SOʻFIZODA (taxallusi; asl ismsharifi Muhammadsharif Egamberdi oʻgʻli) (1880.29.1, Namangan viloyati Chust sh. — 1937, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq shoiri (1926), maʼrifatparvar, murabbiy. 20-a. boshidagi yangi oʻzbek adabiyotining isteʼdodli vakillaridan. Oʻz bilimini oshirish uchun Istanbul untiga kirgan, lekin oʻqishni davom ettira olmagan, Turkistonga qaytib, 1910—13 y. larda Qoʻngʻirotda oʻqituvchilik qilgan. Soʻfizodaning dastlabki sheʼrlari 19-a. 90y. lar sheʼriyatining mumtoz namoyandalari Muqimiy, Furqat, Muhyilar taʼsirida maydonga kelgan. Ayniqsa, 1893-y. da Qoʻqonda yashab, Muqimiy atrofidagi shoirlar bilan yaqin munosabatda boʻlishi Soʻfizoda dunyoqarashining shakllanishida, badiiy mahoratining oʻsishida oʻziga xos maktab boʻlgan. «Vahshiy» taxallusi bilan mansabmartaba yoʻlida oʻz millatini sotib ketuvchi xoin va riyokor mahalliy amaldorlarni fosh etuvchi keskin hajviyalar yozgan. Ushbu hajviyalar uchun «dahriy» deb eʼlon qilinib, qatl etishga hukm etilgan. Shoir qochishga, 1900 —13 y. larda ona diyoridan uzoqda hayot kechirishga majbur boʻlgan. 1899-y. dan S. Chustda (2 yil), Misr viloyatida yashagan. Tiflis, Bokuda, soʻng esa Arabiston, Hindiston, Turkiyada boʻlgan. Sheʼrlari bilan Kavkaz va Orenburg matbuotida, Toshkentda chiqadigan «Turkiston viloyatining gazeta», «Sadoi Turkiston» gaz. larida faol qatnashib turgan. Nihoyat, 1913-y. ning oxirlarida Chustga qaytib, yangi usuldagi maktab ochgan. Bu maktab oʻz davrida shaharda dunyoviy bilim oʻrgatuvchi yagona ilm oʻchogʻi boʻlgan. Bundan tashqari, u Kamarsadada ham bolalar uchun «Dorulaytom» (Yetimlar uyi) va katgalar uchun kechki kurslar ochgan. Lekin bu maktablar tezda yopib qoʻyilgan. «Muallifni quvib, maktabilani yopgan chustilar, bizlar…» deb boshlanadigan kinoya va qochiriqlar toʻla sheʼri matbuotda eʼlon qilingach, Soʻfizoda yana taʼqibga uchrab, oʻz vatanidan bosh olib ketishga majbur boʻlgan. 1915-y. Hindistonda, keyinroq Afgʻonistonda yashagan. Bu vaqtda u oʻzining «Siroj ulaxbor» («Xabar ziyosi») dagi forsiy sheʼrlari bilan amir Habibullohon nazariga tushgan va uning ruxsati bilan maktab ochib, ish boshlagan (1918). Koʻp oʻtmay, yangi amir Omonullohon uni maorif vazirligiga ishga olgan.
1919-y. da u Afgʻoniston delegatsiyasiga tarjimon boʻlib, Turkistonga kelgan va ulardan uzr soʻrab, yurtida qolgan. Biroq uning ona yurtidagi hayoti yana notinch kechgan. Nihoyat, shoʻro hukumati tomonidan tazyiq ostiga olinib, 1937-y. da qatagʻon qilingan.
As: Taronalar, T., 1968; Ajziy, Soʻfizoda, Ibrat [Tanlangan asarlar], T., 1999.
Ad.: Solihov Miyon Buzruk, Soʻfizoda va uning ijodi, T., 1934; Qosimov B., Dolimov U., Maʼrifat dargʻalari, T., 1990.
Begali Qosimov.