Bu yangi tarixdir, bu yangi zamon,
Zulm saltanati endi sobiqdir.
Shuʼlalar taraldi, yorishdi osmon,
Bu subhi sodiqdir, subhi sodiqdir.
* * *
Gʻuncha ochilishin zor kutib, sahar –
Bulbul koʻzlarini uyqu olarkan.
Oshiq yor vasliga intilib yillar,
Yetganda tili lol boʻlib qolarkan.
Dafʼatan chiqqanda tiyra goʻshadan,
Nurga ojiz ekan odamzod koʻzi.
Oʻsha bulbul – menman, oshiq – oʻshaman,
Men koʻzi qamashgan insonning oʻzi…
1991
ShUKURKIM, KELDI ISTIQLOL
Agarchi ismim Erkin.
Erki yoʻq, bandi kishan boʻldim,
Koʻzim bogʻliq, dilim dogʻliq,
Tilimyoʻq, besuxan boʻldim.
Koʻrib hayratga tushdi
Bu jahon holi parishonim,
Bamisli ankabut soʻrgan –
Chibin, pajmurda tan boʻldim.
Muazzam Sayhunu, Jayhun –
Labida tashna lab qoldim,
Kiyintirdim jahonni,
Jismi uryon, bekafan boʻldim.
Chekibdur Boburu Furqat
Vatan hajrida afgʻonlar,
Men ersam, vah, ne gʻurbatkim,
Vatanda bevatan boʻldim.
Olisda, oh, diyorim, deb
Sogʻingan, ey vatandoshim,
Dema sen oʻzni bebaxt,
Baxti yoʻq aslida man boʻldim.
Shukurkim, keldi istiqlol,
Umidimrost qil, Ollohim,
Ki, shoyad beqafas bulbul
Kabi sohib chaman boʻldim.
Ishonchim bor, Vatan, bir kun
Kelar chin nurli davroning,
Degayman shunda chin Erkin,
Chin inson qaytadan boʻldim.
1991
YANGI YIL MUNOJOTI
Vaqtning chopqirligiga hayratim tugamasdir,
Yilning oʻtishi goʻyo chaqnagan chaqmoq misol.
Yil nadir, umr oʻzi aslida bir nafasdir,
Eshikdan kirib shu on darchadan chikmoq misol.
Besh yuz yil yashar emish, togʻ ahli bir qabila,
Sabrni maslak bilib, qanoatni toat deb.
Uy tiklamas emishlar birgina sabab ila,
Shu ozgina umrga ranj chekmoq na hojat deb.
Bu-ku bir afsonadir, aslida ahli olam
Odamdek yashash istar shu besh kunlik dunyoda.
Jahondan umid uzmas umri oʻtib borsa ham,
Yoshi ulgʻaygan sari orzulari ziyoda.
Bolamdeb nihol ekar, nabiramdeb uy solar,
Mendan ham biror yodgor avlodimga qolsin, der.
Dil tubida umrbod yashar oydin xayollar,
Vatanim kamol topsin, millatim yuksalsin, der.
Insondek yashamoqning asli shudir maʼnosi,
Yurt sevgisi bizlarga yurakdagi qondandir,
Bu muqaddas tuygʻuda ajdodlarning nidosi,
Hadis soʻzi – Vatanga muhabbat imondandir.
Imonimni butun qil, yurtimni nurafshon qil,
Pok, halol yoʻllaringga bizni yoʻlla, ilohim.
Vatanim kemasini dolgʻalardin omon kil,
Bu poyonsiz ummonda oʻzing qoʻlla, ilohim.
Yuraklarga mehr sol, adovatdan qil yiroq,
Bukungi zahmatlarning oqibati qut boʻlsin.
Erkka tashna elimning baxti boʻlsin yarqiroq,
Osmoni yorugʻ boʻlsin, nasibasi but boʻlsin.
1992
NAVROʻZ NASHIDASI
Yurtim!
Ilhomimga sarchashma oʻzing,
Birdek aziz menga yozing ham kuzing.
Bukun bahoringga sheʼr aytmoqchiman,
Vatanim, muborak boʻlsin navroʻzing.
Yana olam boʻldi yashil, serfusun,
Yana qizgʻaldoqlar ochildi gulgun.
Bu yilgi koʻklaming oʻzgacha butun,
Vatanim, muborak boʻlsin navroʻzing.
Qattiq qishdan chiqding zax tortib, xorib,
Yerdan chiqqan kabi boychechak yorib.
Bagʻringdan muz ketdi xamalga borib,
Vatanim, muborak boʻlsin navroʻzing.
Qir yashil, bogʻ yashil, boʻstondir yashil,
Bahoriy libosda jahondir yashil,
Erk yashil, istiqlol, imondir yashil,
Vatanim, muborak boʻlsin navroʻzing.
Boshingda hurriyat quyoshing bordir,
Oʻz Tugʻro, Bayrogʻing, Yurtboshing bordir.
Maqsading. gʻayrating, bardoshing bordir,
Vatanim, muborak boʻlsin navroʻzing.
Yosh chinorsan, oʻzni tutib olarsan,
“Ilik uzildi”dan oʻtib olarsan.
Yuzlab bahorlarni kutib olarsan,
Vatanim, muborak boʻlsin navroʻzing.
Bugun dalalarga qadalgan urugʻ
Inshoolloh, rizqu barakot toʻlugʻ,
Ey, umid oʻlkasi, ertasi ulugʻ –
Vatanim, muborak boʻlsin navroʻzing.
1992
TURKISTON BIR, VATAN BIR
Qadim ona bu tuproq
Turkiston bir, vatan bir.
Bizga jondan azizroq
Turkiston bir, vatan bir.
Al-Beruniy yodi bor,
Yassaviy faryodi bor,
Qoshgʻariy ijodi bor,
Turkiston bir, vatan bir.
Tangritogʻ – shamoili,
Jayhun, Talas va Ili –
Bobolarim manzili –
Turkiston bir, vatan bir.
Farobiy cholgʻusida,
Navoiy orzusida,
Shoh Bobur qaygʻusida
Turkiston bir, vatan bir.
Temur bobomtugʻida,
Shermuhammad ruhida,
Istiqlol shukuhida
Turkiston bir, vatan bir.
Tojik – yuksak Pomirim,
Turkman – tutash tomirim,
Qirgʻiz, qozoq – bovurim –
Turkiston bir, vatan bir.
Mustafo Choʻqay joni,
Choʻlponning shahid qoni,
Qodiriyning armoni –
Turkiston bir, vatan bir.
Yovlar pora qilgan tan,
Xomtalash boʻlgan vatan.
Oh, boʻlurmi qaytadan
Turkiston bir, vatan bir.
Ona yerga quloq tut,
Nidolar boʻlmas unut.
Ruhlar aytar: ona yurt
Turkiston bir, vatan bir.
1992
OʻLKAMDA BAHOR
Dalalar uygʻondi, boychechak undi,
Zamindan qor ketdi, koʻngildan gʻubor.
Yarq etgan toleday quyosh koʻrindi,
Oʻlkamda bahordir, oʻlkamda bahor.
Qish uzoq choʻzildi, shukur, oʻtdi-ya,
Boqiydek tuyulgan muzlar ketdi-ya,
Ivishiq kunlarning kuni bitdi-ya,
Oʻlkamda bahordir, oʻlkamda bahor.
Bahorda yoshlikning totli boʻyi bor,
Bahor erk singari yorugʻ va zangor.
Yosh yurtim bahordek boʻlsin begʻubor,
Oʻlkamda bahordir, oʻlkamda bahor.
Bahorning bahordek feʼllari bordir,
Momoqaldirogʻi, sellari bordir.
Goh sarin, goh achchiq yellari bordir,
Chunki u bahordir, oʻlkamda bahor.
Mayli-da, xush keldi, but keldi koʻklam,
Toʻkinlik, baraka kut, keldi koʻklam,
Inshooloh, deylik – qut keldi koʻklam,
Oʻlkamda bahordir, oʻlkamda bahor.
1992
VATAN QADRI
Chashma qoshida tiniq suv
Qadrini bilmas kishi,
Sayr etib gulshanda gulni
Koʻziga ilmas kishi.
Vah, bu ne gʻaflatki inson –
Koʻksida tutmish vatan,
Kim vatan ichra vatanning
Shukrini qilmas kishi.
Yurt nedir, yurt dogʻi nedir,
Yurtdan ayrilgan bilar,
Anglaguvchi yurt firoqin
Yurtda topilmas kishi.
Ey, vatandoshim, eshit
Boburu Furqat nolasin,
Besabab anduh tigʻida
Bagʻrini tilmas kishi,
Bilma, farzandim, vatan hajrini,
Lek qadrini bil –
Kimvatan qadrini bilmas,
Angla, komilmas kishi.
1992
OʻZBEKISTON BOGʻLARIGA QAYTIB KELDI BULBULLAR
Bugun sahar bulbullarning chah-chahidan uygʻondim,
Shohimardon togʻlarida bir yayradim, quvondim.
Bir-biriga navbat bermay qoʻshiq aytdi bulbullar,
Shukr boʻlsin, bogʻlarimga yana qaytdi bulbullar.
Necha zamon noyob edi oʻlkamda bu tarona,
Necha zamon bulbullarni sogʻingandi Fargʻona.
Tomigacha paxta ekkan elda netar bulbullar,
Osmonidan zahar yoqqan yurtdan ketar bulbullar!
Chamanzorlar shudgor boʻlsa bulbul qandoq yayrasin,
Erk qushchasi erk yoʻq joyda qandoq qilib sayrasin?
Mana, bukun bogʻlarimga qaytib keldi bulbullar,
Hur Vatanga hur qoʻshiqlar aytib keldi bulbullar.
Men ham endi qalamimni sheʼrlar uchun charxlayin,
Bu sehrli taronani gʻazallarda sharhlayin.
Bugun sahar bulbullarning chah-chahidan uygʻondim,
Shohimardon togʻlarida bir yayradim, quvondim.
Chamanlarda shoʻx sayrasin, zavqqa toʻlsin bulbullar,
Qaytmas boʻlib vatanimga kelgan boʻlsin bulbullar.
1992
* * *
Vatan, to tanda jonim bor,
Seningdirman, seningdirman,
Tanim hok oʻlsa ham sen yor,
Seningdirman, seningdirman.
Jahon kengdir, falak kengdir,
Yurak kengdir, chu sen borsan,
Seningsiz ikki dunyo tor,
Seningdirman, seningdirman.
Menga begona ellarda nasib gar
Oʻlsa yuz rohat
Chekay bagʻringda ming ozor,
“Seningdirman, seningdirman.
Agar shodliklaring ozdir,
Meningdirsan, meningdirsan,
Magarkim gʻamlarim bisyor,
Seningdirman, seningdirman
Bugun bor, erta yoʻq jismim,
Valek ruhim uchun mangu
Sening manguliging darkor,
Seningdirman, seningdirman.
Sening ishqing bilan yondim,
Ketar jonimda bu otash,
Seningdirman, yana takror,
Seningdirman, seningdirman.
1992
* * *
Qadaming muborak boʻlsin, yangi yil,
Umrim daftarining sheroz yili boʻl.
Umid Manzilini bizga yaqin qil,
Yuksalish yoʻlining ogʻoz yili boʻl.
Bahor yomgʻir boʻlib barakangni soch,
Yozda oftob boʻlib tole yuzin och,
Kuzing toʻkin kelsin, baxting borivoj,
Ozod Vatanimga parvoz yili boʻl.
1993
KEL, EY BOBUR, VATANGA…
Kel, ey Bobur, vatanga,
Elda yoding, qadru shoning bor,
Tabarruk bul zaminingda
Hayoti jovidoning bor.
Sogʻinching, orzuying,
Koʻzyoshing, armonlaring bunda,
Jahonga sigʻmagan
Shoir xayoling, bir jahoning bor.
Bu yurtning lolazoriga
Sochilgandir yurak qoning,
Shafaqlarda falakni
Oʻrtagan oʻtli figʻoning bor.
Zamonekim, nizolardan
Toʻyib tarki vatan qilding,
Muroding endi hosildir,
Zamoni alʼamoning bor.
Eling, alhamdulillohkim,
Asoratdan xalos boʻlgan,
Goʻzal yurt Andijoning,
Anda ruhing, anda joning bor.
Kel, ey Bobur, gʻazal yoz,
Ot minib kez shoh Boburdek,
Necha Bobur kabi nasling
Bahodir, pahlavoning bor.
1993
HOJI OTA MARGʻILONIY SOʻZI
Yetmish yillik umrim oʻtdi xorijda
Yuzdan oshgan Hoji otang boʻlaman.
Oʻlolmadim Istanbulda, Porijda,
Ona yurtdan ayru qandoq oʻlaman?
Qandoq ketay vatanimni koʻrmay hur,
Ilhaqlikdan zoʻr dunyoda hech dard yoʻq.
Mana, yetdim murodimga, ming shukur,
Endi, bolam, oʻladigan nomard yoʻq.
1993
YOSH ShOIRGA
Tilay gʻayrat senga, yosh shoir ukam,
Fazlu hikmat senga, yosh shoir ukam.
Biz ham kuylab oʻtdik imkonlar qadar,
Endi navbat senga, yosh shoir ukam.
Mustaqil hur maʼvo seningdir, sening,
Ozod, emin sado seningdir, sening.
Biz shivirlab aytgan tuygʻuni endi
Kuylash oshkoro seningdir, sening.
Nafosat yurtiga posbon boʻl, oʻgʻlon,
Tili shamshir, koʻksi qalqon boʻl, oʻgʻlon.
Avvalo shoir boʻl, undan ham avval
Shu yurtga oʻgʻlon boʻl, oʻgʻlon boʻl, oʻgʻlon.
1993
IKKI JAHONNI SADQA QIL
Yaxshilik qilma birovga koʻz uchun,
Yaxshilik asli birovmas, oʻz uchun.
Rizqi roʻz berdim dema, odam axir
Kelmagay dunyoga rizqi roʻz uchun.
Ne olib ketgay bu olamdan kishi,
Bori savdo ikki gazlik boʻz uchun.
Gar jahonning shohidursan, zorsan,
Mehr atalgan malhamu dilsoʻz uchun.
Jon nadir, ikki jahonni sadqa qil
Doʻst senga aytgan bir ogʻiz soʻz uchun.
1994
TILSIM
Ayol xatosidan kulgan xatodir,
Tortishgan undan ham ulkan xatodir.
Ayol hech bir bahsda yengilmas tilsim,
Uni faqat sevib qilurlar taslim.
1994
MEHMON VA MEZBON
(Oʻzbekchilik lutflaridan)
– Meni mehmonga aytsangiz,
Turtmasangiz boray,
Yumshoq oʻrnimdan boʻyraga
Surmasangiz boray.
Qovogʻingiz osib, labni
Burmasangiz boray.
Tomogʻimga xanjar tirab
Turmasangiz boray.
Mening uchun temir qafas
Qurmasangiz boray.
Oʻlar holga yetgunimcha
Urmasangiz boray.
– Siz men uchun aziz mehmon,
Turtarkanman nega?
Qovogʻimni osib, labim
Burarkanman nega?
Yumshoq joydan qoq boʻyraga
Surarkanman nega?
Sizning uchun temir qafas
Qurarkanman nega?
Kim oʻz mehmonin uripti?
Urarkanman nega?
– Borsam, yuqori chiqing, deb,
Meni turtasiz-ku,
Xohlagan joyimni bermay
Toʻrga surasiz-ku.
Paqqos oshingiz yemasam
Labni burasiz-ku,
May ichmasam xanjar tirab
Zoʻrlab turasiz-ku,
Ketay desam qoʻymay temir
Qafas qurasiz-ku,
Nodonga hamsuhbat qilib
Meni urasiz-ku.
1994
“TARBIYa”
Jiyan togʻasiga “jinnisan” desa,
Ota tanbeh berdi oʻgʻliga sekin:
Togʻang katta odam, kattani esa
Sizlash kerak, oʻrlim, “jinnisiz”, degin.
1994
DOʻSTI NODONDAN KOʻRA
Boʻlmasa hushyor yoru
Oqilu sodiq joʻra,
Yaxshidir idrokli dushman
Doʻsti nodondan koʻra.
Doʻsti nodon doʻstligidan
Koʻp jafo chekding, koʻngil,
Yolborib doʻstingdan endi
Bitta dushmanlik soʻra.
Doʻst topishga xom etibdir
Bizni taqdiri azal,
Gʻoʻr boʻlib dunyoga keldik,
Goʻrga kirgaymiz gʻoʻra.
Asli oʻzdin oʻzga yoʻkdir,
Doʻsti nodon, oʻzga biz
Til bilan qoʻydik tuzogʻ,
Qazdik qalambirlan oʻra.
Gar meni doʻst anglasang,
Achchiq tilimdan ranjima,
Menga dushman oʻz tilim,
Lekin senga doʻstdir, joʻra.
Qil oʻzingga doʻstlik, Erkin,
Ruhingga ista najot,
Toza koʻngilni muhabbat
Shuʼlasi birlan oʻra.
1994
MASKANIM FARGʻONADIR
Bu vatanda bir makon bor, men uchun bir donadir.
Koʻhna Turkiston sadaf boʻlsa, u yer durdonadir.
Kim parixona deb aytar, kim uchun Parkonadir,
Sheʼriyat taʼrifida uyqudagi jononadir,
U mening uygʻoq diyorim oʻktamu mardonadir,
Maskanim Fargʻonadir, Fargʻonadir, Fargʻonadir.
Chin parilar maskani, Zuhroyu Tohirlar yeri,
Olimu shoir, hunarmand, fazli nodirlar yeri,
Koʻp ajib moʻjiza bunyodiga qodirlar yeri,
Kiftda toʻn, belda qiyiq, mardu bahodirlar yeri,
Maqtanib yurdim jahonda, menga bu yurt onadir,
Maskanim Fargʻonadir, Fargʻonadir, Fargʻonadir.
Kechmishing xobimga kirsa, seskanib uygʻonaman,
Sochi qirqilgan momom faryodidan toʻlgʻonaman,
Shoiring yozmish: “Shul aybim – mardumi Fargʻonaman”.
Shukrlarkim, bu alam anduhiga begonaman,
El aro fargʻonalikman, deb gʻururim qonadir,
Maskanim Fargʻonadir, Fargʻonadir, Fargʻonadir.
Maskanim Fargʻonayu koʻhna Samarqand ham manim,
Xorazm – faxrim, Namangan mehrimu jonim-tanim,
Yoshligim ardoqlagan Toshkent koʻnguldan sevganim,
Andijon, Surxon, Buxoro, oʻz choʻlim, oʻz gulshanim,
Lek, desam Fargʻona, dilda oʻzga otash yonadir,
Maskanim Fargʻonadir, Fargʻonadir, Fargʻonadir.
Mustaqil tinchu omon yurtim saodat oʻlkasi,
Kelmasin boshiga hech ranju balolar koʻlkasi,
Rizqi but boʻlsin uning, yer koʻrmasin hech yelkasi,
Yangrasin olamda men hurman degan ozod sasi,
Bu zamin obi-hayot birla toʻlugʻ paymonadir,
Maskanim Fargʻonadir, Fargʻonadir, Fargʻonadir.
1995
FARGʻONANING YOʻLLARIDA
Deydilarki, er kishining
Uyalgani – oʻlgani.
Fargʻonaning yoʻllarida
Quvib oʻtdik “Volga”ni.
Dovon oshib, shamol boʻlib
Uchar bizning “Jiguli”,
“Jiguli”mas, nakd “Boychibor”,
“Havopaymo” deguli.
“Jiguli”da biz – toʻrt ulfat,
Dunyo bilan ishi yoʻk.
Oʻzimizdan juda magʻrur,
Bizga yetar kishi yoʻq.
Kechqurungi bazmi jamshid –
Toʻyga shoshib boramiz.
Koʻringan har gʻildirakni
Quvib oshib boramiz.
Bir payt bizning jayron toyni
Bilolmadik ne sabab,
Pachoqqina “Zaporojets”
Quvib qoldi, voajab.
Oʻzmoq boʻlib yoʻlni goh soʻl,
Gohi oʻngga soladi.
Tumov boʻlgan xoʻroz kabi
Bibildogʻin chaladi.
Bizlar esa boʻsh kelmaymiz,
Mingga qoʻyib bosamiz.
Qiy-qiylashib, til koʻrsatib,
Masxaralab qochamiz.
“Zaporojets” nima boʻpti,
Quvib oʻtdiq “Volga”ni.
Bos, der Parpi, er kishining
Uyalgani – oʻlgani.
Rixsitillo qichqiradi:
“Togʻorangni nari ol”.
Egamberdi qahqah urar:
“Eski qumgʻon, yaxshi qol!”.
“Zaporojets” chidamadi,
Toʻrt ulfatni gangitib,
Shartta yoʻlni qirga soldi,
Hammayoqni changitib.
Tarilladi, varilladi,
Quvib oʻtdi, voh, qarang!
Quvib oʻtib mashinani
Yoʻlga qoʻydi koʻndalang.
Biz toʻxtadik. Yoʻl berkilgan.
Oʻtishga hech imkon yoʻq.
Toʻrtov hayron oʻltiribmiz,
Tizzalarda darmon yoʻq.
“Zaporoj”dan chiqib keldi
Fargʻonalik barzangi.
Barzangining har yelkasi
Naqd Chotqolning xarsangi.
Belbogʻiga osib olgan
Pichogʻi hambir quloch.
Qaltiraymiz, oldga yoʻl yoʻq,
Qaytishga ham yoʻq iloj.
Mashinani tashlab qochsak
Qayerga ham ketarmiz?!
Bitta-bitta ushlab olib
Chavaqlasa netarmiz?!
Ana, qaddin rostladi u,
Soʻng atrofga alanglab –
Bizga qarab asta yurdi
King-Kong misol lapanglab.
Shu payt iloj boʻlsa edi
Biz toʻrt akang qaragʻay,
Toshkentgacha qochar edik
Orqamizga qaramay.
Yaqin keldi, salomberdi,
Ertaklarda deydilar:
Devlar avval salomberib,
Keyin tutib yeydilar.
Derazadan qoʻlni tiqdi.
Ulkan, jundor, dahshat qoʻl.
“Soʻrashaylik” demaganda
Dodlar edik, engil hoʻl.
Guldiragan ovoz bilan
Gap boshladi: “Ming uzr.
Yoʻlingizni toʻsib sizni
Qilgan boʻlsam behuzur.
Mashinangiz gʻildiragi
Boʻshayotir, akalar.
Motordan ham moy ketganga
Oʻxshayotir, akalar.
Shuni aytish uchun quvib,
Yoʻlni toʻsdim, kechiring!
Endi oʻzim koʻrib beray,
Motor oʻtin oʻchiring”.
Shunday deya kirib ketdi
Mashinaning tagiga.
Soʻngra chiqib nasos urdi
Orqa gʻildiragiga.
Sehrlangan odamlardek
Turar edik biz hayron.
Qarashaylik desak qoʻymas:
“Fargʻonaga siz mehmon”.
Ish orasi latifalar
Aytib yana kuldirdi.
Xullas, shu kun dehqon yigit
Bizni tirik oʻldirdi.
Ishni sozlab, ariqchada
Yuvar ekan qoʻlini,
Soʻrab borar manzilimiz,
Aytdi yaqin yoʻlini.
Soʻng bor qarab mashinaga,
Yon koʻzguni tuzatdi.
“Oq yoʻl”, dedi, oʻzi ketmay
Avval bizni kuzatdi.
“Xayr, qamchi bosing, endi
Toychogʻingiz hech tolmas.
Bizning eski qumgʻon tugul
Samolyot ham yetolmas”.
Yoʻlga chiqsik izza boʻlib
Qip-qizarib, sharmanda.
Eng yomoni keyin boʻldi –
Toʻyxonaga borganda.
Ostonada oʻsha yigit
Bizni kutib turardi.
Qoʻlda qumgʻon, yelkasida
Sochiq tutib turardi.
Koʻzi kulib boqar edi,
Sir bermasdi u biroq.
Bundan koʻra bizni tutib
Ursa edi yaxshiroq.
Oʻzimizga ayon shu kun
Boʻlarimiz boʻlgani.
Deydilarki, er kishining
Uyalgani – oʻlgani.
1996
DEMANG, ShOIR TINIB KETDI
Demang, shoir tinib ketdi,
Siyosatga inib ketdi.
Va yo aytmangki, moʻrt toldek,
Shamollarda sinib ketdi.
Siz, ey lutf bahrida gʻavvos,
U sizni sogʻinib ketdi.
Demang, shoir jimib ketdi,
Gʻazal yozmay tinib ketdi.
Tinib ketsa, bilingizki,
Yogʻoch otga minib ketdi.
1996
MUBORAKBOD
Ikki yonbagʻirdan tushgan qoʻsh irmoq
Birikib soy boʻlib oqqani kabi,
Qamar koʻzgisiyu quyosh shuʼlasi
Uchrashib oy boʻlib boqqani kabi,
Qarchigʻay kiftida tutash qoʻshaloq
Qanotin falakda qoqqani kabi,
Zaminda uchrashib oftob bilan suv
Zamin koʻksiga gul taqqani kabi,
Gʻijjak torlarida uchrashgan simlar
Kuy boʻlib dillarga oqqani kabi
Sheʼr uzra tutashgan qalam va qogʻoz
Yuraklarga olov yoqqani kabi.
Bu kun ikki yurak – ikki kabutar
Bir sevgi navosin chalmoqda xassos.
Ikki chamanzorning ikki chechagi
Bir yangi gulshanga solmoqda asos.
Bu gulshan uyingiz muborak boʻlsin,
Muhabbat toʻyingiz muborak boʻlsin.
1996
KEKSALIK GASHTI
Qarilik gashtini maqtashdan koʻra,
Muxbir bolam, uni bizlardan soʻra.
Mana, biz bu gashtni surayotirmiz,
Ertalab inqillab turayotirmiz,
Ogʻrikdan qaqshagan belimiz silab,
Kavushimiz sudrab, chunon imillab,
Belimiz changallab yurayotirmiz,
Qarilik gashtini surayotirmiz.
Bilakdan kuch ketgan, koʻzdan esa nur,
Pashshamizni zoʻrgʻa qoʻrayotirmiz.
Bir maxal oq urib qilardik huzur,
Endi valokardin urayotirmiz.
Kelar ichimizdan xoʻrsiniq chuqur.
Asqar togʻ edik-ku, nurayotirmiz.
Koʻnamiz, ne iloj, shunga ham shukur,
Harqalay koʻz tirik, koʻrayotirmiz,
Qarilik gashtini surayotirmiz.
Qarilikni havas qilmagin, bolam,
Yomon koʻrinadi koʻzingga olam.
Qariganda achib qolarkan odam,
Baʼzan bobov boʻlib hurayotirmiz,
Qarilik gashtini surayotirmiz.
Qarilik gasht emas, yulgʻunli dasht ul,
Qarilik tikandir, yoshlik esa gul,
Yoshlikka ne yetsin, u oʻzi maʼqul,
Yoshlik xazinadir, qarilik – bir pul.
Yigitlarga aytar nasihatim shul:
Yosh yoshlikda yoshlik gashtini sursin,
Keksalik ham kelar, uni ham koʻrsin,
Hozircha qarishga shoshmasdan tursin –
Belangisi qursin, yoʻtali qursin.
Agar maʼqul boʻlsa faxriy degan nom
Barcha nishonimiz olib, bir oqshom
Yoshligini bizga qarz berib tursin.
Qarilik gashtini maqtashdan koʻra,
Muxbir bolam, uni bizlardan soʻra.
1996
ShAXMAT USTIDA AYTILGAN SHEʼR
Men erkak oʻrnida turishim kerak,
Yo xotin izmiga yurishim kerak.
Xotinning, toʻy, lozimomadasi koʻp,
Ha, desa labbay, deb turishim kerak.
Ha, desa labbay, deb turishim uchun,
Uyimda pul zavod kurishim kerak.
Uyimda pul zavod quraolmasam,
Eng katta bankani urishim kerak.
Eng katta banka ham qoʻldan kelmasa,
Ha, desa shalvirab turishim kerak.
Shalvirab turuvchi erkak boʻlgandan
Yoʻq boʻlib dunyodan, qurishim kerak.
Dunyodan yoʻq boʻlib ketmaslik uchun
Men erkak oʻrnida turishim kerak.
Yaʼni erkaklarning ishini qilib,
Mazza qilib shaxmat surishim kerak.
1996
KUZATISH
Maʼsum koʻzlaringda sevinch bir olam,
Murgʻak koʻngling ichra dunyo hayajon.
Bugun qoʻymoqdasan maktabga qadam,
Mustaqil yurtimga tengdosh bolajon.
Otang gʻururlanar, onang bilmas tin,
Buving boʻylaringdan yuz bor aylandi.
Yangi hayot senga muborak boʻlsin,
Ozod vatanimning ozod farzandi.
Birinchi sentyabr, birinchi nahor,
Birinchi qoʻngʻiroq, birinchi taʼlim.
Osmoning begʻubor, diling begʻubor,
Baxtli kun dunyoga kelgan asalim.
Seni kuzatarkan, oyijon emas,
Farishtalar soching tarab turibdi.
Xayolimda shu bir xonadon emas,
Olam yoʻllaringga qarab turibdi.
Oydin istiqboling, iqboling bilan
Koʻnglimning eng shirin xayolidirsan.
Niholsan, ertangi kamoling bilan
Umidlar yurtining timsolidirsan.
Koʻnglimtoʻla senga havas va ziyo,
Oʻzing oʻz, soʻzing soʻz, mutelik abas.
Oʻzga til, begona maslagu maʼvo
Endi senga aziz, mukarram emas.
Hur mamlakat sening, hur yurak sening,
Buyuk tarix sening, sening zamonang.
Inqilob zuryodi emas vataning,
Qulluqdan boshlanmas milliy taronang.
Shukur, shundoq kunga yetkazdi taqdir,
Yorugʻ peshonangdan, kel, bitta oʻpay.
Yuksaklarni koʻzla, qarchigʻay axir
Polopon boʻlsa ham zoti qarchigʻay.
1998
TOSHKENT DARBOZASI
Mening yurtim bugun endi
Jahon birlan tutashgandir,
Tutash taqdir, tutash ruhdir,
Tutash jondir, tutash qondir.
Nedir xat porlaguvchi
Poyitaxt darbozasi uzra,
Bu yurtga xush kelibsiz,
Marhabo, “Welcome to Toshkan”dir.
1997
BOQIY XOTIRA
Oʻylayman, ochilsa har yil navbahor
Moviy kengliklarda alvon lolalar,
Bular lola emas, yot ellarda zor
Lolaga aylangan askar bolalar.
Oʻylayman, oftob uygʻonib sahar,
Kunchiqar ufqiga tikkanda yalov,
Bu gulgun shafaqmas, osmonga qadar
Bevalar ohidan tutashgan olov.
Oʻylayman, har kech shams yetsa zavolga,
Borliqning tugamas motami rostdir.
Tun emas, onalar egnida qolgan
To mahshar yechilmas qora libosdir.
Yur, bolam, Maydonga boraylik bugun,
Qoʻlingda dona gul yanogʻingdek ol.
Bu gul sening baxting, shod kulging uchun
Fido boʻlgan bobong qalbiga timsol.
Yoʻq, sen oʻzing gulsan, vataning – chaman,
Ulgʻay, asl zoting unutma sira.
Bilki, qadr bilmak aslida – vatan,
Vatanning maʼnosi boqiy xotira.
1998
* * *
Siz mening osmonim, mohitobimsiz,
Mohitobim emas, oftobimsiz,
Ishonchim, quvonchim, yupanchim, yana
Sogʻinchim, oʻkinchim, iztirobimsiz.
Siz mening qalbimsiz, qalbimdagi sheʼr,
Bitmoq orzu qilgan bosh kitobimsiz.
Sevgim, umrim, yana umrimdavomi,
Baxtim, rohatimsiz va azobimsiz.
Sizdan shodlik koʻrib koʻzlarimda nur,
Alam cheksam mayli, shunga ham shukur,
Bu dardli dunyoda yaxshiki borsiz,
Borligingiz uchun sizga tashakkur.
1998
MENING YORIM
(Aytishuv)
Mening yorim kichgina, yoʻkdekkina,
Toʻpponchadan otilgan oʻqdekkina.
Totli soʻzin eshitib ertalabdan
Kechga qadar yuramiz toʻkdekkina.
Mening yorimqoracha, xoldekkina,
Arining dumidagi boldekkina.
Bizning ahvol – quymichga ari bosib
Belangi davolagan choldekkina.
Mening yorim ingichka, moʻrdakkina,
Moʻrdakkina boʻlsa ham zoʻrdakkina.
Tunov kun bir koʻtarib yerga urdi,
Gʻozgina edim, boʻldim oʻrdakkina.
Mening yorim sayroqi qushdekkina,
Sayrogʻi qulorimga xushdekkina.
Gaplarini tinglayman sakrab, sakrab,
Hammomdan keyin sovuq dushdekkina.
Mening yorim kampiru – qizdekkina,
Sizdek edik, siz boʻling bizdekkina.
Muzxonada har narsa uzoq turar,
Uzoq yashab yuribmiz muzdekkina.
1998
TAYYORADA
Parvoz chogʻt tayyoraning dilbar kelini
Koʻk toqini bizga taxti Sulaymon qildi.
Lekin eʼlon oʻqiganda oʻzbek tilini
Davlat tili boʻlganiga pushaymon qildi.
1998
16 FEVRAL 1999 YIL
Bu dunyoda yaxshi, yomon kunlar koʻrdim,
Oʻkinchim yoʻq, mayli, yillar qaddim egsin.
Men hamon bir askaringman, ona yurtim,
Sen tomonga otilgan oʻq menga tegsin.
Hali komil atolmasman makonimni,
Bekamodil sanolmasman zamonimni.
Lek kiprikda saqlayman bu davronimni,
Bu davronga otilgan oʻq menga tegsin.
Yurtim, olis yoʻlga chiqqan karvoning bor,
Karvoningga posbon uygʻoq sarboning bor,
El dardida xalovatsiz oʻgʻloning bor,
Shu insonga otilgan oʻq menga tegsin.
Tong nurisan, vatan, qalbim osmonida,
Erking azal ajdodlarning armonida,
Mehring abad avlodlarning imonida,
Shu imonga otilgan oʻq menga tegsin.
1999
OʻZBEK NAVOIYNI OʻQIMAY QOʻYSA…
Oʻzbek Navoiyni oʻqimay qoʻysa,
Oltin boshning kalla boʻlgani shudir.
Bedil qolib Demyan Bedniyni suysa,
Qora sochning malla boʻlgani shudir.
Oʻzbek Navoiyni oʻqimay qoʻysa,
Dod demoqqa palla boʻlgani shudir.
Maʼrifatdan ayru oʻynasa, kulsa,
Aza chogʻi yalla boʻlgani shudir.
Oʻzbek Navoiyni oʻqimay qoʻysa,
Aldangani, alla boʻlgani shudir.
Yulgʻich aziz boʻlib, bilgich xor boʻlsa,
Paytavaning salla boʻlgani shudir.
El komil boʻlmasa yurt emas ulugʻ,
Beqadr mahalla boʻlgani shudir.
Qalb toʻla nur xalqning rizqi ham toʻlugʻ,
Ombor toʻla gʻalla boʻlgani shudir.
Oʻzbek oʻzligini anglasa bekam,
Uning “Barakalla” boʻlgani shudir.
Olamga Navoiy nasliman degan
Ovozi baralla boʻlgani shudir.
1971-2000
UCHRASHUV
Olmon vatanimni zabt etolmagan,
Ajib ishlar qilar bul charxi gardun.
Miltiq emas, qalam tutgan Yogann
Mening kulbamaro mehmondir bugun.
Qoʻlida Saʼdiyning “Gulistoni” bor,
“Sharq-gʻarb devoni”din oʻqir menga sheʼr.
Bunda nogoh ikki sohibi ashʼor
Dardlashib qoldilar – Gyote, Alisher.
Daholarga yoʻkdir zamon va makon,
Ular malak yangligʻ olam bolasi.
Oshiq yuraklarni titratar hamon
Majnun faryodi-yu, Verter nolasi.
Garchi oʻtib ketmish asrlar qator,
Garchi bukun oʻzga kurrai olam.
Ammo hanuz yerda yosumanlar bor,
Hanuz oʻlgani yoʻq Mefistofel ham.
Laylo, Margarita sof dil toʻlqini
Gohi xarsanglarda boʻladi chil-chil.
Ikki olamaro inson ruhini
Hanuz talashadi Haq va Azozil.
Lekin Farhodgayu, Faustga armon
Mehnat, ijod yurti bu mening oʻlkam.
Ustozlarim uni koʻrsin deb bir on
Toʻxta, ey soniya, deyurman bu dam.
1999
KAʼBATULLOH
Imonu namozu roʻzayu zakot –
Farzin ado etmay, el koʻzi uchun –
Xoji degan nomni olmoq boʻlgan zot –
Qulogʻiga gapim, bir oʻzi uchun:
Nafi yoʻq zar sochib gunoh yuvishning,
Rahmon ham jabbor ham yolgʻiz Olloxdir.
Bir dardmand qarindosh, bir muhtoj qoʻshning
Ozurda yuragi Kaʼbatulloxdir.
1999
GRIPP BOʻLGAN OSHNAMGA
Sogʻlom boʻlsang ishlab horma, ogʻayni,
Gripp boʻlsang ishga borma, ogʻayni.
Fidoyiman deb hammaga uqtirma,
Bu ham bir dard, uni elga yuqtirma.
1999
SHEʼR YOZGANDA
Ozod Sharafiddinovga
Sheʼr yozganda yurak soʻzidan
Boshqa soʻzni uqqan emasman.
Nozirlarning qattol koʻzidan,
Gʻazabidan qoʻrqqan emasman.
Faqat sheʼrim rostmona tinib
Yetilmasa, xom chiqsa bexos,
Ustoz Ozod Sharafiddinov
Qovogʻidan qoʻrqqanman, xolos.
2000
YOLGʻON XDQIDA
Gar hakim oʻsalga tasallo bergay,
Soʻzi yolgʻon boʻlsa, Olloh kechirgay.
Ayrilgan doʻstlarni qovushtirgan zot
Aldasa, tadbiri gunoxdan ozod.
Xunuk xotiningga ayt, yuzing – oftob,
Bu asli yolgʻonmas, gunohmas, savob.
Rostu yolgʻonlarning hisobi bordir,
U dunyo, bu dunyo javobi bordir.
Yolgʻonchi olamda gunohimiz koʻp,
Kechiruvchi tanho parvardigordir.
Jahonda yolgʻon bor lbkin eng yomon –
Elni jaholatga boshlagan yolgʻon.
U xalq yuragiga otilgan oʻqdir,
Unga ikki olammagʻfirat yoʻkdir.
2000
KICHKINA KATTALAR
Martaba berganda feʼl ham bersa keng,
Adlu muruvvatdan qilmasa judo.
Dargohi kattalar bor boʻlsin, lekin
Kichik kattalardan asrasin xudo.
Sen biror eshikka bosh urib borsang,
Yuz bor haq boʻlsang-da bitmasa ishing,
Bilki, koʻksi ichra qalb emas, xarsang,
Kichkina kattadir uchragan kishing.
Sen olim boʻlsangu ixtiro bilan
Lol qilgudek boʻlsang agar dunyoni,
Senga yoʻl ochguncha bir imzo bilan
Kichkina kattaning uzilar joni.
Tadbirkor boʻlsangu el nafi uchun
Bir tadbir oʻylasang, izlasang chora,
Ular topar albat yechilmas tugun,
Suyaging qolguncha qilar ovora.
Askar qasam ichar boʻlmoqqa fido,
Tabib qasam ichar baxsh etmoqqa jon.
Kichkina kattalar ont ichar ammo
“Falon boʻlay, seni qilmasam sarson”.
Chinor boʻlsang, ular kemirguvchi qurt,
Poʻlat boʻlsang ular yemirguvchi zang.
Ey tangrim, el unmas, qad koʻtarmas yurt
Kichik kattalarga insof bermasang.
Hech kimsa boʻlmagan dunyoga ustun,
Uqboga zar olib ketmagan odam.
Kattayu kichikning boshida bor kun
Kelar, axir kichik kattalarga ham.
Men sheʼr aytdim, xolos, ne ham qilay man,
Ne iloj, iztirob jonga oʻt qalar.
Faqat koʻnglingizga imon tilayman,
Diyonat tilayman, kichik kattalar.
2000
BIR NIHOL
Yurtdoshim, bogʻingga bir nihol qada,
Bu nihol nomini Yaxshilik ata.
Niholing yoniga bir gul ekib qoʻy,
U gulning ismini Goʻzallik deb qoʻy.
Gulu niholingga baxsh etib hayot,
Suv ber va bu suvga Mehr deb qoʻy ot.
Sendan farzandingga bogʻ qolsin, ey doʻst,
Bogʻing Vatan degan nom olsin, ey doʻst.
2000
TABRIK
(«Xalq soʻzi» gazetasiga)
Darbozam chertuvchi erta tong bilan,
Elni uygʻotuvchi har subh bong bilan,
Roʻznomam, oʻn yoshing muborak boʻlsin,
Yangi asr, yangi shuur, ong bilan.
Yodimda toʻqson bir, tugʻilgan yiling,
Istiqlol deb dastlab chiqqandi tiling.
Mustaqil mamlakat tengdoshi boʻlib
Vatan xizmatiga bogʻlandi beling.
Mudom ozod elning ozod soʻzi boʻl,
Keng olamga sergak boqqan koʻzi boʻl.
Xaqiqat yoʻlini yoritgan charogʻ,
Adl karvoniga qutb yulduzi boʻl.
Bu yon Amerika, bu yon Chinmochin,
Oʻzbek olam uzra yozdi qulochin.
Quloch yozgan elning sadosi boʻlib
Yuksal, temir qanot, ey murgʻak lochin!
2001
Erkin VOHIDOV
“Umrim daryosi” (“Sharq” nashriyoti, 2001) kitobidan
https://saviya.uz/ijod/nazm/subhi-sodiq/