Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov soʻz sohibi sifatida milliy tilimizning haqiqiy jonkuyarlaridan biri edi. Shoirning ona tilimiz ravnaqi, kechagi va bugungi kuni haqida goh kuyinib, goh suyunib, baʼzan chuqur mushohada bilan aytganlari, yozganlari uning sheʼriyati – ijodi qadar sermaʼno va zarur. Oʻzbek tilini butun tovlanishlari, maʼno qirralari, ohangiyu jilosi bilan chuqur bilgan va sevgan shoir matbuotda tilga eʼtibor, oʻzbek tilining boy imkoniyatlari va tarixiyu buguni haqida qator maqolalar eʼlon qilgandi.
Quyida shoirning soʻz haqida, til borasidagi fikrlaridan saraladik.
***
Arab, fors tillarini suv qilib ichib yuborgan tadqiqotchilar soʻzning eng chuqur ildiziga yetib asliyatni mahkam tutib oladilar. Dunyo xatoga toʻlib ketganidan jonfigʻon boʻladilar. Rishton emas, Roshidon; Buvayda emas, Bibi Ubayda; arava emas, aroba deb yozish va aytishni talab qiladilar. Ulamolar, fuzalolar deyish savodsizlik, inson huquqlari emas, haqlari deyish kerak, chunki ulamo, fuzalo, huquq olim, fozil, haq soʻzlarining koʻpligi deb qizishadilar. Ayniqsa, axborotlar soʻzini eshitsalar bormi, sochlari tik boʻladi. Haqiqatdan ham xabarning jamʼi – axbor. Axborotga aylanib yana bir koʻplik qoʻshimchasi ortdi. Axborotlar desak, endi xabar uchta – lardan lorsillagan boʻladi.
***
Men ham ona tilimizning Hazrat Navoiy zamonidagi koʻrki, boʻy-bastiga qarab havas qilaman. Qani edi, buyuk shoirning soʻz boyligi shu kunda ham toʻligʻicha tasarrufimizda istifoda boʻlsa, deya orzular qilaman. Ne ilojki, jamiyatning ham, tilning ham taraqqiyot qonunlari bizning ixtiyorimizda emas ekan. Ogʻizdagi tilga xoʻjayinlik qilishimiz mumkin, lekin jamiyat hodisasi boʻlgan Tilga hukm oʻtkazish ilojsiz ekan.
***
Biz ilmu ijod ahli qancha talashib tortishmaylik, bir fikrda hammamiz yakdilmiz: til yolgʻiz mutaxassislarning mulki, xususiy tomorqasi emas. Uni boyitish, goʻzal qilish, xas-xashaklardan tozalab borish – umumxalq ishidir.
***
Umr davomida inson necha qayta oʻzgaradi. Bolalikda bir, yigitlikda oʻzga, ulugʻ yoshga yetganda yana boshqa qiyofa kasb etadi. Dunyo kezib baʼzan oʻz yurtiga boshqa odam boʻlib qaytadi. Soʻzning ham oʻz qismati, tarjimai holi boʻlarkan. Goh uzoq-yaqin ellarda makon tutib, tamoman boshqa maʼno olib yurtga qaytar ekan.
***
Tilimizda istak, xohishni anglatuvchi iroda soʻzi bor. Bir piyola suv ichishni iroda qildim, desak aslida xato boʻlmaydi. Lekin biz shunday demaymiz. Chunki bu soʻz istak maʼnosidan oʻsib qalb qudratini, inson tabiatidagi mustahkamlik, qatʼiyatni anglatuvchi atamaga aylanibdi. Irodali inson endi xohish egasi emas, balki oʻz xohishini boshqara olgan, kerak boʻlsa, koʻngilning hoyu-havaslariga qarshi tura oladigan insondir. Soʻz asl maʼnosidan uzoqlashmagan holda ulgʻayib, boʻyiga boʻy, koʻrkiga koʻrk qoʻshilibdi.
***
Yod etmas emish kishini gʻurbatda kishi,
Shod etmas emish koʻngulni mehnatda kishi.
Bu Mirzo Boburning faryodi. Mehnat soʻziga eʼtibor bering. Aslida azob-uqubatni bildirgan bu soʻzga zamon tamoman ters mazmun bagʻishladi, baxt-saodat omiliga, shon-sharaf ishiga aylantirdi, qonun bilan huquqiy maqom berdi. Mehnatkash endi azob tortuvchi emas, yuksak fazilat egasi boʻlgan qadrli inson.
***
Yurtdan ketib baʼzan gado baxtga yor boʻlur, gʻariblikda taxtga yor ham xoru zor boʻlur, deganlaridek musofirlik Soʻzning boshiga ham yaxshi-yomon kunlarni solar ekan. Yigit soʻzi Rossiyaga ketib djigit boʻldi, bahodir – bogatiʼr boʻlib qadr topdi. Lekin polvon – bolvanga, pahlavon – axlamonga aylanib xor-zor, sharmandai sharmisor boʻldilar.
***
Turkiyalik bir doʻstimiz bor. Oʻzbek adabiyotining katta bilimdoni, targʻibotchisi. Koʻp kitoblarimizni turkchaga tarjima qilib nashr ettirgan. Ismi nima deng? Yovuz! Yovuz Oqbinor. Usmonli turk tilida yovuz soʻzi botir, bahodir maʼnosini bildiradi. Turkiya tarixida Yovuz ismli sultonlar oʻtgan. Qarangki, bizning polvon va pahlavon soʻzlarimizga kelgan koʻrgilik qardosh tildan oʻtgan yovuz soʻzining ham boshiga tushibdi.
***
Usta tarjimonlar koʻpincha qardosh tillardan tarjima qilishni uncha xush koʻrmaydilar, bu ishdan iloji boricha qochadilar. Yuzaki qarashda oson koʻringan bu ish aslida juda murakkab ekan. Negaki tanish soʻzing seni chalgʻitib, uyaltirib qoʻyishi hech gap emas. Bunday holatga misol qilib oʻzbek muhojirlarining bir ajib sarguzashtini hikoya qiladilar.
Inqilob yillarida Turkistondan quvgʻin boʻlgan bir guruh vatandoshlarimiz Istanbulda panoh topgan ekanlar. Shahar voliysi ularni huzuriga chorlab hurmat koʻrsatibdi, qanday istak-orzulari borligini soʻrabdi. Shunda mehmon oʻzbeklarning ulugʻi tavoze bilan bunday debdi: Iltifotingiz uchun tashakkur, janob voliy, har narsamiz yetarli. Faqat bekormiz, bizga korxona kerak.
Bizga bobo boʻlgan oʻsha sodda oʻzbek qayerdan bilsin-ki, Turkiyada bekorning maʼnosi boʻydoq, korxonaning maʼnosi esa ishratxona, islovotxona… Ana koʻring hangomani!
***
Osiyo – Afrika yozuvchilar birdamlik harakatining kotibiyati joylashgan moʻjazgina kabinetda boʻlib oʻtgan bir suhbat hech yodimdan chiqmaydi.
– Men koʻp taʼna eshitaman, – degandi Chingiz Aytmatov yonida oʻtirgan Mustay Karimga, – qirgʻiz tilida yozmaysan, deb tanqid qilishadi. Ne qilayki, oʻz ona tilimda hatto haqiqat maʼnosini bildiruvchi soʻz yoʻq. Ulugʻ yozuvchi shunday deb qoʻlidagi gazetani mashhur shoirga uzatdi. Gazetaning nomi “Frunze pravdasi” edi.
– Hasrat qilma, azizim, – dedi Mustay ogʻa, oʻziga xos nazokat va madaniyat bilan, – mening boshqird tilim oldida qirgʻiz tilini ulugʻ va qudratli, desa boʻladi. Yaqinda bir jurnalimizda maqola chiqdi. Nomi shunday: Sovetlar Rossiyasinda krestyanlar polojeniyesi!
***
Ha, tilning joni bor ekan. Bekorga jonli til deb atalmas ekan. Agar tilni xazina desak, u koʻmib qoʻyilgan yo sandiqda saqlanadigan xazina emas, balki ipak qurti kabi tirik xazina ekan. Hozirgi zamonda kichkina disketalarga sigʻib ketgan yuz ming soʻzlik lugʻatlar menga gugurt qutisiga jo boʻlgan sonsiz pilla urugʻini eslatadi. Xitoydan qadimda bu urugʻni hassa ichida yashirin olib chiqqan sayyoh angishvonadek teshikchadan olamga bitmas xazina tarqatgan edi. Oʻsha sayyoh oʻzbek boʻlganiga menda shubha yoʻq.
***
Til – xazina. Ulkan adibimiz Pirimqul Qodirov yozganidek, el ganjinasi. Hechbir inson, men tilshunos yoki yozuvchi emasman, deb oʻzni chetga olmasligimiz kerak. Bu ganj sohiblari ham, posbonlari ham barchamiz.
***
Darhaqiqat, tilni anglash, Soʻzni idrok etish oʻzlikni anglashning uzviy qismi hisoblanadi.
***
Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq, deganday biz baʼzan oʻz ona tilimiz boyliklari, nazokati, husnu tarovatini teran bilib his etolmaymiz. Ogʻzimizdan chiqqan soʻzning tagzaminiga yetmaymiz. Gap koʻp, koʻmir oz, deb qoʻyamiz-u, nega shunday deyishimizni chuqur oʻylab oʻtirmaymiz. Shunday kitob yozilishini orzu qilaman. Uning nomi Soʻzning qismati boʻlsa. Ona tilimizdagi soʻzlarning uzoq bosib oʻtgan yoʻllari, boshdan kechirganlari, zafar va magʻlubiyatlari, goh shuhrat topib, goh unut boʻlishlari, kamolu zavollari tasvir etilsa… Dunyoda bundan qiziq asar boʻlmasdi…
XURSHIDA saraladi.
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/sozni-idrok-etish-ozlikni-anglashdir/