DO`STLARGA ULASHING:
Bir zamonda Soqi mumsik bilan Boqi mumsik degan ikki kishi yashagan ekan. Ular o’taketgan mumsik ekanlar. Bir-birlariga suvni ham ravo ko’rmas ekanlar.
Bir kuni Soqi mumsik Boqi mumsiknikiga mehmon bo’lib boribdi. Borsa, Boqi mumsikning xotini non yopayotgan ekan. U Soqi mumsikni ko’ribdi-yu, o’tni o’chirib, xamirni o’rab qo’yib, hech nima bilmagandek bemalol o’tiraveribdi. Boqi mumsik ham Soqi mumsikni ko’rib ensasi qotibdi, keldingmi ham demabdi. Mehmon ham o’tiraveribdi. Mehmonning oldiga hech narsa qo’yishmabdi. Oxiri kech bo’lib, yotmoqchi bo’lishibdi. Kampir Soqi mumsik bilan Boqi mumsikka ayvonga joy qilib beribdi. Yotish oldida Boqi mumsik xotyaniga: «Hali sen mehmon uxlaganida meni uyg’otib, qornimni to’yg’azib qo’ygin», debdi. Bu gapni Soqi mumsik eshitib qolibdi. Ular yotishibdi. Soqi mumsik uxlamabdi. Boqi mumsik uxlab qolibdi. Boqi mumsikning xotini kechasi kelib erini asta chaqiribdi. Lekin, u turmabdi. Shunda Soqi mumsik ovozini o’zgartirib:
— Mana hozir, — debdi-yu, ovqatni tushira boshlabdi. Kampir esa, uni Boqi mumsik deb hadeb ovqatni beraveribdi. Soqi mumsik qorni to’ygach, ortgan ovqatni belbog’iga tugib olibdi.
Keyin.
— Bo’ldi, to’ydim, — deb joyiga kelib yotibdi-da, ertalab barvaqt turib jo’nab qolibdi. Ertalab Boqi mumsik o’rnidan turib xotiniga:
— Kechasi nega menga ovqat bermading, och qolib o’layozdim-ku, — deb dag’dag’a qilgan ekan, xotini:
— Qanday odamsiz, ovqat berdim-ku, har safargidan ko’p ovqat edingiz-ku, — deb javob beribdi. Shundan so’ng Boqi mumsik ovqatning hammasini Soqi mumsik eb ketganini bilibdi.
Shunday qilib, Soqi mumsik Boqi mumsikni qo’lga tushirib ketgan ekan.