* * *
Orzu – kamalakrang,
Umid – zangori,
Sevgi… qish qoridan ham oppoq edi!
Mehr yashillikni olgan maysadan,
Nafrat – tun.
Yoʻq, undan qoraroq edi.
Sogʻinch – zaʼfaronroq edi kuzakdan,
Yaproqdek dildirab yelni kutardi.
Ishonch – pushti misol,
Hayajon – olrang,
Quvonch – shaffoflikda suvdan oʻtardi.
Alam…
Yoʻq, alamning rangi yoqmadi.
U jonni qiynarkan, qontalash ekan.
O, buyuk musavvir, hayot rasmida
Koʻrdim, barcha ranglar aralash ekan.
Balki, u shu sabab ohangrabo kuch,
Ammo meni qiynar bir savol hamon.
Qoʻlga qalam olib, taqdirim uchun
Qaysi rangni maʼqul koʻrding, Xudojon?
* * *
Tun. Koʻchada fonuslar sayli.
Shahar tinmay sochar yogʻdular.
Ammo bitta chirogʻini ham
Yuragimga yoqolmas ular…
Qorongʻulik kirar bostirib,
Iztirobga toʻlgandek dunyo.
Chiroqlardan xavfsirab, ey tun,
Koʻksim uzra berkindingmi, yo?
Derlar, yolgʻiz tugʻilmas shoir,
Unga qay bir tuygʻular egiz.
Ona, menga azobmi uyqash
Yo dard bilan tuqqanmidingiz…
Umrimning eng yorqin nurlarin,
Olding dunyo, yana jimsan, jim.
Tund yoʻllarga yogʻdu hislarim
Ulashmoqdan, axir charchadim!
Irkit hayot, shuncha ojizsan!
Lablarimda koʻzyoshning taʼmi.
Quyosh, nahot bir soʻngan qalbga
Nur bermoqqa arzimaysanmi…
SIZDAN YIROQDA
Sizdan yiroqda…
Men kimman, bilmadim!
Sizsizlik jonimga oʻqday qadalgan.
Qarshimda bir qadah – hijronli ogʻu,
Bu dunyoda,
Yolgʻiz menga atalgan!..
Sizsiz…
Koʻz oldimni tumanlar bosgan.
Sizsiz… oyoqlarim zil-zambil, ogʻir.
Taqdir yoʻllarimga dorlarin osgan,
Ularga ilinib yuragim ogʻrir.
Dengizday toshgandim,
Shoʻx navo edim.
Endi sizdan yiroq,
Tilsizman, jimman.
Tezroq menga qayting, mana yengildim,
Endi bilsam,
Sizsiz…
Sizsiz
Hech kimman!
NIMA BOʻPTI…
Yodingizni koʻnglin toqiga ilib,
Nima boʻpti sizni sogʻinsa bir qiz…
Borligingizni-da baxti deya bilib,
Xotira-albomga ovunsa bir qiz.
Koʻksiga kechalar urganda xanjar,
Bolishga dardlarin aytib yigʻlasa.
Dunyo keng, charx rangin boʻlsayu agar,
Siz sabab…
Siz sabab sigʻmasa.
Quyosh tinglamasa, ufqqa berkinib,
Mohni qiynamasa qalbining ohi.
Bir sizga intilib, sizga yukunib
Yashagani boʻlsa, yolgʻiz gunohi…
Qiz yuragi oʻzi shunday muammo,
Salga bu borliqdan toʻyadi.
Unutadi, baxtli boʻladi, ammo
Nari borsa,
Sevgiga ishonmay qoʻyadi.
Nima boʻpti…
* * *
Yuragingda muzlar bor edi,
Choʻgʻlar tutgan qoʻlim sovqotdi.
Qalbingga iliqlik beray dedimu,
Umrimning yozini yoʻqotdim.
Yuragingda muzlar bor edi,
Aytolmadim hech haddim sigʻib.
Yonishlarim… o, bekor edi,
Koʻklam ketdi, gullarin yigʻib.
Yuragingda muzlar bor edi,
Nima qilay, aritolmadim!..
Qay birimiz gunohkor edik,
Kuz quyoshi eritolmadi.
Buyogʻi qish. Qoʻrqaman endi,
Faqat, soʻzim malolga olma.
Qanday boʻlsang, boʻlgin iltimos
Qorodamga aylanib qolma…
BAHORNI SOGʻINDIM…
Poyimga gullarin toʻshagan,
Bir goʻzal iforni sogʻindim.
Mehrda singlimga oʻxshagan,
Bahorni sogʻindim…
Qizgʻaldoqlar quchgan togʻlarni,
Xush nasimlar esgan bogʻlarni,
Olib kelgan dilxush chogʻlarni,
Bahorni sogʻindim…
Argʻimchoqda uchgan hislarni,
Oʻsma surgan sirdosh qizlarni,
Oʻrik guli toʻkkan izlarni,
Bahorni sogʻindim…
Qorlar ezgan maʼyus torkoʻcha,
Chuchmomaga intiq zor koʻcha,
Oxir aytdi dardlarin kecha,
“Bahorni sogʻindim!..”
Kapalakman, asli guldagi,
Sogʻinchmi u ogʻriq, dildagi
Yigʻlamadim,
Yoʻq, yoʻq shunchaki,
Bahorni sogʻindim…
Goʻzal ROʻZIYEVA
“Yoshlik”, 2015 yil 2-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/sukunatga-chokayotgan-qichqiriqman/