Fargʻonada oʻtgan ijodiy safarimiz Yaypandan boshlandi, dastlab bir fermerning dalasidagi “Qovun sayli”da ishtirok etdik. Biri biridan shirin qovun-tarvuzlarga toʻygandan toʻyganimiz yetmaganidek, mehmonxonada yersizlar, deb mashinamizga ham solib berishdi. Keyin bilim yurtlaridan birida uchrashuv oʻtkazdik. Qaytayotganimizda bir qoʻltiqdan kitob sovgʻa qilishdi.
Tadbir mutasaddisi navbatdagi anjuman Qoʻqon paypoq toʻqish korxonasida oʻtkazilishini maʼlum qilganida, Erkin aka doʻsti Oʻtkir Hoshimovning qoʻlini qisib, tantanavor tarzda dedi:
– Sizni oldindan tabriklab qoʻyaqolay, Oʻtkirjon. Yangi paypoq muborak boʻlsin endi!
Anvar OBIDJON
“Yoshlik”, 2017 yil 10-son
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/sovgalar-sovgalar/