Sulola. Dolimovlar shajarasi. 20-30-yillar


Post Views:
159

1924 yilda Dolimbek uchinchi farzandi Nasira (1902 – 1984)ni Muhammad Solih (kelajakda kolxoz raisi)ga turmushga uzatadi, lekin uzoq vaqt farzand ko‘rishmaydi va ajralishadi. Birmuncha vaqt o‘tgach, 1931 yili Dolimbek Nasirani tog‘asi Rasulboyning eng katta o‘g‘li Abdumajid (1875 – 1953)ga uzatadi. Majid akaning yoshi ancha ulug‘ edi. Shuning uchun Nasira ammam “meni otam tengiga uzatasizlarmi!?” deb yig‘laganini aytishardi. Bu oiladan 3 farzand – Rahima, Salima, Abdushukur dunyoga keldi. Abdushukur (ikkinchi ismi – Temur) tibbiyot fanlari nomzodi, uzoq yillar Semashko nomidagi Toshkent Kurortologiya va fizioterapiya ilmiy tekshirish institutida katta ilmiy xodim sifatida faoliyat ko‘rsatdi, hozir nafaqada.

1927 yili Dolimbek va Marziya eng katta o‘g‘li Nu’monbekni asli buxorolik Adolat ismli qizga uylantiradilar. Ammalarimning aytishiga qaraganda, Adolat kelinoyi ancha xushfe’l, chiroyli, ammo kasalmand ayol bo‘lgan ekan. Nu’monbek bu oilasidan uch farzand ko‘rgan, lekin onasi kasalmand bo‘lgani tufayli bo‘lsa kerak, deyishardi kattalar, bir-ikki yoshga borib-bormay o‘lavergan, eng katta o‘g‘li Ulug‘bek besh yoshida onasidan oldinroq  o‘lgan ekan. Adolat kelinoyi ham sil kasalidan 1934 yilda vafot etgan.

Dolimbek va uning farzandlari uchun 20 – 30-yillar iqtisodiy buhronlar yetmaganidek, siyosiy fojialarga ham to‘la yillar bo‘ldi. Ukalari Komilbek va Karimbek Norbekovlar Sibirga surgun qilinib, hovli-joylari tortib olingach, Dolimbek ham ancha ilgari boshlab qo‘ygan, lekin hali bitmagan, somon suvoqda bo‘lgan Sag‘bon ko‘cha, 24-oxiri berk ko‘chadagi kichik  bir hovlisiga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan edi. Ammo sho‘ro hukumati va bolsheviklarning balandparvoz va’dalariga uchgan uzoq-yaqin mahalladoshlar, hukumat odamlari bu yerda ham uning oilasiga tinchlik berishmaydi. Tazyiq ko‘lankasi endi uning voyaga yetib qolgan o‘g‘il farzandlari qismatiga ham soya sola boshlaydi. Shunday vaziyatda Dolimbek najotni tijoratda emas, ilm-ma’rifatda ko‘rdi. Lekin o‘g‘illari ham oliy o‘quv yurtlaridan, ishxonalaridan birin-ketin quvg‘in qilina boshlandi. O‘ta taxlikali yillarda Dolimbek avji yigit yoshidagi farzandlarini oila quchog‘idan, yaqin va uzoq mahallalardagi sho‘ro hukumatining ko‘z-quloqlaridan, ayg‘oqchilaridan uzoqlashtirishga majbur bo‘ldi. Usmonbek (Subutoy) do‘sti Saidmahmud Saidrasulov (ulug‘ mutafakkir Saidrasul Saidaziziyning o‘g‘li – U.D.)ning Shayxontahur daha “Baland masjid” mahallasidagi ota hovlisi bolaxonasida, Akbarbek Toshkent davlat pedagogika instituti yotoqxonasida, Ziyodbek va Sultonbek Toshkent tibbiyot instituti yotoqxonasida yashab o‘qiydilar. Ular mahalla-ko‘y, hukumat odamlari ko‘zidan panalab, hafta-o‘n kunda bir qorong‘u pallada ota-ona quchog‘iga kelishar va tong yorishmasdan hovlini tark etishardi. Bu hol uzoq yillar davom etdi.

Farzandlarining ishdan, o‘qishdan haydalishlari, ukalari Komilbek va Karimbeklarning qamalishlari munosabati bilan kunda, kunora soatlab GPUning Shahrisabz ko‘chasidagi idorasida bo‘ladigan tergovlar, do‘q-po‘pisalar Dolimbekning ham tinkasini quritdi. Bularning oldida tirikchilik mashaqqatlari hech narsa bo‘lmay qoldi. SHo‘ro hukumatining Norbekovlarni – Dolimovlarni ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q edi. Bunday xo‘rliklarni ular har qadamda, mahalla ahllari, sho‘ro odamlarining har bir harakatida ko‘rib turar edilar. “Kunlardan bir kun, – deb bir voqyeani eslaydilar Dolimbek otam, – tergovlar avjiga chiqqan kunlarning birida GPU idorasida qachon meni chaqirishar ekan, deb uzoq kutib turgan edim, o‘zimizning Sag‘bon mahallalik idoradan chiqib qolsa bo‘ladimi, ko‘zimga xuddi olovdek ko‘rinib ketdi, darrov u bilan ko‘rishib:

– Ahmadjon uka, tezroq meni chaqirishsa yaxshi bo‘lardi-da, uyda kasallar bor, bilasiz, – dedim.

– Vaqtida davri davron surdinglar, endi buyog‘iga ham chidaysiz, tegirmon ham navbati bilan-da, Dolimbek aka, – deb teskari qarab ketayotgan edi, uni shartta to‘xtatdim.

– To‘xta, nima deb o‘tlayapsan? Aql-farosating joyidami? Avlodi-ajdodlaring bilan qirilib ketayozganlaringda, Komilbek bilan Karimbek Norbekovlar yedirib-ichirib, kiyintirib saqlab qolishdi. “To‘ydirganning qorniga” deb shuni aytar ekanlar-da! Sen nonko‘rlarga ham Xudoning boqqan balosi bordir, ko‘p hovliqaverma, bu aqling bilan uzoqqa borolmaysan! – dedim.

Ahmadjon deganimiz eng og‘ir ocharchilik, qahatchilik avjiga chiqqan 1914 – 16-yillarda ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari – butun yota-qo‘nasi bilan tirikchiligini Komilbek va Karimbeklar hovlisida o‘tkazishgan, adam Muhammadaminbek hoji zakot ulashganda, hamma vaqt ularning oilasi birinchilardan bo‘lishar edi. Bu qanday nonko‘rlikki, hammasini unutgan bo‘lsa. Nomiga bo‘lsa ham ko‘ngil so‘rash o‘rniga… U bilan ko‘rishganimga ming bor pushaymon qilib, joyimga borib turdim va chaqirishlarini kuta boshladim.”

Kecha kuni bir dasturxondan tanovul qilib, Allohga shukronalar iltijo qilgan odamlar o‘rtasidagi xiyonat, qabohat, razolat qayerdan paydo bo‘ldi? Bularning hammasi ma’rifatsizlik, o‘lim saltanati oldidagi nochorlik, ojizlik, qo‘rquvdan emasmi?! Ha, o‘lim saltanati mustamlaka iskanjasidagi nochor va nodon xalqni oddiy insoniylikdan ham yuz o‘girishga majbur qilgan edi. SHo‘ro hukumatining, hatto uning rahnamosi Leninning ikkiyuzlamachilik qabih siyosatini ko‘raverib, toqati toq bo‘lgan buyuk vatanparvar Zaki Validiy To‘g‘on o‘z Vatanini tark etib, Turkiyaga kelgani haqida atoqli sharqshunos olim akademik A.N.Samoylovich bilan 1925 yili Istanbulda bo‘lgan uchrashuvida quyidagilarni bayon qilgan edi: “Men endi Turkiya fuqarosiman. Sovetlarning ustaligi shundaki, kishining eng yaqin do‘stlari, hatto uning oila a’zolarini ham o‘ziga qarshi ayg‘oqchi qilib qo‘yadi. Ular qo‘lga tushirish uchun har qanday yo‘ldan qaytmaydilar. Ammo sovet tuzumidagi mahfiy muhofaza tizimining o‘rganib qolgan ishi shuki, ular josuslikda eng yaqin kishilaridan, do‘stlardan va oila a’zolaridan foydalanadilar, shoir CHo‘lpon kabi sofdil insonlarni aralashtirishdan ham toymaydilar. Ularning bu fe’li menga yaxshi ayon”.

Komilbek va Karimbeklarning yillar davomida obod qilgan bog‘lari, yashab turgan hovli-joylari, do‘konlari – hammasi davlat ixtiyoriga o‘tkaziladi. Bud-shudidan ayrilgan ularning ayollari Karomat buvi (Komilbekning xotini, biz “Karam buvi” der edik – U.D.) voyaga yetmagan farzandlari Muhiddinbek hamda Faxriddinbek bilan Oqlon mahallasidagi  qarindoshlari va Sharofat buvim (Karimbekning xotini) Robia, Iffat, Munavvarbek hamda Arslonbek ismli yosh-yosh to‘rt norasida farzandlari bilan “ko‘rpa ko‘tardi” bo‘lib, otalarining “Guliston” mahallasidagi hovlisida qo‘nim topadilar. Bu ikki oilaning ho‘rlangan, tahqirlangan mashaqqatli hayotiga, fojiali qismatiga sherik bo‘lish ham akalari Dolimbek otamning zimmasiga tushdi. Bu voqyealarni otam shunday eslaydilar: “1933 yilning yoz kezlari edi. Adam Muhammadaminbek hojining ta’ziya marosimlarini yangi o‘tkazgan kunlarim. 5 – 6 sho‘ro kishilari hovlimizga bostirib kirishdi (ularning odati shunday edi), ular orasida bitta-yarimta tanishroq odamlar ham ko‘rinardi. Ukalarim Komilbek va Karimbeklarning mol-mulkini musodara qilish haqidagi qog‘ozni qo‘limga tutqazishdi va ularning uylaridagi hamma anjomlarni hovliga olib chiqa boshlashdi: mehmonxonadagi toza va katta-katta gilamlaru stol-stullar, shkaflar, divan-krovatlaru kreslolar, hatto kitoblargacha – hammasini olib chiqishdi. Hatto bolalarning popka-jildlarini ham titkilay boshladilar. Navbat yosh bolalarning, qizlarning kiyim-kechaklariyu ko‘rpa-yostiqlariga keldi. Men ularga:

– Insof bilan talanglar. Bu kiyim-kechaklar, ko‘rpa-yostiqlar, popka, kitob-daftarlar bolalarniki. Axir, ular ham sho‘ro bolalari, sho‘ro davrida tug‘ilishgan, sho‘ro maktabida o‘qishadi, ular qishda nima kiyadilar, qayerda yotadilar, bularni ham o‘ylanglar, – desam:

– Nariroq tur, gazanda, hozir peshanangdan darcha ochib qo‘yaman! – deydi buyruq berib turgan kattasi.

– Hali senmi mening peshanamdan darcha ochib qo‘yadigan, – deb, jahl ustida bir musht ursam, dahlizdagi hanikka uchib tushdi. – Mening peshanamdan darcha ochib qo‘yadigan mahluq hali tug‘ilgani yo‘q! – deb, ustidan bosib tushdim va to‘pponchasini tortib oldim. U la’nati mening bu harakatimni kutmagan edi. Shu payt menga tanishroq ko‘ringani yugirib kelib, meni uning ustidan tortqilab ajratdi:

– Bek aka, o‘zingizni bosing, axir, biz ham buyruqni bajaryapmiz-da! Bizlardan ham talab qilishadi-ku!

– Axir, buyruqda bola-chaqaning ham ko‘ylak-lozimigacha tortib ol, demagandir, musulmonmisizlar o‘zi?! Hoy yigit, sen emas, men peshanangdan darcha ochib qo‘yaman! – deb to‘pponchasini ko‘chaga uloqtirdim.

Darhaqiqat, nopoklik va tahqirlar avjiga chiqqan edi. Axir, ota qamoqqa olingan bo‘lsa, norasida farzandlarda nima gunohki, ularning ham kiyim-kechagiyu kundalik hayoti uchun eng zarur bo‘lgan narsa-buyumlarigacha tortib olinsa, dahshatga tushadi kishi. Tirik yetimlarning taqdiri ularni aslo qiziqtirmaydi. Komilbek va Karimbeklarning hamma mol-mulkini moshinaga ortib olib ketishdi, ship-shiydam bo‘lib qolgan katta-katta xonalarga, ikki katta gulzor hovliga qulf solishdi. Ertasi kuni olib ketilgan stol-stullar, divan-kreslo, shkaflar va boshqa ba’zi anjomlarni qaytarib olib kelib, joy-joyiga qo‘yishdi. Komilbekning uylarida rayon firqa qomitasi, Karimbeknikida esa rayon ijroiya qo‘mitasi ish boshlashi kerak ekan. Shuning uchun ba’zi asbob-uskunalarni qaytarib olib kelishgan ekan. Shu kundan boshlab, Norbekovlar uylarida Kalinin rayon firqa qomitasi hamda  rayon ijroiya qomitasi tashkilotlari faoliyat ko‘rsata boshladi. Men arzimagan oshxona anjomlarini, eski-tuski kiyim-kechak, ko‘rpa-yostiqlarni aravaga ortib, Sharofatning Kamolondagi ota hovlisiga olib bordim. Uning ukasi Shoolimboy meni yaxshi qabul qilib, ko‘ngil so‘radi:

– Dolimbek aka, bilaman, Karimbek pochchamning ham, Komilbek akamning ham hamma tashvishlari sizning boshingizga tushib qoldi. Ko‘p g‘am chekaverib, o‘zingizni oldirib qo‘ymang, bu kunlar ham o‘tib ketar, yorug‘ kunlar ham yana kelar: oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, – deb tasalli berdi.

Xuddi shu tarzda Komilbekning oilasi – Karomat va bolalarini ota hovlisiga – Yo‘ldoshbek amakimnikiga ko‘chirdim. Bu ishda amakivochcham – Karomatning ukasi Qosimbek yaqindan yordam berdi. Bularning hammasi katta tashvishlarning boshlanishi edi. Hali bu oilalar uchun qanchadan-qancha tirikchilik mashaqqatlari, ro‘zg‘or tashvishlari, tahqiru haqoratlar, kamsitishlar oldinda. “Ayolning boshi – tegirmon toshi” deb bekorga aytilmagan ekan.”

Davomi bor…

Ulug‘bek Dolimov
«Ahli irfon»

Toshkent, «Akademnashr», 2015

https://shosh.uz/uz/sulola-dolimovlar-shajarasi-20-30-yillar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x