Milliy adabiyotimizning chinakam jonkuyari,
kamtarin akam Uzoq Joʻraqulovga bagʻishlayman.
– Boʻldi, benzin tugadi, oʻchdik! – dedi Mardi aka mashinamiz siltanib-siltanib yoʻl chetiga toʻxtagach.
Saydamkoʻl yoʻliga chiqqanimizdan beri asabiylashib kelardi u. Shuning uchunmi eshikni qars etib yopdi-yu, koʻchaning narigi tomoniga oʻtib, sigareta tutatib, bosib-bosib torta boshladi. Kutilmagan xabardan esankirab birma-bir ulovdan tushdik. Abror bilan Zohid masalani hal qiladiganday oʻn qadam nariga bordi-da, oʻzaro suhbatga kirishib ketdi. Men esa bepoyon dasht sahnidagi hut manzaralariga mahliyo boʻlib, tevarakni kuzata boshladim. Hali yer uygʻonmagan, lekin muttasil yoqqan yomgʻir taʼsiridanmi atrofda yengil havo suzardi. Qori ketib, qora-qoʻngʻir tus olgan kengliklarda biror jonzotga koʻzingiz tushmaydi. Ayni lahzalarda etakdagi angarlar odam qadami yetmagan ovloq manzillar kabi yastanib yotadi. Uzoqdagi togʻlar oq choponiga burkanib, qishning soʻnggi kunlarini dilgir qiyofada kuzatayotgandek oʻshshayib turadi. Yoʻlning u tomonidagi ulkan xarsangga chiqib, enishdagi soyga koʻz soldim. Yaqinda sel kelgan, shekilli, qiyalikda taram-taram mayda ariqchalar hosil boʻlgan. Ariqlar soy tubidagi vahimali jarga yetgach yoʻqolib ketgan. Qibladan shamol turib, tamaki tutuni suzib keldi. Negadir sigaretaning xumori tutdi. Mardi aka tomon yurdim.
– Odamni safar sinaydi-da, shaharda vahimasi boshqacha edi bularning. Kissasidan bir soʻm chiqsa, qaltirab ketadi, tarrakday turishini qara!? – akaning jigʻibiyroni chiqar, hasratlashgisiyam bor edi. – Chiqishda bakni toʻldirib oluvdim. Tushlikkayam sen toʻlading, yeganigayam pul bergisi kelmaydi-ya!
Aka toʻgʻri aytayotgandi. Ulashning toʻyiga borish fikri ikkovidan chiqqan, safarniyam ular uyushtirgan edi. Ammo negadir yoʻldagi sarf-xarajatlarga pul chiqarmasdi. Yoʻl-yoʻlakay tashabbusni koʻtarishga koʻtarib, soʻnggi paytda pul topa olmadimikan deb oʻylab, ovqatlanishgayam, sigareta-suv degan narsalargayam oʻzim xarj qilayotuvdim. Bir payt Abrorning telefoni jiringlab sumkasini titkilayotganida beixtiyor ikki bogʻlam pulga koʻzim tushdi-yu, koʻnglim sovidi. Shundan buyon suhbatga aralashmay xayol surib kelayotuvdim.
Mardi akaga aytsammi deb oʻyladim. Ammo… Barisini bilarkan u.
– Ikkisiningam qoʻyni toʻla pul! – dedi asabiylashib. – Lekin bir tiyin chiqargisi kelmaydi, nomard-qurumsoqlar!
Aka ovozini tobora balandlatib gapirar, men esa ming andisha bilan Zohidlar tarafga qarab-qarab qoʻyardim. Ular suhbatimizni eshitmayapti, chogʻi, oʻzaro gurungini toʻxtatishmasdi.
– Nima qilamiz!? – dedim maslahat ohangida.
– Sizlarni bilmadim, men uxlayman! – Mardi aka arazlagannamo mashinasiga chiqib oldi.
Birpas yolgʻiz qolgach:
– Menda ozroq pul bor! – dedim Abrorning yoniga borib. – Bir-ikki soʻm qoʻshsang, hoʻ-oʻv etakdagi qishloqqa tushib, benzin topib kelardim.
– Menda soʻm yoʻq-da, ogʻayni, oʻzing amallap turgin, shaharga borganda “koʻk”ni maydalasam beraman, – Abror shaharcha talaffuzda yalingannamo soʻzladi. – Boya yoʻl uzo-o dep aytmapsan-da, shahardan maydalatip olardim.
– Abror toʻgʻri aytdi, sa-al qiynalayapmiz-da, – Zohid uning gapini quvvatladi. – Bu yerlarni oʻzing yaxshi bilsan-ku, ogʻayni amallap tur!
Vaziyat bu taxlit davom etadigan boʻlsa, hutning qora sovugʻida biyday dashtda qolib ketishimizni koʻz oldimga keltirib, oldimizdagi qishloq – Obolim tarafga yura boshladim. Nima qilib boʻlsayam bir-ikki litr benzin topib, Ulashlarning qishlogʻi – Duvlga yetib olsak, u yogʻiga koʻchada qolmasligimizga koʻzim yetardi.
Birinchi qishloq – Obolim, keyin Chaqa keladi. Undan soʻng – Solin. Mardi akaning besh litrlik idishini olib, asfalt yoqalab yoʻlga tushdim. Gʻoʻbdintogʻ girdidagi qoʻnalgʻalar yaqinday tuyulsa-da, oradagi masofa ancha. Mashinamiz turgan joydan uzoqlashib, yaydoq kengliklar qoʻyniga kirib borarkanman, olis bolaligimda qolib ketgan mana bu voqea koʻz oldimda gavdalana boshladi.
II
Oʻshanda qishning qichirlagan ayozli kuni edi. Choshgohda qoʻylarni yantoqqa chiqarib, qoʻtonni tozalamoqchi boʻlib turuvdim. Etakdan besh-olti otliq oʻrladi. Hovlimizda mayda ishlar bilan gumranib yurgan kattaotam – dadamning dadasi otliqlarga sersolib: “Kelayotgan polvon bovangmi deyman!?” deya molxona yoqqa oʻtib ketdi. Avval qoʻtonni yaxshilab supurdim. Qiyni gʻaltakka solayotib edim, sirt tarafdan Qurbon chavandozning:
– Shukurboy, ho-ov Shukurboy! – degan guldiragan ovozi eshitildi.
– Assalomu alaykum! – dedim otliqlarning oldiga borib.
Odamning koʻkragini boʻylaydigan devorimiz ortida telpagining qulogʻini tushirib olgan Qurbon polvon, bosmaga oʻranib turgan Boyboʻl aka, ularning ortida qishlogʻimizning havasmand chavandozlari – Olish aka, Sayfi aka, Gʻoʻchchoq aka va Hamid chapaqay otlariga tob berib turardi.
– Kattaotang qani? – dedi salomimga alik olgan Qurbon chavandoz.
– Oh-hov! – deb tovush berdi shu mahal bobom.
Ikkov quyuq soʻrashdi. Polvonlar ham qoʻl olib koʻrishdi. Bobom “Bir piyola choyga!” deb uyga taklif qilgandi: “Dasturxon qochmas!” deya chavandozlar unamadi.
– Qilqondida katta yigʻin boʻlayapti, – gap boshladi Qurbon bobo kattaotamga qarab. – Boʻtakoʻzni egarlab bersang, bi-ir cherini yozib kelardim. Sogʻligʻing koʻtarsa, oʻzingam yur, tomosha qip kelasan!
Darvoqe, bir oy burun isitmalab doʻxtirxonaga tushgan kattaotamga doʻxtirlar: “Sariq”qa oʻxshash dardingiz bor, oʻzingizni avaylang!” degach, otga minmay qoʻygandi. Qurbon chavandoz shunga ishora qilayotgandi. Otimizni oʻzidan boshqaga ishonmaydigan bobom ancha vaqt injilib turgach, Qurbon chavandoz kutilmaganda:
– Ana, nevarangni mindirib joʻnat, yem-suvini oʻzi beradi! – dedi.
Kutilmagan taklifdan sevinib ketdim. Shu topda Qurbon chavandoz koʻzimga juda yaxshi koʻrindi. “Toʻgʻri aytasiz, bova. Otga zoʻr qarayman!” demoqchi boʻldim-u, kattaotamdan iymanib, nafas yutib turdim. Birpas paysalga solgach, chavandozning qistovi bilan bobom rozi boʻldi. Faqat menga:
– Suvlashdan avval terini ushat! – deya qatʼiy tayinladi.
– Oʻzim koʻz-quloq boʻlaman! – taʼkidladi Qurbon bobo.
– Harholda, yosh bola-da.
Boʻtakoʻzga egar urmasam, bobom niyatidan qaytib qoladiganday hovliga olib chiqdim. Jonivor anchadan buyon ayvonda turganidanmi oʻktam-oʻktam kishnab yakkamixni aylandi. Chavandozlarning oti birin-ketin tovush berdi. Uyimiz atrofini aygʻirlarning ovozi tutib ketdi. Supurib terlik urayotganimda old oyoqlarini bukib yakkamixga suykalaverdi. Bildimki, yelkasi qichiyapti. Iz tushmagan qorli joyga yetaklab bordim. Chunonam dumaladiki, besh-olti marta u yoqdan-bu yoqqa agʻdarildi. Turayotib silkingandi, ustida birorta qor parchasi qolmadi. Shundan soʻng terlikni, keyin chirgini, ustidan jahaldirikni, undan keyin egarni qoʻyib ayilni qisdim. Oxirida pushtanni salqiroq qilib qoʻydim. Ust-boshimni almashtirib, kirza etigimni kiyib chiqqanimda, kattaotam tumshugʻiga yugan solib, oʻramajabduqni urayotgan ekan. Egarning ustiga xurjun tashlab, jilovini kalta qayirib mindim. Tizginni boʻshatganimda ilkis siltanib chopdi. Tortqini tarang qilib, egarqoshga aylantirib oldim. Tumshugʻi pastga qayrilib, boʻyni gajak boʻldi. Tandirxonamiz yonida oyim bilan kattaenam koʻrindi. Ot boshini gʻovga burib, tovonim bilan nuqigan edim yugurishga tushdi. Oʻzimni oʻnglab, qoshimdan pastga tushgan telpagimni koʻtarayotib qaraganimda bobom omin aytayotgan, kattaenam va oyim duoga qoʻl ochib turgandi. Boʻtakoʻzni gijinglatib safga qoʻshilganimda kattaotam: “Ilohi, omin!” deb takbirini tugatdi. Chavandozlar birvarakayiga qoʻllarini yuziga siypadi. Qamchimni xurjunga solib, men ham omin qildim.
Oʻsha kuni umrimda ilk bor uzoq safarga chiqdim.
Toʻqqizinchi sinfda oʻqirdim, yoshim oʻn beshda edi. Boʻtakoʻz sakkizni toʻldirgan, ayni kuchga engan paytlar edi. Oʻmrovlari boʻrtib, boʻyni yoʻgʻonlashgan, quymichi kengayib, qomati kelishgandi. Shuning uchunmi yoki tabiatan shunaqamidi, har doim quloqlarini dikkaytirib toʻdaning oldida yurardi. Birorta yilqini oʻtkazib yubormasdi. Yaqin atrofdagi koʻpkarilarga men minib borardim. Shu bois qadamidan xabardor edim. Bu safar ham jilovni salqi tashlab, erkin qoʻyib berdim. U esa qor kechib, tumshugʻini silkib-silkib ketaverdi. Oyoqlarini dangal koʻtarib bosayotgani uchun tizzalarimga qor uchqunlari sachrab borardi. Ortimda Qurbon bobo, undan keyin Boyboʻl aka kelayapti. Qolganlar ancha orqada. Turnaqator boʻlib Tumshuq qishlogʻining usti bilan Arpalining oshuviga yurdik. “Nevaram u yoqqa bur. Endi chapga hayda!” deb Qurbon bobo ortimda yoʻlni tushuntirib boryapti.
Arpalining oshuvi tik va baland edi. Shuning uchun yoʻlni qiya soldik. Hash-pash deguncha choʻqqining ustiga chiqdik. Ana shunda ajib bir manzaraga guvoh boʻldim. Nazarimda bulutlar pastga tushib, soylarga qamalib olgan, faqatgina choʻqqilarning tigʻi koʻzga tashlanardi. Otlar pishqirib-pishqirib ena boshladi. Boʻtakoʻz bir-bir qadam bosar, quloqlarini dikkaytirib qiyalamadagi jingil, kovrak va shunga oʻxshash qor bosgan oʻsimliklarga qarab-qarab qoʻyardi. Tobora pastlayverganimiz sayin tuman quyuqlasha boshladi. Soyga tushganimizda ikki qadam narini koʻrib boʻlmay qoldi. Tor va uzun sayhonlikda quyuq tuman suzar, ust-boshimiz nam tortayotgandi. Otlarning kipriklari oqarib, tuk bosgan tumshuqlariga qirov qoʻna boshladi. Soy ichida qor qalin ekan. Shu bois yilqilar tizzasigacha kurtik kechib borardi. Bir mahal orqadan otning ilkis kishnagani va Hamid akaning: “Chuh, hayda jonivor, hayda!” degan tovushi eshitildi. Darrov jilovni tortib, ot boshini chapga burdim. Boʻtakoʻzning old oyoqlari toyib, urgunning moʻl joyiga borib qoldi. Qurbon boboning: “Nima boʻldi, Homid? Nevaram oʻngga bur, oʻngga!” – degan xitobi eshitildi.
Otim oʻmrovigacha kurtikka kirib, oppoq qor sahnida tumshugʻi choʻzilib turardi. Jilovni oʻnglab, ikki marta qamchi berdim. Jonivor kuch bilan siltanib, ortga burildi va odamning koʻkragini boʻylaydigan urgundan chiqdi. Hamid akayam urgunda qolgan ekan. Otining tobi yoʻqmi yoki yemni kam yeganmi, ishqilib, picha ovora qildi. Dastlab Qurbon bobo birin-ketin boshqalar ham egardan tushib tizginlarini menga berishdi. Otni urgundan chiqarishga kirishishdi. Olish aka bilan Gʻoʻchchoq aka pushtanni boʻshatib, ikki yondan koʻtardi. Sayfi aka jilovidan tortdi. Hamid aka quyrugʻidan oldi. Qurbon bobo: “Ha, ha deng!” deb ogʻzaki quvvatlab turdi. Ikkinchi urinishda otni chiqarishdi.
– Buning noxuno boʻlgan-ov! – dedi Qurbon bobo egarga joylashib oʻtirgach, Hamid akaga. – Burni bejo pirqillayapti. Qoʻnoqqa tushganda eslat, koʻrib qoʻyaman.
Yana yoʻlga tushdik. Mendan keyin Hamid aka yurdi. Qurbon bobo uzoqdan yoʻlni aytib borardi. Egri-bugri sayhonlikning quymichiga yurdik. Soy tugagach, bir tomoni qiya adirlikdan chiqdik.
– Endi oʻngdan yur, nevaram! – tovush berdi Qurbon bobo.
Quyuq tuman tarqamagan edi. Oʻng bilan chapning unchalik ahamiyati yoʻqdek edi menga. Lekin jilovni oʻngga olib, tovonimning keti bilan Boʻtakoʻzni nuqidim. Qiyalamada qor qalin emasdi. Otlar yengil qadam bosishda davom etdi. Kattaotam koʻpincha: “Tuman tushsa, havo iliq boʻladi. Undan keyingi qora sovuq yomon”, degich edi. Tuman siyraklashayotganda shu gapni esladim. Togʻ ichida ust-boshimiz namiqqan emasmi, qichirlagan ayozda aʼzoi badanim qayigʻa boshladi. Egnimdagi bosmam oshlanmagan teriday qotib qoldi. Bir amallab, kuh-kuhlab qoʻlimni isitaman. Qamchim muzday kasovga oʻxshaydi. Teri qoplangan sopi tarrakday qotgan. Menimcha, hammamizning ahvolimiz bir xil: chimillagan shom ayozi suyak-suyagimizdan oʻtib boryapti…
Sekin-sekin qosh qorayib, kech tushdi. Olis-olislarda dasht qishloqlarining milt-milt chiroqlari koʻrinadi. Hamon yoʻldamiz. Otlarning quloqlari shalpayib, charchoq bosib borayotir. Ammo ichki dadilligi tarqamagan, shekilli, bir maromdagi tezlikni tushirmaydi. Chavandozlarning gangir-gungiri pasayib, orani soʻzsizlik egallay boshladi. Qurbon bobo: “Oh-hov, haydang polvon, haydang!” deb sheriklarimizga tegishib qoʻyadi.
Oramizda bir muddat koʻtarinkilik paydo boʻladi.
Yaydoq kenglikda borayotganimizda Boʻtakoʻz pirq-pirq qildi-yu, taqa-taq toʻxtadi. Ortimda kelayotgan Hamid aka bilan Boyboʻl akaning otlariyam pirqillashib oyoq ildi. Quloqlarini dikkaytirib, toʻlin oy yorugʻida qarshimizdagi kenglikka tikilib qoldi. Hammamiz toʻxtadik.
– Ne boʻldi-yey? – dedi qatorimizga qoʻshilgan Gʻoʻchchoq aka.
– Jondor! – dedi Qurbon bobo. – Hoʻ-oʻv, etakdan oʻrlayapti. Iligʻishganmi deyman, uch-toʻrtta bor.
Qurbon bobo toʻgʻri aytgan ekan. Biz tomon kelayotgan qashqirlar bir muddat sekinlashib, keyin chapga burilib, qishloq tomon yoʻl soldi. Chillaning oydin tunida, ellik qadamlar naridan sakrab-oʻynashib oʻtdi. Qoʻrquv emas, qandaydir hayajon bor edi menda. Avvaliga ichki savqi tabiiy bilan jilovni tortib, barmoqlarim qayigʻib tursa-da, egarqoshni mahkam siqdim. Oyoqlarimni uzangiga zinchlab bosdim. Boʻtakoʻz ham mendayin hayajonda edimi ilkis dadillandi. Boshini adl koʻtarib, boʻynini gajak qildi. Boʻrilar toʻdasi ortda qolgach, otlarimiz chunonam tez yurdiki, nazarimda qaytadan kuch engan edi ularga. Ayniqsa, Gʻoʻchchoq akaning doʻnani Boʻtakoʻz bilan baravar qadam tashlardi.
– Yilqiyam hayiqar ekan-yey qashqirdan! – deydi aka hayrati oshib. – Ketishini qara buning.
Boʻrilar nafaqat otlarimizni, chavandozlarniyam hurkitib qoʻydi. Oradagi horgʻinlik koʻtarilib, jondor haqida gurung boshlandi oʻrtamizda. Shu alpozda ancha yurgach, angarning enishiga keldik. Otlar orqaga tisarilib, bir-bir qadam tashlab, qiyalikdan tushdi. Soy ichi chuqur ekan.
– Jormaning yuqorisiga hayda, nevaram! – Qurbon bobo hargalgidek yoʻlni tushuntirdi. – Menimcha, adashdig-ov, Solinning etagidagi jormaga oʻxshaydi bu!
Jar boshlanadigan qir ustiga chiqdik. Pastda chiroqli kulba koʻrindi. Yaqin atrofda shundan boʻlak qoʻnalgʻa koʻzga tashlanmasdi. Chavandozlar uzoq yoʻl bosib charchaganidanmi yoki tuz totmaganidanmi Qurbon boboni shu yerda tunashga undadi.
– Hay, bir gap boʻlar! – dedi polvonlar yalinavergach. – Qani boraylik-chi, qoʻshxonaga oʻxshaydi-yov?
Haqiqatdan, qoʻshxona ekan. Yaqinlashayotib choʻpon itlari dovruq solib keldi.
– Mah, Olchor, Sirtlon, Koʻgala, mah-mah! – deb itlarini chorladi kimdir.
Qoʻshxona bir tom-bir oshxonalik shinam uy ekan. Old tomonida “P” harfi shaklida qoʻton joylashgan. Oʻrtasi kengish, sahni futbol maydonicha keladi. Uch qator uzun-uzun oxur qoʻyilgan. Qor qalin kunlarda qoʻylarga yem berilsa kerak. Qoʻtonning yonida yantoqmi, somonmi, ishqilib, qandaydir xashakning ulkan gʻarami bor.
– Oʻtarchi – musofirmiz, bir oqshomga joy soʻrab turibmiz! – Qurbon bobo itlarini haydab, salom-alik qilib turgan oʻrta boʻyli kishiga keksalarga xos mulozamat qildi. – Qilqondiga koʻpkarilab chiquvdik, kech tushganda adashdik-da!
– E-e, sal teskari yuribsizlar! – mezbon ochiq koʻngil bilan ichkariga unday boshladi. – Bir kecha qoʻnoq boʻlasizlar, kulbamiz tor boʻlsayam, koʻnglimiz keng. Qani, otlarni ichkariga olingizlar!
Chini bilan sovuq oʻtgan ekan, manzirati barchamizga yoqib tushdi. Qoʻtonning old tomonidagi ustunlarga otlarimizni bogʻladik. Avval Qurbon boboning Katta Koʻki, keyin Boyboʻl akaning Samani joylashdi. Undan keyin Gʻoʻchchoq aka, Hamid aka, Olish aka, Sayfi aka bogʻladi. Devorga yaqin ustunga Boʻtakoʻzning arqonini qoziqbov qildim. Ayil-pushtanini salqi qoʻyib yuganini yechdim. Oʻramajabduqning oldini tushirib tugmalarini oʻtkazdim. Oʻmgani terlab-koʻpiklanmasligi uchun orqaga qayirib-bogʻlab qoʻygandim. Otlarimizni joy qilgunimizcha haligi kishi uzoqlamadi. Menimcha, itlarining tashlanib qolishidan xavotirlandi. Otar davlatmand kishiniki edi, shekilli, qoʻtonga sim tortilib chiroq oʻrnatilgandi. Yorugʻida simyogʻochdagi qatqaloq qirovni koʻrsa boʻlardi. Ayniqsa, shox-shabbalari tigʻiz erganak qordevorga oʻxshardi. Ayozning kuchliligidan qor beti muzlagandi. Qoʻshxona tarafdan:
– Obloqul, ho-ov Obloqul! – degan xitob eshitildi. – Tim-tirs ketding, shu atrofdamisan?!
– Mehmon keldi. Joy solavering, Tilov aka!!!
– Qanday mehmon?
– Tuyoqlining chavandozlari. Qilqondiga ketayotgan ekan, yoʻldan adashibdi.
– Ichkariga boshla, nega turibsan?!
– Hozir, otlarini saranjomlab olsin.
– Koʻchimsoylik Tilovmi? – Qurbon bobo men hozirgina ismini bilgan Obloqul akadan soʻradi.
– Ha-ha, oʻzimizning koʻchimsoylik Tilov aka! – dedi u.
– E-e, Tilovning qoʻrasi demaysanmi!? – Qurbon bobo har doimgi oʻktamligi bilan soʻzladi. Boyagi mulozamat oʻrnini kattalarning salobati egalladi.
– Tilov oshnangizmi? – taajjublandi yuganini yelkasiga tashlab olgan Boyboʻl aka.
– Ho-ov birda, Oʻrtabuloqdan qaytayotib uyida mehmon boʻluvdik, oʻsha akang-da!
– Ogʻaning bu yerlarga qanday tobinligi boʻlsa?! – suhbatga aralashdi Sayfi aka.
– Choʻpon boʻlgandan keyin togʻma-togʻ yuraberadi-da, – Qurbon bobo Katta Koʻkning oʻramajabdugʻini tartibga keltirayotib javob berdi. – Bi-ir diydorlashadigan boʻpmiz-da, qora bermay qoʻygandi.
Otlarni joylagach, turnaqator boʻlib, qoʻshxonaga yoʻl oldik. Boʻsagʻada Tilov bobo kutib oldi. Oshnalar quyuq soʻrashdi. Biz ham qoʻl uzatdik. Yugan va xurjunimizni kirishdagi xonaga qoʻydik. Bu yerda bitta oʻchoq, yonida kichik supa, burchakda taxta quti bor ekan. Supa bilan taxta quti oraligʻida ikkita suvidish va eski sandiq bor. Ustida har turli asbob-anjomlar – bolta, oʻroq, sopsiz kurak, bir juft uzangi, koʻn qoplangan egar turardi. Oʻchoqning bu yonidagi tumba – kosa-tovoqlarniki. Devorqoziqlarda kebanak, poʻstin, rangi uniqqan telpak, uvadasi chiqqan ikkita chopon va kirza etik osigʻlik. Bolorlar orasidagi simga tuzliq, chovgum, pomidorqoqi, ettoʻrva, moychiroq, fonus, ipga tizilgan qalampir va allaqanday xaltalar ilib qoʻyilgan.
Biz kirgan xona avvalgisidan kengish boʻlib, oʻrtaga xontaxta qoʻyilgan, atrofida, nazarimda, shaharlik boʻlsa kerak, poʻrim kiyingan ikki kishi oʻtirardi. Choʻponlardan biri choy damlayotgandi. Dasturxonga omin aytilgach, Tilov bobo:
– Endi-i, Qurbon aka, adashganlaringiz zap ish boʻlibdi! – deya ichki bir sevinch va mutoyiba bilan gap boshladi. – Biz tomonlarga shuytib kelmasangiz, boshqa payt qadam bosmay qoʻyuvdingiz. Qani, Obloqul oʻzimizning qoʻradan bitta chibich ushla. Bu kishilar Tuyoqlining doʻkay chavandozlari. Durustroq qoʻnoq qilmasak, gapning tagida qolamiz.
Xonada yengil kulgi koʻtarildi.
Qurdoshlar naridan beri tanishayotib, Obloqul akaga ergashib chiqdim. Ikkov bir echkini boʻgʻizladik. Hash-pash deguncha etini boʻlakladik. Chibich degani olti oylik, bolalamagan urgʻochi echki boʻlarkan. Choʻponlar uning etidan choʻpchima degan xushtaʼm yegulik tayyorlarkan. Aka qornini yorayotib ishtiyoq bilan gapirib berdi. Azbaroyi ochiqqanimdan qornim gʻuldirab ketdi. Soʻng oʻchoqqa oʻtin qaladik. Qozon tobga kelgunicha charvini mayda-mayda qilib toʻgʻradik. Et nimtalanguncha ichkimoyni jiziq qildim. Qozon kilkillab moy boʻldi. Goʻshtni obdon tuzlab, qizib turgan yogʻda qovurdik. Choʻpchimaning eti juda mayda toʻgʻralarkan. Moyga tushishi bilan bujmayib, tuyur-tuyur boʻlib qoldi. Obloqul aka bijillab turgan qozonni hafsala bilan qoʻzgʻay boshladi. Tevarakni qovrilayotgan et hidi tutdi. Ayniqsa, saksovulning tutuni va choʻpchimaning taʼmi dimogʻimni yorgudek edi.
– Koʻr qani, sirti qotdimikan? – dedi bir tishlam et uzatib.
Ichkaridan Qurbon boboning guldirak ovozi eshitilardi. Qurdoshlar koʻpkari va otlar xususida gap surayotgandi.
– Polvon aka, qishi bilan elma-el yurasizlar, – gap boshladi tovoqlarni koʻtarib kirganimizda boyagi shaharliklardan biri. – Hay, bir-ikki juft kovushmi yoki bitta-yarim echkiga tashlaysizlar. Bundan kimga foyda – uloq ayirgan sizgami yoki otni boqqan odamgami? Koʻpkarining qanday daromadi bor, oʻzi?
Qurbon bobo qoshlarini chimirib, bir muddat soʻzsiz turdi. Gapni uzoqdan boshladi:
– Otingizni ne devdingiz, uka?
– Fayruz! – savol egasi taajjublandi.
Menimcha, ularni Tilov bobo tanishtirgan. Qayta soʻrovdan shaharlikning zardasi qoʻzigandi. Qoshi kerilib, labining uchishi shundan darak berardi. Qurbon bobo parvo qilmadi. Soʻzida davom etdi:
– Payruzboy, daromad olaman desa, koʻpkaridan boshqa tirikchilik koʻp. Avval-oxir ota-bobolarimiz boyish uchun uloqchi ot saqlamagan. Oʻzini bilgan chavandozam pul uchun uzangiga oyoq qoʻymaydi. Har elning oʻz oti boʻladi. Oʻsha otni minib, zot ayirgich polvoni boʻladi. Otsiz el, polvonsiz el – el boʻldimi! Bunday yurt davralarda eslanmaydi. Falon joydan mehmon tushdi, otini ushlab, qoʻnogʻini beringlar, demaydi. Oti borning – oti bor-da, inim! Bakovullar bir shirriq qoʻziga tashlasangiz, ogʻzini toʻldirib: “Falon eldan falonchiboyning pistonchi laqabli oti bilan shu elning pismadonchi chavandozi kattakon qoʻchqorga tashladi!” deb aytadi. Oʻsha payt ot egasiningam, polvonningam, qoʻyingki, oʻsha yurtdan kelganlarningam yuragi hapqiradi. “Oho-ov! Qoʻchqor bizda ketdi!” deb koʻkrak keradi ishqibozlar.
Orada Tilov bobo, oling-oling, qilib tovoqqa undadi. Davradoshlar gapni boʻlgisi kelmadi-yov, qoʻl uzatmadi. Qurbon bobo ohista, lekin mixlab gapirayotgandi:
– Bu yil uch kam yetmishga chiqdim. Ellik yil elimizning ne-ne argʻumoqlarini mindim. Avjim kelganida bir koʻpkarida qoʻsh toy, qoʻsh tuyagayam tashladim. Esimdan chiqmaydi, oʻttiz yoshlarimda laqaylarning ulogʻida bir qoʻra molning zotini ayiruvdim. Ichida ikki toy, ikki tuya, besh tana, bir tovus, qirqdan ziyod qoʻy-echki bor edi. Har koʻpkari oʻlikmolni koʻtarib yurishga erinib qaytadan solimga qoʻyardim. Ishonmasangiz, uka, manov yigitlardan soʻrang, hozir bir tom-bir oshxonali uyda turaman. Agar polvon zoti boyib ketsa, serdavlati men boʻlardim. Orttirgan molu dunyomiz yoʻq. Lekin bitta-yarimta polvon deb biladi. Shunisi koʻngilni koʻtaradi.
Atrofdagilar ogʻziga qarab qolganini bilib, ilkis esiga tushganday:
– Qani, Obloqulboyning choʻpchimasi sovib qopti-ku! – deb hammani tovoqqa undadi. Bir-ikki qoʻl olgach, – Ay, lekin etli ovqatni qiyib qoʻyishda sizlardan oʻtari yoʻq! – deya choʻponlarga samimiy lutf qildi. – Toʻshning qichirlab pishganini qarang!
Dasturxon yigʻilgach, bir-ikki piyola choy ichildi. Choʻpchimadan boʻldimi yoki qaynoq choy qizdirdimi, Qurbon boboning peshonasi va boʻynidan ter quyilaverdi. Ot qashishga chiqqanimizdayam qotmadi. Katta Koʻkni toʻsgach, qoʻshxonaga qaytdi. Yilqilarni toʻsib, soʻng sugʻordik. Tumshugʻiga yemtoʻrvasini ilib, yemini yeb boʻlgunicha terini ushatdik. Tun yarmidan oʻtgan, ertalabki ayoz boshlanayotgandi. Tobga keltirgunimizcha ikki soat oʻtdi. Bu yerda yoʻngʻichqa yoʻq ekan. Obloqul aka gʻaramdan poxol sugʻurib berdi. Qoʻshxonaga kelsak, Qurbon bobo lohas boʻlib, koʻylakchan oʻtirgan ekan. Tilov boboning “nasha”sidan bir kaft otib, ustidan achchiq koʻkchoy ichdi. Pichadan keyin chiroyi ochilib, ruhi tetiklashdi.
– Biron joyingizda shamollash bormi deyman! – gap qoʻshdi Tilov bobo. – Echkining eti sovuqlik-da, shunga lanj boʻldingiz, shekilli. Payqaganimda toʻqli boʻgʻizlatardim.
– Bi-ilma-sam, yetmishni qoralagan kishining sogʻ joyi qoladimi?! – gap abdavini hazilga burdi Qurbon bobo. – Yosh oʻtavergandan keyin goʻdakday boʻp qolarkan odam!
Gurung oʻzani boshqa tomonga ketdi. Men paydar-pay choy damlab turdim. Qarapchining Qizbel laqabli oti haqida hangoma boshlanganida Olish aka va uzangidoshlarimiz tashqariladi. Qizbel oʻmrovi keng, tuyogʻi yapaloq, boʻyni yoʻgʻon, usti tekis, boʻyi baland, buyuri puch ot boʻlgan ekan. Qarapchilik Boʻta sinchi gʻunonligida qirq qoʻchqorga almashib olganida yaqinlari sovdoyiga chiqarib kulibdi. Sinchining parvoyiga kelmabdi. Sinchi baribir sinchi-da, jonivor olti yosharida maydonga chiqibdi-yu, egasi qazo qilgunicha katta zotlarga tashlabdi. Oʻsha paytlar qarapchi urugʻi Baxmaltogʻning orasida, koʻpdan olisda yasharkan. Birov bilib, birov bilmaskan ularni. Bir kuni qarapchi eliboylardan biri Bulungʻurga koʻp ushoqmol tushiribdi. Aksiga olib, olarmon boʻlmaganmi, bittayam sota olmabdi. Bozordan chiqarishda chekchilarga elini tushuntira olmay rosa ovora boʻlibdi.
– Chek puliga hisoblab uch-toʻrtta qoʻy olinglar! – desa koʻnishmasmish.
– Hozir ushoqjonga oʻlat kelgan. Molingiz kelasi haftagacha yashaydi deb kim kafillik beradi?! – deb oyoq tiragan ekan.
Xullas, u debdi boʻlmadi, bu debdi boʻlmabdi. Oxiri “Hamqishlogʻim Boʻta sinchi shu atrofga koʻpkariga kelgan. Birga chiquvdik. Shundan pul soʻrab koʻray”, desa, bozorchilar: “I-e, baxmallik Boʻta aka – Qizbelning egasini aytayapsizmi!?” dermish.
Shunda haligi chekchilar “Eplasangiz, jonivordan zot olib berasiz. Eplamasangizam, xafagarchilik yoʻq”, deb chekpulidan kechib, yana bir kecha mehmon qilgan ekan.
Qurbon bobo Qizbelning taʼrifini keltirayotganida Boʻtakoʻzga solishtirdim. Oʻmrovining kengligi, tuyogʻi yapaloqligi, boʻyni yoʻgʻonligi, usti tekisligi, boʻyining balandligi bir xil edi. Faqat buyurida farq bor edi. Ich-ichimdan suyundim. Ayniqsa, otimning Qizbelday boshini adl koʻtarib, yollari selkillab yurishidan juda quvondim. Gurungni tinglayotib mulgibman. Olish akaning turtkisidan uygʻondim. Tong yorishayotgan ekan. Koʻplashib tashqariga chiqdik. Yuz-qoʻlimizni yuvib, otlarning qorini supurdik. Qurbon bobo Hamid akaning otidan noxuno tushirdi. Noxuno degani uloqchi otlarda uchraydigan kasallik ekan. Uzoq vaqt boylovda turgan yilqining badani yumshab, burnidagi togʻay oʻsib ketarkan. Ot tuzuk nafas ololmay, beeʼtibor qolsa nobud boʻlarkan. Jonivorning tumshugʻidan ancha vaqt qon keldi. Lekin chuqur-chuqur nafas yutib yengillashganday boʻldi. Egar urishdan avval darddan xalos boʻlganini bildirib, hafsala bilan silkinib-qoqindi. Boboylar bomdodga taraddudlanganida Katta Koʻkniyam shayladim. Choʻponlar oʻylaganimizdan-da mehmondoʻst chiqdi. Bizlarga chibichning etidan shoʻrva, Qurbon boboga qoʻynikidan qovurdoq qilibdi. Etning yumshoq joyini solgan ekan, maza qilib yedim. Yana Qurbon bobo: “Bugun maydonga tushasan!” deb ikki boʻlak quyruq ham berdi. Ketish oldidan tashakkur aytib, yoʻlga otlandik. Qoʻshxonaning biqinida, boyagi shaharliklarniki boʻlsa kerak, qandaydir yengil mashinani qor bosib turardi.
Maʼlum boʻlishicha, togʻdan tushayotganda bir soy naridan yurib, Qilqondining oshuvini aylanib oʻtgan ekanmiz. Yoʻlni qiya solib oshuvga yurdik. Tepaga chiqqanimizda soy boshiga qur tikilib, chavandozlar quvmaning takasini chopayotganini koʻrdik.
– Eh-he, katta surdak boʻladi-yov! – Qurbon bobo qoʻlini soyabon qilib pastdagi manzarani kuzatdi. – Ikki yuzga yaqin yilqi bor bu yerda. Birdaniga nechta taka tashlasa?!
Enishning yuqorisiga oʻramajabduq va xurjunlarimizni qoʻyib, otlarni tayyorladik. Kiyimlarimizni almashtirib, oʻkchali etiklarimizni kiydik. Qurbon boboni tanigan chavandozlar bir-bir kelib koʻrishdi. Atrofimizga ellikka yaqin yilqi yigʻildi. Koʻtal, Gʻul, Obolim, Choʻrosh, Mitanning polvonlari toʻplangandi. Maslahat bilan Boʻtakoʻzni Hamid akaga berib, uning oti bilan shu yerda qoladigan boʻldim.
– Ho-ov, taqimi zoʻr chavandozlar! – bakovul solim qoʻyganlarni nomma-nom aytib boʻlgach xitob qildi. – Katta takaga – bir qoʻy-bir gilam, kichigiga – bir echki-bir palos tikdim. Chilvir solmaysan, bilakip oʻramaysan, uzangibov qilmaysan, mehmon otning jilovini ushlamaysan! Dangal tashlaysan! Mabodo gʻirromingni bilsam, mendan solim ololmaysan! Aytib qoʻyay, harom qilib kelsang, polvon nomingni yerbitta qilaman! Oting qushdan oʻtsa, oʻzing halollab yutsang – shu solimlar seniki!
Toʻda soyning quymichiga qoʻzgʻoldi. Tomoshatalablarning son-sanogʻi yoʻq edi. Hoʻv yuqoridagi qatovga bir toʻda xotin-qiz chiqib olgan. Undan berida kabobchi oshpazlar choʻgʻ yelpish bilan ovora. Odamlarni oralab karson koʻtargan somsachilar yuribdi. Pistafurush, suvfurush, nosfurush degani har ikki qadamda topiladi. Uyur kelganda odamlar jipslashib, toʻda boʻlib turadi. Yilqi odamni bosmaydi-da, noiloj toʻdani aylanib oʻtadi. Ichib olganlar hamqishloq polvoniga nimanidir tushuntirmoqchi boʻladi, shekilli, toʻdadan ajrab uyur tarafga koʻndalang yuguradi. Oraqada kelayotgan otlardan biri gursillatib yiqitib ketadi. Shallabosi chiqib, joyiga keladi. Yoki gala uzoqlaganda sherigi suyab chiqadi. Birinchi takani boʻz otli yosh chavandoz ayirdi. Ikkinchisini gʻullik Katta Murod taqimlab keldi. Ikkisiyam somonga dangal tashladi. Gʻulda ikkita Murod chavandoz boʻlib, keksasini Katta Murod, keyingisini Kichik Murod deyishardi. Solimlar kattaravergan sari koʻpkari qiziy boshladi. Qoʻsh sarkaning ulogʻi chopilayotganida gʻujumsoylik Joniqulni koʻrdim. Taka mendan sal narida qaysidir otdan tushdi. Yon tomondan oʻqday uchib kelgan Joniqul asovini toʻxtatmasdan bir enkayib ilib ketdi. Ochigʻi, havas qildim. Taqimga zoʻr ishlabdi: keta-keta takani oʻng tomoniga olib, chunonam taqimladiki, bir-ikkita chavandoz yopishib ololmadi. Shu ketishda qulochini ochib, somonga tashlab oʻtdi. Ishqibozlar hushtak chalib, qiyqirishib olqishladi. Sakkizinchi marra aytilganida Boʻtakoʻzga qamchi bosib Hamid aka chiqdi. Yuragim hapqirdi. Jonivor miltiqning oʻqiday zuvillab borayotganida taka tushib qoldi. Ichimni urdim. Oʻn toʻrtinchi marra eʼlon qilinganida Qurbon bobo biznikilarni boshlab chiqdi. Avzoyi buzuq edi. Terga pishgan ekan, Boʻtakoʻzning ayil-pushtanini boʻshatib, toʻsdim. Teri qotgunicha aylantirdim.
– Bu kuningdan oʻl hammang! – doʻq urayotgandi kelganimda. – Kechagi nashaning kuchini koʻrayapsilarmi? Taqiming shalvirab, boʻgʻinlaring shirtboʻgʻin boʻldimi? Shunday boʻladi, koʻknar kaplab maydonga tushsang, bilagingdan mador ketadi, taqiming aytganni qilmaydi! Ikki qadamga bormay ulogʻing tushadi! Men-ku dorilikka yedim, sening baringni nima jin urdi!
Bilishimcha, kecha shamollashga chiqqanida koʻknoridan tatib koʻrgan ular. Bugun Qurbon bobo sezib qoʻygan. Telpagini yechib, tepaga chiqdi. Ancha vaqt arazlaganday tushmadi. Koʻpkari oxirlayotgandi. Boyboʻl aka chaqirish uchun otiga minganida oʻzi tushib keldi. Ularga qaramay:
– Nevaram ayil-pushtanni mahkam qis! – buyruq berdi menga. – Ho-ov, sen! – Boyboʻl akaga amirona ohangda gapirdi. – Buning oʻngida yur, enkayib yurma! Baribir bir ish chiqarolmaysan. Qora boʻp turasan!
Uchovlon oldinma-ketin toʻda tomon yurdik. Yetib borganimizda qoʻsh toy bilan tuyaning ulogʻini taqimlab chavandozlar oʻtib ketdi. Bakovul: “Katta takaga – bir toy, kichigiga – bir tana qoʻydim!” deb guldiradi. Uyurning ortidan ot qoʻydik. Katta takaning ulogʻi chopilayotgan ekan. Chavandozlar bir-birining ustiga ayamay ot solayotgandi. Xayal oʻtmasdan qurdan: “Qoʻchotdan Sherqul polvon tanaga tashladi!” degan xitob keldi. Surdak ikki baravar kuchaydi. Qurbon bobo Boʻtakoʻzning jilovidan tutib, Katta Koʻkni uyurda aylantirayapti, takaning ustiga borishga harakat qilayapti. Surilib-surilib takaga yetdik.
– Enkay, nevaram, enkay! – baqirdi Qurbon bobo.
Otning oʻng sagʻrisidan engashib uloqqa uzandim. Orqa poychasidan koʻtara boshladim. Yana baqirdi:
– Ketingni karsonga toʻgʻirlab, ogʻirligingni orqaga ol!
Egarning karsoniga surilayotuvdim, kimdir boʻynimga tarsillatib qamchi tushirdi. Munkib ketdim, taka tushib qoldi.
– Hey, mardi maydon! Goʻdakniyam urasanmi, meni qamchilasang boʻlmaydimi! – Qurbon bobo buvril otning jilovidan tortdi. – Kim aytadi seni davra koʻrgan deb!
Buvril chetga sibjirilib yaqinimizga yoʻlamay turdi. Yana engashdim. Bu safar taka oʻngʻay kelmadi. Men old oyogʻidan, saman orqasidan koʻtarayotgandik, bir katta toʻriq oʻrtadan soldi. Taka shalp etib yerga tushdi. Uchinchi marotaba oldingi oyogʻidan ushlab koʻtarayotib edim, sonidan otlar bosib turaverdi. Ancha vaqt qoʻymadim. Boyagi toʻriq yana toʻdaga kirgandi, uzangisi qars etib qoshimga tegdi. Shovullab qon ketdi. Qurbon bobo belbogʻi bilan bogʻladi:
– Boʻldi, nevaram! Bugun bizga zot nasib qilmaskan! – dedi.
Ketayotganimizda gala oldimizni qiyib chiqdi. Yana boyagi shijoatda oraladik. Bu safar: “Oʻzingni ehtiyot qil, bolam!” deya yetaklay boshladi. Polvonlarga: “Goʻdakning oldini boʻshat! Kuching shunga yetadigan boʻldimi?!” derdi. Ikki marta takaga bordik, surdovning kuchliligidan engashgunimcha uzoqlab ketdik. Bilmadim, oʻsha payt Qurbon boboning jini qoʻzidimi yo astoydil jahli chiqdimi, moʻylovi bulkillab, qovoqlari uchib, jahd bilan ot haydayotgandi. Umrimda ilk bor shu holatda koʻrishim edi, keyin ham bu qiyofada koʻrmadim. “Engash, bolam! Yo, joltong pirlarim, deb engash!” deya xitob qilardi menga. Katta Koʻkni ayovsiz qamchilagandi, toʻdani sherday surdi. Takaga qulay bordim, yonma-yon turib qoldik. Takani ikki siltab koʻkragimgacha oluvdim, biqini shilq etib taqimimga tushdi. Qurbon bobo shalviragan bitta poychasini egarimning quvishidan oʻtkazib: “Haydang, polvon, haydang!” deb tizginimdan tutib, qamchi bosdi. Qashqirlar galasini yorib chiqqan qoʻsh arslonday otilib chiqdik. Ellik qadamlarga yetaklab borgach:
– Qani, oʻzingni koʻrsat! – deya uch-toʻrt qadam orqada keldi.
Boʻtakoʻz oʻqday uchar, xayolim, somonga toʻgʻri tashlashim kerak, degan oʻyda edi: yuz qadam qoldi, ellik qadam qoldi, oʻn qadam qoldi… Taqimimni boʻshatdim. Argʻumogʻim sarlochin misol qur yonidan oʻtib ketdi. Biroq hech kim indamadi. Tovush bermadi. “Boʻtakoʻz” laqabli ot somonga keldi, demadi. Jilovni tortmadim, otimni toʻxtatmadim. Oʻzi toʻxtadi, oʻzi somonga qayrildi. Ana shunda qur tarafdan:
– Tuyoqlidan Shukur chavandozning nevarasi kattaotasining “Boʻtakoʻz” laqabli oti bilan toyga tashladi! – degan ovoz keldi.
Badanim bijirladi, koʻzimdan yosh sizdi. Koʻkayim allaqanday hislarga chulgʻandi. Koʻzim ochiq edi, lekin hech kimni, hech narsani koʻrmayotgandim. Shunda kimdir: “Boyish polvon Tuyoqlining zoʻrabor chavandozi Qurbon qoraning kenja shogirdi boʻladi!” dedi.
Keyin oʻzimga keldim. Koʻrganlarim tush emasdi. Qarshimda Katta Koʻkning yolini siypab Qurbon bobo turardi.
– Barakalla! – dedi ohista.
Bu gapni boshqa odam eshitmadi.
Oʻsha kun hayotimda ilk bor, birovning koʻmagi bilan boʻlsa-da, katta solim – toyga tashladim.
III
Hutning na qishga, na bahorga oʻxshaydigan gʻoʻjala havosiga hayratlanib, Obolimga yaqinlasharkanman, oʻsha kunni batafsil xotirladim. Xayriyat, kichik voqealar ham esimdan chiqmabdi.
Qaytayotib Qurbon bobo Boʻtakoʻz bilan yoʻl boshladi. Katta Koʻkka minib, solim – toyni yetakladim. Yoʻl-yoʻlakay “Shukurning nevarasi katta chavandoz boʻldi. Toyga tashladi!” deb bamisoli jar solib keldi. Uyatdan boshimni qayerga qoʻyishni bilmasdim. Tabriklaganlarga kulimsirab qoʻyardim. Nazarimda, yuzim choʻgʻday qizarib, toy asli Qurbon bobonikiligini fosh etayotgandi. Rost-da, u kishi boʻlmaganida, menday ishqibozga solim qayoqda edi. Katta surdakda takaning junini ushlash nasib etmasdi. Uyga yaqinlashayotib gʻov oldida kattaotamni koʻrdim. Boʻtakoʻz paydar-pay uch marta kishnagandi. Tovushini eshitib chiqqan.
– Jaloving qulluq boʻlsin! – dedi Qurbon boboga.
– Oʻzingga qulluq! – guldirab kulgu aralash soʻzladi. – Bunga men emas, anov nevarang tashladi. Qancha boʻlsa, uni tabrikla. Ay, lekin urugʻingga qurt tushmagan ekan! Izbosaring bor, Shukur!
Kattaotam avvaliga hazilga yoʻydi. Polvonlar tasdiqlagach: “Barakalla, davkar ulim!” deb yelkamga qoqdi. Kechqurun chavondozlar keldi. Dadam qoʻy soʻydi. Yarim tungacha izdihom boʻldi. Kattaotam Qurbon boboga chopon yopib, fotiha olib berdi. U kishi, kenja shogirdim, deb qamchisini tortiq qildi. Ikki kun oʻtib hovlisidan yigʻi eshitildi. Maktabdan qaytgach bildim: qazo qilibdi. Ichim idradi. Oʻsha kechasi dasturxon ustida aytgan mana bu omini qulogʻim ostida jaranglaganday boʻldi: “Oʻgʻli uyada qolsin, qizi qiyada qolsin. Or uchun etik kiygan umri ziyoda boʻlsin!”. Qurbon bobo negadir tin olib, kattaotam tarafga burilgan edi, takbirni bobom davom ettirdi: “Ushlagani toy-tuyaning ulogʻi boʻlsin, qasd qiganlar takaning qulogʻi boʻlsin. Elni emrantirib, davrani guvrantirib, Qurbon bobosiday kattakon chavandoz boʻlsin!”.
Eshitishimcha, boboning jigari titilib ketganmish. Xasta jigar bilan ham uch oy yashabdi. Bir yil burun doʻxtirlar otga minishni taqiqlagan ekan. “Ketsam, egarning ustida ketay!” deb koʻpkari chopib yuraverganmish. Bilmadim, balki bu gaplar toʻqib chiqarilgandir. Balkim, bunday voqea boʻlmagandir. Ammo afsonaga oʻxshash neki boʻlsa, Qurbon boboning tabiatiga tamomila mos edi. Koʻp oʻtmay “Qurbon chaqirib qoʻymayapti!” deb kattaotam ham ketdi. Oʻsha kezlar qishlogʻimiz huvillab qolganday edi. Odamlar “Tuyoqlining qoʻshustunidan ajradik!” deya eslab yurdi.
Dadamning qistovi bilan shaharga – oʻqishga ketdim.
Puchmoqlardagi qor boʻlib qorga oʻxshamaydigan, qirov boʻlib qirovga oʻxshamaydigan allaqanday oqlikka boqib koʻnglim boshqacha boʻldi. Beixtiyor qoʻltelefonimda akamning raqamini terdim. Solin yoʻlida ulovimizning benzini tugaganini aytdim. Yurgizib beradigan boʻldi. Shashtim soʻnib ortga qaytdim. Yoʻl-yoʻlakay oʻyladim: Mardi aka Toshloqsaroydan boʻlsa, Abror bilan Zohid shahardan kelgan. Ular bu yerlarni qaydan bilsin. Kimsasiz biyday dashtni biladigan, bu joylarga eng yaqin odam men-ku, axir! Abrorning otasi yoʻq. Sumkasidagi pullarini roʻzgʻorining biror teshigiga moʻljallagandir. Rosti, avvalgi qiligʻimdan uyaldim…
Yana Qurbon bobo bilan kattaotamni esladim. Eslaganim sari teran va ulugʻvor siyrati qarshisida juda zaif ekanligimni angladim. Qalbimning tub-tubidan bir hayqiriq otilib chiqdi:
– Unday odamlar qayoqda endi?!
– Nima deding, benzin topilmadimi? – taajjublandi Mardi aka.
Yetib kelganimni sezmabman.
– Hozir, op kelishadi.
Yoʻlning narigi tomoniga oʻtib, akamni kuta boshladim. Abror va Zohid biram xursand ediki, tovushlarini baland-baland qoʻyib soʻzlashardi.
Anvar SUYUN
“Yoshlik”, 2017–12
https://saviya.uz/ijod/nasr/solin-yoli/