Soʻzga sadoqat

Ibrohim GʻAFUROV tavalludining 80 yilligiga

 

Atoqli munaqqid, tarjimon va adib Ibrohim Gʻafurov milliy adabiyotimizda munosib oʻrniga ega ijodkorlardan. U adabiyotimiz taraqqiyotiga qizgʻin ijodiy ishlari bilan sezilarli hissa qoʻshdi. I. Gʻafurov adabiy tanqidchiligimizda oʻziga xos fikrlash tarzi, uslubi bilan alohida ajralib turadi.

Oʻtgan asrning yetmishinchi-saksoninchi yillarini tanqidchilikda, hech mubolagʻasiz, Ibrohim Gʻafurov davri deyishga haqlimiz. U chinakam fidoyi ijodkor sifatida adabiyotimizda paydo boʻlgan har bir, xalq taʼbiri bilan aytganda, pichoqqa ilinadigan asarni tahlil qilib, oʻz munosabatini bildirib bordi va adabiy tanqidchilikda yirik siymoga aylandi.

I. Gʻafurov badiiy tarjima sohasida katta ishlarni bajardi. U oʻzbek kitobxonini dunyo adabiyotining Joys, Dostoyevskiy, Xeminguey, Folkner, Flober, Markes, Aytmatov kabi soʻz sanʼatkorlarining durdona asarlari bilan tanishtirdi. Zahmatkash tarjimon tarjima uchun asar tanlaganda, albatta, oʻzbek adabiyotini boyitadigan ijod namunalarini tanladi. Bu, shubhasiz, eng toʻgʻri ijodiy yoʻldir.

Ibrohim Gʻafurov adabiyotimizda yangi janr – mansura janrini yaratdi. Mansura mansur sheʼrdan jiddiy farqlanadi. Bu janrning imkoniyati ancha keng. Mansurada hajmi hikoyaga teng asarlar ham yozish mumkin. Lekin bir muhim sharti bor: unda fikr oqimi, musiqasi uzilmasligi kerak. Mansura sheʼr kabi oʻqilishi lozim.

Adibimiz faqat maqolalar, mansuralar bitish, tarjimalar qilish bilan kifoyalanib qolgani yoʻq. Ustoz adib va jurnalist noshir sifatida ham koʻp savobli ishlarning boshida turdi. Yangi kitob seriyalari tashkil qildi, yangi-yangi mazmundor kitoblarning dunyo yuzini koʻrishida gʻayratini ayamadi, koʻplab yosh qalamkashlarning oyoqqa turib olishida gʻamxoʻrlik koʻrsatdi. Shu tufayli maʼrifatli noshir, mehribon ustoz sifatida hurmat qozondi.

Adabiyot gazetamizda koʻp yillar ishlab, ortidan nurli ishlar qoldirdi. I. Gʻafurov bilan birga ishlagan ijodkorlar u kishini oʻz vazifasini halol, sidqidildan, vijdonan bajargan professional, bagʻrikeng inson, deb biladilar. Bilimdon muharrir redaksiyada ishlagan paytlari “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”ning barcha sonlariga (chiqish oldidan) imzo chekkan. U – jurnalistika sohasida hammaga oʻrnak boʻlib ishlagan edi. Bu jihatdan ham Ibrohim aka barchamizga ibrat va oʻrnak boʻlib qoldi.

Bugun qutlugʻ 80 yoshini qarshi olayotgan atoqli adibimiz – Oʻzbekiston sanʼat arbobi Ibrohim Gʻafurov ayni kunlarda yanada kuch-gʻayratga toʻlib yangi-yangi ijodiy ishlar bilan band. Biz ustoz murabbiy, adabiyotshunos olim, adib, tarjimon, muharrir va publitsist Ibrohim akaga mustahkam sogʻliq, ijodiy yutuqlar tilaymiz.

 

“OʻzAS”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/sozga-sadoqat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x