Soʻfizoda qachon tugʻilgan?

Milliy Uygʻonish davri adabiyotining yirik vakili, 1937 yildagi stalincha qatagʻon qurboni Muhammadsharif Soʻfizoda hayoti va ijodining baʼzi nuqtalari, afsuski, hali-hanuz noaniqligicha qolmoqda. Chunonchi, uning tavallud sanasi turli manbalarda turlicha qayd etiladi. Namanganlik qalamkash Husayn­xon Orifov ushbu mubhamlik oqibatlariga diqqatni qaratib, maʼrifatparvar shoirning tugʻilgan yili Chust shahridagi byusti ostiga 1869, Namangan shahridagi byusti ostiga esa 1880 deb bitilgani  haqida yozadi. Yurtimizga tashrif buyurgan chet ellik sayyohlar bu ikki yodgorlik bilan tanishgach, ayni holdan hayron boʻlsalar kerak, deb taajjub bildiradi u oʻz xatida. Soʻngra esa yanada kuyunchaklik bilan: “Ortimizdan kelayotgan yosh avlodlar-chi?” deya haqli savol qoʻyadi. Biz ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida atoqli adabiyotshunos, akademik Naim Karimovga murojaat etdik. Quyida olimning tahririyat iltimosiga koʻra yozgan maqolasini chop etayotirmiz.

Tanqid va adabiyotshunoslik boʻlimi

 

XIX asrning ikkinchi yarmida tugʻilib, XX asrning birinchi yarmida yorugʻ dunyoni tark etgan barcha oʻzbek shoir va yozuvchilari gʻoyat murakkab tarixiy sharoitda yashab ijod qilishgan. Ota yurtida turli taʼqiblarga uchrab, oʻzga diyorlardan panoh topishga majbur boʻlgan shoirlarning esa na tugʻilgan yillari maʼlum, na yozgan asarlari avlodlarga toʻla yetib kelgan. Umri darbadarlikda kechgan shunday shoirlardan biri Muhammadsharif Soʻfizodadir.

Biz yaqin-yaqingacha Soʻfizodaning 1926 yili oʻzbek yozuvchilari orasida birinchi boʻlib “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni bilan taqdirlanganini bilmas edik. 1937-1938 yillarda minglab Soʻfizodalar  manglayiga “xalq dushmani” tamgʻasi bosilib, otib tashlanganidan soʻng ular nomini tilga olish, asarlarini oʻqish va saqlash qatʼiyan taqiqlandi. Kimning uyidan biror “xalq dushmani”ning kitobi chiqib qolsa, uni ham qamoqqa olib, borsa-kelmas joylarga surgun qilish oddiy hodisaga aylandi.

Shukronalar boʻlsinki, “Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi” deganlaridek, dorilomon kunlar kelib, yuzlab Soʻfizodalar haqidagi achchiq haqiqatlar yuzaga chiqdi.

Soʻfizoda toʻgʻrisidagi ilk maʼlumot “Fargʻona” gazetasining 1925 yil 30 mart sonida bosilib chiqqan. Namanganlik jurnalist va adabiyotshunos Lutfulla Olimiyning “Unutilgan shoir” maqolasidan maʼlum boʻlishicha, Soʻfizoda unga maktub yozib, el-yurt manfaati yoʻlida uzoq vaqt xizmat qilganiga qaramay, unutilib, xorlik va zorlikda umr kechirayotganidan shikoyat etgan. L.Olimiy oʻz maqolasida doʻstining nochor bir ahvolda yashayotganini maʼlum qilish bilan birga, uning sheʼrlaridan ayrim namunalarni ham eʼlon qilgan. Shulardan birida keksa shoir bunday vasiyatnamo soʻzlarni yurak qoni bilan yozgan ekan:

…Notavon, maʼyus Soʻfizoda mehnatdin horib,
Ishchilar birlashganini koʻrmayin oʻlsa qarib,
Yoshlar koʻmsun oʻlugimni qizil boʻzga sarib,
Yigʻlasun qashshoqlar munglugʻ mozorimga borib,
Oʻzgalar javlon gahi, koʻrdingmi toqu tumtaroq,
Bora-bora men yuqoridan quyigʻa doʻmbaloq…

Soʻfizodaning bunday ayanchli holati adabiy jamoatchilikni ham, hukumat xodimlarini ham loqayd qoldirmadi. L.Olimiy maqolasidan keyin koʻp oʻtmay, “Maorif va oʻqituvchi” jurnalining 1926 yil 10-11-qoʻshma sonida Shokir Sulaymonning “Shoir Tohir Soʻfizodaning qisqacha tarjimai holi” degan maqolasi bosilib chiqdi. Sh.Sulaymonning 1926 yil 30 oktyabrda Hamzaga yoʻllagan xatidan maʼlum boʻlishicha, u dastlab har ikki shoirga murojaat qilib, ulardan  “shu yaqin kunlarda oʻz tarjimai hollari”ni yozib berishni soʻragan. Sh.Sulaymonning shu soʻzlariga asoslanib aytish mumkinki, uning “Maorif va oʻqituvchi” jurnalida eʼlon qilingan maqolasi zamirida Soʻfizodaning oʻz qoʻli bilan yozgan maʼlumotnomasi yotadi. Shu tarjimai holda yozilishicha, Soʻfizoda 1870 yili Fargʻona viloyatining Chust shahriga yaqin Ahsi shahand qishlogʻida tugʻilgan.

Arxiv hujjatlaridan maʼlum boʻlishicha, Soʻfizoda L.Olimiyga  xat yozishidan avval Namangan uyezd-shahar ijroiya komitetiga va boshqa yuqori idoralarga ariza bilan murojaat etib, oʻziga nafaqa tayinlashlarini iltimos qilgan. Hamza ham xuddi shu masala bilan jiddiy shugʻullangan. Bu ikki shoirning saʼy-harakati bilan ularga nafaqa belgilanibgina qolmay, 1926 yil 27 fevralda Soʻfizodaga “Oʻzbekiston xalq shoiri”, Hamzaga esa “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvonlari berilgan.

Shunisi achinarliki, Soʻfizodaga nafaqa tayinlanishi va unvon berilishi munosabati bilan tuzilgan hujjatlarda uning hayot yoʻliga, xususan, tugʻilgan sanasiga oid biror maʼlumot qayd etilmagan. “Maorif va oʻqituvchi” jurnalining 1926 yil 10-11-sonlarida bosilgan “tarjimai hol”da esa bizni qiziqtirgan masala haqida bunday soʻzlar yozilgan: Asli ismi Muhammad Sharif boʻlib, Fargʻona muzofotining Chust shahriga yaqin Ahsi shahand qishlogʻida 1870 yilda tavallud topgan. Oʻzi yoʻqsul bir oiladan boʻlib, eski usulda xat-savodini chiqargan va oʻz ijtihodi soyasida gazet va matbuotga berilib, zamonning soʻz taraqqiyparvarlaridan boʻlib tanilgan…” “Tarjimai hol”ning shu soʻzlariga qaraganda, Soʻfizoda 1870 yili Chust yaqinidagi Ahsi shahand qishlogʻida dunyoga kelgan. Uning qaysi oy va qaysi kunda tugʻilgani masalasi esa ochiq qolgan.

Soʻfizodaga “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni berilganidan soʻng bir necha yil oʻtgach, uning hayotida xushnud oʻzgarishlar roʻy bera boshlaydi. 1934 yili Oʻzbekiston Til va adabiyot ilmiy tekshirish ins­tituti Soʻfizoda ijodini oʻrganish masalasini muhokama qilib, keksa ilmiy xodim Miyon Buzruk Solihovni Chust shahriga ilmiy safarga yuboradi. Olim Chust shahrida, Soʻfizodaning uyida yashab, uning hayoti va adabiy merosini oʻrganib, “Soʻfizoda va uning ijodi haqida” risolasini yozadi.  1934 yili Toshkentda chop etilgan bu risola Oʻzbekiston xalq shoiriga bagʻishlangan birinchi yirik tadqiqot edi. Ammo bu risolada nima uchundir eng muhim ilmiy muammolardan biri – shoirning tugʻilgan sanasi chetlab oʻtilgan edi.

Miyon Buzruk Solihovning risolasi nashr etilganidan soʻng, oradan 34 yil oʻtgach, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti zamonaviy oʻzbek adabiyoti tarixini yaratishga kirishadi. Shu munosabat bilan yosh ilmiy xodim Toʻlqin Rasulev Chustga borib, Soʻfizodaning zamondoshlari va qarindosh-urugʻlari bilan suhbatda boʻlib, shoirning hayot yoʻli va adabiy merosini tiklashga urinadi. U Soʻfizoda sheʼr­larini “Taronalar” nomi bilan nashr ettiribgina qolmay, atoqli shoirning “ijodiy portret”ini yaratib, uni “Oʻzbek sovet adabiyoti tarixi”ning 1-jildida eʼlon qiladi. Yosh  tad­qiqotchi shoirning tugʻilgan sanasini har ikki nashrda ogʻzaki manbalarga asoslanib, “1869 yil” deb koʻrsatadi va bu bilangina kifoyalanmay, Soʻfizodaning tugʻilgan kuni va oyiga ham “ravshanlik kiritib” yozadi:  “Muhammadsharif Soʻfizoda 1869 yil 29 yanvarda hozirgi Andijon oblastining Chust rayonida tugʻilgan”.

Xoʻsh, yosh ilmiy xodim T.Rasulev bu “mukammal sana”ni qaysi manbaga tayanib aytgan? Shu sananing Soʻfizoda tavallud topgan kun, oy va yil ekaniga ishonish mumkinmi?..

Gap shundaki, 1935 yil 29 yanvarda Toshkent shahrida Soʻfizoda tugʻilgan kunning 65 yilligi nishonlangan. Taxmin qilish mumkinki, T.Rasulevga shoir tugʻilgan sanani belgilashda ana shu yil, kun va oy asos boʻlib xizmat qilgan.

Afsuski, Oʻzbekistonning birinchi xalq shoirining 65 yilligi 1935 yilning 29 yanvarida Toshkent shahrida nishonlangan boʻlsa-da, shu voqea munosabati bilan shoir haqida birorta ham maqola chop etilmagan. Binobarin, Soʻfizodaning xuddi shu kuni tugʻilganini tasdiqlovchi birorta hujjat yoki maʼlumot ommalashmagan. Fikrimizcha, shoir yubileyining aynan shu kuni oʻtkazilishi, fransuz adibi iborasi bilan aytsak, Tasodif hazrati oliylarining xohishidir.

Soʻfizodaning tugʻilgan yili turli manbalarda 1866,1867,1869 deb kelinadi. “Chust haqiqati” gazetasi “Shoir Soʻfizodaning qisqacha tarjimai holi” dagi 1870 raqamini 1869 deb buzib eʼlon qilgan. Shuning uchun shoir yubileyi 1969, 1979, 1989… yillarda nishonlab kelindi. Lekin 1993 yili, kutilmaganda, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 23 iyul sonida namanganlik Ahmad Muhammad Ubayd ismli muallifning “Soʻfizoda qachon tugʻilgan?” sarlavhali maqolasi bosilib chiqadi. Muallif Soʻfizodaning tavallud kuniga oid barcha raqamlarni bekor qilib, uning 1880 yilda tugʻilganini “asoslovchi” “hujjat”ni keltiradi. Namangan viloyat davlat arxivida 173-raqam bilan saqlangan bu “hujjat” shoirning qisqacha tarjimai holidan iborat boʻlib, unda bunday maʼlumot berilgan ekan:“Men 1880 yilda Chust shahridagi Koʻnchigarlik jamoasida tugʻilganman. Otam yersiz kambagʻal boʻlib, dehqonchilik qilgan va oʻzi yersiz kambagʻal sinfidan edi. Ahvolim gʻoyat tuban boʻlib, otamdan 15 yoshimda ayrildim, mening bilan volidam ham ukam qoldi. Shu vaqtlarda men daladan oʻtin tashib kelib, sotib va mardikorlik qilib, ishlab kun kechirib kelar edim. 1912 yilda qoʻshchilik qilganman…”

Bu tarjimai hol Ishtirokiyun firqasiga kandidat Soʻfizoda qalami bilan yozilgan boʻlsa-da, undagi tavallud sanasiga ishonish qiyin. Zero, mahalliy boylar va ruhoniylar bilan kurashda charchagan Soʻfizoda, oʻtgan asr­­ning 20-30-yillaridagi komsomollardek, yoshini yashartirib, shoʻrolar hukumati  foydasiga ishlashga tayyorman, deb onch ichgan: “Agar, – deb yozgan u, – hozirda shoʻrolar hukumati tarafidan har qanday ezgu bir xizmat boʻlsa boʻlsin, qilishga tayyorman, deb tarjimai holni yozuvchi Chust shahar firqa kandidati Soʻfizoda”. Imzo ham, sana ham qoʻyilmagan. Balki ariza boshqa bir kishi tomonidan yozilgandir…

Afsuski, bu “tarjimai hol”ning eʼlon qilinishi aksar adabiyotshunoslarni dovdiratib qoʻydi. Hatto taniqli adabiyotshunos Begali Qosimov ham “Milliy uygʻonish” monografiyasi va “Milliy uygʻonish davri adabiyoti” darsligi uchun yozgan maqolalarida Soʻfizodaning tugʻilgan sanasini “1880 yil” deb qayd etgan va shu sana ommalasha boshlagan.

Soʻfizodaning 65 yilligi nishonlangan 1935 yildan keyin ikki yil oʻtgach, shoir 1937 yil 8 may kuni qamoqqa olinadi. Mashhur shoirni qamoqqa olish haqidagi qarorda uning tugʻilgan sanasi 60 yosh (yaʼni 1877 yilda tugʻilgan), mahbuslik anketasida esa 1897 yil deb koʻrsatilgan.

Soʻfizodaning tugʻilgan sanasi manbalarda qanday xilma-xil boʻlmasin, modomiki, Shokir Sulaymon Soʻfizoda bergan maʼlumot asosida “Asli ismi Muhammad Sharif boʻlib, Fargʻona muzofotining Chust shahriga yaqin Ahsi shahand qishlogʻida 1870 yilda tavallud topgan”, deb yozgan va shoir tugʻilgan kunning 65 yilligi 1935 yil 29 yanvarda – tirik toʻyboshi ishtirokida nishonlangan ekan, biz shu sanadan kelib chiqqan holda (1935 – 65 = 1870) 1870 yilni Muhammadsharif Soʻfizodaninig tavallud yili deb belgilasak, adolatdan boʻladi.

 

Naim KARIMOV,

OʻzR FA akademigi

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sofizoda-qachon-tugilgan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x