Taniqli dramaturg Sharof Boshbekov bilan suhbat
– Sharof aka, Siz institutda aktyorlik mutaxassisligi boʻyicha taʼlim olgansiz. Turli yillar davomida ayrim teatrlarda aktyor sifatida rollar ijro etganingizni ham yaxshi bilamiz. Biroq koʻp oʻtmay mahoratli dramaturg sifatida oʻzingizni namoyon etib, keng jamoatchilik nazariga tushdingiz. Aktyorlik kasbidan dramaturgiya olamiga oʻtib ketishingiz jarayoni qanday kechgan?
– Aynan sheʼriyat yoki nasr vakili boʻlmay dramaturg boʻlishimga teatr sababchi boʻldi. Qaysi teatrda ishlagan boʻlsam, albatta, badiiy kengash aʼzosi boʻlganman. Bunday boʻlgach, tabiiyki, juda koʻplab, hatto yuzlab pyesalarni oʻqishga majbur boʻlasiz. Toʻgʻri, ularning hammasini ham asar deb boʻlmaydi. Lekin nima boʻlishidan qatʼi nazar, oʻqish shart. Mana shu mutolaa jarayonida dramaturgiyaga kirib keldim.
Guliston teatrida ishlab yurgan paytlarimda qiziq bir voqea boʻldi. Bir kuni nima boʻldi-yu bir dramaturg yozuvchiga: “Bunaqa asarlarni men oʻynab-oʻynab yozaman” deb yubordim. U “yozing” dedi. Teatr direktori ham “marhamat, yozing” dedi. Ularning huzuridan “yozaman” deb shahd bilan chiqib ketdim. Biroq uyga kelib qoʻrquvga tushdim. Oʻzim aktyor boʻlsam, bu ham yetmaganday oyogʻim bilan yozaman deb katta ketishning nima keragi bor edi. Maktabda yaxshi oʻqirdim, institutni ham aʼlo baholarga tugatgandim. Aniq fanlarga qiziqardim, ilmiy kitoblarni koʻp oʻqirdim, olgan bilimlarimga yarasha saviyam, dunyoqarashim ham bor edi. Lekin yozishdan yiroq edim. Qalam masalasida talant chatoq edi. Biroq oʻzimga qatʼiy ishonib “Taqdir eshigi” pyesasini yozishni boshladim. Keyinchalik “Tikansiz tipratikanlar”, “Tushov uzgan tulporlar” yozildi.
Oʻsha paytlarda men dramaturg boʻlaman demaganman, bu izlanishlarimga aktyorlik kasbining davomi sifatida qarardim. Oʻzim pyesa yozib, oʻzim sahnada ijro etardim. Uchta pyesam sahnalashtirilganda ham Muqimiy teatrida ishlab yurardim.
Rosti, nazarimda Shukshin kabi har ikki sohani olib ketaman deb oʻylar, oʻzimga katta baho berardim. Ammo bu ish juda qiyin ekan. Shundan keyin butun kuch-gʻayratimni dramaturgiyaga qaratdim.
– Sharof aka, har bir sohada, ayniqsa, ijodkor hayotida bir rahnamoning, ustozning oʻrni beqiyosdir. Ijodingizda kimlarning oʻrnini alohida taʼkidlagan boʻlardingiz?
– Mening ijodimda, xususan, dramaturg boʻlishimda uch insonning alohida oʻrni bor. Talabalik paytlarimda Ravshan ismli bir doʻstim bor edi. U drama rejissyorligi fakultetida oʻqirdi. Ravshan diplom ishiga sahnalashtirish uchun Kondidan Sminovning “Toʻrtinchi” pyesasini tanlabdi. Pyesani yozuvchi Uchqun Nazarov tarjima qilgan ekan. Negadir bu tarjima unga yoqmabdi. U pesani mendan oʻzbekchaga oʻgirib berishni soʻradi. Tabiiyki, men bunga jurʼat qilmadim. Biroq u “qoʻlingdan keladi” deb turib oldi. Rosti, doʻstimning bu ishonchi menga qanot berdi. Ijodiy ish boshlandi va u Hamza teatrida diplom spektaklini namoyish qilib hali hech kim maqtov eshitmagan talabchan rejissyor Rodundan aʼlo baho oldi. Bu menga sal boʻlsa-da tarjimonlikda ishonch va ragʻbat boʻlgandi. Keyin Janni Rodarining “Jelsiminoning sarguzashtlari” asarini oʻzbekchaga oʻgirdim. Guliston teatrida ishlab yurgan kezlarimda Ranet degan Hindiston yozuvchisining “Jinoiy tango” (“Kriminalniʼy tango”) asarini tarjima qildim. Toʻgʻri, bu tarjimalarning hammasi keyinchalik yoʻq boʻlib ketdi. Lekin ularning har biri yozish olamiga kirib kelishimga turtki boʻldi. Albatta, keyinchalik bir qator ulugʻ ustozlarning maʼnaviy koʻrsatmalaridan bahramand boʻldim.
– Ijodiy izlanishlaringizga taʼsir etadigan omillar haqida gapirib bersangiz…
– Bir kuni yozuvchi Tohir Malikning huzuriga bordim. Ustoz ijodxonasida oʻtirgan ekanlar. Oʻsha yerda devorga osib qoʻyilgan bir suratga koʻzim tushib qoldi. Tasavvur qiling, suratda bir ritsarning qoʻli, ha, faqat bir qoʻli tasvirlangan edi. Qoʻl ajib bir gulni ushlab turibdi. Ammo sohibi koʻrinmasdi. Tohir Malik bilan suhbatlashayapmizu, xayoli-hushim mana shu antiqa tasvirda boʻldi.
Oʻsha kuni uyga ketguncha shu qoʻl haqida oʻylab ketdim. Sohibi nomaʼlum bir qoʻl chiroyli bir gulni avaylab ushlab olgan. Gul esa tushib ketaman-ketaman deb turibdi. Bilasizmi, kimlargadir arzimas tuyulgan mana shu surat taʼsirida “Tikansiz tipratikanlar” pyesasi yozildi. Garchi bu asarni sahnalashtirishning iloji boʻlmagan boʻlsa-da, lekin bu pyesa eng ijodiy ishlarimdan biridir.
Stolga oʻtirib oʻz-oʻzidan asar boshlab ketolmayman. Nimadir turtki boʻlishi kerak. Baʼzan hamma narsa bitta jumladan boshlanadi. Ha, shunday fikrlar borki, uning sharhi uchun butun boshli asar yozish mumkin. Misol uchun, vijdon nima? Insonning ichida vijdon degan organ yoʻq. Yurak bor, taloq bor. Lekin vijdon ogʻrisa, azob bersa odamning hayoti zulmatga aylanadi. Shu fikrning oʻzi uchun “Taqdir eshigi” yozilgan. Har qanday asar avval insonning miyasida yetiladi, yozish vaqti kelganda esa texnik ishi qoladi, xolos. Asarni bir oʻtirishda yozib qoʻyishning iloji yoʻq. Asar kayfiyatiga, qahramonlar ruhiyatiga kirish lozim. Men tabiatan oʻz-oʻzimga talabchanman. Shu sabab, baʼzida uzoq vaqt yozmayman. Baʼzan asar qayerdadir toʻxtab qoladi.
– Oʻziga talabchan odam bugun yozgan asarlaridan ertaga qoniqmay qolishi mumkin. Sizda ham shu jarayon boʻladimi?
– Kechagi odam bugungisidan farq qiladi. Vaqt oʻtgan sari tajriba oshadi, bilim oʻzgaradi, dunyoqarash oʻsadi. Baʼzi asarimning oradan yillar oʻtib boʻsh joylarini koʻrib qolaman. Oʻsha paytda muhim tuyulgan gaplar, keyinchalik sayoz koʻrinadi. Tuzatgim keladi, lekin oʻzimni toʻxtaman. Shu paytgacha yozganlarim qanday boʻlsa, shundayligicha qolishini istayman. Chunki ularning har biri umrimning varaqlari. Agar oʻttiz yil oldingi yozganlarimni oʻzgartiraversam mening bolaligim, yigirma yil oldingisini buzsam joʻshqin yoshligim va oʻsha paytlardagi begʻubor oʻylarim, fikrlarim qayerda qoladi? Agar “Romeo va Juletta” asarini har kim oʻzining zamoniga moslashtirib qoʻyaversa Shekspirning Shekspirligi qoladimi?
Nazarimda har bir sahna asari yozilgan vaqtiga mos tarzda sahnaga olib chiqilishi kerak. Ana shunda asarning mazasi, shirasi saqlanib qoladi. Eski oʻzbek kinolarini koʻrganimda oʻzimga tanish qadrdon koʻchalarni, binolarni, daraxtlarni koʻrgim keladi. Kadrlardan ularni qidiraman. Beixtiyor yoshligim esimga tushib ketadi. Oʻsha paytlarga tegishli xotiralar yopirilib keladi, entikib, orziqib ketaman. Avval yozgan pyesalarimni oʻqiganimda ham xuddi shunday ahvolga tushaman.
– Ijodkorga xos boʻlgan talablar bilan shaxsiy prinsiplaringiz doim murosa qila oladimi?
– Prinsiplarni, tartiblar va chegaralarni yomon koʻraman. Ijod borasida juda erkinman. Kundalik tartibim ham yoʻq. Bu sohaga oid biror ish qilish – albatta biror badiiy asar oʻqish, kino yoki spektakl koʻrish tartibim ham yoʻq. Umuman olganda betartib odamman. Har ikkisidan birini tanlash kelib qolgan vaqtda ham yengilman – sayohatni, doʻstlar davrasini tanlayman.
Ijodkor uchun nima kerak? Unchalik koʻp narsa emas. Avvalo, qornim toʻq boʻlishi, sogʻlik va tinchlik boʻlsa boʻldi. Men ilhom deganlariga koʻp ham ishonavermayman. Menimcha ilhom parisi ishlashga boʻlgan kayfiyat, ishtiyoqdan boshqa narsa emas.
– Ijodkorlikni kasb deb boʻlmaydi, uni taqdir hukmi deyishadi…
– Bu savolingizga oʻz hayotim misolida javob bersam. Men ham ijodni taqdir hukmi sifatida hamma narsadan ustun qoʻyganman. Ammo bemor boʻlib qolganimdan keyin oʻzim haqimda oʻylay boshladim. Men pul uchun yozmayman derdim. Biroq vaqti kelganda hayot hamma narsa haqida oʻylashga majbur qilib qoʻyarkan. Tiriklik uchun sogʻlik ham, pul ham kerak ekan. Yoshing ulgʻaygan sari “yara”laring ham kattarib borarkan. Birini uylantirish, birini uzatish, uy-joy qilib berish… Bu “taqdir hukmi” deb mukka tushib yozib yotaverishning iloji yoʻq.
Ijodkorning vazifasi odamlarni yaxshilikka undashdir. Har qanday badiiy asar ezgulikka xizmat qilsin. Oxiri fojea bilan tugagan asarlar soʻnggida ham yorugʻlikka umid boʻlishini istayman. Achchiq boʻlsa ham aytishimiz kerak, hozirda sof sanʼat xavf ostida qolmoqda. Hatto oddiygina bolalar uchun namoyish etilayotgan multfilmlarda ham urush-janjal, dahshatli maxluqlar… Bu kimga kerak?
Ilm-fan insonning miyasini, din ruhini, sport jismini tarbiyalaydi. Ijod koʻngil ishi, ijodkor qalbni tarbiyalaydi. Ijodiy asar inson yuragini ezgulik bilan bezashi kerak.
– Sharof aka, sizningcha, hayotni qay darajada sahnaga koʻchirish mumkin?
– Asar tabiiy boʻlish kerak. Masalan, siz ertalab koʻchaga chiqasiz, odamlarga qoʻshilasiz, ishga borasiz, ish jamoangiz bor… hayot tarzingiz shunday. Hayotiylik bilan badiiylikni almashtirib qoʻymasligimiz kerak. Afsuski, soʻnggi paytlarda mutlaqo hayotiy voqelikdan yiroq filmlarimiz koʻpayib ketdi. Tasavvur qiling, bir firmada ishlayotgan yigit bilan qizning sevgisi filmga syujet qilib olingan. Kinoni tomosha qilar ekansiz, to oxirigacha bu firma oʻzi nima ish bilan shugʻullanadi degan savolga javob topolmaysiz. Axir shunchaki koʻcha gaplari bilan asarni toʻldirib boʻlmaydi. Bu tomoshabinga ham, aktyorga ham hech narsa bermaydi.
– Sharof aka, bizning teatrlarimizda turli xil chet el dramaturglari asarlari qoʻyiladi-yu, nima uchun oʻzbek dramaturgiyasi namunalari jahon sahnalarida namoyish etilmaydi?
– Bu holat milliy mentalitetimiz bilan bogʻliq, deb oʻylayman. Xalqimiz tabiatidagi yumorini, askiyalarimizni, eng asosiysi, askiyalarimizdagi nozik qochirimlarni hamma ham tushunavermaydi. Vaholanki, bizning adabiyotimizda mahorat jihatdan qolishmaydigan oʻnlab yozuvchi-dramaturglarimiz bor. Misol uchun, Pirimqul Qodirov, Said Ahmad, Uchqun Nazarov, Odil Yoqubov, Oʻlmas Umarbekov singari yozuvchilarimizni sanashimiz mumkin. Toʻgʻri, koʻplab yozuvchilarimizning asarlari tarjima qilinib chet mamlakatlarda nashr etilmoqda. Ammo bu borada masalaning yana bir jihati bor. Yaʼni, roman yoki qissani oʻquvchi oʻqiyotganda oʻz tasavvur olamiga binoan qabul qiladi. Asar voqealariga oʻz shaxsiyatidan kelib chiqib munosabat bildiradi. Teatr esa koʻpchilikka moʻljallangan. Voqeani ommaviy tarzda qabul qilish murakkab jaryon.
Suhbatdosh: Akbar ERGASHYeV
“Yoshlik”, 2011 yil, 11-12-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/sof-sanat-qaygusi/