SOKRAT

SOKRAT (Sokrates), Suqrot (mil. av. 470/469 — Afina — 399) — yunon faylasufi. Haykaltarosh Sofriniks va doya Fenaretta oilasida tugʻilib oʻsgan. Oʻz taʼlimotini ogʻzaki bayon qilgan, hech qanday yozma manba qoldirmagan. Sofistlarta qarshi kurashish va yoshlarni tarbiyalashni oʻz oldiga maksad qilib qoʻygan. Atrofiga koʻplab iqtidorli talabalarni jamlagan. Bu talabalarning bir qismi (Alkiviad, Kritiy va b.) Afina demokratiyasiga qarshi kayfiyatda boʻlgan. Sokratni demokratiyaga nisbatan dushmanlikda asossiz ayblashgan. Aslida u boshqaruvning xamma shakli — monarxiya, mustabidlik, aristokratiya, plutokratiya va demokratiyani, agar ular adolatni buzayotgan boʻlsa, tanqid qilgan. Sokrat taʼlimotidagi tanqidiy ruh Afina hukmron doiralarini xavotirga solgan. Buning natijasida Sokrat yoshlarni yoʻldan adashtirganlik, fuqarolik meʼyorlarini buzganlik hamda «yangi xudolarga sajda qilish»da ayblanib, sudga berilgan va oʻlim jazosiga hukm qilingan. Bu hukm turmada Sokratga zahar ichirish yoʻli bilan ijro etilgan.

Sokratning falsafiy taʼlimoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni unga zamondosh va shogird boʻlgan Ksenofont, Platon, keyinroq Aristotel yozib qoldirgan. Sokrat faqirona kun kechirib, doimo eski liboslarda, oyoq yalang yurardi. Uning turmush tarzi ham, soʻzlari va suhbatlari ham odamlarda katta qiziqish uygʻotardi. Faylasuf koʻp vaqtini odam gavjum maydonlarda, xiyobonlarda oʻtkazgan. Oʻzining suhbatidan bahramand boʻlish niyatida yurgan istalgan kishi bilan savoljavob qilgan. Ushbu muloqotlarning uslubi va xarakteri Platonning suhbat tarzida yozilgan asarlarida oʻz ifodasini topgan. Sokrat oʻz falsafiy tadqiqotlariga axloqiy masalalarni asos qilib olgan. U olamning kelib chiqishi va tuzilishini oʻrganish zaruratini rad etib, bu masalalarni yechishga inson tafakkuri qodir emas deb hisoblagan. Sokrat taʼlimoti ga koʻra, falsafaning maqsadi oʻz-oʻzini bilish boʻlib, bu esa chin ezgulikka erishish yoʻlidir; ezgulik — bilim yoki donolikdir. Sokrat insonda 1dan, oʻrta miyonalik, moʻtadillik (yaʼni. ehtiroslarni jilovlay bilish) ni, 2-dan, dovyuraklik (yaʼni, xavfxatarni yenga bilish)ni, 3dan, adolat (yaʼni, ilohiy va insoniy qonunqoidalarga rioya eta bilish)ni eng asosiy ezgulik va yaxshilik belgisi deb hisoblagan. Zamondoshlari va shogirdlarining guvoxlik berishicha, Sokrat oʻzining chuqur dialektik fikrlashi, yaʼni predmetga oid nomukammal tushunchalardagi ziddiyatlarni ochish orqali oʻsha predmetni bilish sari yetaklay olish sanʼati, induktiv taʼlimotdan foydalanish mahorati bilan katta taassurot uygʻotgan.

Sokrat taʼlim-tarbiya amaliyotidagi har qanday aqidaparastlikni qattiq qoraladi. Taʼlimning maʼruza oʻqish shaklidan voz kechib, suhbat va munozaralar orqali haqiqatni izlab topishni asosiy uslubga aylantirdi. U barcha mavjud nuqtayi nazarlarning hech biriga qoʻshilmay turib, ularni tanqidiy asosda muhokama qilishga intilgan. Ped. da majburlashdan, zoʻravonlikdan voz kechish tarafdori boʻlgan. Uningcha, bilim berishning yagona vositasi — ishontirishdir.

Sokrat nomi keyingi davrlar uchun donishmand timsoli boʻlib qolgan.

Saida Joʻrayeva.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x