SUDLOVNING OSHKORALIGI (OʻzRda) — barcha sudlarda ishlarni ochiq sud majlisida koʻrilishi prinsipi. Bu qoida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 113moddasida belgilab qoʻyilgan. Sudda har qanday shaxs, jumladan, jamoat birlashmalarining, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etishi mumkin. So. ishlarni jamoatchilik kuzatuvida xolis va odilona koʻrilishini, inson huquqlariga rioya etilishini, aholining huquqiy madaniyati yuksalishini taʼminlaydi. So. ga oid qoidalar protsessual kodekslarda batafeil bayon qilingan. Ishlar faqat qonunda belgilangan hollarda, jumladan, davlat sirlarini yoki tijorat sirlarini saqlash zarur boʻlganda, shuningdek, jinsiy jinoyatlarga oid boʻlsa, sudning ajrimiga asosan yopiq sud majlisida koʻriladi.
Zarur hollarda, voyaga yetmaganlarning jinoyatlari toʻgʻrisida, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy hayotiga oid yoki ularning shaʼni va qadrqimmatini kamsitadigan maʼlumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida, jabrlanuvchi, guvoh yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, ularning oila aʼzolari va qarindoshlari xavfsiz boʻlishini taʼminlash taqozo qilganda, sud ajrim chiqarib ishni yopiq majlisda koʻrishi mumkin. Yopiq sud majlisida barcha protsessual qoidalarga rioya qilinadi. Sud zalida ovozlarni yozib olish, fotosuratga, videoyozuv, kino olishga fakat sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi. Sud hukmi va qarorlari barcha hollarda oshkora eʼlon qilinadi (JPK, 19modda, FPK, 10modda, XPK, 8modda).