Ishdan charchab qaytdim. Bilamanki, bunaqa paytda televizor roʻparasiga oʻtirsangiz, tamom! Bahona oʻzidan oʻzi topilaveradi. Bosh qurgʻur toliqqani, yangi film boshlangani…
Yaxshisi, kabinetga kirib ishlash kerak. Hech boʻlmasa kitob oʻqish… Jurnalning yangi sonini varaqlab oʻtirsam, eshik taqillab, qassob qoʻshnimizning qizi – Guli kirib keldi.
– Kel, Guli, – dedim jurnaldan bosh koʻtarmay. – Yaxshimisan?
Guli eshik oldida turib qoldi.
– Ensiklopediya kerak edi, – dedi negadir qovogʻini solib.
– Ana, xohlagan tomingni olaver.
Shunday dedimu yana jurnalni oʻqishga tushdim.
Koʻp oʻtmay Guli ishini bitirdi shekilli, eshik oldiga bordi. Ammo chiqib ketmadi.
– Menga qarang, – dedi eshik tutqichini ushlab. – Siz hayotiy problemalargayam aralashasizmi yo nuqul kitob yozaverasizmi?
Rostini aytsam, esankirab qoldim.
Bu qizning falsafa fakultetida oʻqiyotganini eshitgandim, mahalladagi eng “modniy” qizlardan ekanini, jinsi shim kiyib yurishini bilardimu kechagina koʻchada cherta oʻynab yurgan qizaloqdan bunchalik ilmoqli savol kutmagan edim. Beixtiyor jurnalni bir chekkaga surib qoʻyib unga tikilib qoldim. Avvalgidek sansirashni ham, sizlashni ham bilmasdim.
– Nima boʻldi? – dedim dovdirabroq.
Guli kresloga oʻtirarkan, qoshini chimirdi.
– Mana, sizlar eskilik sarqitini yoʻqotish kerak, u-bu deb yozasiz, toʻgʻrimi?
Indamay bosh silkidim.
– Unaqa boʻlsa nimaga koʻzingizning oldida boʻp turgan sarqitga qarshi kurashmaysiz?
Koʻrdimki, roʻparamda cherta oʻynab yurgan qizaloq emas, jiddiy odam oʻtiribdi.
– Kechirasiz, – dedim sizsirab. – Nima boʻldi oʻzi?
– Sovchi degan gap qayoqdan chiqqan? – Guli jahl bilan qoʻl siltadi. – Hali unisi keladi qiyshayib, hali bunisi keladi, tugunini osiltirib!
“E, boʻldi, gap buyoqda ekan-da!”
Kulib yubormaslik uchun labimni tishlab, uni yupatgan boʻldim.
– Qizlik uy bozor! Keladi-da, xaridorlar! Yaxshi qiz ekansizki, sovchilar keladi.
– Nima, bozor boʻlib men echkimanmi! – Jahli chiqqanidan Gulining yuzi qizarib, chiroyli kipriklari pirpirab ketdi.
– Hech kim sizni sotib yuborayotgani yoʻq-ku, – dedim kulib. – Shunaqa boʻladi-da taomili!
– Kitobda boshqa gaplarni yozasiz-ku! – Guli jahl bilan qoʻl siltadi. – Umrimda koʻrmagan oʻgʻlini maqtaydi. Oʻqituvchi deydi. Boshimga uramanmi!
– Balki, oʻgʻli rostdan ham yaxshi boladir…
– Mard boʻlsa oʻzi gaplashsin! Onasini elchi qilishga balo bormi? Jinimdan yomon koʻraman, shunaqa lattachaynar yigitlarni!
Bildimki, Gulining oʻz “yigiti” bor. Yana yupatdim.
– Sovchi degani keladi. Soʻraydi, surishtiradi…
– Soʻramasayam hammasini biladi.
– Oʻzingiz xohlagan yigitning onasiyam keladi-da, bir kun.
U “kelib-kelib senga maslahat solamanmi”, degandek hafsalasi pir boʻlib chiqib ketdi. Xona jimjit boʻlib qoldi. Shunda gʻalati xayollarga bordim. Sovchi desa muncha hurkmasa bu qiz! Axir ota-onasi oyoq-qoʻlini bogʻlab birovga berib yuboradigan zamon emas-ku, hozir! Shuni oʻyladimu bir vaqtlar sovchilar bizning ham eshigimizning “turmugini buzgani” yodimga tushdi.
* * *
Erta bahor edi. Kunlar ilib qolgan, ammo yerdan hali qishning zahri ketmagan, unda-munda yovvoyi sarimsoqlar nish urgan, tol novdalari sargʻish rang olib, hushtak yasashga yaroqli boʻlib qolgan… Opam ishda, akalarim maktabda. Bir oʻzim zerikkanimdan darvoza oldida choʻzilib yotgan xariga minib olgancha, burnimni tortib-tortib akamning qalamtaroshida hushtak yasab oʻtirardim. Kuchugim oyogʻim ostida oʻzini oftobga toblab yotar, ora-chora itpashshalarni quvib, dumini tishlar, ammo pashshalar tutqich bermay uchib ketar, zum oʻtmay, yana qoʻnib gʻashiga tegardi.
Bir mahal kuchugim dik etib turdi-yu, akillagancha yugurgilab qoldi. Ellik qadamcha narida kelayotgan ikki xotinni koʻrdim. Biri paranji yopinib olgan, past boʻyli, qoʻlida hassa-tayoq, oqsoqlanib qadam tashlaydi. Yana biri yoshroq, boshiga gʻijim roʻmol oʻragan, atlas koʻylagining ustidan baxmal nimcha kiygan. Har ikkalasining qoʻlida tugun borligini koʻrdimu darvozadan baqirib kirdim.
– Oyi! Opamga sovchilar kelyapti!
Sovchi xotinlarni uzoqdanoq taniydigan boʻlib qolganman. Albatta qoʻlida tuguni boʻladi. Keyingi paytda uyimizga bunaqa xotinlar serqatnov boʻlib qolgan: kun ora har xili kelib ketadi.
Oyim ayvonda choʻkkalab oʻtirgancha un elayotgan ekan.
– Voy oʻlay, – dedi-yu, ildam oʻrnidan turdi. Elakni supraga oʻrab, hujraga yugurdi. Zum oʻtmay qoʻlini yuvib chiqdi-da, mehmonlarni kutib olish uchun shoshildi. Oyimdan oldinroq men yetib bordim. Mehmonlar darvozaga yaqin kelib qolishgan, kuchugim ularning atrofida gir aylanib vovullar, goh unisiga, goh bunisiga “hujum” qilar edi. Ayollar itga qarab-qarab sekin yurib kelishardi. Kuchugimga pakana xotin xunukroq koʻrindi shekilli, paranjisining etagiga yopishdi.
– Yot! – dedim oʻdagʻaylab.
Kuchuk boʻlsa meni koʻrib ruhlanib ketdi, pakana xotinga koptokdek otildi. Ammo xotin, pakana boʻlsayam balo ekan! Hassasi bilan moʻljallab bir tushirgan edi, kuchuk oqsoqlangancha angillab qochib qoldi. Ancha nariga borib, orqa oyogʻini yaladi.
– Voy oʻrgilaylar! – dedi onam eski qadrdonlarini koʻrgandek, quvonib. – Xush kepsizlar!
U har ikkala ayol bilan quchoqlashib koʻrishdi. Gʻijim roʻmolli ayol koʻrishayotganda nima uchundir oyimning sochini hidlagandek boʻldi. Onam pakana xotinning paranjisini qoʻlga oldi. Aylanib-oʻrgilib, uyga boshladi. Atlas koʻylakligi esa negadir lip etib oshxonaga kirib ketdi. Zum oʻtmay chehrasi yorishib chiqib keldi.
Akamning qalamtaroshini joyiga qoʻyish bahonasida sekingina sirgʻalib uyga kirdim. Oyim yaqinda koʻmilgan tancha oʻrniga qoʻyilgan xontaxta atrofiga darrov koʻrpacha yozdi. Tokchadan patnis oldi. Patnisda nimalar borligini aniq bilaman: turshak, chaqilgan yongʻoq, jiyda, oltita zogʻora non, bitta likopchada maydalab qirqilgan kalla qand. Qand tanqis boʻlsa ham, oyim bu – mehmonlarga atalgan deb koʻp tayinlagani uchun biz – bolalar unga tegmasdik. Mehmonlar fotiha oʻqishdi. Oyim choy quyib uzatdi.
– Endi, oʻrgilay, – deb gap boshladi atlas koʻylakli xotin, uzoq hol-ahvol soʻrashganidan keyin, – agar taqdir qoʻshgan boʻlsa qarindosh boʻlarmiz, degan umidda eshigingizni supurgani keldik.
Oyim indamadi.
– Olib oʻtiringlar, – dedi anchadan keyin dasturxonga imo qilib.
– Eshitdik, oʻzim oʻrgilay, – dedi pakana xotin, – tag-zotli odamlar ekansiz. Bolalar katta boʻlgandan keyin ota-ona zimmasidagi qarzini uzgisi kelib qolarkan. Bizning oʻgʻlimiz ham yaxshi, moʻmin-qobil yigit. Muallim…
U, “endi siz gapiring”, degandek atlas koʻylakli ayolga sekin burilib qaragan edi, sochining uchiga taqilgan soʻlkavoylari jiringlab ketdi.
– Bizlar ham hurmat koʻrgan odamlarmiz, – atlas koʻylakli xotin qalin bilaguzuk taqqan qoʻllari bilan oʻzi keltirgan tugunning bogʻichini yecha boshladi.
– Ovora boʻlmang, aylanay, – dedi oyim uning qoʻlidan ohista tutib. – Nasib etsa, hali koʻp borish-kelish qilamiz.
Oyim hech qaysi sovchining dilini ogʻritmas, ammo sovchilar tugib kelgan nonni sindirishga yoʻl ham qoʻymasdi. Hozir ham shunday qildi.
– Mayli, sizlar ham soʻrang, surishtiring, – dedi pakana xotin choy hoʻplab. – Qaʼnida turamiz. Shundoq guzar oldidagi qoʻshqavat darvoza. Odilxoʻja desangiz hamma biladi. Mahmud bukurning yonidagi hovli.
– Ovsinim kuyov boʻlmishning onalari! – Atlas koʻylakli ayol jilmaydi. – Muborak chevar desangiz, hamma taniydi. “Zinger” mashinalari bor.
Meni Odilxoʻjayu Mahmud bukur ham, Muborak chevaru, “Zinger” mashinasi ham qiziqtirmas, ikki koʻzim qandda edi. Oʻzimning borligimni bildirib qoʻyish uchun qalamtaroshni qoʻlimdan tushirib yubordim. Oyim yalt etib qaradi-yu, pastki labini tishlab, bilinar-bilinmas bosh chayqab qoʻydi. Bu – “uyat boʻladi, chiqib ket”, degani edi. Qanddan umidimni uzib chiqib ketishdan boʻlak choram qolmadi. Yarim soatdan keyin sovchilar ketishdi. Kuchugimning alami ichida qolgan ekan shekilli, oyimning hay-haylashiga qaramay, sovchilarni ancha joygacha “kuzatib” keldi.
Uch kundan keyin sovchilar tagʻin kelishdi. Sochining uchiga soʻlkavoy taqqan paranjili xotin bilan yana oʻsha novcharogʻi. Bu safar novcha xotin qargʻashoyi koʻylak kiygan, boʻyniga dur osib olgan edi. Oshxonada ovqat qilayotgan opam darvozadan kirib kelayotgan mehmonlarga koʻzi tushishi bilan tomorqaga qochib ketdi. Bu safar sovchilar uzoqroq oʻtirishdi, oyim ularni moshxoʻrda bilan mehmon qildi. Kechki ovqatdan keyin opam idish-tovoqni yuvish uchun oshxonaga chiqib ketganida oyim dadamga qaysi kungi sovchilar tagʻin kelishganini aytdi.
– Yaxshi, tag-zoti koʻrgan odamlarga oʻxshaydi. Oʻgʻliyam muallim emish. Uningiz yoʻq, buningiz yoʻq deb oʻtirmaymiz, boriga baraka qilib toʻy qilaveramiz deyishyapti.
Dadam anchagacha indamadi.
– Surishtirib koʻrish kerak, – dedi oxiri. – Bu – umr savdosi. – Keyin shisha nosqovogʻini olib, nos otdi. – Qizingni koʻngliniyam bilish kerak.
Shu bilan gap boshqa yoqqa aylanib ketdi. Dadam eski paxtaligini kiyib, kechqurungi smenaga ishga joʻnadi. Biz – aka-ukalarga jon kirdi. “Qushim boshi” oʻynadik, oʻrta barmoqni topish oʻynadik. Oxiri oʻyindan oʻq chiqdi. “Oshxoʻrakam kaptar” oʻynayotganimizda akamning boshi ukamning boshiga qattiqroq urilib ketdi shekilli, ukam arillab yigʻlay boshladi. Oyim bilan opam koyib-koyib, joy solib berishdi. Hamma uxlab qoldi. Men boʻlsam anchagacha uxlolmay yotdim. Bir mahal tashqarida chaqmoq chaqdi. Ketidan momaqaldiroq gulduradi. Sharillab jala quyib yubordi.
– Oʻlsin, – dedi oyim oʻrnidan turib. – Chakka oʻtyapti.
Opam ikkovlari tokchadan tovoqlarni olib chakka oʻtadigan joyga qoʻyishdi. Koʻzimni yumib yotsam ham qayerdan oʻtishini bilaman. Burchakda, sandiqning oldidan, keyin kavshandoz yaqinidan oʻtadi.
Opam bilan onam yana joylariga kelib yotishdi. Opam deraza tagiga, oyim – ukamning yoniga. Men boʻlsam chakkaga quloq solib yotibman. “Chak-tik-puk”, “Chak-tik-puk…” Chakillayveradi, chakillayveradi, xuddi soatga oʻxshaydi. Faqat ohangi har xil: “chak-tik-puk…”
Endi koʻzim ilingan ekan, opamning xoʻrsinganini eshitib yana uygʻonib ketdim.
– Nimaga kelishaveradi, oyi!
– Sovchimi? – dedi oyim. – Keladi-da, qizim. Qizlik uy – bozor. Shoh ham keladi, gado ham. Birovning eshigiga umid bilan kelgan odamni xafa qilish gunoh.
Oyimning uyqusi oʻchib ketdi shekilli, ovozini ancha balandlatib gapira boshladi.
– Qadim zamonda bir saxoba oʻtgan ekan. Oy desa oyday, kun desa kunday, yakkayu yagona qizi bor ekan. Bir kuni uch joydan uch sovchi kepti. Saxoba sovchilarning dili ogʻrimasin, deb uchalasigayam rozilik berib yuboribdi. Keyin nima qilishni bilmay, Xudoga nola qipti. Oʻzi bittayu bitta qizim boʻlsa, uch joyga soʻz berib qoʻygan boʻlsam, endi nima qilaman, deb yigʻlabdi. Shunda Xudoning rahmi kelib bir kechada saxobaning sigiri bilan echkisiniyam qiz qilib qoʻyibdi. Uchala qiz bir xil emish. Uch sovchi uch qizini toʻy-tomoshalar bilan olib ketibdi. Shunda saxoba Xudoga yana nola qipti. Qaysi biri oʻzimning qizim ekanini endi qayoqdan bilaman, debdi. Xudodan nido kepti: eshikdan kirib borganingda salom berib kutib oladigan, erini, qaynota-qaynonasini, qayn-boʻyinlarini hurmat qiladigan qiz – oʻzingning qizing. Hech kimni hurmat qilmaydigan, shaltoq qiz sigiring. Hech kimni hurmat qilmaydigan ogʻzi shaloq qiz – echking boʻladi debdi. Har xil xotinlar oʻshandan tarqalgan emish. Biri esli-hushli, chaqqon, biri – shaltoq, biri adabsiz…
– Kennoyiga oʻxshaganmi? – deb yuborganimni oʻzim ham bilmay qoldim. Bu shunday kutilmaganda boʻldiki, oyimning choʻpchagi shartta kesilib qoldi. Keyin opam ikkovlari sharaqlab kulib yuborishdi.
– Voy shayton, uxlamaganmiding?! – dedi opam qaddini rostlab. Oʻrnidan turdi-da, piligi pasaytirilgan lampali tokcha oldidan oʻtib kelib, meni quchoqladi. U yuzimdan, bu yuzimdan oʻpdi. Opam urishib beradi, deb qoʻrqib turgandim. Oʻpgani uchun judayam yaxshi koʻrib ketdim…
Ertasiga choydan keyin oyimning mahsi kiyayotganini koʻrib, mehmonga otlanayotganini sezdimu darrov ergashdim.
– Menam, menam boraman!
– Mehmonga ketayotganim yoʻq, – dedi oyim bosh chayqab. – Ishim bor.
– Boraman, oborasiz!
Onam bir zum ikkilanib turdi-da, rozi boʻldi.
– Mayli, ammo charchadim demaysan.
Ona-bola yoʻlga tushdik. Yomgʻir kechasi tinib qolgan, ammo yer hamon koʻpchib yotibdi. Oyoq bossangiz bir botmon loy yopishadi. Avval jiydazordan, keyin Qonqus ustiga tashlangan yakkachoʻpdan oʻtdik. Lopillab turgan yakkachoʻpdan oʻtayotganda qoʻrqdimu oʻtib olgandan keyin shundoq suv boʻyida oʻsib yotgan sambittollarga angrayib qoldim. Sambittol zoʻr! Hushtak yasasa ham boʻladi, “ot” qilib oʻynasa ham…
– Yur, tezroq, – dedi oyim qoʻlimdan tutib…
Nihoyat guzarga yetib keldik. Choyxonada odam yoʻq hisob, eski namat tashlangan soʻrida bir chol oftobda mudrab oʻtiribdi, yonida tumshugʻi chegalangan choynak, sopol piyola… Keyin devorlari nurab ketgan otxona oldidan oʻtdik. Qovurgʻasi sanalib qolgan uchta ot dumi bilan pashsha qoʻrib charchoq qiyofada boshini solintirgancha mudraydi. Otxona hovlisining burchagiga uyib qoʻyilgan goʻngdan hovur koʻtariladi.
– Qayoqqa ketyapmiz, oyi?
– Keldik shekilli, – dedi onam atrofga alanglab. – Qurib ketsin, soʻraydigan odam ham yoʻq.
Ikki betida tollar, teraklar oʻsib yotgan loy koʻchadan yana ozgina yurgan edik, obkashda suv koʻtarib kelayotgan semiz xotin koʻrindi.
– Hoy egachi, shu yerlikmisiz? – dedi oyim, yaqinroq borib.
Semiz xotin obkashni yelkasidan oldi. Ustiga chambarak tashlangan ikki paqir suvni yerga qoʻydi. Harsillab oyim bilan koʻrishdi.
– Mahmud bukurning uylari qaysi, oʻrgilay? – dedi onam semiz xotinga iltijoli termilib.
Semiz xotinning rangi oʻchib ketdi.
– Bukur boʻlsa Xudo qilgan! – dedi harsillab. – Tavba deng!
Shunday dediyu, sharaq-shuruq qilib ilgakni ilgancha obkashni koʻtardi. Shartta burilib ketdi. Sirgʻalib-sirgʻalib borarkan, obkashi bilan qoʻshilishib orqaga burildi.
– Taʼna tagi taygʻoq, – dedi harsillab. – Betamiz!
Oyim hang-mang boʻlib qolgan, ogʻir-ogʻir kiprik qoqar, hozir yigʻlab yuboradigan alpozda edi.
– Voy, shoʻrim! – dedi pichirlab. – Kelib-kelib xotinidan soʻrabman shekilli.
U hamon sirgʻangancha obkashini lapanglatib ketayotgan ayolga anchagacha qarab turdi-da, qoʻlimdan tutdi.
– Yur, keta qolaylik.
Bu yerga nima uchun kelganimizni tushungandek boʻldim.
Kecha dadam “surishtirib koʻrish kerak” degan edi. Bundan chiqdi oyim sovchilarni qoʻni-qoʻshnisidan bilib olmoqchi.
Choyxona roʻparasida pastak tomiga qora qogʻoz tashlangan, derazasining koʻziga yaltiroq xitoy qogʻoz yopishtirilgan sartaroshxona bor ekan. Ichkarida kim borligini bilmadimu, biroq doʻkon eshigi oldidagi yogʻoch xarrak boʻsh edi. Uch-toʻrt qadam yurgandan keyin oyim toʻxtab qoldi.
– Sochingni oldiramizmi? – dedi toʻsatdan.
Ikkilanib qoldim. Sochimni oldirib borsam, akalarim, joʻraboshi albatta boshimga shapatilab “ustara haqi” olishadi.
– Yura qol, – oyim yelkamga qoqdi. – Soching oʻsib rangingni siqib yuboribdi.
Ochiq eshikdan sekin moʻraladim. Ichkarida mijozlar yoʻq, oldiga kir peshband taqqan sartarosh devor tomonga qarab choy ichib oʻtirgan ekan. Kechagi yomgʻirda bu yerdan ham chakka oʻtgan shekilli, hujraning xomsuvoq qilingan devoriga uzun-uzun zahkash iz tushib qolgan. Oyim eshikdan moʻralab, sekin yoʻtaldi.
Sartarosh yelkasi osha burilib qaradi. Moʻylovi tekis qaychilangan qisiqroq koʻzli kishi ekan.
– Jiyanning sochini olamizmi? – dedi oʻrnidan turib. Shundagina uning bitta oyogʻi yogʻoch ekanini koʻrdim. Nosrang galife shimining yogʻoch oyogʻidagi pochasini qayirib qoʻyibdi. U taxtalarining orasi ochilib yotgan polni doʻpillatib yaqin keldi. – Oʻtir, jiyan, – dedi eski kursiga imo qilib.
Devorga tirab qoʻyilgan xira toshoyna roʻparasiga oʻtirdim. Oyim boshimdan doʻppimni yechdi-da, boya sartarosh oʻtirgan kursiga joylashdi.
– Ustarada olamizmi, mashinadami? – sartarosh stol ustida yotgan, soch tolalari yopishgan matoni qoqib-qoqib boʻynimga solarkan, onamga yuzlandi.
– Mashinada ola qoling, – dedi oyim.
Sartarosh qutichadan yaltiroq mashinasini oldi. Chakkamga mashinani tirab shiq-shiq qilgancha sochimni olishga tushdi.
– Nega ixraysan? – Sartarosh boshimni besh barmogʻi bilan changallagancha dashnom berdi. – Soldat hamma narsaga chidashi kerak. Za Rodinu, deb atakaga borsang ham ixraysanmi?
Oyimdan panoh kutib, aksini oynada koʻrish umidida moʻraladim. Biroq koʻzgu shunaqangi xira ediki, oʻzimning yuzimni zoʻrgʻa koʻrardim.
– Siz shu yerlikmisiz? – dedi onam bir mahal.
– Shoʻtlikmiz, – sartarosh ishini davom ettirarkan, onamga burilib qaradi. – Nimaydi?
– Men bir xayrli yumush bilan keluvdim, – dedi oyim osoyishta ohangda. – Odilxoʻja deganni taniysizmi? Ayollari chevar ekan. Muborak chevar.
– Nega tanimas ekanman! – Sartarosh tantana bilan ovozini balandlatdi. – Shundoq Mahmud bukur bilan qoʻshni turadi-da, otxonadan oʻtsangiz toʻrtinchi darvoza!
– Bir narsani bilmoqchiydik, – oyim bir zum jimib qoldi-da, davom etdi. – Xudoyligingizni aytsangiz: qanaqa odamlar oʻzi, tag-zoti qanaqa, asli shu yerlikmi yo boshqa joydan kelishganmi?
– Ha-a-a! Bundoq demaysizmi? – Sartarosh onamning maqsadini tushundi shekilli, bosh irgʻadi. – Tag-zoti toza odamlar! Qadimdan shu yerda turishadi. Ota-bobosi bogʻbon oʻtgan. Katta uzumzori boʻlardi. Shibilgʻoni deysizmi, shakarangur deysizmi, echkiemarmi – hammasi shu bogʻda boʻlardi. Ana uzumu mana uzum! Urushning kasofati bilan koʻplari yoʻq boʻp ketdi. Qoʻli qisqalik qip qoldi bechoralarni!
Sartarosh gapirgan sayin gʻayratga kirar, gʻayratga kirgan sayin mashinani tezroq shiqirlatar, unga sayin sochim koʻproq yulinar edi. Koʻzimdan yosh chiqib ketdi.
– Avlodida yomon odamlar chiqmaganmi? – dedi onam. – Qimorboz, oʻgʻri, nashavand deganday…
– Yoʻq! – dedi sartarosh qatʼiyat bilan. – Hammasi yaxshi odamlar.
Onam yengil tortib, xoʻrsinib qoʻydi.
Endi sochimning orqasini olishga navbat keldi. Sartarosh kaftini botirib, nuqul boshimni pastga egadi. Boshim egilgan sayin paydarpay burnimni tortaman.
– Oʻgʻli-chi? – dedi oyim asosiy maqsadga oʻtib. – Toʻlaganxoʻja degan oʻgʻli bor emish…
– Vo! – Sartarosh mashina bandiga tiqilgan bosh barmogʻini dikkaytirib koʻrsatdi. – Meravoy bola! Maʼlim! Maktabda maʼlimlik qiladi.
– Urushga bormaganmi?
– Yoʻq, – sartarosh qitigʻimni keltirib tagʻin boʻynimga mashina soldi. Shilt etib burnimni tortdim. – Maʼlimlarni urushga olishmagan. Ammo mera-voy bola! Nima, quda boʻlmoqchimisizlar?
– Qaydam, – dedi oyim sekin. – Taqdir qoʻshgan boʻlsa…
– Ammo ogʻiz solishgan boʻlsa shu boladan qolmanglar. Tag-zoti koʻrgan, buning ustiga kimsan, maʼlimni kuyov qilasizu jon demaysizmi, singil! Oʻzingiz kimning oilasi boʻlasiz?
Oyim hammasini batafsil aytdi. Dadamni, asli qayerdan kelib chiqqanimizni…
– Yulduzinglar yulduzlaringga toʻgʻri kepti! – dedi sartarosh mashinani puflab-puflab tozalar ekan. – Xudo xohlasa osh yer ekanmiz-da!
Qutulganimga shukur qilib, dik etib oʻrnimdan turdim.
Onam doʻppimni boshimga kiygazib, sartaroshga pul berdi.
– Ie, qudalardan pul olsak qandoq boʻlarkin? – Sartarosh pulni shimining kissasiga tiqarkan, tayinladi. – Shulardan qolmang, yaxshi odamlar.
Uyga qaytishimiz bilan bir burda zogʻorani oldimu koʻchaga yugurdim. Maydonchada oʻynab yurgan Toy, Vali, joʻraboshi – hammasi paysalga solmay “ustara haqi” olishdi. Ayniqsa joʻraboshi oʻrta barmogʻi bilan chertganda boshim ogʻridi. Lekin chidab turdim. Oʻzim olib kelgan yangilik bilan hammani qoyil qoldirmoqchi edim.
– Yaqinda biznikida toʻy boʻladi! – dedim maqtanib. – Opamning toʻyida rosa osh yeymiz! Keyin quda buvi menga koʻylak tikib beradi. “Zinger” mashinasi bor!
…Lekin toʻy boʻlmadi. Bir oydan keyin ham, bir yildan keyin ham… Bir-ikki marta opam, “kerakmas”, deb yigʻlaganini, oyim, “koʻnglingdagini ayt boʻlmasa”, deganini eshitib qoldim.
Tanish sovchilar hamon tez-tez kelib turishar edi. Bir kuni ertalab tursam, oyim yoʻq. Tushga yaqin xomushroq qaytdi. Ertasiga opam ishga ketganida, nonushta ustida dadamga qiziq gap aytdi.
– Pishmaydigan savdoga oʻxshaydi. Urugʻida jinni bor ekan. Toʻlaganxoʻjaning katta amakisi uch-toʻrt marta jinnixonaga tushgan ekan.
– Boʻlmaydi! – dedi dadam keskin qoʻl siltab. – Sovchilar yana kelsa javobini berib yubor.
Bir narsani hech tushunmasdim. Oʻshanda onam sovchilarning kelib chiqishi qayerdanligiyu, avlodida yomonotliq odamlar bor-yoʻqligini, kasb-kori nimayu, qarindoshlarida kasallar bor-yoʻqligini nima uchun bunchalik surishtirganiga hech aqlim bovar qilmasdi.
Bu savdolar, bu savollar bora-bora yodimdan chiqib ketdi. Biroq kunlardan birida gʻalati voqea boʻldi. Redaksiyada ishlab oʻtirsam, egnidagi kiyimidan tortib taqinchoqlarigacha juda yarashgan koʻhlik ayol kirib keldi.
Anchagacha gapni nimadan boshlashni bilolmay uyalib oʻtirdi-oʻtirdi-da, oxiri dardini ochdi.
– Usmon akam ikkalamiz bir-birimizni yaxshi koʻramiz. Ammo ajrashmasak boʻlmaydi.
Xudo haqqi, bunaqa masalalarga aralashishni jinimdan yomon koʻraman.
Koʻhlik juvonga toʻgʻrisini aytdim, oʻz hayotingizni oʻzingiz hal qiling, dedim.
Ayol bir zum yerga qarab turdi-da, iltimos qildi.
– Usmon akam bilan bir gaplashib koʻrsangiz…
“Usmon akasi” kelishini xayolimga ham keltirmagan edim. Uch kundan keyin eshikdan har jihatdan mukammal yigit kirib kelib oʻzini tanishtirganida hayron qoldim. Ikkovlari bir-biriga shu qadar munosib ediki, shundoq oilaning ajrashmoqchi ekaniga achinib ketdim. Gapni nimadan boshlashni bilmay garangsib turgan edim, Usmonning oʻzi muddaoga oʻtdi.
– Xotinim meni, men xotinimni sevaman. Bolamiz yoʻqligiga xafaman. Ammo choramiz ham yoʻq!
– Hozirgi zamon meditsinasi uchun shuyam problema boʻptimi, – dedim Usmonni yupatib. – Uchrashib koʻringlar axir.
Maʼyus jilmaydi.
– Oʻzim vrachman. Vrach boʻlganim uchun xotinimning tugʻishini xohlamayman.
Butunlay esankirab qoldim.
– Nega axir? Bir-birlaringni sevsangiz. Munosib boʻlsangiz…
– Men vrachman, – dedi Usmon yana boʻgʻiq ovozda. – Genetikani yaxshi bilaman. Xotinimning oʻgʻil tugʻishidan qoʻrqaman. – U yana xoʻrsindi. – Qoʻrqaman. Umuman, hammasiga oʻzim aybdorman. Nazirani sevardim. Xudbinlik qildim. Boshida aytishim kerak edi.
U nimanidir, juda muhim narsani aytishga ikkilanar edi.
– Mayli, – dedi nihoyat. – Rostki, sizga yuragimni ochdimmi, bu yogʻiniyam aytishim kerak. Mening buvam – dadamning otasi ShZ boʻlgan.
– Nima u ShZ? – dedim dafʼatan tushunolmay.
– Shezofreniya kasalligi. Ruhiy xastalikni meditsinada shunaqa deyiladi. Bu – naslga oʻtadigan dard. Ota avlodida boʻlsa oʻgʻilgami, nevaragami, xullas kimgadir oʻtadi.
– Qiziq ekansiz, – dedim uni yupatib. – Vrachlar vahimachiroq boʻladi oʻzi! Oʻtmasa-chi!
– Oʻtsa-chi! – Usmon mahzun qiyofada boshini quyi soldi. – Men-ku mayli, Nazirada nima ayb? Ruhiy xasta bola bilan umrbod ezilib yuradimi?!
Yana allanimalar deb koʻnglini koʻtargan boʻldim. Usmon mahzunlik bilan jilmayib oʻtirdi-oʻtirdi-da, indamay chiqib ketdi.
…Shunda chakka oʻtgan oʻsha kecha, erta bahorda oyim bilan loy kechib, Qaʼniga borganimiz, frontovik sartarosh, yana koʻp narsalar yodimga tushdi. Onamni qoʻmsash aralash sogʻinch tuygʻusi vujudimni sirqiratib yubordi. Shu paytgacha oʻzim tushunmay yurgan koʻp haqiqatlarni anglagandek boʻldim.
…Qaysi kuni metro stansiyasi oldida Gulini koʻrib qoldim. Yonida baland boʻyli, jingalak sochli yigit. Moʻylovi oʻziga xoʻp yarashgan. U Gulining jajji sumkachasini koʻtarib olgan. Guli uni qoʻltiqlab kelar, yigit xushchaqchaq boʻlsa kerak, allanimalarni gapirar, Guli xandon otib kular edi.
Uch kundan keyin Gulini koʻchada uchratdim.
– Yaxshi bolaga oʻxshaydi, – dedim oʻsha yigitni eslab.
– Kim?
– Oʻsha kungi yigit. Toʻy qachon?
Guli qizardi. Ammo quvonchini yashira olmadi.
– Farhod akam yoqdimi sizga? – dedi jilmayib.
– Yoqdi, – dedim rostini aytib. – Kasbi nima?
– Oshpaz, – Guli yana jilmaydi. – Shefpovar.
– Qarindoshlaring emasmi?
Guli “yoʻq” degandek bosh chayqadi.
– Qayerlik ekan oʻzi?
Guli hayron qolib chiroyli kipriklarini pirpiratdi.
– Buning nima ahamiyati bor?
– Mabodo avlodidan oʻgʻrimi, nashavandmi chiqmaganmi? – Beixtiyor ogʻzimdan onamning savoli chiqib ketdi.
Guli birdan jiddiy tortdi. Qoshini chimirdi.
– Nima deganingiz bu?
– Jinni-chi? Mabodo qarindosh-urugʻlarida ruhiy kasallar yoʻqmi? Surishtirib koʻring.
Guli koʻzimga tikilib turdi-da, sekin-sekin orqasiga tisarila boshladi. Nariroqqa borib birdan yugurib ketdi. Chamasi meni esdan ogʻib qolgan deb oʻyladi.
Oʻtkir HOSHIMOV
“Dunyoning ishlari”dan
https://saviya.uz/ijod/nasr/sovchilar/