Buyuk bobomiz Amir Temur va temuriylar davri boʻyicha istiqlol sharofati tufayli talay tadqiqotlar qilinganiga qaramay, bu mavzuda hali oʻz yechimini kutayotgan masalalar mavjudligini rad etib boʻlmaydi. Masalan, Amir Temur asos solgan davlatning mafkurasi, uning ildizlarini oʻrganish bugungi milliy mafkuramiz asoslarini mustahkamlashga xizmat qila oladi, deb bemalol aytishimiz mumkin.
Tarixdan maʼlumki, Amir Temur adolatli hukmdor sifatida xalqni zulmdan ozod qilishni muqaddas burch deb bilgan. «Movarounnahr aholisi, — deb yozadi u oʻz «tuzuk»larida, — mening bu ishimdan xabar topishi bilanoq, tezda bosqinchilarga qarshi hujum qilishim kerakligi haqida istak bildirdilar. Chunki ularning qalbi zolim moʻgʻullar toifasidan butunlay bezgan edi. Aholining kattayu kichigi menga ergashdi. Mamlakatning ulamo va mashoyixlari ham moʻgʻullar toifasini yoʻq qilish haqida fatvo chiqazib berdilar. Ulus amirlari va qoʻshin boshliqlarining baʼzilari ham bu ishga qoʻshilib bizga birlashdilar». Shu bois, jamoa ahlining barcha toifalari Amir Temurni oʻzining xaloskori va hukmdori sifatida qadrlagan hamda u haqda bitilgan ahdnoma va fatvolarda shunday koʻrsatmalar berishni oʻz burchlari deb bilishgan edi: «Toʻgʻri yoʻl tutgan xalifalardan Alloh taolo hamisha mamnun boʻlsin, tutgan yoʻllariga va qilgan ishlariga muvofiq Movarounnahrdagi butun ahli islom, sipohu raiyat yoxud ulamoyu kiromlar boʻlsin, Amir Temurga izzatu ikrom koʻrsatib, uni qutbi saltanati oliy deb atasinlar. Uni Allohning yerdagi qudrati — saltanat taxtiga loyiq koʻrsinlar. Musulmonlarning yeri, nomus-ori, mol-mulki hamda joniga zulm-sitam qoʻlini choʻzgan moʻgʻullar toifasini dafʼ qilishda va umuman, yoʻqotishda Amir Temurga oʻz mol va jonlarini ayamay, tirishib harakat qilsinlar. Biz oʻz ahdu bayʼatimizga sodiq qolurmiz. Agar bergan ahd paymonimizdan qaytsak, Allohning qudrati-yu quvvati va yordamidan chiqib, shayton qudrati-yu yordami yoʻliga kirgan boʻlaylik».
«Bu fatvoni menga koʻrsatganlaridan soʻng jangu jadal bayrogʻini baland koʻtarib, moʻgʻullar ustiga lashkar tortishga qaror qildim, — deydi Amir Temur. — Mazlumlar haqini zolimlardan olmoqchi boʻldim. Lekin bir necha razil, sotqin kishilar bu harakatimni dushmanga bildirib, fosh qilib qoʻydilar».
Shundan keyin Amir Temur oʻlkaning goh u joyida, goh bu joyida dushmanga qarshi kurashib, koʻp jafolarni koʻrdi. Hatto u bir necha bor halokat yoqasiga kelib qoldi. Shunga qaramay, ozodlik gʻoyalaridan bir qadam ham chekinmadi.
«Saltanat jigʻasini taqqach, — deydi Amir Temur, — tinchligu, halovatim ketdi. Oʻz oʻrnimda rohatda uxlash huzur-halovatidan voz kechdim. Hayotim davomida turli diyorlarni kezdim, ranju alamlar ham tortdim. Har xil tadbirlar qoʻllab, dushman hujumlarini qaytardim. Amirlar va sipohiylarning isyonlarini koʻrdim. Ulardan achchiq dashnomlar ham eshitdim. Lekin sabr-bardosh bilan oʻzimni eshitmaganga, koʻrmaganga solib, ularni tinchitdim. Qilich yalangʻochlab, jang maydoniga otildim va shul tariqa dunyoga nom chiqardim».
«Amir Temur tarixi» kitobining muallifi Ibn Arabshoh Sohibqironning fazilatlarini sharhlab shunday deydi: «Temur tengi yoʻq feʼl-atvorli, chuqur mulohazali kishi boʻlib, uning tafakkuri dengizning qaʼridek edi. Uning qoʻllagan tadbirlariga tekisligu, gʻadir-budurliklar orqali yoʻl topish mumkin edi».
Millat dardi Amir Temur siymosi va faoliyatida oʻz ifodasini topgani tufayli u dunyoning koʻp qismini oʻziga qaratgan saltanat tuza olishga erishdi. Xalq mafkurasi buyuk sohibqiron davlatining mohiyati va yoʻnalishini belgilab, oʻziga xos siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy asoslarga ega boʻldi.
1370 yilda Amir Temurning mustaqillikni tiklash haqidagi daʼvati amalga oshirildi. Markazlashgan va qudratli davlatni yuzaga keltirish mafkuraning asosiy yoʻnalishiga aylandi. Bunga erishish uchun, avvalo, oʻzaro kelishmovchiliklar va urushlarga barham berib, davlatni ichki tarafdan mustahkamlash zarur edi. Bu haqda Sohibqironning oʻz soʻzlarini keltirib oʻtish oʻrinlidir: «Turon viloyatini zabt etib, Movarounnahrni moʻgʻullar vujudining xas-xashagidan tozalaganimdan keyin, baʼzi uluslarning amirlari menga itoat etib, bosh egishni istamadilar. Ularning baʼzilari oʻz qabilalari oldida noz qilib turdilar. Amirlarimdan baʼzilari ularning yonini olib, menga «bu davlatga barimiz sherik boʻlganimizdan keyin, ularni ham shu davlatga sherik deb bilaylik» dedilar. Lekin ularning gaplari mening saltanat yuritishimdagi gʻayratimga taʼsir qilmadi. Oʻzimcha kengashdimki, xudo bitta, uning sherigi yoʻqdir. Shunday ekan, Alloh taoloning muqaddas mulki — yer yuziga egalik qiladigan kishi ham bitta boʻlishi kerak. Davlatchilikda sira shirkatga yoʻl qoʻyish yaramaydi».
Amir Temur oʻzining bunday siyosatini hokimiyatni qoʻlga olguncha va keyin ham izchillik bilan olib borishi tufayli butun mamlakatda markazlashgan kuchli davlatni taʼminladi. Bunda qoʻshinning kuch-qudratini va jangovorligini oshirish muhim oʻrin egalladi. Avvalo, sarkardaning oʻzi mohir jangchi va lashkarboshi hamda sipohlarning jonu dili boʻlib, ular bilan birga jang maydonlarida qahramonlik namunalarini namoyish etdi. «Sipohlarning koʻngliga nima oʻtirsa, shuni qildim, — deydi Sohibqiron. — Boshimga poʻlat dubulgʻa, egnimga Dovudiy sovut kiydim, belimga Misr qilichini bogʻlab, bahodirligu kurash taxtiga oʻzimni urdim».
Amir Temur sipohlarni yarogʻ-aslahalar, maosh va boshqa zarur narsalar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor berdi. Jangchilarning xizmatlarini qadrladi va oʻzini koʻrsatganlarga «Bahodur» unvonini taʼsis etdi. Hatto, harbiy xizmatga bir necha ming ayollarni ham jalb qilib, ularga urush texnikasidan saboqlar berdi. Bu haqda jonli guvoh boʻlgan Ibn Arabshoh shunday yozadi: «Temur lashkarlari orasida ayollar ham boʻlib, ular dushman bilan boʻlgan toʻqnashuvlarda matonat koʻrsatardilar. Nayza sanchishda, qilich oʻynatishda va kamondan moʻljalga olishda mohir erkaklardan koʻra ham ortiqroq ish qilardilar. Agar ulardan biri homilador boʻlib yoʻlda ketayotgan paytda uni dard tutsa, yoʻldan chetga chiqardi. U tezda yigʻishtirinib olgach, tagʻin uloviga minib jangga kirardi».
Koʻrinib turibdiki, gap yuritilayotgan davrda vatanga sodiqlik va jangovorlik gʻoyalari shu darajada barq urganki, hatto ayollarni ham xuddi Toʻmaris davridagidek, jangga otlantirgan. Ayollarning urush maydonlaridagi qahramonona kurashlari kishini hayratga soladi. Ayniqsa, koʻzi yorigan ayollarni tez jangga qayta shaylanishi shoyon diqqatga sazovordir. Amir Temur oʻzi yuksak axloq-odob egasi boʻlganligi uchun qoʻshini ham shunga monand, nihoyatda tartibli va insofli boʻlgan. Ibn Arabshoh bu masalada yana jonli guvoh boʻladi: «Temur askarlari ichida olijanob, ibodatli, taqvodor, saxovatli, serhimmat kishilar koʻpchilikni tashkil qiladi. Ular ezgulikda cheksiz boʻlib, ularning bu xayrliklari odamlarga manfaat yetkazib turardi. Asirlarni ozod qilish, yetishmovchiliklarni toʻldirish, yongʻinni bartaraf qilish, choʻkayotganlarni qutqarish, oʻzgalarga xayr-ehson koʻrsatish, boshiga kulfat tushganga moddiy va maʼnaviy koʻmak berish, lashkarlarning odatlaridandir».
Mafkuraning keng maʼnoda umumxalq harakati sifatida gavdalanishi va uning Amir Temur tomonidan bilimdonlik bilan boshqarilishi oqibatida, jangovor va yengilmas milliy qoʻshin tashkil etildi. Endilikda mamlakatni tashqi dushmanlardan saqlash zaruriyati tugʻildi.
Tarixdan maʼlumki, chet ellik bosqinchilar hamisha Turon yurtiga bostirib kirishni orzu qilganlar. Bu yerga kelgach, qirgʻinbarot, talon-taroj ishlarini avj oldirganlar. Amir Temur bularga chek qoʻyib, dushmanlarning oʻz yerida zarba berib, oʻlkani jahonga tanitib qoʻydi. Natijada ulugʻ davlatchilik gʻoyasi Amir Temur imperiyasi tashkil topishiga olib keldi va uni olamga tanitdi. Bunday siyosat keyinchalik dunyo boʻylab yoyilib, zamonaviy tus oldi. Shu sababli, Amir Temur davlatining mafkurasi oʻziga xos ijobiy xususiyatlari bilan ajralib turadi. Uning oʻzi davlat qonunini (tuzukini) yozdi va izchillik bilan hayotga tadbiq etdi. «Davlat ishlarini saltanat qonun-qoidalariga asoslangan holda boshqardim, — deydi u. — Amirlar, vazirlar, sipoh, raiyat har biri oʻz lavozim va martabasidan mamnun holda xizmatimda boʻlib, undan ortigʻiga daʼvogarlik qila olmadi. Adolat va insof bilan tangrining yaratgan bandalarini oʻzimdan rozi qildim. Gunohkorga ham, begunohga ham rahm qilib, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlar koʻnglidan joy oldim. Zolimlardan mazlumlar haqini oldim. Ular yetkazgan ashyoviy va jismoniy zararlarni isbot etganimdan keyin, ularni sharoitga muvofiq odamlar oʻrtasida muhokamaga qoʻydim. Bu gunohkorning oʻrniga boshqasiga jabr-zulm oʻtkazmadim».
Sohibqiron davrida mamlakatda qurultoylar chaqirilib, muhim masalalar boʻyicha munozaralar oʻtkazilgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Shuningdek, uning saroyida «kengash» taʼsis etilishi va unda har bir masalaning muhokama qilinishi, hozirgi til bilan aytganda, demokratiyaning koʻrinishlaridan biri edi. U kengashgan masalalarni yana bir bor oʻz safdoshlari bilan birgalikda koʻrib, keyin ularni soʻzsiz qattiqqoʻllik bilan amalga oshirgan.
Ayonki, xalq mafkurasining asosiy tayanchi hokimiyatdir. Shu bois taxt xavfsizligi va kuch-qudratini taʼminlash hukmdorning muqaddas burchi hisoblanadi. Sohibqiron davlatining mafkurasida mamlakatning jahondagi mavqeini taʼminlash ham oʻz aksini topdi. U Sharq davlatlari bilangina emas, balki Ovroʻpo davlatlari bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalar oʻrnatishga harakat qildi. Uning davrida sunʼiy sugʻorish ishlari, yangi yerlarni oʻzlashtirish, dehqonchilik, chorvachilik keng koʻlamda rivojlantirildi. Uning farmoni boʻyicha davlat dehqonlarni mablagʻ, ishlab chiqarish qurollari va boshqa narsalar bilan taʼminlab turdi. Ichki va tashqi savdo rivojlanib, Eron, Afgʻoniston, Hindiston, Turkiya, Xitoy, Arabiston va boshqa mamlakatlar bilan aloqalar yuqori pogʻonaga koʻtarildi. Natijada mamlakatda moʻl-koʻlchilikka erishildi.
Ispan elchisi Klavixo Samarqand haqida oʻzi koʻrganlarini shunday taʼriflaydi: «Bu zaminda hamma narsa moʻl-koʻl boʻlib, gʻalla, goʻsht, mevalar, parrandalarning goʻshti juda serob. Qoʻylar juda yirik. Ularning goʻshti juda arzon. Non shu darajada arzonki, undan ortiq arzon boʻlishi mumkin emas. Guruch ham nihoyatda serob. Bu shahar shu darajada boy va yerlari unumliki, hayratda qoladi kishi. Bu shaharning boyligini faqat oziq-ovqat mahsulotlaridagina emas, balki ipak, paxta, gazlamalar, oltin buyumlarning koʻpligidan ham koʻrish mumkin».
U Buxoroda ham farovon turmushning guvohi boʻlganligi haqida yozgan. Umuman, Amir Temur davlatida mafkuraning iqtisodiy asoslari oʻz samarasini berib, barqaror moʻl-koʻlchilik hukm suradi. Bu davrda ilm-fan, meʼmorchilik, sanʼat sohalari ham rivojlanib, maʼnaviy hayot yuqori bosqichga koʻtarildi.
Mahmud NAZAROV,
filologiya fanlari nomzodi
“Ishonch” – “Doveriye” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/sohibqiron-saltanatida-mafkura/