Sulola. Dolimovlar shajarasi. 3-qism. Komilbek va Karimbek Norbekovlar


Post Views:
270

1875 yili Muhammadaminbekning xotini – Dolimbekning onasi Marziyabibi Mo‘minboy qizi vafot etadi va u ikkinchi marta uylanishga majbur bo‘ladi. Ikkinchi xotini Umrinisodan 1880 yili Komilbek (Muhammadaminbek Vatan himoyasida shahid bo‘lgan akasi Komilbekka bo‘lgan samimiy hurmatini ifodalab, ikkinchi o‘g‘lini shu ism bilan atagan. Buni Dolimbek buvam qayta-qayta takrorlar edilar), 1882 yili Tojixon, 1884 yili Karimbek va 1890 yili Abdurahmonbek ismli uch o‘g‘il, bir qiz ko‘radi. Muhammadaminbek farzandlari Komilbek va Karimbekni dastlab mahalla maktabiga o‘qishga beradi. 1884 yildan e’tiboran mahalliy millat bolalari uchun general-gubernatorlik tomonidan maxsus rus-tuzem maktablari ochila boshlaydi. Turkshunos missioner N.Ilminskiy (1822 – 1891)ning ta’lim tizimiga asoslangan bunday maktablarni ochishdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘lkada mustamlakachilik siyosatini mustahkamlash, yerli aholidan qisman bo‘lsa ham rus tilini, matematikadan to‘rt amalni biladigan, rus xalqi urf-odatlariga, ma’naviyatiga, Rusiyaning ulug‘vorligiga, uning harbiy qudratiga sajda qiluvchi, mustamlakachilik manfaatlari uchun sidqidildan xizmat qiluvchi, o‘z milliy ma’naviyatidan uzoqroq bo‘lgan kichik amaldorlar toifasini tarbiyalab yetishtirish edi. Bunday ta’lim-tarbiya tizimi sho‘rolar davrida avjiga chiqdi. Hatto hozirda – Mustaqillik davrida ham o‘z ona tili va ma’naviyatidan, tarixidan mahrum etilgan, milliy g‘oyaning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan o‘zbeklar toifasi tez-tez uchrab turadi. Dastlabki yillarda o‘zbeklar “bolalarimiz kofir bo‘lib ketar ekan” degan qo‘rquv tufayli bunday maktablarga o‘z xohishlari bilan farzandlarini bermaganlar. Chunki mazkur maktablarda mahalliy til va adabiyot, milliy ma’naviyat, millat tarixi, islom dini ahkomlari umuman o‘qitilmas edi. Gubernatorlik ma’murlari rus-tuzem maktablarida isloh o‘tkazib, ta’lim-tarbiya ishlarini bir oz bo‘lsa-da, milliylashtirishdan akademik V.V.Bartold so‘zlari bilan aytganda: “Mahalliy xalqqa o‘z ona tilida ko‘proq ma’lumot berishdan va bu bilan mahalliy xalqni ruslashtirish ishiga zarar yetkazib, mahalliy adabiyot va madaniyatning qattiq o‘rnashib qolishidan qo‘rqar edilar”.

Bunday vaziyatdan chiqish, gubernatorlik ma’muriyati buyrug‘ini bajarish uchun mahalliy amaldorlar o‘g‘li bor oilalarga chek tashlaydi va ularga “shkol puli” solig‘i ham joriy qiladilar. Bunday chek aka-uka Muhammadaminbek va Rustambek Norbek o‘g‘li oilasiga ham tushadi. Muhammadaminbek biryo‘la ikki o‘g‘li Komilbek va Karimbekni mahalla maktabidan olib, Hadra bilan Eski Jo‘va oralig‘ida – taxminan hozirgi Abror Hidoyatov nomidagi teatr binosi ro‘parasida, Sayidkarimboy Sayidazimboy o‘g‘li uyida ochilgan 1-rus-tuzem maktabi (bu maktab Toshkent shahrida ochilgan birinchi rus-tuzem maktabi edi – U.D.)ga o‘qishga beradi. Bir yildan keyin Rustambek ham o‘g‘illari Hasanbek va Husanbekni xuddi shu maktabga o‘qishga beradi. Bu maktabning ochilishida o‘sha davrning ma’rifatparvar qozilaridan Sharifxo‘ja Poshshoxo‘ja o‘g‘li katta faoliyat ko‘rsatgan va uning faxriy noziri etib tayinlangan hamda umrining oxirigacha bu maktab faoliyatini nazorat qilib borgan. Bu maktabning ochilish jarayonini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan tarixchi I.A.Dobromыslov quyidagilarni yozadi: “1884 yilning 19 dekabrida shaharning mahalliy aholi yashaydigan qismida yerliklarning bolalariga ruscha savodni, o‘qish va yozish hamda arifmetikadan to‘rt amalni o‘rgatish uchun rus-tuzem maktabi ochildi. Bu maktabning ochilishida katta qiyinchiliklar ro‘y berdi va u faqat Shayxovand Tahur daha qozisi Sharifxo‘ja tufayligina ochildi. U ikki o‘g‘lini, ikki yoki uch nevarasini, uch jiyani va boshqa qarindoshlarini shu maktabga berdi”.

General-gubernatorlikning qabih maqsadlaridan qat’i nazar, mazkur rus-tuzem maktablari mahalliy an’anaviy maktablardan har jihatdan ancha ustun edi. Shuning uchun ham Sattorxon Abdug‘afforov, Sharifxo‘ja qozi, Muhiddinxo‘ja qozi, Komil Xorazmiy, Ishoqxon Ibrat, Marg‘ilon qozisi, shoir Rojiy Marg‘inoniy kabi davrining ulug‘ ma’rifatparvarlari, jamoat arboblari bunday maktablarni targ‘ib-tashviq qilar, shu bilan birga, ularning homiylari ham edilar. Bu maktablarning tub mohiyatini to‘g‘ri tushungan o‘zbek mutafakkirlari, ayniqsa, Sattorxon Abdug‘afforov mustamlakachilar mafkurasi rahnamosi Nikolay Ilminskiy va uning Turkiston o‘kasidagi gumashtalari Nikolay Ostroumov, Mixail Miropiyev, Vladimir Nalivkin, Sergey Gramenitskiylar xohishlariga zid holda rus-tuzem maktablarini isloh qilib, millat manfaatlariga moslashtirishga harakat qildi va bunga qisman bo‘lsa ham erishdi. Bu ishda u Ismoilbek Gasprinskiy ta’sirida bo‘ldi.

To‘rtala amakivachcha – aka-uka Komilbek va Karimbek, Hasanbek va Husanbek Norbekovlar bu maktabda berilib o‘qidilar, rus tilini mukammal o‘rgandilar va matematikadan o‘rtacha ma’lumotga ham ega bo‘ldilar. O‘sha vaqtlarda Toshkentda rus va o‘zbek tillarida nashr etiladigan birinchi gazetalar “Turkestanskiye vedomosti”, “Turkiston viloyatining gazeti”, keyinroq o‘zbek ziyolilari o‘rtasida katta shuhrat qozonib borayotgan jadid gazetalarini, tatar va ozarbayjon tillaridagi “Tarjimon”, “Vaqt”, “SHo‘ro”, “Mulla Nacriddin”, “Xo‘p-xo‘pnoma” kabi gazeta va jurnallarni muntazam o‘qib borib, zamona zaylidan xabardor, ular bilan hamqadam bo‘ldilar. Komilbek va Karimbek ruscha ta’limni tugatgach, bir necha yil Eski Jo‘va bilan Chorsu o‘rtasidagi “Beklarbegi” madrasasida (bu madrasa sho‘rolar davrida – 1930-yillarda buzib tashlangan – U.D.) ham o‘qiydilar. Bu madrasada 1903 yildan “Buxoroning yarim ilmini olib kelgan” mashhur bedilxon Bahodirxon eshon bosh mudarris bo‘lgan va o‘lkaning eng e’tiborli bedilxonlari, ilm ahllari yig‘ilib turgan, munozaralar o‘tkazilgan. Shu bilan birga, o‘z davrining yangicha fikrlovchi yoshlari ham shu mavzega to‘plangan edi. Aka-uka Komilbek va Karimbek Norbekovlar bunday yig‘inlardan bahramand bo‘lganlar va o‘z davrining oq-qorani tanigan, ancha keng ma’lumotli, milliy ma’naviyati butun kishilari bo‘lib yetishadilar. Ular ham endi savdo-sotiq ishlarida otasi Muhammadaminbekka va akasi Dolimbekka yordam bera boshlaydilar, iqtisodiy sharoitlarini ham ancha yaxshilab boradilar. Buvasi Mo‘minboydan meros bo‘lib o‘tgan do‘konlarni ancha kattalashtiradilar.

Farzandlar ko‘payib voyaga yetgach, “Hazrati Imom”dagi Haytabekdan qolgan hovli ancha torlik qilib qoladi va 1890-yillarning oxirlarida aka-uka Muhammadaminbek bilan Rustambek Hastimomdagi ota hovlisini ukalariga qoldirib, Sag‘bon mahallasidan kattagina hovli-yer sotib oladilar va shinam uy-joylar barpo etadilar. Sag‘bon ko‘chasi Toshkent shahrini Hasanboy, Ko‘kterak, Keles va boshqa qishloqlar bilan tutashtirgan eng ko‘hna va gavjum ko‘chalardan bo‘lib, arxeolog olim akademik Abdulahad Muhammadjonov “Qadimgi Toshkent” asarida “Sag‘bon” so‘zining kelib chiqishi, lug‘aviy ma’nosi haqida quyidagilarni yozadi: “Sag‘bon” mahallasining asli nomi “Suqbon”, ya’ni “suq” – arabcha “bozor”, “bon” – forscha “qorovul” ma’nolarini anglatgan. Chunki dashtdan haydab kelingan otar-otar qo‘ylar, qoramol va yilqilarni, rasta va do‘konlarni qo‘riqlab, bozorda farroshlik hamda jalloblik qilgan kishilar shu mahallada yashagan”. Shuning uchun ham bu ko‘cha “Sag‘bon” deb nom olgan.

Muhammadaminbek taxminan 1901 yili qizi Tojixonni Hofiz Ko‘yki mahallalik Ochixo‘ja ismli yigitga turmushga uzatadi, lekin farzand ko‘rishmaydi. Kunlardan bir kun, taxminan, 10-yillarning boshlarida Toji amma ukasi Karimbek uyiga kelganlarida kelinlari Sharofat bonu ichi surayotgan kasal o‘g‘li Anvarbekni ishtonsiz qor ustiga o‘tkazib qo‘yganini ko‘radi va kelinini qattiq urushib, jiyanini o‘ziga farzand qilib olib ketadi, voyaga yetkazadi va uylantiradi ham. Ochixo‘ja va Toji amma Anvarbekni o‘z farzandlaridek yaxshi ko‘rishgan. Ziyodbek amakimning aytishlariga qaraganda, o‘sha mash’um 30 – 40-yillarda hech kim taqmaydigan oltin soatni Anvarbek aka taqib yurar ekan.

Eski Jo‘va bozoridan Sag‘bon ko‘chasi bo‘ylab Kaykovus arig‘i ko‘prigidan (bu ko‘prik ko‘chaning ancha baland qismida bo‘lgani uchun mahalla ahli “Baland ko‘prik” der edi – U.D.) o‘tgach, Sag‘bon va Chig‘atoy ko‘chalarini bir-biri bilan bog‘lovchi ko‘hna belbog‘ ko‘cha mavjud. Bu ko‘cha sho‘rolar davrida va hozirda “Hurriyat” nomi bilan ataladi, oktyabr to‘ntarishidan oldin esa 2-Sag‘bon deb atalgan. Xuddi shu 2-Sag‘bon ko‘chasining boshlanishi orqali Dolimbek, Komilbek va Karimbek Norbekovlar hovlisiga kirilgan. SHo‘rolar davrida o‘ttiz yildan ortiq – 1930 – 1960-yillar davomida ushbu hovlilarda Toshkent viloyatining Kalinin tuman partiya va ijroiya qomitalari hamda tuman xalq sudi va prokuraturasi joylashgan. “Sag‘bon” mahallalari va uning mashhur kishilari haqida jurnalist-olim, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining sobiq dotsenti Anvar Shomaqsudov ham o‘zining “Dildan tilga ko‘chgan qissalar” risolasida qimmatli ma’lumotlar bergan. Bu mahalladan keyinroq o‘z davrining Obid Sodiqov kabi ulug‘ olimlari, Munavvar Tursunovdek davlat arboblari, Ahmadsho Shorahmedov kabi yozuvchi-jurnalistlari, Davlat mukofoti sohibi faylasuf-olim Davron Shorahmedov, Javlonbek Umarbekov, Shomahmud Muhammadjonovdek san’at arboblari yetishib chiqqan. “Sag‘bon mahallalik ziyolilar haqida gap borar ekan, – deb yozadi Anvar Shomaqsudov, – geograf olim Nu’monbek Dolimov, adabiyotshunos Subutoy Dolimov, shifokor Ziyodbek, Sultonbek Dolimovlarning respublika ilmiy-ma’rifiy hayotiga qo‘shgan hissalari juda katta bo‘lganini aytib o‘tish joizdir. Shu avlod vakili geolog olim, akademik To‘rabek Dolimov O‘zbekiston Milliy universitetining rektori sifatida mas’uliyatli vazifani bajarmoqda.”

Muhammadaminbek va Rustambek Norbek o‘g‘illari ko‘chib kelgan Sag‘bon mahallasi aholisi asosan mahsido‘zlik hunari bilan shug‘ullanuvchi kosiblar, yamoqchilar, dehqonlar, qassoblar, sohibkor bog‘bonlar edi. 1900 yildan aka-uka Komilbek va Karimbek Norbekovlar hamkorlikda charm savdosini yo‘lga qo‘yadilar. Dastlab ular mahalla hunarmandlarini charm bilan muntazam ta’minlash maqsadida rus savdogarlari bilan aloqa o‘rnatadilar. 1905 yili Komilbek va Karimbek birinchi marta savdo-sotiq ishlari bilan Moskva – Peterburg safariga boradilar va katta hajmda o‘sha davr uchun nihoyatda sifatli hisoblangan charm olib keladilar, bu shaharlar savdo firmalari bilan katta shartnomalar tuzadilar. Qariyb 3 oy davom etgan bu safar ularning katta tijorat ishlari uchun debocha vazifasini bajardi, rus tijorat firmalari bilan muntazam savdo mahsulotlari almashib turdilar, Moskva va Peterburgda quruq meva: pista-bodom, yong‘oq, turshak va mayiz bilan savdo qiluvchi ikki do‘kon ochdilar. Bu do‘konlar oktyabr to‘ntarishigacha muntazam ishlab turdi, keyin inqilob deb atalmish 1917 – 1918 yillar ur-yiqit davrida talon-taroj bo‘lib ketdi. Shunga qaramasdan, uzoq davom etgan bu safar ularning ma’rifatparvar sifatidagi faoliyatida muhim ahamiyat kasb etdi.

1907 yili Komilbek va Karimbek Norbekovlar qorako‘l teri bilan savdo qiluvchi uzoqroq qarindoshlari Rasulmuhammadboy o‘g‘llari Nabimuhammad va Valimuhammad boylar bilan hamkorlikda charm mahsulotlari: tagcharm, ustcharm ishlab chiqaradigan zavod quradilar, rus injenerlarini, mahalliy hunarmand-ishchilarni jalb qiladilar. Mol terisini jundan tozalash, kimyoviy usulda oshlash, unga pardoz berish sexlarini tashkil qiladilar. Zavodda har kuni katta hajmda qoramol terisidan charm tayyorlaydigan yog‘ochdan ishlangan uchta tezob bo‘lib, har birining diametri ham, chuqurligi ham 3 metrdan bo‘lgan. Unda terini ishqorlash uchun kul aralashtirilgan oxak suvi bo‘lgan. Ushbu zavod kustar ishlab chiqarishdan ancha yuqori darajada bo‘lib, uzoq faoliyat ko‘rsatdi, mahalliy hunarmand kosiblarni nisbatan arzon va sifatli charm mahsulotlari bilan muntazam ta’minladi, shu bilan birga, katta daromad ham keltirdi. Ammo mazkur zavod mahsulotlariga nisbatan sifatliroq va arzonroq tayyor charm partiyalarining Turkiston o‘lkasiga Rusiya va Yevropadan kelishining kuchayishi va muntazamlashishi yangi ochilgan zavod faoliyatini davom ettirish va rivojlantirish uchun imkoniyat bermadi, natijada, aka-uka Norbekovlar zavodni anjom-uskunalari bilan Valimuhammadboyga topshiradilar. Bu sohada ancha tajribaga ega bo‘lgan Valimuhammadboy zavod faoliyatini ancha rivojlantiradi, zamonaviy uskunalar va usullar, chet el texnikasi bilan jihozlaydi, 1917 yil oktyabr to‘ntarishidan keyin ham zavod faoliyatini bir necha yil davom ettiradi. 20-yillarning oxirida Valimuhammad va Nabimuhammad, ularning yaqinlari ham sho‘ro hukumati tomonidan zavodchi va savdogar boylar sifatida Sibirga surgun qilinadilar. Bu haqda Dolimbek va Valimuhammadboyning nabirasi tibbiyot fanlari doktori, professor Abdubosit Valiyev quyidagilarni yozadi: “Mening ota tomondan bobolarim Valimuhammad va Nabimuhammad Toshkentning katta zavodchi boylaridan bo‘lganlar, dastlab qorako‘l bilan Rossiya, Polsha, Germaniya davlatlari bilan savdo-sotiq ishlarini olib borganlar. 1907 yili Toshkentning mashhur boylari, uzoqroq qarindoshlari Komilbek va Karimbek Norbekovlar bilan hamkorlikda charm ishlab chiqaruvchi zavod qurganlar. Bu zavod 5 – 6 yil ichida zavod ishlaridan bexabarroq bo‘lgan Norbekovlardan to‘laligicha bobolarim Valimuhammad va Nabimuhammad qo‘liga o‘tgan, ular esa asosan tijorat ishlari bilan shug‘ullanishgan. Zavod yillar davomida katta quvvatga ega bo‘lgan, sho‘rolar davrida ham Toshkentning eng katta mahsulot ishlab chiqaruvchi zavodlaridan biri sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 1927 – 1928-yillar miyonasida sho‘ro hukumati bobolarimni qamoqqa olib, mol-mulklarini, katta imkoniyatlarga ega zavodini, yashab turgan uy-joylarini tortib oladi, o‘zlarini Sibirning eng sovuq va chekka burchagi Magadanga surgun qiladi. Men 1977 – 1979-yillarda Uzoq Sharq o‘lkasining Magadan shahrida sovet armiyasi safida harbiy shifokor bo‘lib xizmat qilgan vaqtimda bobolarim azob chekkan zindonlarni ko‘rgan edim. Ular mustabit sho‘ro hukumati qatag‘onlarining qurbonlari bo‘ldilar.”

XX asr mazlum Turkiston o‘lkasiga ham momaqaldiroq kabi shiddat bilan kirib keldi, chaqmoq kabi uning jarohatlarini yoritib yubordi, asrlar davomida turg‘unlikka yuz tutgan maorifini, millat turmush tarzini tubdan isloh qilish haqida bong urdi, Millat va Vatan mustaqilligi masalasi hayot va mamot masalasi sifatida kun tartibiga qo‘yildi. Usuli jadid maktablari, matbuot, teatr, jamiyatlar vujudga keldi. Bularning zaminida milliy uyg‘onish, o‘zlikni anglash, istiqlol g‘oyasi yotar edi, bu g‘oya millatning eng pastki qatlamlarigacha kirib bordi. Turkiston mahalliy ziyolilar qatlami ongida ham tub siyosiy o‘zgarishlar yasay boshladi. O‘lkada “Tarjimon”, “Mulla Nasriddin”, “SHo‘ro” gazeta va jurnallarining mushtariylari soni kun sayin oshib bordi, undagi islohotchilik harakatiga bag‘ishlangan maqolalar o‘zbek ziyolilarini o‘z faoliyatlariga tanqidiy qarashga majbur etdi, ilk usuli jadid maktablari vujudga keldi, ona tili va adabiyot, tabiiy fanlarni o‘qitishga ehtiyoj va e’tibor kuchaydi. Ismoilbek Gasprinskiyning “Xo‘jai sibyon” alifbo darsligi, “Rahbari muallimin yoki muallimlarga yo‘ldosh” metodik qo‘llanmasi usuli jadid muallimlari qo‘lida tez-tez ko‘rina boshladi. Bu harakatning rahbarlari, namoyandalari chet ellarda ta’lim olgan yoki taraqqiy etgan mamlakatlarda bo‘lgan, Sharqu G‘arb ma’rifati va ma’naviyatini egallagan ilmga chanqoq yoshlar edilar. Ular mustamlaka zulmi iskanjasida xarobaga aylanib borayotgan ona-Vatan jarohatlariga malham izladilar. Jadidlar, birinchi navbatda, maorifni, maktab va madrasalarni, ulardagi o‘qitish usullarini tubdan isloh qilish, ta’lim-tarbiya tizimini o‘zgartirish, millatni ma’nan uyg‘otish uchun kurash olib bordilar. Jadid mutafakkirlari o‘zbek xalqining ming yildan ortiq taraqqiyot tarixiga ega bo‘lgan tafakkur gulshanidan bahra oldilar, umuminsoniy qadriyatlarga asoslandilar, shu bilan birga, turk dunyosi xalqlarining ma’naviy rahnamosi Ismoilbek Gasprinskiyning o‘qish-o‘qitish, maktab va madrasa islohotiga oid fikrlari ta’sirida faoliyat ko‘rsatdilar, ozarbayjon xalqining hurfikrli ulug‘ demokratlari Aliakbar Tohirzoda Sobir, Jalil Mamadqulizodalar bilan yaqindan hamkorlik qildilar, ularning “Mulla Nasriddin” jurnali, “Xo‘p-xo‘pnoma” majmuasi o‘zbek ziyolilari o‘rtasida katta shuhrat qozondi. Fotih Karimiyning “Vaqt” gazetasi, Rizo Faxriddinning “SHo‘ro” jurnali bilan o‘zbek mutafakkirlari yaqin aloqada bo‘ldilar. Bu hol chor Rusiyasi, Turkiston General-gubernatorligi siyosiy doiralarini ancha tashvishga sola boshladi. Bu Rusiya ichki ishlar vazirligining 1900 yil 31 dekabrda maxsus Turkiston o‘lkasiga yuborgan 13444-raqamli “mutlaqo maxfiy” farmoyishida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Unda hukumat gubernatorlarni, ular rahbarligidagi mahkamalarni nimalardan ogoh bo‘lishga da’vat qiladi: keyingi vaqtlarda tatar adabiyoti va matbuotida 14 millionli rus musulmonlarining ko‘pasrli turmush tarzini izdan chiqarish xavfiga sabab bo‘luvchi ruh paydo bo‘lganligi sezilmoqda. Bu ruh tatarlar hayotida katta burilishga tayyorgarlik jarayoni kechayotgani haqida taxmin qilish imkonini beradi. Bu o‘rinda vazirlik e’tiborni Gasprinskiy faoliyatiga, yangi metoddagi maktablarga, uning darsligi asosida ona tili va adabiyot o‘qitish masalasiga qaratadi. Tatarlar, deyiladi farmoyishda, islom va turkiylik zaminida taraqqiyot uchun intilmoqda. Shuning uchun politsiya deportamenti bu harakatni har tomonlama o‘rganib, shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan mahalliy mualliflar, ularning maqolalari, kimlar matbaa tashkil qilgani, “yosh turklar” bilan aloqasi, chet el markazlarida, ayniqsa, Turkiyada ularni kimlar rag‘batlantirayotgani, kimlar tomonidan va qayerda yangi usul maktablari ochilgani, kimlar bu maktablarga rahbarlik qilayotgani, kimlar gazeta va jurnallar nashr etayotgani va tarqatayotgani, kimlar bu ishlarni moliyaviy ta’minlayotgani kabi masalalar haqida keng ma’lumot so‘ragan.

Gubernatorlik ma’murlari Turkiston o‘lkasidagi mahalliy ziyolilar faoliyatini, o‘lkada kechayotgan madaniy, ma’rifiy, siyosiy ahvolni Nikolay Ostroumov (1846 – 1930)dan ko‘ra yaxshiroq biladigan odamni topishlari amri mahol edi. U Toshkentga kelgan 1879 yildan boshlab mahalliy arboblar, ziyolilar haqida Turkiston, Buxoro amirligi va Xiva xonligi bo‘yicha katta material to‘plagan edi. Shuning uchun ham mustamlakachilarga nihoyatda muhim bo‘lgan bu vazifani Ostroumovga topshirganlar. Ushbu farmoyishga binoan Turkiston o‘lkasidagi “siyosiy jihatdan ishonchsiz” deb bilgan, jadid maktablarini targ‘ib-tashviq qiluvchi maqolalar yozgan, yangi maktablar ochgan va ularda muallimlik qilgan Ishoqxon Ibrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Siddiqiy Ajziy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Karimbek Norbekov va boshqalar haqida Ichki ishlar vazirligiga ma’lumotlar yuborib turgan. Bu farmoyish tufayli 1905 – 1910 yillar davomida ilk bor dunyo yuzini ko‘rgan “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Oziyo”, keyinroq “Buxoroyi sharif”, “Turon”, “Samarqand”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” kabi ilk milliy gazetalar, “Oyna” jurnali turli-tuman bahonalar bilan yopib qo‘yildi, mollari musodara qilindi, Ishoqxon Ibrat, Mo‘minjon Muhammadjonov – Toshqin kabi “siyosiy ishonchsiz” millat fidoyilariga gazeta chiqarishga ruxsat bermadilar, aksincha, ularni ta’qib ostiga oldilar.

1907 yili Muhammadaminbek o‘g‘li Komilbekni ukasi Yo‘ldoshbekning qizi Karomatxon (1890 – 1955, biz ularga “Karam buvi” deb murojaat qilar edik)ga uylantiradi. Bu oila uzoq farzand ko‘rmaydi, turli udumlarni ham bajaradi. Shunday vaziyatda Dolimbek otasi Muhammadaminbekning buyrug‘iga amal qilib, 3 – 4 yoshli o‘g‘li Usmonbekni ukasi Komilbekka o‘g‘illikka beradi va bir-ikki yil o‘tgach, Kimyoxon, Muhiddinbek, Faxriddinbek ismli bir qiz va ikki o‘g‘il farzand ko‘radi.

1909 yilda esa Muhammadaminbek uchinchi o‘g‘li Karimbekni Toshkentning katta boylaridan Shoikromboyning Sharofatbonu (1892 – 1980) ismli qiziga uylantiradi. Shoikromboy ma’rifatli inson bo‘lgan, uning xonadonidan o‘zbek xalqining mashhur farzandlari yetishib chiqqan. O‘zbekiston xalq rassomlari Iskandar Ikromov (1904-1972) va Hamidulla Ikromov (1909-1964) Shoikromboyning nabiralaridir. Iskandar Ikromov o‘tgan asrning 20-yillarida mashhur “Namuna” texnikumida buyuk yozuvchi Oybek, Mirkarim Osim, Homil YOqubov, Oltoy Salohiddinov, Subutoy Dolimovlar bilan birga o‘qigan. Talabalik vaqtlaridayoq texnikumning Oybek muharrirlik qilgan, Subutoy Dolimov mas’ul kotibi bo‘lgan “Tong yulduzi” devoriy gazetasini turli rasmlar, kesma harflar bilan bezagan. 1923 yildan “Mushtum” jurnalida portret va karikaturalari bilan qatnashib turgan. Bu haqda keyinchalik u Abdulla Qodiriy haqidagi xotira maqolasida quyidagilarni yozadi: “Abdulla aka kamsuxan, ammo ma’nodor so‘zlardilar. Rassomlikka bo‘lgan qobiliyatimni ko‘rgan Abdulla aka juda quvonib, rassomlik kasbini qunt bilan o‘rganish uchun san’at makoni Leningrad va Moskva shaharlariga borib o‘qishni maslahat berdilar. Shunday ham bo‘ldi. 1924 yilda Moskvada o‘qib yurganimda u kishining portretini katta qilib ishlab, o‘z yotoqxonam devoriga osib qo‘ygandim va shu portretni 1925 yilda muhtaram Abdulla akaga tortiq qilgandim”.

Iskandar Ikromov – san’at sohasidagi bir qancha mukofotlar sohibi. Ukasi Hamidulla Ikromov esa uzoq yillar davomida Hamza nomidagi O‘zbek davlat akademik drama teatrida yetakchi rassom bo‘lib ishlagan. Aka-uka Iskandar va Hamidulla Ikromovlarning asarlari O‘zbekiston Respublikasi davlat San’at muzeyi fondida saqlanmoqda.

Karimbek bilan Sharofatbonu Anvarbek, Rojiabonu (mening onam), Robia, Iffat, Munavvarbek, Arslonbek ismli farzandlar ko‘rdilar. Ularning voyaga yetish davrlari SHo‘ro hukumati qatag‘onlarining avj pallasiga to‘g‘ri keldi.

Komilbek va Karimbek Norbekovlar XX asrning dastlabki yillaridan boshlab Toshkent shahrining, shu jumladan, Turkiston o‘lkasining ilg‘or ziyolilari, ma’rifatparvar boylari bilan do‘stlashadilar, ularning yig‘inlarida, ma’rifiy-siyosiy jamiyatlar tashkil etishda faol ishtirok etadilar. Ular Turkiston jadidchilik harakatining haqiqiy ma’nodagi rahbari Munavvarqori Abdurashidxonov va u boshchiligidagi Abdulla Avloniy, Ubaydulla Xo‘jayev, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Ilhomjon In’omjonov, shoir To‘lagan Xo‘jamyorov (Tavallo), Turkiston shahridan kelgan ishbilarmon zavodchi-boylardan Sayidnosir Mirjalilov, Muhammadjon Podshoxo‘jayev, Bashirullo Asadullaxo‘jayev, Kattaxo‘ja Boboxo‘jayev, Sayidabdullo Sayidkarimov, Fansurullohbek Xudoyorxonov (Xudoyorxonning o‘g‘li – U.D.), Mulla Yunus Tuyoqboyev, Rustambek ibn Yusufbekhoji, Andijondan yangi kelgan shoir Abdulhamid Sulaymon (CHo‘lpon), aka-uka Mirmulla va Mirmuhsin Shermuhamedov, shoir Elbek (yaqin qarindoshlari), Shokirjon Rahimiy kabilar edi. Bu millat fidoyilarining asl maqsad va maslaklari o‘z millatini taraqqiy etgan erkin, farovon xalqlar qatorida ko‘rish, mustamlaka iskanjasiga tushib qolgan Vatanini ozod va obod mamlakatga aylantirish edi. Shu maqsadda Toshkentda 1904 yilda tashkil etilgan dastlabki xayriya jamiyatlarining faollari va muassislari sifatida davlat rasmiy hujjatlarida Munavvarqori Abdurashidxonov va Abdulla Avloniylar bilan birga Komilbek va Karimbek Norbekovlar ismi sharifi tez-tez tilga olinadi. 1913 yilda ular Abdulla Avloniy va Munavvarqori boshchiligida 1909 yilda tashkil etilgan “Jamiyati xayriya” zaminida o‘lkaning ma’rifatparvar ziyolilari va boylari bilan hamkorlikda “Turon” xayriya jamiyatini vujudga keltiradilar. Shu bilan birga, Norbekovlar “Turon” jamiyati qoshida “Turkiston o‘lkasi musulmon xalqi orasida gazeta, jurnal, kitob va savdo orqali umumovro‘po madaniyati va maorifi asoslarini tarqatish maqsadida” 1914 yilda “Maktab kutubxonasi” nashriyot-firmasini tashkil etadilar. A.Avloniy nomidagi Respublika Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Markaziy instituti qoshidagi A.Avloniy memorial muzeyida “Turon” jamiyatining natarius D.Yegorov tomonidan tasdiqlangan “Nizom”i saqlanadi. Unda jamiyatning maqsad va vazifalari 73 moddada ko‘rsatilgan bo‘lib, uning muassislari quyidagilar edi:

1. Ubaydulla Asadullayevich Xo‘jayev (Mergancha).
2. Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov (Observatorskaya – 3).
3. Munavvarqori Abdurashidxonov (Shayxovand Tahur).
4. Komilbek Norbekov (Sag‘bon).
5. Mulla Abdulla Avloniy (Sapyornaya – 26).
6. Muhammadjon Podshoxo‘jayev (Zanjirlik).
7. Kattaxo‘ja Boboxo‘jayev (Qor yog‘di).
8. Bashirulloxon Asadillaxo‘jayev (Mergancha).
9. Nizomiddin Asomiddinxo‘jayev (Orqa ko‘cha).
10. Karimbek Norbekov (Sag‘bon).

Agar ro‘yxatga e’tibor berib, Toshkent shahrining o‘sha vaqtdagi qiyofasini bir oz bo‘lsa-da, ko‘z oldiga keltirilsa, Sag‘bon shaharning eng chekka, tamaddun elementlaridan butunlay begona, asosan mahalliy millat vakillari – o‘zbeklar yashaydigan qismi ekanligini e’tibordan soqit qilmaslik kerak. Sag‘bonning bunday ibtidoiy, qoloq qiyofasi sovet davrida ham, hatto Mustaqillikkacha saqlanib qoldi. “Turon” jamiyati qoshida “Turon” dramtruppasi, “Turon” kutubxonasi va qiroatxonasi, “Turon” gazetasi, “Maktab kutubxonasi” nomida nashriyot-matbaa faoliyat ko‘rsatgan. “Turon” jamiyati faoliyatini chuqur o‘rgangan jadidshunos olim Sirojiddin Ahmedov quyidagilarni yozadi: “Ovro‘po madaniyati yutuqlarini, sanoatini egallashga intilgan aka-uka Komil va Karim Norbekovlar, Sa’dulla Tursunxo‘jayev kabi kishilarni uyushtirdi. Ana shu asnoda uning (Munavvarqorining) tashkilotchilik, mafkurachilik faoliyati ko‘zga tashlana bordi”.

Jamiyatning faoliyat doirasi kengayib, a’zolari yosh ziyolilar hisobiga ko‘payib, mustahkamlanib borgan. “Turon” teatr truppasi faoliyat ko‘rsatgan Vikula Morozov do‘koni (sho‘rolar davrida Oxunboboyev nomidagi o‘zbek yosh tomoshabinlar teatri joylashgan, hozirda buzilib ketgan – U.D.) binosi, “Turon” kutubxonasi va qiroatxonasi Turkiston jadidlarining doimiy maskani bo‘lgan. Aka-uka Norbekovlar, Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev “Nizom”da ko‘rsatilganidek, xalqimizni “sog‘lom tomosha”, madaniy xordiq chiqarish bilan oshno qilish, Ovro‘po mamlakatlaridagidek teatrlar, kutubxonalar, qiroatxonalar yordamida san’ati nafisa asarlari bilan tanishtirish, yoshlarni taraqqiy etgan chet el oliy o‘quv yurtlariga yuborish, ularni vazifa (stipendiya) bilan ta’minlash ishlariga alohida e’tibor bilan qaradilar. “Maktab kutubxonasi” nashriyotini bevosita Komilbek va Karimbek Norbekovlar tashkil qildilar hamda uning faoliyatiga o‘zlari boshchilik qildilar. Nashriyot o‘z faoliyat doirasini kengaytira borib, maktab dasliklari va o‘quv qo‘llanmalaridan tashqari katta hajmdagi badiiy-ma’rifiy asarlar nashr qilishni ham rejalashtiradi.

Katta amakim ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) dotsenti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi marhum No‘’monbek Dolimovning shaxsiy kutubxonasida hindlarning jahonga mashhur bo‘lgan “Kalila va Dimna” asarining shoir Fazlullohqori Almaiy tomonidan “Kalila va Dimnai turkiy” nomi bilan qilgan tarjimasining yagona noyob qo‘lyozma nusxasi saqlanadi. Qo‘lyozma to‘liq, hech bir shikastlanmagan. Ushbu nusxani Karimbek Norbekov Toshkentning eng mashhur xushnavis xattoti Muhammad Shohmurod kotib Tig‘bandiy (1850 – 1922)ga ko‘chirtirgan. Bundan asosiy maqsad asarni o‘z nashriyotida katta nusxada bosmadan chiqarish va o‘zbek xalqini bu noyob ta’limiy-tarbiyaviy asar bilan oshno qilish edi. Maqsad amalga oshmay, sho‘rolar davrida Komilbek va Karimbeklar ta’qib hamda quvg‘unga olingach, qo‘lyozma maxsus sahhoflar tomonidan chiroyli muqavalangan holda uzoq vaqtlar otalari Muhammadaminbek hoji Norbek o‘g‘li qo‘lida saqlangan va ular vafotidan keyin 1933 yildan e’tiboran to‘ng‘ich farzandi Dolimbek qo‘liga o‘tgan. Dolimbekning eng sevib o‘qiydigan kitoblaridan biri mazkur “Kalila va Dimnai turkiy” bo‘lsa, ikkinchisi Abdulla Qodiriy “O‘tgan kunlar” romanining 1926 yilgi birinchi nashri edi. 1958 yili Dolimbek hoji vafotidan keyin bu noyob qo‘lyozma meros sifatida katta o‘g‘il No‘’monbek Dolimovga o‘tgan. Mazkur qo‘lyozma bilan maxsus tanishgan va qiyosiy o‘rgangan mashhur adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor G‘ulom Karimov “Hind masali “Kalila va Dimna”ning o‘zbekcha versiyalari” nomli ilmiy maqolasida quyidagilarni yozadi: “O‘rta Osiyo Davlat universitetining dotsenti N.Dolimov shaxsiy kutubxonasida ham “Kalila va Dimna”ning yana bir qo‘lyozma nusxasi saqlanadiki, bu hol hozirgi kunlarda ham xususiy kishilar qo‘lida bu mashhur asar nusxalari saqlanayotganligidan darak beradi.”

Hozirda ushbu nodir qo‘lyozma kimyo fanlari doktori, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori Davronbek Nu’monovich Dolimovning shaxsiy kutubxonasida saqlanadi.

Davomi bor…

Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»

Toshkent, «Akademnashr», 2015

Ushbu kitobni taqdim etgan Elbek Dolimovga minnatdorchilik bildiramiz

https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-3-qism-komilbek-va-karimbek-norbekovlar-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x