Soyada uxlayotgan toleʼ

“Toleʼim sandal yogʻoch,

eksa koʻkarmas poyasi”

(Rahmatli momomning charx yigirib

aytadigan qoʻshiqlaridan).

 

I

Patrot topgan roʻzgʻorini oʻnglab olishga boʻlgan uzoq urinishlar Beshimni batamom toliqtirdi. Nihoyasizlik charchatdi uni. Qaysi ishga qoʻl urmasin, mehnatning soʻngi koʻrinmas, eng yomoni qoʻl urgan ishi xunuk oqibatlarga olib kelardi. Natijada, Beshimning afti dovcha yegan odamnikidek burishib turadigan boʻlib qoldi. Uyqusizlikdan koʻzining jiyaklari qizardi, ogʻzining ikki cheti pastga osilib tushib, yuziga soʻljaygan ifodani muhrlab qoʻydi. Onda-sonda tashrif buyuradigan nim tabassum ham uning ajin bosgan yuzini va nursiz koʻzlarini tark etdi. Faqat qoringina sadoqat koʻrsatib, avvalgi koʻrinishini bejirim saqlab qolgan va oʻz sohibining farovon kunlaridan xotiradek basavlat koʻrinardi.

“Eh Beshim, seni nima jin urdi! – deya nola qildi bir kuni u karavotiga chalqancha yotib shiftga termularkan. – Bir qadam olgʻa bossang ikki qadam ortga ketayapsan”.

Hovlida yolgʻiz oʻzi boʻlganligi sababli uning faryodini hech kim eshitmadi. Qarindosh-urugʻlari oʻzlarini olib qochishar, xotini ketib qolgan, gohida ukalarini koʻchada uchratib qolib, oʻz taqdirining shumligidan shikoyat qila boshlaydigan boʻlsa, ular osongina qutulishar, yaʼni aka gap boshlashi hamon ukalar ham bir-birlariga navbat bermay ishlari yurishmayotganidan noliy ketishardi.

Karavotda yotgancha keyingi kunlarda yuz bergan voqealarni taxmin qilarkan, boshqa durustroq yoʻl topolmay, fol koʻrsatish kerak, degan qarorga keldi. Hech boʻlmaganda quyonlarini kim oʻgʻirlab ketganini bilishni istardi. Quyonlarga qoʻshib yakka-yu yagona tovugʻini ham olib ketishgani, ayniqsa, alam qilardi unga. Har kun, gohida kunora tuxum tugʻib turardi jonivor. Shu voqeadan bir hafta oldin omborxonasi yonib ketganda ham bunchalik kuyunmagandi. Aslida omborxona katta yoʻl boʻyida joylashgan kengu moʻl-koʻlgina boʻlib, Beshim uning orqasini teshib, hamma qoʻshnilarnikiday “savdo doʻkoni” ochishni moʻljallagan, hatto baʼzi bir narsalarni xarid qilib qoʻygandi. Shunday boʻlsa-da, omborxonadan koʻra, tovugʻining yoʻqolganiga koʻproq achindi. Har kun qoʻramtaga koʻmib yoki qaynatib, ishi shoshilinch paytda qovurib yeydigan tuxumini oʻylarkan, folga borish kerak, degan fikri qatʼiylashdi. Oʻrnidan turib beixtiyor belini ushladi va gʻijimlashga tushdi. Uning buyragi ogʻrirdi. Haydovchilik qilib orttirgandi bu dardni. Qishda mashinasi buzilib, shahar bilan qishloq oʻrtasidagi uzilishda qolib ketgandi. Baxtga qarshi yer muzlagan, shiraboʻron qilib qor urib turgan oʻsha tunda birorta tanish mashina oʻtmadi. Bu ham yetmaganday, oradan bir oy oʻtib-oʻtmay “avariya” sodir boʻldi. Beshim mashinasi bilan yoʻl chetidagi tijorat doʻkoniga borib urildi. Gʻazabnok doʻkondor rosa soʻkdi, kaltakladi va jarima undirib oldi. Mashina devorga urilganda qattiq jarohat olgan Beshim kasalxonadan chiqib kelganda xotini uni tashlab ketib qolgandi. Huvillab qolgan uyni koʻzdan kechirib, toshoyna oldidan ikki enlik xat topib oldi. Oʻqidi, xotini shunday yozgan edi:

“Senga taqdirimni qoʻshib xarob boʻldim. Toleʼing past. Endi oʻz kunimni oʻzim koʻray, ortimdan borma, foydasiz. Xayr. Yoqutxon”.

Beshim stulga oʻtirib qoldi. Yigʻladi. Keyin bir necha kun tergov idoralariga qatnab yurdi, jarima ustiga jarima toʻladi, qarzga botdi, pirovardida ishdan haydaldi. Bu uning yettinchi bor ishdan ketishi edi.

 

II

– Koʻp gapirmang, – tanbeh berdi folbin Beshimning betinim javrashidan bezor boʻlganday bir qiyofada, – oʻzi shundogʻ ham yuzingizdan hammasi ayon: peshonangizda uzuq-yuluq yetti qator chiziq, demak, oʻylovingiz koʻp. Koʻzingiz nursizlangan, bu – umidsizlik va omadsizlik nishonasi. Rangingizning tagi zahil. Demak, dardingiz bor…

Beshim jimib qoldi.

Folbin boshiga qora toʻn yopib, uning yengidan osmonga qarab rom ochishga kirishdi. Beshim nafasini ichiga yutib, toʻnning osmonga choʻzilgan yengiga qarab, yeng xuddi koʻktoqiga yozilgan satrlarni birma-bir oʻqiyotganday maʼlum bir masofada tebranib turardi. Nihoyat, folbin toʻn ichidan boshini chiqarib: “Koʻrdim, toleʼingiz soyada yotibdi”, dedi.

– Endi nima qilishim kerak? – soʻradi Beshim.

– Oftobga chiqquncha kutasiz.

– Qachon chiqadi? Balki umuman chiqmas!

– Balki bu menga qorongʻu.

– Toleʼim soyada yotsa, men baxtli boʻlishim kerak emasmi?

– Yoʻq. Kimning toleʼi huzurda boʻlsa oʻzi azobda, aksincha joni qiynoqda boʻlgan kishining toleʼi huzurda boʻladi.

– Qayerda oʻsha nomard toleʼning oʻzi, koʻrsam boʻladimi?

– Boʻladi.

Beshim buni kutmagandi. Folbinga shubha ichra qaradi.

– Toleʼlarning hammasi bir joyda, “Doʻstaman” vodiysidan makon topishgan. Hozir toʻnni behuda titkilayapsiz, baribir hech narsani koʻrolmaysiz. Buning uchun oʻsha vodiyga borish kerak.

– Olib boring meni! – iltijo qildi Beshim folbinning poyiga tiz choʻkib.

– Mayli, – darhol rozi boʻldi folbin. – Oʻzim ham koʻpdan beri shuni niyat qilib, durustroq hamroh topilib qolishini kutardim. Sizga uch kun muhlat. Hozirlik koʻring, uch kundan keyin yo nasib deb yoʻlga ravona boʻlamiz. Inshoolloh, toleʼingizni topasiz.

Beshim uyiga xursand boʻlib qaytdi.

III

Ular uzoq yoʻl bosishdi. Soʻnggi dovondan oshib yuksak choʻqqiga koʻtarilganlaridan keyin inson hayotiga butunlay begona, tasavvurga sigʻmas darajada gʻayritabiiy bir manzara namoyon boʻldi.

– Ana, – shivirladi folbin pastlikka egilib qarab, – “Doʻstaman” vodiysi shu.

Beshim ham yerga qorni bilan yotib, toshga tirmashgan koʻyi pastlikka qaradi, hayratini yashirolmay, oʻzgargan tovushda soʻradi:

– Nimadi anavilar?!

Folbin javob bermadi. Vodiy manzarasi mantiqsizligi bilan Beshimni shu darajada qoyil qoldirgandiki, oʻz savolining javobini eshitishni unutib, mubham maʼvoga tikilib qolgandi.

– Pastga tomon enaylik endi…

Uzoq-uzoqlardan eshitilganday boʻldi folbinning ovozi. Beshim hamrohining maqsadini bazoʻr anglab oʻrnidan turdi. Soʻqmoq tagma-tag aylanalar hosil qilib, vodiyga tomon olib tushardi. Ranglar tiniq torta bordi, chaplashgan chiziqlar muayyan shakl ola boshladi. Tepadan qaraganda bulut boʻlib koʻringan qora koʻlanka aslida daraxtligi, daraxt boʻlganda ham nihoyatda ulkan ekanligi ayon boʻldi. Faqat qoʻylar suruviga oʻxshab koʻrinayotgan maʼvoning nimaligini anglab boʻlmasdi. Yetti kecha-kunduz yoʻl bosganlaridan soʻng Beshim haqiqatning tagiga yetganday boʻldi va nido qildi:

– E voh, buncha koʻp qoʻy!

– Gʻalat soʻzlamang. Ular qoʻy emas, umuman bu joyda huda-behuda gaplarni aytavermaslikni maslahat beraman. Muqaddas joy.

Beshim muqaddaslik belgilarini topmoqchi boʻlib, atrofga alangladi. Sahro poyonsiz va had-hududi koʻrinmasdi. “Bu yer Dashti Karbalomikin? Yoki Sahroyi Kabir deganlari shu joymi?” xayolidan oʻtkazdi, adabiyot darslarida tilga olinadigan bunday kalimalardan xabardorligidan mamnun boʻlib. Folbin esa jiddiy qiyofada ketib borardi. Beshim ham yuziga jiddiy tus berdi. Qoshlari chimirildi, kekirdagini biroz oldinga chiqarib, boshini adl koʻtargancha hamrohiga monand odimlay ketdi. Ammo bunday qiyofada uzoq yoʻl bosolmadi. Oyogʻi ostida oʻsib yotgan tikanlar igna kabi oʻtkir boʻlib, erkin yurishga qoʻymasdi.

Manzara almashindi: tikanzor maydon ortda qolib, temir changakday chayir butazor boshlandi. Yoʻl yoʻq, uchi qarmoq kabi qayrilgan shox-shabbalar tekkan joyini uzib olardi. Beshimning qiynalayotgani va hafsalasi pir boʻlayotganini koʻrib, folbin dalda berdi:

– Bardam boʻling, taqsir, mehnatning tagi rohat, inshoolloh, maqsadimizga yeturmiz, – dedi-da, oldinga oʻtib yoʻl boshladi.

“Shu paytgacha taqsir demagandi, xayolidan oʻtkazdi Beshim, – demak, bu joylar haqiqatdan ham muqaddas ekan-da”.

Olgʻa bosish ogʻir, ortga ham qaytib boʻlmasdi. Butazor tugay demas, yoʻlovchilarning egnidagi kiyimlarini beayov yulqilar, tikanlar oʻtkirlashib, yoʻllar chalkashib, butazor qalinlashib borardi. Beshim bir lahza toʻxtab, ortga qaradi. Asta juftakni rostlab qolish niyati ham yoʻq emasdi uning. Ammo ortiga qayrilishi hamon yuragi orqasiga tortib ketdi. Qorongʻulik. Butalar bamisoli chala yongan yogʻochlardek qorayib koʻrinadi. Shoshib oldinga intildi, chayir simchiviqdek qattiq novdalar shartillab yuziga kelib urildi.

– Qaytamiz! – oʻkirib yubordi Beshim, egilib qoʻllari bilan yuzidan oqayotgan qonni artarkan.

– Elakka qolganda oqsamang-da endi, – javob boʻldi folbin tarafidan.

– Uyimda oyogʻimni uzatib yotib, bir piyola choyni ichib, toʻyib bir uxlasamu oʻlsam roziman. Jin chalgan bu laʼnati joyda itdek oʻlib ketamiz. Oʻz yurtingda oʻz qabring boʻlishi ham katta baxt. Shu changalzorlar orasida oʻligimiz qolib ketsa, oʻsha baxtdan ham mahrum boʻlamiz.

– Tushkunlikka tushmang, taqsir.

– Siz ham vaziyatni xolisona baholang.

– Er kishiga yigʻlash yarashmaydi.

– Yarashigʻli boʻlishimning kimga keragi bor?

– Qoʻying, aytishib oʻtirmaylik, oz qoldi. Qani dadil boʻling, ketdik, taqsir!

Beshim noiloj koʻndi.

Hamrohidan qolib ketib, bu kuni xam koʻplik qilishini oʻylarkan, shox-shabbalarni tirsaklari bilan chetlatgancha, folbinning qorasini koʻzdan qochirmay boraverdi. Endi egnida toʻnning yoqasi va ikki kaftigina osilib turar, orqasida, ikki kuragining oʻrtasida esa bir boʻlak uzunroq qizgʻish matoh koʻrinardi.

Nihoyat bir gilamning oʻrnidekkina yalanglikka chiqishdi. Tabiatning bu inʼomi Beshimni quvontirib yubordi.

– Xudoga ming qatla shukur-e, taqsir, – dedi Beshim horgʻin nigoh bilan hamrohiga qararkan.

Folbin nigohini undan olib qochdi. Teskari oʻgirilgancha, xaltasini kavladi va undan chetlariga kashta urilgan, etak-yonlariga pirpirak tikilgan belqars olib uzatdi. Oʻzi esa hamon chetga qarab turardi.

– Nima gap, taqsir? – soʻradi Beshim ajablanib.

– Oling, olatingizni toʻsing.

Beshim egilib qarab, meshdek ulkan qorni ostida charm qayishdan boʻlak hech vaqo qolmaganini koʻrdi.

– Ana endi ismingiz jismingizga mos boʻldi, – kulgu aralash hazil qildi folbin.

Darhaqiqat, Beshim endi butunlay beshim qolgandi.

– Uzr taqsir, faqat yuzimni toʻsish bilan ovora boʻlib… – gʻoʻldiradi Beshim va belqarsni olib, oldini toʻsdi. Qarsning ikki uchini tortib orqasiga bogʻladi. Soʻngra uning toliqqan vujudi bamisoli bir qop goʻshtdek shilqillab yerga yiqildi. Uzoq uxlashdi ular. Oʻrinlaridan turishganda havoning avzoyi oʻzgargan, quyosh koʻkimtir gʻubor ortida qolgan, havoda tutunga oʻxshash, ammo qoʻl bilan ushlasa boʻladigan zarralar uchib yurardi. Boshqa bir tomonda qoʻngʻir tusdagi qurum burqsardi.

 

IV

Olaquroq tumanlik koʻtarilib, bamisoli shishadek yaltiroq toʻrtburchak shaklidagi muz qotgan tepalik namoyon boʻldi. Osonroq oʻtish mumkin boʻlgan birorta kemtik yoki tirqish koʻrinmas, tepalik yoʻlni bor boʻyicha toʻsib turardi.

– Qaytamiz! – dedi Beshim qatʼiy qilib.

Folbin ogʻiz ochmadi. Aftidan Beshimni tetiklikka undash va aldab-suldab yoʻlga solish joniga tekkan va endi “bilganingni qil” qabilida indamay muz togʻiga tikilib turardi. Bir damlik ikkilanishdan keyin u yoʻl boshladi va qoʻl-oyogʻi bilan baravar harakat qilib, tik yonbagʻirdan yuqoriga tomon oʻrmalay ketdi. Tepalik sirti muzlaganday boʻlib koʻrinsa-da, temir kabi qizib yotardi. Koʻp mashakqatlardan soʻng tepalik ustiga chiqib olishdi, qadlar rostlandi. Beshimning tirnoqlari qoʻporilgan, tirsaklari sidirilgandi.

– Mana Doʻstaman! – qoʻli bilan pastlikka ishora qildi folbin. Yastanib yotgan vodiyga hayrat ichra tikilib qolishdi. Oʻsha ulkan daraxt, oʻsha manzara yana koʻz oldilarida namoyon boʻldi. Harakatsiz qotgan son-sanoqsiz qoʻylar toʻdasi. Daraxtning shoxlari tepalikka tegay-tegay deb turibdi. Folbin eng pastdagi chirmoviqsimon novdalardan birini ushladi-da, Beshimga ham imo qildi.

– Shoxdan mahkam ushlangu, koʻzingizni chirt yumib oʻzingizni pastga oting! – buyurdi folbin.

Beshim jurʼat etmadi.

– Sakrang!

Beshim taraddudlanib beliga bogʻlangan belqarsni paypaslashga tushdi. Ishton oʻrnida xizmat qilayotgan belqars lipasini siladi, tugunini ushlab koʻrdi, xullas, sakrashni paysalga soldi.

Agar aytganimni bajarmasangiz, bir umr shu yerda qolib ketasiz, toleʼingizni koʻrish nasib etmaydi.

– Hozir! Mana, hozir, – dedi Beshim shoxga mahkam yopishib.

– Oyogʻingizni koʻtaring!

– Koʻzimni yumaymi?

– Yuming!

– Ogʻzimni-chi?

– Shak keltirmang, Beshim, hazilning joyi emas. Sakrang!

Beshim sal ortga tisarildi-yu, tizzalarini bukib, oʻzini shoxning ixtiyoriga topshirdi. Birdan vujudi yengil tortdi, quloqlari ostida shamol gʻuvillar, qandaydir salqinlik taniga huzur bagʻishlar, goʻyo pastga emas, yuqoriga tomon uchib borardi. Koʻzini ochib qarashga jurʼati yetmadi. Shunday boʻlsa-da, kipriklari bir-ikki pirpirab ketdi. Atrof bamisoli shishadek tiniq, koʻm-koʻk va shaffof. Boshqa hech narsani anglamadi. Oyogʻi yerga tegib, koʻzini ochganda roʻparasida begona kishi turardi.

– Assalomu alaykum, taqsir! – dedi Beshim qoʻllarini koʻksiga qoʻyib va hurmat ila yerga egildi.

Notanish kishi alik oldi. Shu payt folbinning ham ovozi eshitilib qoldi. U ham qoʻlini koʻksiga qoʻyib salomlashdi.

– Toleʼidan norozi bir bechorani huzuringizga olib keldim, – gap boshladi folbin, – gunohimizdan oʻting, taqsir. Umr boʻyi fol koʻrdim. Toleʼidan rozi odam dunyoda kam…

– Rozi odam sizning huzuringizga bormaydi-da, – kulgi aralash soʻzladi notanish kishi va oʻzini tanishtirdi:

– Men toleʼbonman.

– Bagʻoyat xursandman, – xushomad qildi folbin.

– Mana shu birinchi mintaqa mening tasarrufimda. Qani, marhamat, ichkariga kiringlar.

Toleʼbon bagʻdodi naqshlar oʻyilgan ogʻir darvozani ochib toleʼtalablarni ichkariga kirgizdi.

Hovli tandirdek qizib yotardi. Giyoh degan narsadan asar ham yoʻq. Beshim shundagina oʻzi shoxiga osilib tushgan daraxtning ham yoʻqolib qolganini payqadi va hayrati oshdi. Yer shu qadar issiq ediki, etiklarning tagcharmi chippa-chippa yopishar, qizib ketib oyoqni kuydirardi.

– Ha, bizning mintaqa andak issiqroq, – izoh berdi Toleʼbon.

– Bu yer daryo oʻzanimi, suv qachon qurigan? – soʻradi Beshim sabri chidamay va qalashib yotgan toshlarga ishora qildi.

– Ular tosh emas, toleʼlar, – tushuntirdi Toleʼbon.

– Yoʻgʻ-ye!

– Shunday. Ishi aʼlo darajada yurishib turgan kishilarning toleʼlari bular.

– Baxtlilarning toleʼi shunday azobda boʻlsa, menikining holiga voy ekan-da! – qichqirdi Beshim oyogʻi kuyayotganini ham unutib.

Qaqroq yerga dumalab yotgan toshlarning inson toleʼi ekanligiga sira ishonib boʻlmasdi. Beshim ulardan birini oyogʻi bilan sekin turtib koʻrdi. “Tosh” qatiq toʻldirilgan tuxumdek ilkilladi. Tepasida nimadir soya solganini payqab talpina boshladi. Beshim oʻzini chetga oldi.

 

V

Toleʼbon navbatdagi darvozani ocharkan, toleʼtalab mehmonlar hovliga kirishga jurʼat etmay, ostonada toʻxtab qolishdi. Meshlar notinch chayqalishar, telefon uchun oʻrnatilgan yogʻoch soyasiga oʻzlarini urib “gʻizz-gʻizz” etgan ovoz chiqarishardi. Toleʼbon dastakni koʻtardi, raqam terdi va kim bilandir gaplasha boshladi. Beshim uning avzoyiga razm solib, ishlar joyida emas shekilli, degan xulosaga keldi. Toleʼbonning tovushi tobora pastlab, ichiga tushib borardi. Folbin ham unga qarab, gʻamgin bosh chayqab qoʻydi.

– Oʻrtoq ikkinchi, uzr! Yoʻq, uzr, – derdi toleʼbon, – xizmatim davomida sira bunday holga duch kelmagandim. Yoʻq, oʻzboshimchalik qilganim yoʻq. Ularni mehmon sifatida… Xoʻp, yaxshi, bezovta qilmaymiz, yaxshi! Tartib buzilmaydi! Xuddi shunday! Tushundim!

Toleʼbon soya izlab oyoqlari orasiga tiqilayotgan badburush, aftidan qarib qolgan bir toleʼni tepib yubordi-da, ikkinchining gapini maʼqullashda davom etdi:

– Boʻpti oʻrtoq, ikkinchi! Aytganingizday qilaman. Roʻyxatdan oʻtkazaman. Darhol oʻz oʻrnimga qaytaman. Kuzatuvni davom ettiraman…

– Bularga ham qiyin ekan, – folbinning qulogʻiga shipshidi Beshim.

Folbin jerkib tashladi, havoda uchib yurgan pashshani urib tushirmoqchi boʻlganday qoʻlini keskin siltab qoʻydi.

– Ketdik, – dedi nihoyat dastakni joyiga qoʻyarkan Toleʼbon va toleʼtalablarni sariq moyboʻyoq chaplangan darcha tomon boshladi. Ichkarida chorpoya koʻrindi.

– Siz shu yerda qolasiz, – dedi Toleʼbon folbinga, – siz esa men bilan borasiz.

Beshim devorlardagi suvratlarga qarab, hayratlanib turardi. Nazarida abstrakt yoʻnalishidagi rassom chizgan suvratlarga juda-juda oʻxshardi ular. Toleʼbon uning tirsagiga kaftini tegizib qoʻyib, yoʻlga tushishi kerakligini bildirdi. Dahlizdan oʻtib qabulxonaga kirganlarida uch nafar kotiba kutib turardi. Ular tezkorlik bilan ishga kirishib, chamasi yarim soatlarda hujjatlarni toʻgʻrilab berishdi. Boshliqqa qoʻl qoʻydirish uchun Toleʼbonning oʻzi kirdi. Oʻn daqiqalar oʻtdi. Beshim bu yerda vaqtni oʻz andozasi bilan oʻlchardi. Umuman, Doʻstaman vodiysida vaqt oqimi inson oʻylab topgan daqiqayu soniyalarga boʻysunadimi yoki ularning oʻz etaloni bormi, buni bilib boʻlmasdi. Soʻngra ular boshqa bir xonaga kirishdi. Oʻnlab kompyuterlar va boʻlak koʻrinishdagi Beshim nomini bilmaydigan – uskunalar… Qizlar boshqarishayapti ularni.

– Beshim Botmonov! – baland ovozda eʼlon qildi Toleʼbon.

– Koʻzguga roʻpara qiling! – degan buyruq eshitildi.

Beshim toshoynaga roʻpara boʻldi. Oynadan soch-soqollari oʻsgan, chaqchaygan koʻzli, yarim yalangʻoch kimsa begona nigoh bilan qarab turardi. Oyogʻida sogʻisi uzilib tushgan dagʻal kirza etik. Boʻynida dabdala boʻlib ketgan toʻnning bir boʻlakkina astari ilinib turibdi. Yelkalari tilingan, yulingan, momataloq boʻlib ketgan. Belida kirga botgan belqars.

– Oʻzingizmi? – degan savol berildi.

– Oʻzim, – javob qildi Beshim yigʻlamsiragan ovozda.

– Maqsadingiz?

– Toleʼimni koʻrish.

– Sabab?

– Baxtsizman. Ishim yurishmaydi.

Xuddi shu mazmunda yana bir qator savollar berildi. Toleʼbon eshik yonida kutib turardi.

Pirovardida shu narsa aniq boʻldiki, Doʻstaman vodiysi xodimlari oʻz ishlarini u qadar yaxshi bilishmas ekan. Beshim shunday qarorga keldi va buning sababini ham oʻzicha izohladi: “Demak, mendan avval hech kim oʻz toleʼini qidirib kelmagan, bularning mazkur ishlarga tajribasi yoʻq”. Qoʻlidagi hujjat raqami ham shuni koʻrsatib turardi. Oʻz xulosasidan koʻngli taskin topdi. Xodimlar “lox”, demak, oʻz tosh-tarozumni qoʻysam boʻladi, degan toʻxtamga keldi.

Xoda va tolxivichdan yasalgan erganak darvoza oldida toʻxtadilar. Toleʼbon qoʻngʻiroq tugmachasini bosib, ichkariga maʼlum qilguncha Beshim barmogʻi bilan darvoza yondorisini surtib koʻrdi va moyboʻyoqning hali qurib ulgurmaganini aniqladi: “Demak, mening kelishimdan bular salgina boʻlsa-da, choʻchishibdi, tayyorgarlik koʻribdilar”, dedi Beshim ich-ichidan quvonib. Ana shu hissiyot taʼsirida ostonadan viqor bilan oʻtib, qaddini gʻoz tutgancha peshayvon tomon yurdi. Yoʻlakdan pildiragancha kelayotgan odamcha Beshimning haybatidan choʻchiganday toʻrt-besh qadam narida toʻxtab qoldi. Derazalardan ayollar va boʻyi yetgan yosh qizlar qarab turishardi. Albatta, Beshimning yarim yalangʻoch gavdasi, antiqa tarzdagi kiyimlari va ayniqsa, ulkan qorni ularda katta qiziqish uygʻotayotgan edi. Toleʼtalab buni payqadi: “Qani endi bu xonimchalarning oldidan qora kostyum, oq koʻylak kiyib, boʻyinbogʻ bogʻlab oʻtsang, boshingda shlyapa, oyogʻingda chet el tuflisi boʻlsa”, oʻyladi afsus bilan Beshim va oʻz koʻrinishini birrov koʻzdan kechirib, ahvoli haqiqatdan ham xarob hamda kulgili ekanligini tan oldi. Maykasi yirtilib, bahaybat qorni ochilib qolgan, belqars uchma-uch boʻlib oldini toʻsib tursa-da, orti ochilib yotar, yelkasida hamon toʻnning oʻsha “T” harfi shaklidagi uvadasi.

– Yigitni jandaning ichida tanisin deganlar, – qichqirdi Beshim ayollarga qarab.

Qizlar jilmayishar, ayollar qiqirlab kulishardi. Mazax qilish yoki ijirgʻanish alomatlari koʻrinmasdi ularning yuzlarida. Beshim yonida folbinning yoʻqligidan foydalanib, qizlardan biriga koʻzini qisdi.

Odamcha qoʻli bilan ayvonni koʻrsatdi va orqamdan yuring, deganday imo qilib yoʻl boshladi. Toleʼbon xayr-xoʻshlashgancha darvoza oldida qoldi. Mahkamada yolgʻiz oʻzi oʻtirgan kishi natijani darhol maʼlum qildi:

– Sizning toleʼingiz bizda yoʻq.

– Nega? – ajablandi Beshim.

– Men sizga aytsam, hamma odamlar bir-birlariga oʻxshaydilar: dangʻillama uy, chiroyli mashina, lavozim, mustahkam sogʻlik va hokazo. Baxtsizlar bir-birlaridan keskin farq qiladi. Baxtsizlikning cheku chegarasi yoʻq: birov toʻshakka mixlangan, boshqasi farzandsiz, yolgʻizlik azobiga mahkumlar bor, biri ikki boʻlmay sarson yurganlar bor… xullas, baxtsizlik xilma-xilu rang-barang. Agar oʻqigan boʻlsangiz, Tolstoy degan bir yozuvchi bu hakda qotirib aytib qoʻygan. Gapning indallosi shuki, sizning toleʼingizni topish ancha mushkul ish. Ammo qoʻl qovushtirib oʻtirganimiz yoʻq, harakat qilayapmiz. Tahlil natijalarini uchinchi pogʻonaga oʻtkazdik, biroz kutasiz.

– Vremya – eto deneg, – dedi Beshim oʻzi ham kutmaganda birdan oʻrischalab.

Ikkinchi mintaqa toleʼboni oʻzga lafzni unchalik tushunmay angrayib qoldi, unga birgina “deneg” soʻzi tanish edi. Uning sarosimaga tushishi Beshimni ruhlantirib yubordi. Oʻzga til sirli taʼsir koʻrsatmoqda edi. Bir paytlar rahbar xodimlar xuddi shu yoʻlni tutishardi, yaʼni oʻzbekcha gapira turib ruschadan bitta-ikkita soʻzni shunday ohangdor qilib, bejab va oʻzgacha urgʻu berib qoʻshib yuborishardiki, oddiy fuqaro bir necha yillar iftixor bilan oʻsha rahbarning nuktadonligidan taʼsirlanib yurardi. Beshim ham tuman xalq taʼlimi boʻlimining mudiri lavozimida ishlab yurgan kezlari bu usulni bot-bot qoʻllardi. Shuni eslab, soʻzida davom etdi:

– Mne para!

Toleʼbon qulluq qildi. Miyigʻida kulgancha Beshimga yaqinlashdi. Biroz taraddudlanib turgach, unga baqamti keldi-da, choʻntagidan bir dasta pul olib Beshimning belqarsi ostiga tiqdi.

– E taqsir, nima qilayapsiz? Ne, xorosho, – dedi bosiqlik bilan Beshim.

– Arzimas sovgʻa…

Aftidan Toleʼbon “para” soʻzimni pora deb qabul qilgan va hali xayolida aylanib turgan “deneg” taʼsirida pora soʻrayapti, deb oʻylagandi.

– Ne xorosho… – bosh tebratdi Beshim va shu asnoda hamyonlari keng shimi tikanli butalarga “em” boʻlganligini esladi, qoʻlini belqars ostiga yuborib, pulni mahkam ushladi.

Telefon qoʻngʻirogʻi jiringlab qoldi. Toleʼbon yugurgilab borib dastakni koʻtardi. “Tayyormi? Olib kiring”, dedi-yu, Beshimga qarab, xushnud jilmaydi. Oradan besh daqiqa oʻtganda uchinchi hudud darvozasi oldida paydo boʻldilar. Toleʼbon qoʻngʻiroq tugmachasiga qoʻl choʻzdi. Beshim ichkariga qadam qoʻyarkan, butun borliqqa soya tashlagudek gʻoyat ulkan daraxtga koʻzi tushdi. Havo moʻtadil, avvalgi jaziramadan nom-nishon yoʻq. Ikki-uch odim narida meshlar dumalab yotibdi. Beshim ulardan birini oyogʻi bilan turtib koʻrdi, ilkillaydi.

– Uxlayapti, – tushuntirdi Toleʼbon.

– Nega uxlaydi? Qanaqasiga uxlaydi? – ajablandi Beshim. – Ular meshlar-ku axir, oddiy meshlar. Boshi ham yoʻq, koʻzi ham. Qatiq toʻldirilgan tulumnng oʻzi, bir tuki kam emas.

– Shunday, lekin ular tirik, hatto zarurat tugʻilganda harakatlanadilar va yuradilar ham.

– Bularning qaysi biri meniki? Koʻrsata olasizmi? – soʻradi Beshim bepoyon kenglikni egallab yotgan bu antiqa jonzotlardan koʻz uzmay.

– Koʻrsataman, – javob qildi Toleʼbon.

Toleʼbon yoʻl tortdi, Beshim uning ortidan ergashdi.

– Mana! – qoʻli bilan meshlardan biriga ishora qildi Toleʼbon.

Mesh soyaning quyugʻida ilkillab yotardi.

– Shumi? – ishonqiramay soʻradi Beshim.

– Sizning toleʼingiz shu.

– Buning nimasi mening toleʼim? Qanday isbotlaysiz? Axir, ularning hammasi bir xil-ku!

– Yoʻq, farqi bor. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, avvalgi hududlardagi meshlar bularga nisbatan kichikroq, baʼzilari burishib qolgan, hatto soʻlinqinamolari ham bor edi. Ularning rangi toʻq qoʻngʻirdan qoramtirgacha bor edi, bularning rangi esa och qoʻngʻir, hatto oqimtirlari ham bor.

– Bilishimcha, bu yerda minglab toleʼlar yotibdi. Shunday boʻlgach…

– Fikringizni uqdim, – uning soʻzini boʻldi Toleʼbon, – meshlar raqamlar bilan belgilangan. Mana, hozir… Toleʼbon egilib meshning u yon-bu yoniga qaradi, ammo raqamining nechaligini aytolmadi.

– Tovlamachilik! – qichqirdi Beshim, Toleʼbonning xijolat chekayotganidan foydalanib.

– Bor, bor, topamiz. Toleʼingiz uzoq yillar soyada yotaverib, oʻta semirgan, natijada terisi taranglashgan va raqamlar oʻz koʻrinishini yoʻqotgan, siyqalanib ketgan. Lekin topamiz.

– Semirgan? Nega semiradi? Men bir umr qiynalsamu, bu hayvon semirib yotsa, hozir chavaqlab tashlayman! – oʻdagʻayladi Beshim va bor kuchi bilan meshning qorniga tepdi.

– Shovqin solmang, taqsir. Ularni choʻchitib yuborasiz. Nima boʻlganda ham inson taqdiri ular. Hamma ish oʻz royishi bilan borishi joiz.

– Men baxtli boʻlishim uchun nima qilishim kerak?

– Bu yerning qoidasi oddiy: toleʼ azobda boʻlsa, sohibi rohatda va aksincha sohibi azobda boʻlsa, toleʼi rohatda.

– Hozir chavaqlayman u laʼnatini! – joʻshib ketdi Beshim va chavaqlash uchun oʻtkirroq narsa qidirib, atrofga qaradi. Devor darzida shakli oʻroqqa oʻxshash qandaydir asbob koʻrindi. Toleʼbon uning yoʻlini toʻsdi.

– Baribir oʻldiraman, – boʻkirib yubordi Beshim. – Meni shuncha yil azoblagan, oʻzi soyada yotib semirgan toleʼning bahridan oʻtaman!

Biqiniga ustma-ust tepki tushayotgan toleʼ “gʻiz-gʻiz” etib ovoz chiqarar va asta-asta xuddi shimol dengizlarida yashaydigan tyulenlardek qiyinchilik bilan harakatlanib, oftobda qizib yotgan maydoncha tomon siljirdi. Toleʼbon nima chora koʻrishini bilmay, esankirab qolmasa edi, deb atrofga xavfsirab qarardi. Oʻz muvaffaqiyatidan ruhlanib ketgan Beshim avvalgidan besh battar jazavaga tushib, meshni tepkilay ketdi. Uning imillashiga qanoat qilmay mushtini ishga soldi. Choʻkka tushib, meshning yelkasidan tishladi, xullas, terlab pishib “jang qildi”.

– Bas, yetar! – dedi Toleʼbon jurʼat bilan uning qoʻlidan tutib. – Kattalar bilib qolsa, menga yomon boʻladi.

– Shumi oʻzi, – poʻpisa qildi Beshim, – boshqaning toleʼini chiqargan boʻlmay.

– Sizniki. Agar shubha qilsangiz raqamini koʻrsatishim mumkin.

– Koʻrsating-da. Shu paytgacha nima qilib laylak haydab turibsiz?

Toleʼbon omborxonadan belkurak olib chikdi. Uni toleʼning tagiga suqib, Beshimni koʻmakka chorladi. Ikkovlashib meshni agʻdarishdi. Uning koʻkimtir tomirlar boʻrtib turgan oppoq qornida qator tizilgan raqamlar koʻrindi.

– Hujjatingizga qarang, solishtiring, – dedi Toleʼbon.

Beshim raqamlarni solishtirib koʻrib, mamnun jilmaydi.

– Faqat bu tomoni qandoq boʻlarkin? Boshliqlar nima deyisharkin? – dedi Toleʼbon oʻziga oʻzi gapirganday qilib, Doʻstaman tarixida sira bunday boʻlmagandi.

– Nari borsa bitta hayfsan olarsiz, – mingʻirlab qoʻydi Beshim va soʻradi:

– Endi bu laʼnati mesh yana oʻzini soyaga urmaydimi?

– Uradi. Lekin bular oʻta yalqov, kamharakat va erinchoq. Shu turishda azoblanib, bir necha yil yotishi ham mumkin.

– Menga qarang, – dedi Beshim qoʻlini Toleʼbonning yelkasiga tashlab. Ikkov doʻst boʻlaylik, qiyomatli doʻst. Mana buni oling! Lippasiga qistirilgan pulni olib uzatdi. – Soyaga oʻtgani qoʻymang, iltimos. Yoʻlingiz tushib, biz tomonlarga borsangiz xursand qilardim…

Toleʼbon oʻylab qoldi. Pul oʻz kuchini koʻrsatdimi yoki Beshimning doʻstlik toʻgʻrisidagi gaplari yoqib qoldimi, har holda uning qulogʻiga egilib, shivirladi:

– Kechasi darvoza oldida sizni kutaman. Keling, muhim gap bor. Hozir boring-da, yaxshilab dam oling. Kechasi soat bir yarim, ikkilar orasida kutaman. Xoʻp, hozircha xayr!

Beshim savol berishga ulgurmay qoldi. Toleʼbon darchadan oʻtib, koʻzdan pana boʻldi.

Beshim tunda bir necha bor uygʻondi. Tinch uxlolmadi. Oʻzicha turli xayollarga bordi. Nihoyat aytilgan paytda darvoza yonida hozir boʻldi. Toleʼbon kutib turardi. “Ushlang” deb Beshimning qoʻliga yumshoq bir narsa tutqazdi.

– Nima bu? – xirilladi Beshim.

Toleʼbon oʻziga xos bir harakat bilan jim yurish kerakligini anglatdi. Beshim qorongʻuda paypaslab boʻlsa-da, koʻlidagi narsa chogʻroq qop ekanligini angladi, ammo buning nimaga kerak boʻlishini tushunmadi. Boraverdi. Toleʼbon yerga choʻkkaladi va Beshimning yengidan tortib, uni ham choʻkkalashga undadi. Yerda toleʼ meshi qorayib koʻrindi. Toleʼbonning ishorasi bilan qopning ogʻzini himarib, unga toleʼ meshini solishdi. Bu ish ancha mashaqqat bilan bajarildi. Ikkalasi ham harsillab nafas olishardi. Toleʼbon oʻrnidan turib, yoʻl boshladi. Beshim qopni yelkalagancha uning ortidan ergashdi. Bu ishlar zamirida nima yotganini hamon tushunib yetgan boʻlmasa-da, yaxshilikka yoʻyar va qovun tushirib qoʻymaslik uchun jim borardi. Yoʻlda ikki-uch bor dam oldilar. Shunda ham hech kim gʻing deb ogʻiz ochmadi. Uch marta devordan oshib oʻtishga toʻgʻri keldi. Darvozalar qulf boʻlganligi sababli shunday qilishdan boʻlak ilojlari yoʻq edi. Toleʼbon devor ustida turib qopni tortib olar, Beshim pastdan qoʻllari bilan koʻtarib boshi va yelkalarini ishga solib unga yordam berar, keyin qopni devorning narigi tomoniga sekin tushirar va yana yelkaga olib yoʻlda davom etishardi. Uch bora ana shunday dovondan oʻtishga toʻgʻri keldi. Nihoyat birinchi hududga – toleʼlar azobda yashaydigan hududga yetib keldilar. Toleʼbonning imosi bilan Beshim qopni boʻshatdi. Toleʼbon kattaligi oʻrtacha qovundek keladigan meshlardan birini qopga soldi va “ketdik” deya shivirladi. Uning ovozidan qattiq hayajonlanayotgani bilinib turardi.

– Xayriyat! – dedi Toleʼbon oʻz hududiga yetib kelgach.

Beshim qopni yerga qoʻydi.

– Boʻshating! – buyurdi Toleʼbon.

Beshim buyruqni soʻzsiz bajardi. “Muhim gap”ning nima ekanligini endi anglab yetgan va Toleʼbonga qanday qilib minnatdorchilik bildirishni oʻylardi. Puli qolmagandi. Qorongʻuda hech narsa koʻrinmasa ham unga minnatdor nigoh bilan tikilib turdi-da, belidan charm kamarini shartta yechib, doʻstiga uzatdi. Doʻstamanda bunday buyumlar juda qimmatli sovgʻa hisoblanardi. Beshim barcha hududlarning Toleʼbonlari kamariga och nigoh bilan tikilishganidan buni payqab olgandi.

– Oʻzim ham shunday qilarsiz, deb oʻylovdim, – minnatdorchilik bildirdi Toleʼbon kamarni olarkan.

Beshim tunning qolgan qismini oʻsha hududda oʻtkazdi. Koʻnglida “Qaysi bir shoʻring qurgʻurning toleʼi boʻlsa?” degan oʻy sharpa tashlab tursa-da, qilgan ishidan har qalay mamnun edi. “Kimning toleʼi boʻlsa ham burishib mushtdekkina boʻlib qolgan ekan, mana endi biroz jonlanadi”, deb oʻziga taskin berdi va koʻnglining bir chetida ilinib turgan xijillikni quvdi. Toleʼbon uyqudan turib belidagi kamarga damba-dam qarab qoʻyar va qoʻllari bilan yumshoq charm tasmani silab-siypalardi.

– Har holda bilib ketsam yomon boʻlmasdi, – Toleʼbonning yelkasiga qoʻl tashladi Beshim. – Biz almashtirib qoʻygan toleʼ kimniki?

– Men aytaman, – javob qildi Toleʼbon. – Ammo siz qattiq sir saqlang. Har holda bu qaltis ish. Birovning toleʼi bilan oʻynashib boʻlmaydi.

– Albatta. Siz aytganingizday boʻladi.

Toleʼbon choʻntagidan qogʻoz olib roʻyxatga koʻz tashladi va mingʻirlab oʻqiy boshladi: Sindor Sulaymonov, yoshi oʻttiz beshda, manzili – Keshkash shahri.

 

VI

Safari qariganini his qildi Beshim. Tezroq oʻz yurtiga yetib borishi va yuz berishi muqarrar boʻlgan moʻjizani qoʻshqoʻllab kutib olishi darkor edi. Yoʻlga tushdi. Bosh mahkama oldida vertolyot kutib turardi. Qudratli mashina koʻkka parvoz qilarkan, hamrohlariga koʻz tashladi Beshim va folbinning yoʻqligini shundagina payqadi. Basavlat, mansabdor kishilarga oʻxshardi ular. Oldingi oʻrindikda oʻtirgan ikki kishining suhbati beixtiyor qulogʻiga chalindi:

– Siz ham shu masalada kelganmidingiz? – soʻradi yoshi ulugʻroq kishi hamrohidan.

– Ha, sal shovurini sezib qoldim. Aygʻoqchilarim yaxshi ishlashadi. Bittasi… tovushini pasaytirdi oʻttiz besh yoshlardagi mansabdor, – bizdi tagimizga suv quymoqchi boʻlgan ekan. Vertolyot kira qildimu, darhol yetib keldim.

– Natija qalay?

– Tinchitdim.

– Omon boʻling, uka. Zamon sizday ishbilarmonlarnikida, Sindor uka!..

“Sindor Sulaymonov”, – xayolidan oʻtkazdi Beshim va butun vujudi bilan titrab ketdi. Shunday basavlat odamning oftobda qurishib jizgʻanak boʻlib qolgan toleʼi koʻz oʻngiga keldi. Uning “tinchitgani”ga ishonishini ham, ishonmasligini ham bilmasdi.

Suhbatdoshlar ham nimanidir sezganday jimib qolishdi. Faqat Beshimning xayoliga antiqa rejalar keldi, ammo yer bilan osmon oʻrtasida muallaq turib hech qanday rejani amalga oshirib boʻlmasdi.

 

Neʼmat ARSLON

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 6-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/soyada-uxlayotgan-tole/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x