Post Views:
198
Muhammadaminbek hojining o‘g‘illari Komilbek va Karimbeklar hamda Rustambek hojining o‘g‘illari Hasanbek va Husanbeklar 1890-yillarda rus-tuzem maktabida o‘qishlari munosabati bilan bobolarining ismi Norbekdan kelib chiqqan holda “Norbekov” familiyasini olishgan edi. Chunki o‘rischa taomilga ko‘ra, rus va rus-tuzem maktablarida o‘qigan yoki gubernatorlik idoralarida ishlaganlarga, Rusiya va chet ellar bilan savdo ishlari olib boruvchilarga familiya joriy etilgan edi. 1920-yillarning ikkinchi yarmidan Norbekovlarga nisbatan sho‘ro hukumatining ta’qib hamda tazyiqlari, qatag‘onlari kuchayadi va ular qamoqqa olinib, Sibirga surgun qilinadilar. 30-yillardan boshlab sobiq ittifoq miqyosida familiya joriy etilgach, Dolimbek ham dastlabki familiyasi “Norbekov”ni otasi Muhammadaminbek ismidan kelib chiqqan holda “Aminov”ga o‘zgartirishga majbur bo‘ladi, farzandlari “Dolimov” hamda ukalari Komilbek va Karimbek Norbekovlarning farzandlari esa “Komilov” va “Karimov” familiyalarini olishgan. Chunki “Norbekov” familiyasi avlod istiqboli uchun ancha xavfli bo‘lib qolgan edi.
Dolimbek – Muhammadaminbekning birinchi xotini Marziyabibidan 1868 yili tug‘ilgan eng katta o‘g‘li bo‘lib, onasi tomonidan Toshkentning mashhur boylaridan To‘ychiboy o‘g‘li Abdumo‘minboyning nevarasi. Onasi 1875 yilda vafot etib, 6 – 7 yoshli Dolimbek o‘gay onasi Umribuvi qo‘lida azob-uqubatlar ko‘rib katta bo‘lgani, o‘gay ukalari uni ko‘p turtkilaganliklarini gapirib, o‘zlari bilan kechgan bir qiziq voqyeani aytib bergan edilar: “Yetti-sakkiz yoshlarda bo‘lsam kerak. Uy turli-tuman xotin-xalajlar bilan to‘lgan: kimdir hamirni yupqa qilib o‘qlovilaydi, kimdir uni tavaga solib pishiradi, kimdir unga qayla surib, yupqani taxlaydi. Men ham boshqa bolalar qatorida Umri oyimga “yupqa bering, yupqa bering” deb hiqillay boshladim va menga “ma” deb, yupqa berdi. O‘sha yupqani yeb, rosa qayd qildim, uch-to‘rt kungacha o‘zimga kelolmay juda qiynalib yurdim. Keyinroq bilsam, Umri oyim pishirilgan hamirni qizitilmagan zig‘ir yoqqa bulg‘alab bergan ekan. O‘sha-o‘sha zig‘ir yog‘iga pishirilgan yupqani ko‘rsam, mana, 75 – 80 yillar o‘tib ketgan bo‘lsa-da, ko‘nglim ayniydi”.
Bu voqyea tufayli keyingi vaqtlarda uyda yupqa qilinsa, albatta, Dolimbek otam uchun oq yog‘dan qilingan yupqa tayyorlanar edi.
Dolimbek yoshligidan o‘qishga berildi: dastlab mahalla maktabida, so‘ngra Hazrati imomdagi Baroqxon madrasasida, o‘zlari aytishlariga qaraganda, “Al-Aqoid”ni yakunlab, o‘qishni to‘xtatishga majbur bo‘ladilar. Demak, otamning madrasadagi tahsili 5–6 yil davom etgan ko‘rinadi. Keyin Mo‘minboy buvasi kuyovi, ya’ni Dolimbekning otasi Muhammadaminbekka xatlab bergan Chorsudagi do‘konida savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanadi, otasiga tirikchilik ishlarida yordam beradi. Bu vaqtlarda ukalari Komilbek, Karimbek, Abdurahmonbek va singlisi Tojixon tug‘ilgan, oila ham ancha kattalashib qolgan edi.
Dolimbek baland bo‘yli, shijoatli, barvasta yigit bo‘lib voyaga yetdi. U es-xushini tanib, ko‘p narsaga aqli yetadigan bo‘lgach, katta amakisi Rustambek bilan hamkorlikda (uning o‘g‘illari Hasanbek va Husanbeklar hali voyaga yetmagan edi) savdo-sotiq ishlari bilan bir necha marta o‘zbek savdogarlari tez-tez qatnaydigan G‘ulja, Koshg‘ar, O‘rimchi safarlarida bo‘ladi. Bunday safarlar ba’zan yillab davom etar edi. 1880-yillarning oxirlarida Dolimbek G‘uljada amakisi Rustambek yordamida kattaroq do‘kon ochib, 5 – 6 yil tijorat ishlari bilan qolib ketgan. Shu tariqa, u ko‘p ishlarda Rustambek amakisi bilan maslahatlashar, uning aytgan so‘zidan chiqmas edi. Uning bu ishlari otasi Ma’dambekka u darajada ma’qul emas edi, chunki ukasi Rustambekning ikkinchi xotini uyg‘ur bo‘lib, ularning fe’l-atvori esa o‘zbeklar axloqiga to‘g‘ri kelavermas edi. Dolimbekning avji yigitlik davri uyg‘urlar orasida – G‘uljada kechmoqda edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, 1950-yillarda saksondan oshib qolgan Dolimbek otam har shanba muntazam soat 6 – 6,30larda radio orqali beriladigan uyg‘urcha konsert dasturini kanda qilmasdan tinglar, G‘uljada amakilari Rustambekning qayin onalari uyida yashaganliklari, bu ayolning unga onalarcha g‘amxo‘rlik qilgani haqida ko‘p gapirar edilar. Shunday qilib, Dolimbekning uzoq yillar davom etgan G‘uljadagi tijorat ishlari bekorga ketmaydi, kattagina mablag‘ bilan Toshkentga qaytadi va Chorsudagi do‘konini kengaytirib, savdo-sotiq ishlarini ancha rivojlantiradi, yaqin do‘stlar orttiradi.
Dolimbek otamning aytishlariga qaraganda, ularning do‘koni yaqinida – Chorsuning orqa tomonidagi katta soy bo‘yida Shoyusuf degan shinavanda inson 1895 yili ancha ko‘rkam choyxona ochadi va tez kunda uning davrug‘i butun shaharga yoyiladi. Bunda Shoyusuf akaning katta tashkilotchiligi-yu san’atsevarligi hamda odamoxunligi muhim ahamiyat kasb etadi. Choyxona, ayniqsa, juma kunlari san’atkorlar va ularning muhlislari bilan gavjum bo‘lar edi. Choyxonaning fazilati shundan iborat ediki, unda shaharning sozanda va xonandalari Mulla To‘ychi, tanburchi Shobarot, hofiz Shojalil, Norxo‘ja-askiya, Said Ali (nonvoy) masharaboz o‘z san’atlarini namoyish qilishar edi. Dolimbek ham ushbu choyxonada har juma uyushtiriladigan anjumanlarning faollaridan biriga aylanadi. Yig‘inlarda ancha mashhur shoir Karimbek Kamiy Xislat, Miskin, Sidqiy-Xondayliqiy, Tavallo kabi shogirdlari bilan birga qatnashar, she’rxonlik ham avjiga chiqar edi.
1898 yili Dolimbek kattagina sarmoyador sifatida To‘ychi Hofizning Qo‘qon safarida hamroh bo‘ladi. U bu safar davomida tijorat ishlari bilan band bo‘lishiga qaramay, shoiru san’atkorlar anjumanlariga muntazam qatnashib turdi. Dolimbek otam ayniqsa Qo‘qon safari haqida, farg‘onalik hofizlar bilan bo‘lgan “bellashuv”larda To‘ychi Hofizning nihoyatda yuqori mavqyeda turganligi haqida o‘g‘illariga ko‘p gapirar edilar. Dolimbek uzoq yillar davomida To‘ychi Hofiz, Shobarot tanburchi, Shojalil Hofizlar bilan bo‘ladigan ulfatchiliklariga har qanday og‘ir vaziyatlarda ham vaqt va imkoniyat topar edi. Shu tariqa ular o‘rtasida yaqin va samimiy do‘stlik vujudga kelgan edi. 1909 yili Eski Jo‘vadagi mashhur Ilhom samovarchining choyxonasi shiyponida To‘ychi Hofiz ochgan grammofon va plastinka do‘konidan ukalari Komilbek va Karimbek Norbekovlar katta karnayi bilan ikkita grammofon va plastinkalar bilan to‘ldirilgan albomlar sotib oladilar. Ilhom samovarchi savodsiz odam bo‘lsa-da, o‘lkaga kirib kelayotgan, o‘sha davr uchun mo‘’jiza hisoblangan yangiliklarni zo‘r quvanch bilan qarshi olar, el-ulusga keng tarqatishga katta e’tibor berar edi. Grammofon va plastinkalar ham dastlab shu yerda sotilgan. Uning choyxonasida hammavaqt Madumar Hofiz, Sodirxon Bobosharif, Hoji Abdulaziz, To‘ychi Hofiz qo‘shiqlari grammofon orqali yangrab turardi, xalq o‘rtasida uning obro‘-e’tibori baland edi, choyxona hammavaqt qo‘shiq shinavandalari bilan gavjum edi. Hozirda Karimbek otamning grammofoni plastinkalar albomi bilan bizning uyimizda saqlanadi.
Nu’monbek amakim ma’lumotlariga qaraganda, Dolimbek kattagina dastmoyaga ega bo‘lgach, Toshkentning yangi shahar qismida – Piyonbozorda (hozirgi Navoiy teatri maydoni atrofida) ancha katta do‘kon ochadi. U endi yangi shaharga yaqin yashovchi Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Saidrasul domla Saidazizov kabi o‘lkaning yetakchi ziyolilari bilan yaqindan aloqada bo‘ladi. Otam shu munosabat bilan Saidrasul Saidazizov va mutaassib shariat-din peshvolari o‘rtasida kechgan bir voqyeani aytib bergan edilar: “Saidrasul domla mendan bir oz kattaroq edi. Ularning Balandmasjid mahallasidagi bolaxonali hovlisida to‘y-ma’rakalarda bo‘lganman, Saidrasul domla ham Sag‘bondagi hovlimizga ko‘p marta kelgan. Domla mendan ko‘ra Komilbek va Karimbek otalaring bilan yaqinroq munosabatda edi. U ziyolilar o‘rtasida katta hurmat-e’tiborga loyiq odam edi. Ayniqsa, uning “Ustodi avval” alifbo kitobchasi chiqqach, Saidrasul domlani “Ustodi avval” deb atay boshladilar. Bir necha yil uzoq-yaqin viloyatlardan Toshkent kitob do‘konlariga bu alifboni so‘rab keluvchilarning keti uzilmadi. Lekin dindorlar uni yoqtirishmas, “nasoro domla” deb nom qo‘yishgan edi. Bunga bir voqyea sabab bo‘lgan edi: 1900 yillarning boshlarida gubernatorlik doirasida bir katta o‘ris mansabdori vafot etadi. Saidrasul domla ham o‘zbek amaldorlari bilan birga dafn marosimida qatnashadi. Marosimda o‘ris odatiga binoan marhum haqida turli mansabdorlar iliq fikrlarni bayon qiladilar. Marosimni boshqarayotgan katta mansabdor musulmonlar ham marhum haqida o‘z fikrlarini bildirishsin, deb taklif etadi. Biz, musulmonlarda esa marhumni ko‘mish marosimida va’z aytish odati bo‘lgan emas, faqat Qur’on o‘qilgan. Bu kutilmagan taklif tufayli ancha noqulay vaziyat vujudga keladi. Shunda Saidrasul domla Qur’on tilovat qiladi. Marosimdan keyin shariat-din peshvolari Saidrasul domlani g‘ayridinga Qur’on o‘qigani uchun (g‘ayridinga Qur’on o‘qish joyiz emas) qattiq siquvga oladilar. Shunda domla: “Men sizlarni noqulay vaziyatdan qutqarish uchun o‘qigan edim va Qur’oni karimdan keladigan savbini nasroniy ruhiga emas, ota-onam ruhi pokiga bag‘ishlagan edim,” – deb qutulgan edi. Lekin shunga qaramasdan, ular katta olim Saidrasul domlaga “nasora mahzum” (kofir mahzum) deb haqoratomuz, tahqirlovchi laqab qo‘ygan edilar.”
Muhammadaminbekning farzandlari ancha odobli, ilm-ma’rifatli, diyonatli, ishbilarmon, har kim havas qilsa arziydigan yigitlar bo‘lib yetishdilar. Savdo-sotiq ishlari bilan uzoq davom etgan safarlarda yurib yoshi ancha ulg‘ayib, o‘ttizlarga yaqinlashib qolgan Dolimbekning oila qurish vaqti ham XIX asr oxirlariga to‘g‘ri keldi, u 1896 yili 28 yoshida Toshkentning kattagina boylaridan bo‘lmish Qozoqboyning Marziyabibi ismli qiziga uylanadi. Bu vaqtda Marziyabibi 14 – 15 yoshlar chamasidagi qizcha bo‘lgan ekan. Marziya buvimning hikoyalariga qaraganda, uni unashtirishadigan kuni yosh bolalar bilan ko‘chada qo‘llari loy holda “hammom pish” o‘ynab o‘tirganda, onasi Ruzvon buvi: “Seni turmushga uzatayapmizu, yosh bolaga o‘xshab, “hammom pish” o‘ynayapsanmi?” – deb koyib, uyga olib kirib ketgan ekan.
Bobokalonlarimizdan bo‘lmish Qozoqboy buva haqida uning nabirasi, Salohiddin tog‘a (Marziya buvimning ukasi)ning o‘g‘illari professor Zuhriddin Qozoqovich Salohiddinov[1] shunday hikoya qiladi: “Qozoqboy buvam ancha barvasta, halim tabiatli odam bo‘lib, ularning asli ismi Muhammadjon bo‘lgan ekan. Asosan, Chimkent, Turkiston, Avliyoota shaharlari, qozoq ovullarida savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanganliklari uchun ularni “Qozoqboy” deb atashgan. Qozoq tilini yaxshi bilganlar, hatto Turkiston va Chimkentning qozoq ovullarida qozoqlardan gumashtalari ham bo‘lgan, o‘zlari ko‘p hollarda qozoqcha kiyinib yurganlar. Uylarida qazi-qarta, qotirib dudlangan to‘sh, qimiz, ovqatlardan shilpildoq (beshbarmoq) hech arimas, qozoq boylari ham tez-tez mehmondorchilikka kelib turishar edi, nazarimda, ular bilan ulfatchiliklari ham bor edi, hatto ayollarning ham bordi-keldisi bo‘lib turardi. Har kelishganda maxsus meshlarda qimiz olib kelishar edi. Ularning bir mehmondorchiligini yaxshi eslayman. 1912 yoki 1913 yilning kech kuzi edi. Uyda mehmondorchilik uchun katta tayyorgarlik bo‘lyapti: turli-tuman ovqatlar pishirilyapti, mehmonxonaga o‘n-o‘n besh chog‘li odam uchun joy tayyorlangan. Odatdagi mehmon kutishdan farqli ravishda ruscha taomilda: stol-stul, har qaysi mehmon uchun alohida bir xilda tarelka, kumush sanchqi, qoshiq, pichoqlar, turli-tuman ichimliklar uchun juda nozik ishlangan ryumka-fujerlar va boshqa jihozlar qo‘yilgan. Bir vaqt ot va izvoshlarda mehmonlar kelib qolishdi, ular asosan qozoqlar bo‘lib, ikki-uch nafar o‘ris ham bor edi. Ular uzoqdan kelishgani uchun har safardagidek biznikida yotib qolishdi va ertalabki nonushtadan keyin ketishdi. Qozoq mehmonlar qazi qilish uchun maxsus boqib semirtirilgan yosh otni olib kelishgan ekan”.
Qozoqboyning turmush yo‘ldoshi Ruzvon buvining ukasi Shermuhammad tog‘aning farzandlari Mirmulla, Mirmuhsin (Fikriy), Mirmuslim Shermuhamedovlar hamda kuyovlari Elbek (Mashriq Yunusov – Muborak ayaning eri) o‘zbek xalqining atoqli ma’rifatparvar ziyolilari – jadidchilik harakatining yetakchi namoyandalari bo‘lib, aka-uka Dolimbek, Komilbek va Karimbeklarning yaqin do‘stlari, qarindoshi, maslakdoshlari edi. Ular ma’nan yetuk, jisman nihoyatda baquvvat va baland bo‘yli odamlar bo‘lishgan ekan. Ular Eski Jo‘vaning Maxsido‘zlik mahallasida yashashgan. Ularning uyi hamma vaqt Vatanimizning turli hududlarida faoliyat ko‘rsatgan jadid ziyolilari, ijodkorlari Hamza, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid CHo‘lpon, Sa’dulla Tursunxo‘jayev, Abdulla Qodiriy, Ashurali Zohiriy, Saidnosir Mirjalilov, Shokirjon Rahimiy, aka-uka Norbekovlar bilan gavjum edi. Har holda, adabiyotshunoslar, teatrshunoslar yozganlaridek, bu oila o‘ta nochor ahvolda bo‘lmagan. Adam Subutoy Dolimov ularni shunday xotirlaydilar: “Komilbek va Karimbek amakilarim bilan ularning yig‘inlari bo‘lib turar, men akam Nu’monbek bilan birga ularning xizmatilarini bajarar edik. Ular o‘ltirishda ko‘proq gubernatorlikning mustamlakachilik siyosati, bu siyosatga qarshi Behbudiy, Munavvarqori, Ubaydulla Asadullaxo‘jayev, shu bilan birga, Ismoilbek Gasprinskiy, Rizo Faxriddin, Fotix Karimiy, Jalil Mamadqulizoda, Tohirzoda Sobir kabi tatar va ozarbayjon mutafakkirlarining jo‘shqin faoliyati, ular muharrirligida nashr qilinayotgan “Tarjimon”, “Mulla Nasriddin”, “Xo‘p-xo‘pnoma” “SHo‘ro”, “Vaqt” kabi gazeta va jurnallar haqida yonib gapirishar, ularning ba’zi sonlarini olib kelishar edi. Ular zamonaviy fikrlaydigan odamlar bo‘lib, turmush tarzi ham butunlay yangicha edi. Ularning uyida pianino bo‘lar, singlisi Muborak opa pianinoni juda chiroyli chalar edi. Ayniqsa, mutaassiblarning ularni ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q edi. Mirmulla tog‘a fransuz tilini ancha mukammal bilar, ularning uyida fransuz tilida nashr qilingan kitoblar, jurnallar ham bo‘lardi. Mirmulla ko‘proq teatr tanqidchiligi bilan shug‘ullangan, Hamza Hakimzoda bilan yaqin do‘st bo‘lgan, uning dramalariga ancha salmoqli va mazmundor taqrizlar bitgan. Uning maqolalari davr matbuotida bosilib turgan, teatr havaskorlari o‘rtasida katta e’tiborga ega bo‘lgan. Amakilarim Komilbek va Karimbekning ular bilan bo‘ladigan suhbatlari uzoq davom etar edi. O‘ltirishlardan keyin ko‘p hollarda Mirmulla va Mirmuhsin tog‘alarim (bir qorin nari bo‘lsalar ham biz ularni “tog‘a” der edik) biznikida yotib qolishar edi. Ular daroz odamlar bo‘lib, qish kezlari ustilariga bir ko‘rpa kaltalik qilib, ikkita ko‘rpa yopilar edi”.
Farzandlar voyaga yetgach, Dolimbek Mo‘minboyning nabirasi bo‘lishiga qaramay, otasi Muhammadaminbek qayin otasi xatlab bergan bog‘-rog‘larni, mol-mulkni bevosita egasi bo‘lmish katta o‘g‘il, buning ustiga, serfarzand Dolimbekka emas, keyingi xotini Umribuvidan tug‘ilgan Komilbek va Karimbekka bergan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Dolimbekning iqtisodiy hayoti ancha qiyinchilik bilan kechgan, ba’zi hollarda ular o‘rtasida noxush gap-so‘zlar ham bo‘lib turar ekan. Bunday ishlarda o‘gay ona Umribuvining farzandlarni ola-qora ko‘rishi ham sabab bo‘lgan.
Dolimbek va Marziyabibi 1897 yili to‘ng‘ich farzand – qiz ko‘radilar, unga Manzura deb ism qo‘yadilar, undan keyin 1899 yili Zohida, 1902 yili Nasira ismli qizlar ko‘radilar. 1906 yili Nu’monbek, 1907 yili Usmonbek (Subutoy), 1909 yili Akbarbek, 1911 yili Dovudbek (bu farzand ikki oylik bo‘lib o‘lgan), 1914 yili Ziyodbek, 1915 yili Sultonbek ismli o‘g‘il farzandlar ko‘radilar. 1917 yili Muazzam, 1921 yili Fotima va Zuhra (Zuhra chaqaloqligida o‘lgan), 1924 yili Mastura va 1926 yili esa Mahbuba ismli qiz farzandlar ko‘radilar.
Oktyabr to‘ntarishidan keyin SHo‘ro hukumatining “Harbiy kommunizm” siyosati Turkiston iqtisodiy va siyosiy-ma’rifiy ahvolini tushkunlikka, halokatga olib keldi. 1921 yildan e’tiboran yangi iqtisodiy siyosat (NEP)ning qabul qilinishi bilan tovar-pul munosabatlari birmuncha jonlandi, savdo ishlari uchun cheklangan bo‘lsa-da, imkoniyatlar vujudga keltirdi. Dolimbekning NEP davrida charm bilan savdo qiluvchi kattagina do‘koni bor edi. 1924 yilda ushbu yog‘ochdan qurilgan do‘koniga o‘t tushishi bilan kulga aylanadi. Katta o‘g‘il Nu’monbek uning o‘rnida pishiq g‘ishtdan undan kattaroq do‘kon quradi, uni gazmol, mo‘yna mahsulotlari bilan savdo qilishga moslashtiradi va otasining oq fotihasi bilan ishga tushiradi. Piyon bozordagi do‘konida esa Dolimbekning o‘zi ishlaydi. SHo‘ro hukumatining xususiy savdoga qarshi kurashi, qatag‘onlari avjiga chiqqan bir vaqtda Dolimbekning o‘n ikki nafar farzandi bor edi. Shuning uchun ham tirikchilik ishlarida yigirma yoshlardagi to‘ng‘ich o‘g‘il Nu’monbek otasiga yordam berdi, uka va singillarini o‘qitdi, o‘zi esa mustaqil mutolaa bilan shug‘ullandi. Har holda, 20-yillarning boshlarida NEP (yangi iqtisodiy siyosat) tufayli sho‘ro hukumati Dolimbekning do‘konini 20-yillarning oxiriga qadar o‘zida qoldirgan, savdo ishlariga ruxsat bergan, ko‘rinadi. Bo‘lmasa, hamma vaqt ta’qib va tazyiqda bo‘lgan Norbekovlar, keyinroq Dolimovlar oilasining boshini silarmidi bu hukumat?! Axir, o‘n ikki yeyman-ichaman-kiyaman degan bolalarni, ota-onasi bilan 14 jonni sho‘ro hukumati boqmaydi-ku! Har qanday vaziyatda ham bunday katta oila bilan iqtisodiy jihatdan boy bo‘lish amri mahol edi. Bu davrga kelib, Dolimbekning katta qizlari Manzura, Zohida va Nasiraning bo‘yi yetib qolgan, turmushga chiqadigan yoshga kirib qolishgan edi. Dolimbek 1918 yili to‘ng‘ich farzandi Manzurani amakisi Rustambek hoji kenja o‘g‘li Ahmadbekka so‘rayotganini otasiga aytadi, lekin Ma’dambek hoji bu tadbirga keskin qarshi chiqadi:
– O‘g‘lim, sen juda yaxshi bilasan, Ahmadbekning onasi Oyimxon Uyg‘ur. Uyg‘urlar xulq-atvori bilan o‘zbeklardan ancha farq qiladi, nisbatan yengiltaklik ularning hayot tarziga xos. Axir, o‘zing ham bir necha yillar davomida uyg‘urlar ichida yashading. Amakivochchalaring Hasanbek va Husanbeklarning fe’l-atvorini, ukalaring Komilbek va Karimbekka qilgan nojo‘ya harakatlarini ko‘rgansan-ku. Shularni bila turib, qizing Manzurani o‘z qo‘ling bilan o‘tga tashlama, o‘g‘lim, – deydi.
Komilbek akasi Dolimbekka hamma vaqt: “Aka, Manzurani yangi maktabda o‘qiting, u she’r yozishga juda qiziqadi, qobiliyati bor, kelgusida Nozimaxonday katta shoira bo‘ladi. Men o‘zim bir necha she’rlarni yoddan o‘qitib ko‘rdim”, deb takrorlar ekan.
Adam Usmonbek opalari Manzuraning adabiyotga bo‘lgan katta qiziqishlari haqida gapirib bergan edilar: “Adashmasam, 1920-yillarning oxirlari edi. Manzura opam o‘g‘illari Mahmudbek bilan kelib qoldilar. Oyim, singlim Muazzam va men bilan uzoq gaplashib o‘tirdilar, ketishlari oldidan menga:
– Usmon, sen bergan “Go‘zal yozg‘ichlar”, “Adabiyot parchalari”, “O‘zbek yosh shoirlari” majmualaridagi CHo‘lpon, Fitrat, Elbek, Nozimaxon she’rlarini o‘qib chiqdim, juda yaxshi she’rlar ekan. Ayniqsa, “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamidagi CHo‘lponning “Go‘zal” she’ri nihoyatda go‘zal, uni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi, uni faqat qalb bilan o‘qish kerak. Menga bu she’r yod bo‘lib ketdi. Menimcha, hech bir shoir o‘z suyuklisini bunchalar chiroyli ardoqlay olgan emas:
Men yo‘qsil na bo‘lub uni suyubmen?!
Uning-chun yonibmen, yonib-kuyubmen.
Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yubmen.
Men suyub… men suyub… kimni suyubmen?
Men suygan suyukli shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!!!
Hozir to‘plamlardagi ko‘nglimga yoqqan eng go‘zal she’rlarni alohida daftarimga ko‘chirib olyapman.
– Ko‘chirib o‘tirmang, opa, u kitoblar sizga.
– Usmon, senga ko‘p erkalik qilaman-da, tag‘in ko‘nglingga qattiq botmasin. Hammaning og‘zida Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” ro‘moni, shunaqa zo‘r kitobmi? Ayniqsa Kumush va Otabek munosabatlarini ko‘p gapirishadi. Menga ham topib bersang, o‘qir edim, – deb qoldilar.
Bir haftacha o‘tgach, opamga “O‘tkan kunlar”ni olib kelib berdim va:
– Mana bu ro‘monlarni ham o‘qib ko‘ring, opa, juda chiroyli yozilgan, – deb, Ferdinand Dyushenning “Tamilla” hamda “Qamar” (bu ikki roman o‘zbek tiliga Zarif Bashiriy tarjimasida 1926 yilda bosmadan chiqqan, ikkalovi ham kutubxonamizda saqlanadi – U.D.) ro‘monlari o‘zbekcha tarjimasini ham qo‘shib berdim. Manzura opam singillari Zohida va Nasira opalarimga nisbatan badiiy zavqi ancha baland, nozik tabiatli, ancha savodxon, ko‘plab she’rlarni yoddan o‘qir, o‘zi ham she’r mashq qilar, dutorni nihoyatda yaxshi chalar, shu bilan birga, ancha xushro‘y ayol edilar.”
Dolimbek otasining qarshiligiga qaramay, amakisi Rustambek hojining ra’yiga qarshi bora olmaydi, buning ustiga, keyingi qizlari Zohida va Nasiraning ham bo‘yi yetib qolgan edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u qizini amakisi oilasiga turmushga uzatadi. Manzura amma to‘y kuni onasi va singillariga “Adam meni jahannamga yuboryapti” deb yig‘lagan ekan. Keyinchalik Dolimbek bu ishidan qattiq pushaymon bo‘ladi. Manzura bu oilada ko‘p azob-uqubatlarni, xo‘rlanishlarni boshidan kechirdi. Ahmadbek va Manzuradan Mahmudbek, YOqibbek, Rafiqa, Adhambek ismli farzandlar dunyoga keldi. Ahmadbek Rustambek hojining kenja o‘g‘li sifatida ancha erka o‘sgan, kattaroq bo‘lganda maishiy buzuqlik yo‘liga ham kirgan, restoranma-restoran yurishni odat qilgan. Otasi vafotidan keyin esa hech kimdan hayiqmaydigan, hatto uyiga turli-tuman ayollarni ham olib keladigan, xotini Manzurani ularga xizmat qilishga, dasturxon tayyorlashga, ovqat pishirishga majbur qiladigan odat ham chiqaradi. Oylab oilani qarovsiz qoldirib, otasidan qolgan davlatni sovurdi. Bechora Manzura 10 – 11 yoshli ikki katta farzandini yetaklab, erini qidiradi, kirmagan ko‘chalari qolmaydi. U otasinikiga bir necha marta yig‘lab keladi. Dolimbek qizini ajratib olmoqchi bo‘ladi, lekin otasi Muhammadaminbek “Mening sha’nimga qizini qaytarib oldi, degan isnod to‘g‘ri kelmaydi, chiqqan qiz chiyriqdan tashqari, bularni oldinroq o‘ylash kerak edi. “Bir parcha go‘shtni mushuk olib qochdi”, degin, vassalom!”.
Dolimbek otasining bunday keskin gapiga qarshi bora olmasligi aniq edi, albatta.
1930-yillarning boshida, ayniqsa, mustamlaka Turkistonda iqtisodiy hayotning keskin og‘irlashuvi, ocharchilik, buning ustiga turli-tuman kasalliklarning avjga chiqishi tufayli butunlay qarovsiz qolgan Manzura amma oilasi tutday to‘kildi. O‘sha yillarda bolalar o‘rtasida tarqalgan “qora chechak” kasali bir hafta-o‘n kun ichida to‘rtala farzandini ona bag‘ridan yulib oldi. Manzura amma etaklarini silkib, faryod chekib, ota hovlisiga kirib keldi. Keldi-yu to‘shakka mixlangandek yotib qoldi. Rahmatli oyim Rojiabonuning aytishlaricha, “Biror nojo‘ya gap bo‘lib qolsa, Manzura opaga tegib ketar va “er xo‘rladi – el xo‘rladi” deb yig‘ini boshlar edilar, nihoyatda giyranda ayol bo‘lib, to‘rtala farzandi nomini qo‘shib she’r qilib yig‘lar va “mening dardlarimni yozsa, Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar”i-yu, “Mehrobdan chayon”, Ferdinand Dushenning “Tamilla”-yu “Qamar”laridan ko‘ra fojialarga to‘la ro‘mon bo‘lishi mumkin”, der edilar. Sultonbek ToshMIdan tez-tez o‘ris propesorlarni olib kelar va opasi hamda Adolat kelinoyisini ko‘rsatar edi.”
Manzura amma o‘sha davrning bedavo sil kasaliga mubtalo bo‘ladi. Umuman, 30-yillarda bu kasal juda avjiga chiqqan ekan, Nu’monbek amakimning birinchi xotinlari Adolat kelinoyi ham shu kasal bilan og‘rib, og‘ir yotar edi. Bu ikki bemorga qarash jafokash Marziya buvimning zimmasida edi. Dolimbek oilasi nihoyatda mashaqqatli – ham iqtisodiy, ham siyosiy fojialarni boshidan kechirmoqda edi. Uning uyidan ham ketma-ket o‘liklar chiqa boshladi: 1933 yilning o‘zida dastlab 90 ga kirgan otasi Muhammadaminbek hoji, undan keyin Adolat kelinoyi 24 yoshida uch farzandi bilan va Manzura amma to‘rt farzandi bilan 35 yoshida vafot etishdi. Butun oila g‘am-g‘ussa, fojialar girdobida qoldi. Onam Rojiabonu aytishlariga qaraganda, Manzura amma ikki yil davomida ota uyida kechalari tinimsiz yig‘lab chiqar ekan, shekilli, yostig‘i ko‘z yoshidan gardish-gardish dog‘ bo‘lib, ichidagi parlari chirib ketgan ekan. Manzura ammani ham vasiyatiga binoan Sag‘bon qabristonidagi to‘rtala farzandi bag‘riga dafn etganlar.
1919 yili Dolimbek ikkinchi qizi Zohida (1899 – 1958)ni tog‘asi Rasulboyning o‘rtancha o‘g‘li Toshmuhammad (1898 – 1955, uni Toshmuhammad boyvachcha deyishgan)ga uzatadi. Ma’lumotlarga qaraganda, Toshmuhammad ko‘rkam yigitlardan bo‘lib, kattagina boylikka ham ega bo‘lgan savdogarlardan ekan. 30-yillarning boshlarida sho‘ro odamlari kechasi uyini tintuv qilgani bostirib kelgan vaqtda qorong‘ida zinadan yiqilib, orqa umurtqasi qattiq lat yegan va umrining oxirigacha bukur bo‘lib qolgan. Ular To‘lagan, Qutbiddin, Najmiddin, Nizomiddin, Muattar, Musharraf, Havoxon, Botir ismli sakkiz farzand ko‘rdilar. Ulardan hozirda faqat Musharraf va Botir hayot bo‘lib, Musharraf – uy bekasi, Botir ko‘z shifokori sifatida uzoq yillar faoliyat ko‘rsatdi, shu kunlarda nafaqada. 1955 yili Toshmuhammad Rasulboy o‘g‘li va 1958 yili Zohida ammam vafot etadilar, ular Chig‘atoy qabristoniga dafn etilganlar.
[1]Salohiddinov Zuhriddin (Oltoy) Qozoqovich (1905 – 1975) – asli ismi-sharifi Zuhriddin Salohiddinov – 1923 – 1927 yillarda Navoiy nomidagi “Namuna” ta’lim-tarbiya texnikumida Oybek, Mirkarim Osim, Iskandar Ikromov, Aziz Maqsudov, Homil YOqubov, Subutoy Dolimov kabi ma’naviyatimiz darg‘alari bilan birga o‘qigan. “Oltoy” uning taxallusi bo‘lib, Turkiston davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning qishloq xo‘jaligi fakultetida o‘qigan. U o‘zbeklar orasida birinchilardan bo‘lib qishloq xo‘jalik fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va umrining oxirigacha Toshkent davlat qishloq xo‘jalik instituti (universiteti)da dotsent, professor lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Umrining oxirigacha buvasi Qozoqboydan qolgan bog‘da – Ko‘kcha dahasining Oqlon mahallasida yashagan. Hamma qarindoshlari ularni “Oltoy tog‘a” der edi.
Davomi bor…
Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»
Toshkent, «Akademnashr», 2015
https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-dolimbek-hoji-muhammadaminbek-hoji-o-g-li/