Stalinning soʻnggi siri

Kommunizm dohiysi oʻz aʼyonlari tomonidan zaharlab oʻldirilgan!..

Kommunistlarning jahonga mashhur dohiysi, butun dunyoni Moskva qarshisida tiz choʻkishini orzu qilgan Iosif Stalin vafot etgani ham yarim asrdan ziyod vaqt oʻtdi. Bu muddat

davomida “xalqlar otasi”ning oʻlimi haqida turli taxminlar, mulohazalar bildirildi. Kimdir oʻzi orzu qilgan davlatning inqirozini oldindan koʻrgan diktator oʻzini oʻzi oʻldirgan, degan fikrni aytdi. Yana kimdir Stalin oʻlimida xorij josuslarini aybladi. Rossiyalik tarixchi Edvard Radzinskiy esa yaqinda kutilmagan qarashni ilgari surdi. Olimning taxminiga koʻra, Stalin oʻz qoʻl ostidagi mansabdorlar tomonidan zaharlab oʻldirilgan ekan…

1950-yillar boshidayoq temir boshqaruvga asoslangan va qon bilan sugʻorib turilgan saltanatning tagiga suv ketib ulgurgandi. Ayni shu davrdayoq markaziy hokimiyatning oʻzida boʻlinish va dohiyga qarshilik kayfiyati paydo boʻla boshlagandi. Yuqori doiradagi mansabdorlar ham dohiyning porloq kelajak – kommunizm tantanasi haqidagi otashin nutqlariga allaqachon ishonmay qolishgandi. Bir paytlar Stalinning har bir soʻzini ilohiy kalomday qabul qilgan amaldorlar moʻylovdor dohiy tobora qarib borayotganini sezishardi va shu bois ham oldingidan bemalolroq, erkinroq harakat qilishardi. Bir paytlar Stalinning soyasiga salom bergan, “dohiyim”, “bobom”, “otam”, “otamdan ham ulugʻim”, “baloyi battarim” deya koʻklarga koʻtargan kishilar ham kommunizm meʼmorining soʻnib borayotganini eʼtirof etishardi. Kremldagi maxfiy suhbatlarda, yigʻinlarda ham Iosif Vissarionovichning keksalarcha injiqliklari haqida ochiq gapirila boshlangandi.

Ayni shu paytlarda Stalin Siyosiy byuro majlisida bir necha marta AQSH bilan muhoraba olib borish va shu orqali yangi qirgʻin – Uchinchi jahon urushini boshlash haqida gapirgandi. Biroq dohiyning urush haqidagi iddaolari “politbyuro”ning Malenkov, Xrushchev kabi aʼzolari rangi qutini oʻchirib yubordi. Hatto Stalinning 1937–va 1945-yillardagi qatagʻon va qirgʻinlarida tashkilotchi va ijrochi vazifasini bajargan Lavrentiy Beriyaday yovuz va qattol shaxs ham dohiyning urush toʻgʻrisidagi rejalariga qoʻshilmadi. Sababi, Ittifoq Ikkinchi jahon urushidan horib-charchab chiqqan, magʻlubiyatga teng gʻalaba Moskvaga juda qimmatga tushgandi. Garchi matbuot nashrlarida sovet xalqlarining buyuk bunyodkorlik ishlari, baxtli-farovon hayoti haqida joʻrovozda ertak aytilayotgan boʻlsada, aslida urushdan keyingi tiklash juda ham qiyin kechayotgandi. Barcha jabru sitam yana oʻsha avom gardaniga tushayotgandi.

Siyosiy byuro aúzolari Stalinning Uchinchi jahon urushi xususidagi shirin orzularini dastlab keksa rahbarga xos havoyi orzu deb oʻylashgandi. Biroq dohiy har bir yigʻinda eski gapni qoʻzgʻar, barcha rahbarlarni shu maqsad yoʻlida hoziru nozir boʻlishga undardi. Lekin Stalinning shogirdlari endilikda yana bir bor it azobini tortish, oʻlim tahlikasi bilan yuzma-yuz kelish, eng asosiysi, hokimiyatdan mahrum boʻlish xavfiga roʻbaroʻ boʻlishni istashmasdi. Shu bois ular eng qaltis va murakkab yoʻlni tanlashdi: Stalinni oʻldirishga qaror qilishdi!

Dahshatli hukm ijrosi esa tajribali jallod – Ichki ishlar vaziri Lavrentiy Beriyaga topshirildi. Beriya esa maxfiy topshiriqni bajarishni Stalin shaxsiy qoʻriqchilari boshligʻi Xrustalevga yukladi. Gʻaroyib oʻxshashlik: dohiy butun umri davomida odamlarni qoʻrquv muhitida ushlab keldi, otani farzandga, farzandni otaga dushman qildi, barchani xiyonat, chaqimchilik, “quloqlik”ka oʻrgatdi va oxir-oqibat eng ishongan va suyangan kishisi – muhofaza guruhi boshligʻi valineʼmatiga xiyonat qildi. Xrustalev 1953-yilning tun pardasi butun borliqni yopgan 4-mart kechasida dohiyga zahar berdi.

Stalinning shaxsiy soqchilaridan biri boʻlgan va soʻnggi kecha dohiyga qoʻriqchilik qilgan Pyotr Lozgachevning mulohazalari ham maʼlum maʼnoda shu fikrni tasdiqlaydi. Lozgachevning xotirlashicha, 1953-yilning 4-mart kechasi juda ham gʻalati va sirli oʻtgan. Odatga koʻra, Stalin soqchilar bilan alla-pallagacha suhbatlashib oʻtirar, ularning ustidan kulib

masxaralar va oʻziga xos koʻngil ochishdan keyin qoʻriqchilarga ruxsat berib uxlashga yotgan. Lekin oʻsha kecha odatga xilof ravishda Stalin ular bilan suhbatlashmagan, boz ustiga soqchiga uning oʻzi emas, Xrustalev ruxsat berib yuborgan. Odatda erta tongda turib davlat ishlariga shoʻngʻiydigan Iosif Vissarionovich 5-mart kuni ertalab quyosh birgaz koʻtarilganda ham xonasidan chiqmagan. Xavotirga tushgan Lozgachev esa soat 10 larda Stalinniing xonasiga kirgan. Soqchining tasvirlashicha, u xonaga qadam bosganda, Stalin alanglagancha allaqanday tushunarsiz soʻzlarni aytar – u gung boʻlib qolgandi – engil-boshi jiqqa hoʻl boʻlib ketgandi. Yerda esa dohiyning sevimli choʻntak soati va “Pravda” gazetasi yotardi.

Shundan keyin zudlik bilan Siyosiy byuro chaqirildi, biroq byuro aʼzolari rejalashtirilganday Stalinni shifokorga koʻrsatishga shoshilishmadi. Xalqlar otasi kun boʻyi oʻlim bilan olishib chiqdi va kechki soat 9.50 da jon berdi…

Muarrixning shahodat berishicha, Uchinchi jahon urushi qutqusiga uchragan Stalin bu

maqsadga jiddiy kirishgan va ayni shu 5-mart kuni Moskvadan yahudiylarni majburiy koʻchirishni rejalashtirgan. Dohiy bu bilan AQSHning “qitiq pati”ga tegmoqchi va shu bahona urush boshlab yubormoqchi boʻlgan. Stalinning niyat-maqsadi shu darajada qatʼiy va puxta rejaga asoslangandiki, hatto oʻsha kuni erta tongda yahudiylarni tashish uchun transportlar ham buyruqqa shay holda turgan; Qozogʻistonda esa siyosiy surgunga mahkum boʻlgan yahudiylar yashashi uchun maxfiy surʼatda baraklar ham qurilgan. Biroq Stalining soʻnggi rejasi roʻyobga chiqmadi. Beriyaning fitnasi sabab, yana bir katta qirgʻin toʻxtatib qolindi. Erta tongda dohiy gʻazabiga duchor boʻlgan qavmni qayerlargadir tashlab kelishni kutib oʻtirgan haydovchilarga buyruq bekor boʻlgani yetkazildi. Ehtimol, bu STALIN BUYRUGʻIning birinchi marta bekor qilinishi edi…

 

Abdul SOBIR tayyorladi

“Hurriyat” gazetasidan olindi

 

ziyouz.uz

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/stalinning-songgi-siri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x