangan emas – U.D.). Adam Subutoy Dolimov shu asar munosabati bilan kechgan bir voqyeani aytib bergan edilar: “Asar sahnaga qo‘yilgach, oilamiz uchun achchiq voqyealar sodir bo‘ldi. Ikkala Komilbek va Karimbek amakilarim qamoqda. O‘sha yillari Karimbek amakimning qizlari Rojiaga uylangan edim. Men bir necha oy davomida soatlab GPU, NKVD idoralarida doproslar (savollar)ga, tergovlarga javob berishga majbur bo‘ldim. Ularning ushlab olgan joyi mening Karimbek amakimning qizlariga uylanganim edi. Meni o‘sha kunlardayoq pedagogika instituti (hozirgi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti) talabalari safidan haydashdi. 1943 yili Komilbek amakimning Sibir surguni muddatini to‘la o‘tab, qaytib kelishlari munosabati bilan Ko‘kcha mahallasidagi qayinotalari hovlisiga ularni ko‘rgani bordim. Ahvollari nihoyatda og‘ir, orig‘lab ketgan, isitmalari ancha baland, hatto yurishga ham madorlari yo‘q bo‘lishiga qaramay, men bilan uzoq suhbatlashdilar. Shunda amakim Ziyo Said bilan Novosibirsk surgunida uchrashib qolgani, u bilan ancha suhbatlashgani haqida batafsil gapirib bergan edilar. Amakim yozuvchiga:
– Ziyo aka, meni tanimadingiz, shekilli, Nazir Safarov bilan birga yozgan “Tarix tilga kirdi” asaringizdagi o‘z hisobidan tilla berib, millat yoshlarini chet el oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga jo‘natgan aka-uka Karimbek va Komilbek Norbekovlar biz edik, – deb, o‘zimni tanishtirdim. Shunda bechora yozuvchi meni quchoqlab, ko‘ziga yosh olib:
– Siz Komilbek Norbekovmisiz? Men sizni bir necha kundan beri kuzataman. Bunday pokiza inson qanday qilib bu jahannamga tushib qoldi ekan? deb o‘ylayman.
– O‘zbek ham yorug‘ kunlarni ko‘rarmikan, Vatanimiz ham obod va ozod bo‘larmikan, deb biz shunday ishlarni qilgan edik, Ziyo aka. Men sizning o‘zbek matbuoti tarixiga bag‘ishlangan asaringizni ham o‘qiganman. Qori aka (Munavvarqori)ni, Fansurillohbek, Abdulla Avloniy, Ubaydulla Xo‘jayev, Abdurauf Muzaffarzodalarni tilga olibsiz, lekin ular siz yozgandek, millat va Vatan dushmanlari emas, aksincha, millat, Vatan uchun kuyib-yonuvchi, bu maqsad yo‘lida ular nafaqat mollarini, hatto jonlarini ham fido qiluvchi insonlar edi. Vaqtlar kelib, avlodlar albatta ularga o‘zining haqiqiy bahosini berar.
– Nachora, siz haqsiz, nopok tuzumning dahshatli qo‘g‘irchog‘iga aylanib qolibmiz, Komilbek aka, – dedi o‘kinch bilan.
– Bizlarni – Munavvarqori boshchiligida millatini, vatanini Rusiya istibdodidan ozod qilish uchun kurashayotganlarni general-gubernatorlik ham, sho‘ro hukumati ham yaxshi bilar edi. Shuning uchun ham noinsoniy tuzum bizlarni yo‘q qilishga kirishdi. Meni hayron qoldiradigan narsa shundan iboratki, Ziyo aka, bolshavik hukumatining eng mas’ul lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan, “ularning otgan o‘qi”dek xizmat qilgan sizni ham shu ahvolga solishibdi.
– Komilbek aka, Xudo xohlasa, siz bu sho‘ro jahannamidan omon-eson qutularsiz, lekin menga Hamza teatrining direktori sifatida “CHo‘lpon, Fitrat kabi xalq dushmanlarining aksilinqilobiy ruhdagi asarlarini sahnalashtirish ishiga keng imkoniyatlar yaratgan, ularni katta mablag‘ bilan rag‘batlantirib turgan” degan ayblovlar qo‘yishganki, ulardan omon-eson qutulib ketish juda mushkul.
– Men sizdan xafa emasman, Ziyo aka, Alloh sizga ham bu zindondan sog‘-salomat ozod bo‘lishni nasib aylasin. Siz va Nazir Safarov bu asarni yozmasalaringiz ham bolshaviklar hukumati bizlarni tinch qo‘ymas edi, faqat turli o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan farzandlarimga, qo‘sha-qo‘sha jiyanlarimga juda og‘ir bo‘ldi, endi ularni ham tinch qo‘yishmaydi – deb amakim hikoyalarini tugatgan edilar”.
SHo‘ro hukumati o‘z maqsadiga erishib bo‘lgan edi: Komilbek uch oy yotib, oilasi, bolalari va qarindosh-urug‘lari bilan vidolashib, 63 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. O‘z xalqining porloq istiqboli uchun nafaqat molini, hatto aziz hayotini ham baxshida etgan inson Komilbek Norbekov mustabit sho‘rolar mustamlakachilik siyosatining qurboni bo‘ldi. 1955 yili ayollari Karomat buvim ham vafot etdilar. Ularni Ko‘kcha darvozasidagi Zayniddin buva qabristoniga dafn etganlar.
Davomi bor…
Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»
Toshkent, «Akademnashr», 2015
Ushbu kitobni taqdim etgan Elbek Dolimovga minnatdorchilik bildiramiz
https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-komilbek-2/