Soʻzning goʻzali muhabbat madhida aytilur. Bu borada soʻzning azalini esa Odam Ato hazratlari Momo Havo onamizga aytganlar. Demak, oshiqlik bizga Odam Atodan meros. Ammo bu meros har dilda har rangda yuz ochur. Har tilda oʻzgacha ohang kasb etur. Sevganga hayot goʻzal, sevilganga baxt bor.
“Yoshlik” jurnali muxlislariga ilinayotgan bu bitiklarim yigitlik yillarining sadosi. Ularning aksariyati daftarlar qatida qolib ketsa sheʼrning ham uvoli borga oʻxshadi. Muhabbatning uvolini rizqning uvoliga qiyoslab boʻlmas. Aslida sheʼrni izohsiz oʻqigan maʼqul emasmi?..
XALQONA
Qat-qatgina qatlama,
Qatlarida yogʻi koʻp.
Kim sevishni bilmasa,
Yuragida dogʻi koʻp.
Oshiqlikdan or qilgan,
Oro yoʻlda ovvora.
Muhabbatni xor qilgan,
Yashar abad dilpora.
Qantak oʻrik qand emas,
Choyga solib boʻlmaydi.
Bevafoning nomini,
Yodga olib boʻlmaydi.
Qoʻlni-qoʻlga bersangiz,
Dukillaydi yuraklar.
Nogoh qarsillab sinar,
Egilmagan teraklar.
Pora-pora, dilpora,
Sevolmagan bechora.
Toshga malham kor qilmas,
Boʻlib yurmang ovvora.
Ishqdan ishrat izlamang,
Ishq vafoning mevasi.
Koʻzga tushgan yamoqdir,
Chinnilarning chegasi.
ChIN OSHIQ
Shodligida sharob bor,
Koʻzlarida gulob bor.
Sochlarida tun boʻlsa
Yuzlarida oftob bor.
Bu qanday chashma ekan,
Dil unga tashna ekan.
Sevmayin, sevilmayin,
Ichishga shoshma ekan.
Gul tutar ifori yoʻq,
Dilida dildori yoʻq.
Har oshiq Majnun boʻlsa
Laylining bozori yoʻq.
Sadoqat shevasi xush,
Muhabbat mevasi xush.
Oshiqman deb oh urar,
Yorni bir koʻrganmi tush?
Sehrda sado boʻlmas,
Quruq soʻz nido boʻlmas.
Chin oshiq chiranmaydi,
Bir ohda ado boʻlmas.
KULGICHING
Qatra koʻz yosh qonimdan,
Bir oh chiqdi jonimdan.
Shu goʻzalning poyiga,
Tushirding osmonimdan.
Magʻrur edim, sor edim,
Chertilmagan tor edim.
Xudoyimga yigʻlasam,
Xilvatda xumor edim.
Ay muhabbat, muhabbat,
Yuzingdagi nuringdan.
Sen kulding, men kul boʻldim,
Koʻzingdagi qoʻringdan.
Oftob qani, oy qani,
Koʻrsin, koʻrsatay sani.
Mensiz yerda yurganin,
Jismimdagi jon mani.
Qabogʻingda qoring yoʻq,
Tikilsam tumoring yoʻq.
Kulgiching kundan goʻzal,
Meningdek xushtoring yoʻq.
OLMA OTSANG
Qarsillagan qars nima,
Koʻngildagi darz nima,
Yoʻlga chiqqan yigitga,
Araz nima, arz nima?
Olma otsang bilib ot,
Avval oʻzing ilib ot.
Baxtli boʻlgan bormi, ayt,
Dunyosida solib dod.
Oftobga arzandasan,
Mohtobga pazandasan.
Xudoyimning oldida,
Bitta gʻarib bandasan.
Koʻzga tushgan choʻp ekan,
Baxtli boʻlsang xoʻp ekan.
Bu olamga sen, mendek,
Kelib ketgan koʻp ekan.
Chiroyda chimmat boʻlur,
Xush soʻzda hikmat boʻlur.
Odam uchun ayt, nima,
Qadrdek qimmat boʻlur.
Bilib sevsang baxtlisan,
Koʻksingda togʻ, taxtlisan.
Yuzingda yuzta oftob,
Yor oldida ahdlisan.
ISHQ GULOBI
Shamolning shitobidan,
Bir chimdim tutib olsam.
Qizil gul gulobidan
Bir qultum yutib olsam.
Keyin koʻzingga boqsam,
Keyin yuzingga boqsam.
Orazing otashida,
Jonimni lov-lov yoqsam.
Yulduzlarning yuzidan,
Durlarin tilab olsam.
Oyning oydin roʻmolin,
Zulfini silab olsam.
Birin kaftingga solsam,
Birin kiftingga solsam.
Mehringni bolish qilsang,
Bagʻringda baxtdan tolsam.
Majnunning qaygʻusidan,
Toʻkilgan tilovatdek.
Laylining yogʻdusidan
Topilgan halovatdek.
Quvonchni sharob qilsak,
Qaygʻuni kabob qilsak,
Visolda qovrildik deb,
Olamga xitob qilsak.
GULIM
Osmondagi oy desam,
Olislab ketgandaysiz.
Jonim desam jilmayib,
Nafasim yetgandaysiz.
Siz mendan uzoqlashmang,
Uzilib ketolmaysiz.
Gulim, baxtni meningsiz,
Barmogʻin tutolmaysiz.
Joʻshqin soylar savlati,
Suv yuqmas toshdamikin?
Mehmon qadri mehrda,
Yo chimdim oshdamikin?
Bu dunyoda muhabbat,
Koʻngilning xush mehmoni.
Bir umr oʻzim boʻlay,
Koʻnglingizni mezboni.
Qadringizni qatrasi
Qarimaydi qonimda.
Gulim, guldek ochilib
Yashayvering jonimda.
IZLARINGDAN
TERGAYMAN
Men jonimni Jabborga
Bekorlarga bermayman.
Koʻzingdagi shabnamni
Kiprigimda tergayman.
Bu dunyo devonasi
Deb oʻksitma dilimni.
Tun menga tumor tutsa,
Ishq yoritgan yoʻlimni.
Men begona osmonning
Oftobini uzmayman.
Chiroying gul bargiga
Tikonlarda chizmayman.
Oshiqman deb dunyoga
Jar solmoqdan na hojat?
Noming nonday azizu
Yoding menga ibodat.
Men jonimni jabborga
Bekorlarga bermayman.
Jannatda ham iforni
Izlaringdan tergayman.
SADO BOʻLUR
Tosh oynani tosh yoʻlda,
Yotganini kim koʻrgan?
Ayt, vafoni bozorda
Sotganini kim koʻrgan?
Koʻngil-a, kuygan koʻngil,
Suv sepib soʻndirmagin.
Suymaganni yolborib
Yolgʻonga koʻndirmagin.
Umr qisqa yoʻl uzun,
Tulporlar ham tolarkan.
Alamning alangasi
Yuragingda yonarkan.
Koʻz yarashsa uzukka,
Aytgin, kim gina qilar.
Qayrilma qosh, qalam qosh
Qayrilsa nima qilar?
Koʻnglimning koʻchasidan,
Topganim ozor boʻldi.
Armon bagʻrimda tikan,
Hijron menga yor boʻldi.
Kuysa-yu, kuydirmasa,
Har koʻngil ado boʻlur.
Bu dunyoda ayt, qachon
Toshlardan sado boʻlur?!
“Yoshlik”, 2011 yil, 3-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/soginchi-jonimga-chirmashgan-bir-gul/