Somoniylarning kelib chiqishi: turkiy yoki fors-tojik? Bahrom Chubin (1-qism)


Post Views:
255

O‘rta Osiyo tarixida Somoniylar sulolasining hukmronlik qilgan davri (IX-X asrlar) alohida ahamiyatga egadir. Chunki bu davrda Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlar islom dunyosining eng yirik madaniy va ilmiy markazlariga aylandi, mahalliy xalqlarning islom davridagi davlatchiligi asoslari yaratildi. Yozma manbalarda Somoniylar sulolasining turli vakillari, ular hukm surgan davrdagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy ahvol haqida batafsil maʼlumotlar mavjud. Lekin Somoniylar sulolasining kelib chiqishi haqidagi maʼlumotlar juda ham kam va bir biriga ziddir. Somoniylarning asl kelib chiqishi hali nomaʼlum bo‘lsa ham, ko‘pchilik tadqiqotchilar orasida ularning kelib chiqishi fors va Sosoniylar sulolasi bilan bog‘liq degan xato fikr hukm surib kelmoqda. Shuning uchun Somoniylar sulolasining asl kelib chiqishini aniqlash hozirgi kunda tarix fani oldida turgan eng dolzarb masalalardan biridir, uni hal etish uchun esa oldingidan ham kengroq doiradagi manbalarni jalb etgan holda qo‘shimcha tadqiqotlar olib borish zarur.

Somoniylar sulolasining bobokaloni Somon-xudot siyosiy maydonda VIII asrning birinchi choragida paydo bo‘lib, Balx shahridan Marvga Xuroson amiri (728-735 yillarda) Asad ibn Abdulloh al-Qasriy (yoki al-Qushayriy) oldiga keldi va undan o‘zining Balxdagi dushmanlariga qarshi kurashda yordam berishni so‘raydi. Uning yordami bilan dushmanlarini yengib o‘zining mavqeini tiklab olgach, Somon-xudot Asadning yordamida islom dinini qabul qiladi va uning sharafiga o‘z o‘g‘lining ismini Asad deb qo‘yadi. Keyinroq u o‘g‘li Asad bilan birga Xurosondagi Abu Muslim qo‘zg‘olonida ishtirok etadi. Keyinchalik uning o‘g‘li Asad xalifa al-Maʼmunning Marvdagi saroyida xizmat qiladi. Somon-xudotning nabiralari, Asadning o‘g‘illari Nuh, Ahmad, Yahyo va Ilyos O‘rta Osiyoda Rofiʼ ibn al-Lays boshchiligida ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni (190-195/806-810 yy.) bostirishda faol qatnashib, qo‘zg‘olonchilar bilan muzokara olib bordilar va taslim bo‘lishga ko‘ndirdilar. Bu xizmatlari uchun al-Maʼmun Marvdan Bag‘dodga ketishdan oldin ularni hokim etib tayinlashga buyruq berdi va 204/819 yilda Nuh Samarqand hokimi, Ahmad Farg‘ona hokimi, Yahyo Shosh va Ustrushana hokimi, Ilyos esa Hirot hokimi etib tayinlandi.

***

Bahrom Chubin

Manbalarda Somon-xudotning kelib chiqishi haqida turli maʼlumotlar keltirilgan. Ayrim maʼlumotlarga ko‘ra, u Sosoniy shohanshohi Bahrom Gur (420-438 yillarda hukm surgan) yoki Xusrav I Anushirvonning (531-579 yillarda hukm surgan) avlodlaridan biri bo‘lgan. Lekin ko‘pchilik manbalarda uning shajarasi Sosoniy shohanshohi Xurmazd IVning (579-590 yillarda hukm surgan) harbiy qo‘mondoni Bahrom Chubinga (VI asr) borib taqaladi. Bahrom Chubin avval Armaniston va Ozarbayjon, keyin esa Rey va Xuroson marzboni etib tayinlangan. Ayrim maʼlumotlarga ko‘ra, Bahrom Chubinning kelib chiqishi Sosoniylar xizmatidagi o‘g‘uz turklaridan bo‘lgan. Maʼlumki, Sosoniylar o‘z harbiy kuchlariga qo‘shni turkiy xalq vakillarini ko‘plab jalb etganlar Masalan, IV asrda Sosoniylar xionit qabilalarini Vizantiyaga qarshi urushga jalb etganlar. 502 yilda shohanshoh Kavad (Qubod) eftalit qabilalari bilan birgalikda Vizantiyaga qarshi yurish qilgan, 503 yilda esa eftalit qabilalari Kavkazda hunlarga qarshi urushganlar. 527-532 yillarda Sosoniylar Vizantiyaga qarshi urushda savir qabilalarini jalb etganlar. Xusrav I Anushirvon mamlakatini ko‘chmanchi turkiy qabilalarning bostirib kirishidan saqlash maqsadida o‘zining chegara yerlarini turkiy qabilalarning o‘zlariga qo‘riqchilik uchun topshirgan. Masalan, al-Masʼudiy maʼlumotiga ko‘ra, u Kavkaz tog‘larida g‘ayridinlarga qarshi Bob al-Abvob (Darband) qalʼasi va uzunligi 40 farsax (1 farsax – taxminan 6-7 km) bo‘lgan devor qurdirib, uning darvozalarini qo‘riqlash uchun xazar, alan, as-sarir (savir) va turklarning turli toifalariga mansub bo‘lgan qabilalarni joylashtirgan. Chegara yerlarning hokimlari lavozimiga asosan eroniy bo‘lmagan xalqlar vakillari (xionitlar, eftalitlar, xazarlar, turklar, daylamiylar, armanlar, gruzinlar va boshqalar) tayinlangan. Ular “chegara posboni” maʼnosini anglatuvchi yuksak marzbon unvoniga ega bo‘lib, Sosoniylar saroyida oliy harbiy tabaqa qatoriga kiritilgan.

Anushirvonning eng yaqin odamlaridan biri Katulf ismli eftalit bo‘lgan. Uning saroyida turk, xitoy va xazar podshohlarining vakillari istiqomat qilganlar. Xusrav I Anushirvon turk hoqonining qiziga uylangan. Manbalarda bu xoqonning ismi Kayen yoki Kukam-xoqon deb berilgan bo‘lib, aslida u Istami-xoqon – Dizavul bo‘lgan. Rashid ad-Din asarida bu xoqonning ismi Kukam Yavkuy, Abul-G‘oziy asarida esa Kukam Bakuy tarzida qayd etilgan. Boshqa Sosoniy shohanshohlaridan farqli ravishda Anushirvon hukmron ortodoksal zardusht dinining aqidaparast g‘oyalaridan voz kechib, boshqa dinlar vakillariga, xususan, xristianlar, Mazdak taʼlimoti va boshqa diniy firqalarga nisbatan bag‘rikenglik siyosatini olib borgan. Anushirvonning o‘g‘li va Sosoniylar taxtidagi merosxo‘ri shahzoda Xurmazd IV yarim turk bo‘lgani sababli “Turkzoda” deb atalgan. O‘z otasining siyosatini davom etdirib, u eroniy zodagonlar va aqidaparast zardusht kohinlariga qarshi ayovsiz kurash olib borib, xristianlarga nisbatan bag‘rikeng bo‘lgan va o‘z siyosatida ko‘proq oddiy xalqqa tayangan, chunki Sosoniylar imperiyasi aholisining ko‘pchilik qismini eroniy bo‘lmagan eftalitlar, turklar, armanlar, gruzinlar va boshqa eroniy bo‘lmagan xalqlar tashkil etgan. Bahrom Chubin 588 yilda eftalitlar va turklar ustidan g‘alaba qozongandan keyin shohanshoh Xurmazd IV Turkzoda unga Balx va butun Xuroson yerlarini inʼom etdi. Cho‘l-xoqon (Bu xoqon Tardu (Qora Churin)ning o‘g‘li va Istami-xoqonning nabirasi El-Arslon bilan bir shaxs bo‘lgan. Narshaxiy uni Sher-i Kishvar deb atagan; arab tilidagi manbalarda u Shaba yoki Shiyoba, fors tilidagi manbalarda Sova-shoh, xitoy manbalarida esa Asilan-dagan (Arslan-tarxan) deb atalgan)ning o‘limidan keyin uning o‘g‘li El-tegin Baykand qalʼasiga berkinib oladi. Bahrom Chubin uni qamal qilib, taslim bo‘lishga majbur qiladi va katta o‘lja qo‘lga kiritadi. Lekin uning hammasini Xurmazdga yubormasdan, asosiy qismini o‘ziga olib qoladi. Shohanshoh bundan g‘azablanib, uni lavozimidan ozod qiladi. Bahrom Chubin turklar bilan bitim tuzib, qo‘shinlariga ko‘plab turk askarlarini qabul qiladi va ular bilan birga Sosoniylar poytaxti Ktesifonga yurish qiladi. U Sosoniylar sulolasini Erondagi hokimiyatni qonunga xilof ravishda egallaganlikda ayblab, parfyan Arshakiylarini Eronning qonuniy hukmdorlari, o‘zini esa ularning merosxo‘ri deb eʼlon qiladi. Xusrav II Parviz o‘z poytaxtidan qochib, Vizantiya imperatori Mavrikiy oldiga boradi. Sosoniylardan hokimiyatni tortib olib, Bahrom Chubin bir yil taxtda o‘tiradi va hatto o‘zining surati tushirilgan tangalar chiqarishga ham ulguradi. 591 yilda arman, gruzin va vizantiyaliklarning Xusravga sodiq qolgan fors qo‘shinlari bilan birlashgan harbiy kuchlari Armanistondagi Balarat daryosi yonida Bahrom Chubin askarlarini mag‘lubiyatga uchratadilar. Shundan keyin Bahrom Chubin sharqqa qochib, Farg‘ona turklari huzurida panoh topadi. U Barmuda ismli turk hoqonining do‘sti va maslahatchisi bo‘lib qoladi va uning qiziga uylanadi. Lekin maʼlum vaqt o‘tgandan keyin u Xusrav II Parviz tomonidan yuborilgan ayg‘oqchi josus tomonidan zaharlab o‘ldiriladi.

Davomi bor…

Professor Shamsiddin Kamoliddin,
tarix fanlari doctori

Adabiyotlar:

https://shosh.uz/uz/somoniylarning-kelib-chiqishi-turkiy-yoki-fors-tojik-bahrom-chubin-1-qism/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x