Sodda rostgoʻylik

1982 yildan 1985 yilgacha Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda bosh muharrir oʻrinbosari boʻlib ishladim. Turli yillarda bu dargohda Hamid Gʻulom, Ramz Bobojon, Jumaniyoz Jabborov kabi yetakchi shoirlar rahbarlik qilgan edi. Bu jamoada Erkin Vohidov, Odil Yoqubov, Omon Matjon, Shoir Usmonxoʻjayev, Nizom Komilov, Ibrohim Gʻafurov, Mirziyod Mirzohidov, Toʻlqin Alimov, Hasan Toʻrabekov, Lola Tojiyeva kabi elga mashhur shoir va adiblar, tarjimon va olimlar bilan birga ishlash maroqli edi. Oramizda eng koʻp kitob oʻqiydigan, kezi kelsa tushlik qiladigan puliga ham kitob sotib oladigan taniqli olim, tarjimon va muharrir Mahkam Mahmudov (umri uzoq boʻlsin!) alohida ajralib turardi. Tabiatan kamtarin, ammo har qanday vaziyatda ham rost gapni aytish va yozishdan choʻchimas edi. Bunga oʻzim ham guvohman.

Yetmishinchi yillarning oʻrtalarida “Nur borki, soya bor” romani yozildi. Yozuvchilar uyushmasidagi muhokamada maʼqullandi. U paytda men “Toshkent oqshomi” gazetasida ishlar edim. Odatga koʻra, asar jurnalda bosilishi yoki nashriyotda kitob qilib chiqarilishi uchun “ichki taqriz” yozilishi shart edi. Roman umuman maʼqullangani bilan uni bosadigan azamat topilishi qiyin kechdi. Chunki asarda oʻsha yillardagi illatlar – poraxoʻrlik, savdo sohasidagi qallobliklar, oʻzbek dehqonining ogʻir mehnati tasvirlangan edi. Xullas, eng yaqin doʻstim boʻlmish tanqidchilar ham “ichki taqriz” yozishdan qoʻrqdi. Oxiri qoʻlyozmani Mahkam akaga berdim. Mahkam aka bir haftada romanni sinchiklab oʻqib, “asar albatta chiqishi kerak”, degan xulosa yozib berdi… Oradan koʻp oʻtmay ikkovimiz bir dargohda – Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda, bitta xonada oʻtirib ishlaydigan boʻldik.

Mahkam aka asarni chuqur tushunadigan muharrir edi-yu, bir “kamchiligi” bor edi. Xohlagan paytda yoʻq boʻlib qolar, soʻng bir olam qoʻlyozmani tahrir qilib qoʻltiqlab kelardi. Yana bir odati – oʻzining parishonxotirligi tufayli roʻy bergan hangomalarni oʻzi zavq bilan aytib berardi.

– Kecha gʻalati ish boʻldi, – deb gap boshladi bir kuni. – Toʻsatdan xotinning isitmasi koʻtarilib ketdi. Dori ichsayam, qoʻshni hamshira ukol qilsayam boʻlmayapti. Oxiri birinchi banisaga oboradigan boʻldim. Uyda yolgʻiz qolib ketmagin, deb toʻqqiz yashar oʻgʻlimni ham yonimga olvoldim. Banisa darvozasiga kelganda oʻgʻlimga tayinladim:

– Mana shu yerda qimirlamay turasan, men onangni joylashtirib chiqqanimdan keyin uyga ketamiz, tushundingmi?

– Tushundim, ada! – dedi oʻgʻlim.

To ayolimni doʻxtirlarga koʻrsatib kasalxonaga yotqizgunimcha ancha vaqt oʻtdi. Qaytib chiqsam, oʻgʻlim yoʻq! Yerdayam yoʻq, koʻkdayam. Qoʻrqib ketdim. U yoqqa chopaman, bu yoqqa chopaman… Bu yogʻi qorongʻi tushib ketyapti. Bir mahal qarasam, daraxt tagida bir bola turibdi.

– Hoy bola! – dedim yaqin borib. – Shu yerda boʻyi sendek keladigan, senikiga oʻxshagan palto, telpak kiygan bolani koʻrmadingmi?

Shunaqa desam, nima deydi, deng?

– Ada, oʻsha bola menman-ku! – deydi.

Men oʻgʻlimni daraxt tagiga turgʻazib qoʻyib, oʻzim simyogʻoch tagini qidirib yurgan ekanman…

 

***

Bir kuni Mahkam aka yangi mashina sotib oldi: “Jiguli”. Tajribasiz shopir boʻlgani uchunmi, xayol olib qochganidanmi, mashinasi yo ariqqa tushib, yo “qanoti” pachaqlanib yurar edi. Hammamizning mashinamiz Navoiy koʻchasi 30-uydagi toʻrt qavatli bino orqasida, bogʻning bir chekkasida turardi. Bir kuni Hasan Toʻrabekov, Toʻlqin Alimov, Nizom Komilov bogʻ chekkasida suhbatlashib tursak, Mahkam aka tepadan tushib keldi-yu, mashinasiga oʻtirdi. Shoshib turgan ekan shekilli, motorni yurgizib mashinani tislantira boshladi. Mashina orqaga qarab ketyapti-yu, Mahkam akaning ikki koʻzi oldinda. Qarasak, “Jiguli” kattakon daraxt tomon shiddat bilan tisarilib borayapti. Hammamiz xavotirga tushib qoldik. Nuqul baqiramiz:

– Mahkam aka!

– Hoy, Mahkamjon! Toʻxtang!

Mahkam aka parvo qilmaydi. Oxiri, baqirib-chaqirishimizni eshitdi shekilli, “A?!” dedi. Faqat “A?!” degan tovush bilan “qars!” etgan tovush baravar eshitildi. Yaqin borib qarasak, mashinaning bamperi pachaqlanibdi.

– Mashinani tislantirganda orqaga qarash kerak-ku! – dedi Hasan aka kuymanib.

Mahkam aka pachoq boʻlgan mashinasiga qarab, achchiqlandi.

– Mana shu daraxtni qaysi ahmoq ekkan, a? – dedi zarda bilan. – Boshqa joy qurib qolganmidi? Mashinam ikkinchi marta urilyapti. – Bir zum oʻylab turdi-da, qoʻl siltadi. – Mayli, bosh omon boʻlsa, doʻppi topiladi. Yaxshi ustam bor, toʻgʻrilab beradi…

 

***

Bir kuni Mahkam aka odatdagidek ishga kechikib keldi.

– Yaxshi dam oldingizmi? – desam, noxushroq ohangda javob qildi:

– Kecha ishdan keyin ham bu yoqqa kelib ketganman.

– Bironta qoʻlyozma qolib ketgan ekanmi? – dedim hayron boʻlib.

– Qoʻlyozma emas… – Soʻngra voqeani tafsiloti bilan tushuntirdi. – Kecha tramvayga chiqib uyga ketyapman-u, nuqul bir nima esimdan chiqqanga oʻxshayveradi. “Nima esimdan chiqdi?” deyman, hech xayolimga kelmaydi. Bir mahal tramvay derazasidan qarasam, Tinchlik bekatidagi benzakalonka oldida elliktacha mashina navbat kutib turibdi. “E-e-e-e, mashina esdan chiqibdi-ku!” deb shuncha joydan ovora boʻlib qaytib keldim!

Ana shunaqa begʻubor inson Mahkam Mahmudov!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/sodda-rostgoylik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x