Soʻz – ranglar bilan suhbat

Rauf Parfi adabiy-estetik qarashlarining shakllanish omillari

 

Inson ruhiyatini suratlantirish, uni tabiat olami va jamiyat voqeligi bilan bogʻliq mohiyatini kechinmalar mazmuniga aylantirish Rauf Parfi sheʼriyatining ijtimoiy yoʻnalishini belgilaydi. Shoir dunyoqarashining keng miqyoslar orttirishida, jahon badiiyati namunalari evaziga didi-saviyasini oʻsib borishida muttasil oʻqib-oʻrganib borish muhitining ahamiyati cheksizdir. Rauf Parfi badiiy didining shakllanishida, adabiy jarayonga, asarlarga, ijodkorning burchi-masʼuliyati masalasiga nisbatan nuqtai nazarning kamol topishida ustozi Abdurahmon Vodiliyning taʼsiri salmoqli boʻldi.

Rauf Parfi ustozi Abdurahmon Vodiliy timsolida, yozuvchi-shoir odam favqulodda bir hodisa ekan, deb bildi. U, aksar, koʻpchilik koʻra olmagan, anglamagan hayot va jamiyat hodisalarini oʻz nigohi va nuqtai nazari bilan tushuntira bilishida, boshqalarning ham qiziqishlari, manfaatlari mujassamlashgan edi. Sharq va Gʻarb klassikasining nodir asarlari (“Biblioteka poeta” turkumidagi) ruhini vujudiga singdirish, Abdurahmon Vodiliy asarlari tahsili yosh Raufning koʻnglida mudrab yotgan shoirlikni erta uygʻotib yubordi. U oʻn toʻrt-oʻn besh yoshlarida inglizning Bayroni taxlit lirik shoir boʻlib shakllangan, betakror obrazlarga asoslangan goʻzal sheʼrlari (“Mart oqshomi” singari) ila oʻzligini namoyon eta boshlagan edi. Keyinchalik, Bayronning “Manfred” dramatik dostonini tarjima qilishiga ham ana shu ruhiy-psixologik yaqinlik sabab boʻlgan, deb oʻylayman.

“Bayronning “Manfred” dramatik dostonini rus shoiri Shengeli tarjimasi asosida oʻgirganman, – degandi Rauf Parfi oʻzaro suhbatlarimizda. – Keyin, tarjima tugallanib, chiqib ketgandan keyin bildimki, yana Buninning ham goʻzal tarjimasi bor ekan. Erkin, goʻzal, shoirona. Shengeli domla ham zoʻr boʻlganlar. Faqat bizda unutilgan shoirlardan biri. Lekin goʻzal asarlari bor. “Manfred” menga judayam yoqib qoldi. Hamma narsani bilasiz-u, aslida, hech narsa yoʻq. Unda ruhiyat judayam baland, oʻzgacha. Ruhimga yaqin. Unda shunday ozod fikrlar borki, rohatlanib qotib qolasiz. Manfred dahshatli obraz. Manfred – ozod odam, hech narsaga boʻysunmaydi. Va, hech qanday mutelik koʻrinishlarini tan ham olmaydi. Hatto, allohga ham boʻysunmaydi. Itoat qilishni xohlamaydi. Ana shu joylari menga toʻgʻri kelmadi-da. Va, lekin, baribir, kuchli obraz sifatida qabul qildim”.

Rauf Parfi rus tilini yaxshi bilganligi, jahon klassikasini rus tili orqali oʻqib oʻrgangani, oʻzlashtirgani bois, rus badiiy-estetik tafakkur madaniyati peshvolariga mehr-muhabbati, ixlos-eʼtiqodi baland edi. Lekin, ana shu mayl-intilishlari, qiziqishlariga ham keskin tanqidiy munosabatda boʻlguvchi edi: “Biz, endi Fapb adabiyoti bilan shugʻullanib, Sharq adabiyotini Gʻarb adabiyoti orqali aniqlab, anglab yurgan shoʻrlik balalarmiz-da”, degandi, oʻzaro suhbatlarimizdan birida (“Bolalar”ni “balalar” tarzida ifodalashni xush koʻrardi. Unda istehzo kuchli edi.)

Oʻzaro suhbatlarimizda adabiy taʼsir masalasi xususida ham koʻp fikrlashardik: “Umuman, rus adabiyoti orqali angladik qandaydir sheʼriyatni, – degandi Rauf Parfi. – Nimagadir miyamga urildi rus adabiyoti. Biz beixtiyor, oʻzimiz bilmagan holda, Sharq odami, boshqa adabiyot boʻlmagani uchun, bu adabiyot bilan shugʻullandik. (Shoʻro saltanati davrida, bogʻchadan boshlab, maktab, bilim yurtlari, oliy taʼlim tizimigacha – barcha bosqichlarda rus xalqi tarixi, adabiyoti va madaniyatini oʻqitish, ong-shuurlarga singdirish davlat siyosati miqyoslarda olib borilar edi. – R. N.) Boshqa adabiyot ham yoʻq edi-da, bizga tiqishtirilganda. Boshqa tillarni oʻqitish ham cheklangan edi-da. Shu bois, boshqa adabiyotlarni bilmaymiz, tushunmaymiz, anglamaymiz”, degandi Rauf Parfi maktab tahsili yillarini eslab.

“U adabiyot Sharqdan kelib chiqqan maʼnaviyat ekanligini aniq bilganimiz bois, ruhimizga mos keldi. Inson ruhi uchun… Inson, masalan, chanqaganda suv ichadi-ku. Xuddi suv ichgandek biron narsa olish uchun emas. Ulugʻ insonlardan ruhlandim. Ruhlandimu cheksiz hayratlarga tushdim, yigʻladim. Faryod qildim. Beqiyos badiiyati qoshida men oʻzimni unutdim. (Bu oʻrinda, Pushkin, Lermontov, Blok, Yesenin, Beliy, Balmont, Bryusov singari soʻz sanʼatkorlarini nazarda tutayotir – R. N.) Men ham bir yozuvchi ekanligimni unutdim. Oʻsha oʻqiyotgan paytimda, butunlay boshqa odamga aylandim. Ularga juda chuqur, mahobatli hayrat ichimda oʻsib-ulgʻaydi. Bular, shaksiz, ularning menga taʼsiri maʼnosida. Men nimaiki yozgan boʻlsam, ichki gʻalayon-tugʻyon ehtiyoji va daʼvati bilan yozganman”, degan edi Rauf Parfi.

Anglashilayaptiki, Rauf Parfining rus badiiyatini oʻqish-oʻrganishga boʻlgan tashnaligi adiblaridan haq soʻzni aytish, hayot haqiqatlarini anglab yetish hamda ularning ifoda usullari va vositalarini tushunish ishtiyoqi edi. Shu maʼnoda, ustozi Abdurahmon Vodiliydan saboq va ibrat olish, murosasozlik yolgʻiz eʼtiqodi boʻlib qoldi. Yozuvchi qanday shaxs boʻlishi kerak, degan savolga ustozi Abdurahmon Vodiliy shaxsiyati va ijodiy faoliyati orqali javob topgandek boʻldi. Ilk ijodi pallasidagina emas, hayotining oxirgi damlarigacha, ustozi Abdurahmon Vodiliy Rauf Parfi uchun ibrat timsoli boʻlib qoldi.

Oradan yillar oʻtib, umr adogʻida maʼnaviyat dargʻalari haqida quyidagi dil bitiklarini qoldirgan edi: “Ustozlar haqida soʻz ketganda talmovsirab, nima deyishimni bilmay qolaman, – deb yozadi Rauf Parfi. – Koʻz oldimda ularning purviqor siymolari gavdalanadi, men shoʻrlik ularga shogirdlikka arzimasligimni aniq his qilaman. Lekin ustozlar haqida gapirmaslik mumkin emasligini ham tushunaman. Men sayyohman, yoʻlovchiman, gʻavvosman. Siz anglagan, siz zabt etgan adabiyotga daxlim yoʻq; juda borsa adabiy sayyohman, – deyman qaltirab, qaqshab. Xayolan tiz choʻkib, uzr soʻrayman. Bas, mening uchta pirim bor, ulardan koʻmak madad tilanaman. Yassaviy pirim, Navoiy pirim, Thakur (Tagor) pirim. Menga qoʻl uzatgan ustozlarim bor – Abdurahmon Vodiliy, Asqad Muxtor, Shukrullo”.

Rauf Parfi adabiy pirlari, ustozlari haqida hamisha yonib soʻzlardi. Bir kuni tabiatdagi va sheʼriyatdagi ranglar xususida suhbatlashib qoldik.

“Tabiat ranglaridan maʼno oʻqish uchun shoir boʻlish shart emas, – deydi Rauf Parfi. – Har kim oʻz tasavvurida ranglarni aniqlaydi. Buning uchun shoirmi, rassommi yoki bastakormi, idroki va ehtiyojidan kelib chiqib ranglardan mazmun aniqlaydi. Menimcha, qanday ranglar bilan suhbatlashishi kerakligini har bir inson oʻzi biladi”.

Adabiyot, soʻz sanʼati xalq dardi-tashvishlarini, quvonchlarini badiiy haqiqatga aylantirishi barobarida, millat didini yuksaltirishga, estetik saviyasini kamol toptirishga xizmat qiladi. Bu – xalqchillikning asl tabiatini belgilovchi ustuvor xususiyatlardir. Shu orqali, oʻzbek soʻz sanʼati zakolarining (Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Choʻlpon) jahon tamadduniga qoʻshgan hissasini alohida taʼkidlaydi. Badiiy soʻz sanʼatining ana shunday purviqor choʻqqilarini bunyod etgan siymolarga munosib shogird boʻlishlik masʼuliyati ham ogʻir, deya anglatishga intiladi. Ana shu jarayonda, Rauf Parfining soʻz ranglari bilan suhbati oʻzbek badiiy madaniyatining kelgusi rivojlanish yoʻllarini belgilashga qaratilgan mohiyati bilan ham eʼtiborlidir.

Ushbu maʼnaviy-intellektual ehtiyoj sanʼatning azaliy va abadiy burchi boʻlib kelgan. Adabiyot chidaganga chiqargan maʼnaviyat jabhasi emas; adabiyot badiiyatda yashab qolguvchi isteʼdodlarning namoyon boʻlish maydonidir. Badiiy ijodning yozilmagan ushbu qonuniyatlari Rauf Parfi izlanishlari uchun bir umrlik aʼmol boʻlib qoldi.

Shu oʻrinda, Rauf Parfining soʻzga, badiiy ijodga, adabiy jarayonga boʻlgan munosabati boʻy koʻrsatayotir. Rauf Parfining adabiy-estetik qarashlari jahon klassikasiga, badiiyat tarixiga, soʻz sanʼatining buguni va kelajagiga daxldor mazmun-mohiyati bilan ham ahamiyatlidir.

 

Milkda mangumidir zaharli tikan,

Avval yolgʻonmidir, soʻngra, qutlugʻ soʻz?!

Qoʻli uzun ekan, yoʻli koʻp ekan,

Umri uzoq ekan yolgʻonning, afsus! –

deb yozadi Rauf Parfi. Uning oʻzi taʼkidlaganidek, chin shoir uchun isteʼdodning avvali soʻzdir. Rauf Parfi uchun soʻz tiriklik, hayot sheʼri demakdir. Sheʼr – soʻz shaklidagi qatʼiyatning bir turi. Shoir oʻzi uchun atalgan ilhom vositasida soʻzning bilgisiz zuvalasini tayyorlaydi va bizga uzatadi. Rauf Parfining “meni”, aksariyat, sheʼrbozlardagi kabi lopillab turmaydi. U oddiy turmushda ham, sheʼriyatda ham “meni”ni “oʻzi”ga boʻysundirgan.

 

 

Nuqtai nazar oʻzligi – ijodiy

individuallik asosi

 

Dunyoqarash – tuygʻu-tafakkur sintezidan iborat shunday bir yorugʻlikki, u badiiy obrazlarga koʻchib oʻtgan, adabiy qahramonlar ruhiga singdirilgan inson-millat-Vatan manfaatlari demakdir. Shu boisdan ham u milliy-bashariy qadriyat masnadiga ega. El-yurt nazarida doimo eʼtibor uygʻotaveradi.

Rauf Parfining adabiy-tanqidiy maqolalari ham ijtimoiy-estetik qarashlarini ifodalashiga koʻra, badiiy ijodi singari gʻoyat qadrli, najib. Ular unchalik koʻp emas. Garchand, sanoqli esa-da, choʻgʻi baland maqolalar. Bular – ustozi Abdurahmon Vadiliyning gʻazal, tabdil va oʻgitlar kitobiga yozilgan soʻzboshi “Taqdim”, “Zulm va sheʼriyat. Abdurahmon Vodiliy” (qoʻlyozma), “Sheʼriyat huquqi” (Choʻlpon sheʼriyatiga chizgilar, qoʻlyozma), “Haqiqatning koʻzlaridan qoʻraqamen. Choʻlpon” (qoʻlyozma), “Fitrat sheʼriyati” (qoʻlyozma), “Magar kulfat komindadir” (tugallanmagan qoʻlyozma), “Sheʼriyat – ilohiy musiqa” (qoʻlyozma) maqolalari; “Tut gullagan payt” (adabiyotshunos Shomirza Turdimov bilan suhbat), “Haq yoʻli, albatta, bir oʻtilgusi” (shoir Aʼzam Oʻktam bilan suhbat), “Sheʼriyat va abadiyat” (shoir Alisher Nazar bilan suhbat) va hokazo adabiy oʻylari, intervyulari, suhbatlari, qaydlari va shogirdlariga yozgan soʻzboshilaridir.

Rauf Parfining adabiy-estetik qarashlari, asosan, adabiy asar psixologiyasi, ijod falsafasi, adib shaxsi va soʻz sanʼati masʼuliyati bilan bogʻliq. Shu maʼnoda, ularni shoirning dunyoni, shaxs va jamiyatni, voqelikni tahlil qiluvchi, baholovchi ijtimoiy-falsafiy konsepsiyasidan ayri anglay olmaymiz. Barchasi mujassamlashgan holda, umrning maʼnosi, tiriklik xosiyati va neʼmati, shaxsning muqaddas soʻz oldidagi burchi, millat va Vatan oʻtmishi, buguni-ertasi-kelajagi xususidagi dardli oʻylar, iztirobli mushohadalardir. Xususan, bir shoir kitobiga yozgan soʻzboshisida bunga alohida eʼtibor beradi: “… Bir sheʼr muxlisi sifatida beixtiyor bugungi sheʼriyatimiz uchun ham, men uchun ham umumiy boʻlgan bir necha masala haqida oʻylab qoldim. Mening fikri ojizimcha-bugungi oʻzbek sheʼriyatimiz gʻoyat turli-tuman, gʻoyat rangin-rangpar, afsuski, baʼzan dolzarb mavzuning ifodasi joʻn, soʻzlar zaif. Baʼzan esa, yuksak sheʼr madaniyatiga zid hollarga duch kelamiz. Soʻz ustida tinimsiz ishlashimiz, soʻzning tarixini, tarxini, tadrijini, tovushini, hidini, taʼmini chuqur his qilishimiz, bir butun uygʻunlik haqida jiddiy oʻylashimiz kerakka oʻxshaydi. Tuygʻularning meʼyori buzilishini aql koʻzi bilan koʻrishimiz zarur. Goʻzallikni, nafosatni koʻzimizga, ruhimizga yutgachgina, u, soʻzga aylanadi”. (Qoʻlyozma. Birinchi bet.)

Rauf Parfi shoirning tuygʻular jamgʻarmasini intellektual saviyasi tafakkur qudrati bilan uygʻunlikda olayotir, tushuntirayotir. Insonning psixologik hayotidan uzilish sovuq ratsionallikni, yolgʻonni yuzaga keltiradi, deya anglaydi. Kechinma muayyan maʼno kasb etgandagina estetik idrokka aylanadi. Odamlar koʻnglidagi ogʻriqli maʼnolarni yoritishga, obrazlar tiliga koʻchirishga qaratilganligi boisidan, u badiiy-falsafiy mazmun kasb etadi. Rauf Parfi soʻzning rangin buyoqdorligiga diqqatini qaratar ekan, koʻngildagi tuygʻular kamalagini his qilib, ich-ichdan chuqur tuyib, idrok etilgan taqdirdagina, u real mazmun sifatida dillarda poʻrtanalar hosil qiladi, aqllarni junbishga soladi; estetik talqin maʼnolari yuraklarda zilzilalar koʻzgʻaydi, deydi. Bu, shubhasiz, soʻz deb atalgan bir ogʻiz kalimaning badiiy salohiyati sharofatidir. Ijtimoiy-falsafiy mazmunga yoʻgʻrilgani, demakdir. His-tuygʻular realligi, xolis va obʼyektivligi hayot haqiqatini poetik obrazlar zimmasiga yuklashga olib keladi; adolatning koʻziga tik qarab vijdoniga xilof ish tutmaslikka, alloh bergan muqaddas soʻzga hiyonat qilmaslikka undaydi.

Zero, soʻz, avvalo, mudragan, pinakka ketgan ong-shuurlarni yangi-yangi fikr ila uygʻota olishi shart, deb tushuntiradi Rauf Parfi. Uygʻotuvchi fikrga esa inson hamisha muhtojdir. Inson tegrasi gʻujgʻon oʻynagan, gʻij-gʻij qaynagan hissiy taassurotlar bilan oʻralgan. Ular orasidan oʻz qalbini ifodalovchi, ong-shuurida kurtak tukkan, barg yozgan fikr urugʻini yorituvchi kechinmalarni sarxillay bilish shaxslik darajasini anglatadi. Ana shu hissiyot ila fikr-tafakkur ijodkorning oʻzligini toʻkis namoyon etadi: oʻzining kimligini, qanday shaxsiyat va salohiyat sohibi ekanligini oshkor qiladi. Ana shu inja holatdan boshlab ijodkorning shaxslik masnadi boshlanadi. Bu esa, asl sanʼat asarining tugʻilishiga doyalik, demakdir. Biz badiiy asarni oʻqiganda, hayot mazmunini qoʻlimiz bilan ushlab emas, qalbimiz orqali tuyamiz, taʼsirlanamiz. Shunga monand, voqelik tasvirida ham yurakning tub-tubiga choʻkib, qalqmagan ifoda sunʼiy chiqadi. Xuddi ana shu nuqtadan boshlab, yolgʻon bolalaydi. Tuygʻular talqinidagi sunʼiylik hayotiy mazmunni xolis, obʼyektiv tuymaslik oqibatida yuzaga keladi. Bu esa, shaksiz shaxsning singanligini koʻrsatadi, sanʼatda esa yolgʻonning urchishiga olib keladi.

Rauf Parfi talqiniga koʻra, sanʼat asarida ijtimoiy voqelikning xolis, obʼyektiv tasviri kifoya emas, bu hali kamlik qiladi. Eng muhimi, hayotiy mazmunga nisbatan ijodkorning munosabati, millat va Vatan manfaati balqib turishi lozim. Zero, sanʼatkor hayotda kechayotgan voqea-hodisalarga aloqasi yoʻqdek, betaraf kimsadek bir chekkada soʻppayib turishi mumkin emas. Shu maʼnoda, emotsionallik omili voqelikni badiiy idrok etishda hal qiluvchi ahamiyatga molik. Dunyoni anglash va tushuntirishni tuygʻular realizmisiz tasavvur qilish ham mumkin emas. Negaki, obʼyektiv hayotiy mazmun ana shu reallik asosiga quriladi. Bu millat maʼnaviy hayoti sahifalarini darj etishiga koʻra benazirdir.

Rauf Parfi eʼtiqod-iymon-din tushunchalarining vobastaligiga alohida eʼtibor qaratib, shu oʻrinda, ulugʻ hind mutafakkiri Maxatma Gandining mazkur fikrlarini keltiradi: “Islomiyat insonlarni alloh taologa va uning asari boʻlmish dunyoga tafakkur koʻzi bilan qarashga chaqirdi. Gʻarb qoʻrqinch bir qorongʻulik ichinda ekan, Sharqdan porlagan islom quyoshi jaholat ichindagi dunyoga oydinlik, tinchlik, huzur baxsh etdi. Islom dini haqiqat va ozodlik dinidir”. (Qoʻlyozma. Ikkinchi bet.)

Ushbu fikrda voqelikni badiiy idrok va ifoda etishning estetik mohiyati yashiringan. Shoir talqiniga koʻra, voqelikdan orttirilgan, atrof-tevaragimizda kechayotgan jarayonlar uygʻotgan hissiy taassurotlar shunchalar koʻpki, u havodek zich, nafasdek gʻujgʻon. Xususan, shu oʻrinda, gʻoyat nozik bir holat bor. Yaʼni, badiiy idrok voqelik xossalarini tuyish barobarida, maʼrifiy-hikmatli maʼnoni ham oʻz zamiriga singdirgan holda zohir boʻlayotir. Ifoda orqali anglashilayotgan badiiy umumlashmadan tuygʻu-taassurotning estetik taʼsir kuchi-quvvati ham sizib chiqayotir. Shu tariqa, poetik idrok va ifoda jarayonidagi obʼyektiv reallik shoirning ijodiy individualligini, poetik nigohdan hosil boʻlgan ranglar maʼnosining ijtimoiy ahamiyatini ham namoyon etmoqda. Poetik idrok-talqin-tasvir xususiyatlaridagi obʼyektivlik bilan subʼyektivlikning omuxtaligi sanʼat asarining tugʻilishini asoslamoqda. Rauf Parfi talqiniga koʻra, ijodkorning voqelikni baholashi tasvir va talqin zamiridan sizib, balqib chiqayotir. Bu – asl sanʼat asarining ustuvor tabiati. Poetik sanʼat shunday bir moʻjizaki, idrok etish barobarida, tasvir etilayotgan obʼyektni baholaydi, estetik baholash badiiy umumlashmalarning ijtimoiy-falsafiy ahamiyati bilan birga tugʻilmoqda; yaxlit bir butunlikni vujudga keltirmoqda. Badiiy-estetik faoliyatning baholash jarayoni kechinmalar jamgʻarmasi orqali, tuygʻularning qanchalik haqqoniy va xolisligi oʻlaroq oʻzligini namoyon etayotir. Yaʼni, tuygʻularning realligi, obʼyektivligi hamda xolisligi hal qiluvchi rol oʻynamoqda.

Shu oʻrinda, Rauf Parfi talqinidagi badiiy idrok va ijodkor shaxsiyati masalasi yuzaga chiqayotir. Bu borada ham Rauf Parfining nuqtai nazari gʻoyat eʼtiborli. Xususan, shaxsiyat butunligisiz asl sanʼatning boʻlishi mumkin emas; tuygʻu-kechinmalari koʻlmakka aylanib qolgan holatdan shoir shaxsiyatining sanʼatdagi inqirozi boshlanadi. Bu – ijodkor shaxsiyatining sinishi demakdir. Bu – asl sanʼatga yolgʻonning aralashishi, ijodkorning hukmron mafkuralar malayiga aylanishi oqibatidir. Buni, qulochga sigʻmas katta bidondagi asalga bir tomchi siyohning aralashishidek gap, deya tushuntiradi. Ustozi Abdurahmon Vodiliyning quyidagi mulohazalaridan iqtibos keltirib, oʻz fikrini tasdiqlashga erishadi: “Maʼlumingiz, soddalik, haqiqat va tabiiylik sanʼatning hamma turiga ham bir xilda zarur. Biroq, teranroq boqish kerak, soddalik ostida joʻnlik, haqiqat qiyofasida yolgʻon, tabiiylik libosida soxtalik boʻlmasin, yana”. (Qoʻlyozma. Oʻn ikkinchi bet.)

Rauf Parfi shu holat bilan bogʻliq yana bir masalaga munosabat bildiradi. Ustozi Abdurahmon Vodiliy sheʼriyatining hayotiy magʻzi haqida toʻxtalar ekan, yozadi: “Moddiy va maʼnaviy ogʻirliklarga qaramasdan shoir qalamini qoʻlidan qoʻymadi, yuragidagi dardu hasratini qogʻozga tushirib qoldirdi. Bu asarlar bugun davr haqidagi kuchli hujjatga aylandi. “Beshikdan qabrgacha ilm izla”, deyiladi, hadisi sharifda. Ammo, boshingda zulm qilichi yalangʻoch ekan, ilm izlamaysan, bir osuda nafas, bir burda non izlaysan. Koʻzingga tashlangan ochlik pardasi iymon pardasini yuzdan koʻtaradi. Oʻz nafsining ustidan gʻalaba qilgan inson chin shoirdir”. (Qulyozma. Toʻrtinchi-beshinchi betlar.)

Koʻrinadiki, shoir talqiniga koʻra, iymon-eʼtiqod ilohiy nurning koʻngilga joylangan shuʼlasi. Shu bois, uni haqni bilish va tanishdan xoli anglash mumkin emas. Bu borada, ustozi Abdurahmon Vodiliyning mulohazalariga tayanadi; oʻz fikrini quvvatlantiradi: “Alloh taolo sizga bunday muazzam aqlu zakovatni kibrlanish, zulm qilish, zoʻrlik bilan mol-mulk orttirish uchun bergani yoʻq. Allohning birligini tanish, insonlarga mehr-oqibatli boʻlish, insonga fidoyi boʻlish uchun bergan. Unutmangki, bosgan har bir qadamingiz, olgan har bir nafasingiz allohning nazaridadir”. Rauf Parfining alohida taʼkidlashiga koʻra, xudosizlik iymonsizlik demakdir. Soʻz ruhni qayerdan oladi? Shoir soʻzi koʻngildan suv ichar ekan, yurakning tub-tubiga ekilgan iymon nuridan ruhlanadi, quvvatlanadi, qanotlanadi. Shu maʼnoda, soʻz bilan ruhni bir-biridan ayro holda anglash mumkin emas. Soʻzda ilohiylik bor. Alloh taolo bandasining tiliga oʻz soʻzini berish barobarida, ilohiylikni, ruhni koʻngliga ekadi. Shu boisdan ham soʻzlar quruq, yalangʻoch gʻoyalarni ifodalashga boʻysundirilgan, agitka-targʻibot-tashviqot quroliga aylantirilgan paytlarda ruhiyatdan mahrum boʻladi. Ilohiylikdan mosuvo soʻz yolgʻonga yuz tutadi. Yolgʻonning esa hamisha yuzi shuvut. Ruhsiz, taʼsirsiz, qadrsiz soʻz qanoti sinib, oyoqlar ostiga yiqilib tushadi. Tuproqqa qorishadi, toptaladi. Zero, soʻz-xudodandir, degan kalima bor muqaddas kitoblarda. Soʻz-ijodkor ruhiyatining koʻzgusidir. Ijodkorning shaxslik darajasini belgilovchi, koʻrsatuvchi ustuvor mezondir.

Sanʼatdagi hayot ham alloh bilan birga kechadi. Ongi-shuurimizdan, koʻnglimizdan otilib chiqqan soʻz iymon nuriga yoʻgʻrilgani boisidan, ishonch-eʼtiqod uygʻotadi. Odamlar ruhiyatiga koʻchib oʻtib, taʼsir koʻrsatib, ruhoniyat iqlimlarini yaratadi; kitobxon koʻnglida ham psixologik kayfiyatni, muayyan ruhiy holatni vujudga keltiradi. Ustozi Abdurahmon Vodiliyning soʻzlari shoir fikrlariga qanot baxsh etadi: “Allohsiz umr-umr emas, bu ayon haqiqat, ammo yerda oʻtayotgan hayotimizni sanʼatsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Sanʼatsiz umr boʻm-boʻsh, suvsiz, qaqragan sahrodir. Hatto suvsizlikdan xuvillab yotgan sahro ham sanʼat hayoti bilan bogʻlangan chogʻda, koʻzimiz oʻngida cheksiz goʻzalliklar ochadi, yolgʻizlik hissini, belgisiz iztiroblar oʻrnini yuksak shuur qamrab oladi”.

Rauf Parfi maqolalarida uqtirganidek, shaxsning yaxlitligi va butunligi – iymon salomatligi, ilohiy ruh vobastaligi samarasidir. Shaxsiyati singan, koʻngli “kirlangan”, yaʼni, mafkuralashgan, soʻzi yaltoqlangan ijodkor chinakam sanʼat asarini yarata olmaydi; oʻy-xayoli moddiy manfaatdorlikka toygan, his-tuygʻulari sirpanchiq, tutib boʻlmas simobdek har xil shakllarga berilib ketaveradigan ijodkorning sanʼatdagi inqirozi, yuztuban yiqilishi ana shu asnolardan boshlanadi.

Demak, sanʼatning bosh vazifasi inson deb atalgan, ilohiy ruh koʻngliga singdirilgan xilqatning maʼnaviy-intellektual tabiatini kashf etish, uning tabiat-jamiyat ila robitalarini xalq, Vatan manfaatlari nuqtai nazaridan badiiy aks ettirishdir.

Rauf Parfi qarashlariga koʻra, badiiy-estetik tafakkurda ham inson ruhiyatini teran tadqiq etish barobarida, shaxs va jamiyat manfaati uchun ibratli, saboq boʻlarli fikr aytish joiz. Mazkur ijtimoiy-falsafiy maʼno insonni aqlan va ruhan kamol toptirishga, jamiyatning maʼnaviy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan mohiyati bilan qimmatlidir.

 

Noʻmon RAHIMJONOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“Sharq yulduzi”, 2012–2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/soz-ranglar-bilan-suhbat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x