Bizning soʻzimiz
Soʻyladik goh uryon,
gohi munaqqash…
Yoʻq edi haytovur tinglaydiganlar.
Dunyoga keladi xomush majnunvash
bizning soʻzimizni anglaydiganlar…
Na qizlar daftarga bitdilar uni,
Na hofiz kuyladi devona boʻlib…
Ammo men bilaman uning umrini
dunyoga kelar u…
biz ketgach oʻlib…
Mahbub ul qulub
Bizni savdolardan savdoga solgan,
na shamdir, na kuygan bir parvona-da.
Tun – qora ridoga oʻranib olgan
soʻfiy qizdir ulugʻ chillaxonada.
Ogʻochlarmi –
Ular osiq Mansurdir,
bu dunyoning bori doriga tortiq…
Osmon esa juda-juda chuqurdir
avliyoning botiq koʻzlari yangligʻ…
Falak sahrosida yugurib yurgan
uchar ohularim – mahbub ul qulub…
Shomgoh ayvonida osilib turgan
bir parcha jigardir gʻurub…
***
Bu uyda bir paytlar buvim yashagan,
mehrsiz kelinin dastidan yonib.
Poydevor toshini oʻzi tashlagan,
bizlarga non yopgan tunlar uygʻonib.
Oʻzi yer chopardi, oʻzi ekardi,
nevara tashvishi, besh mahal namoz.
Gʻam oshib ketganda nos ham chekardi.
Qoʻshnilar goh yarash, gohi payt araz.
Ayriliq dardida oqargan sochi,
sargʻayib borardi kun oʻtgan sayin,
turmushga yetardi bazoʻr qulochi,
bu davru zamonga yetmasdi tayin.
Men esa shoirman –
boru yoʻgʻim shu…
Baʼzan sheʼr toʻqiyman oʻshanga atab.
Sheʼr nima bilmagan va bilmaydi u,
oʻylab ham koʻrmagan yetmish yil yashab…
Bu uyda bir vaqtlar buvim yashagan.
Mendan keyin…
Qarzim yoʻqdir mening hech kimda
yolgʻiz Xudo bordir dilimda…
Mendan keyin Mahmula bilan
gaplashinglar mening tilimda…
Qarzim yoʻqdir mening hech kimda
bir daʼvoyim bor lekin manim
Gaplashinglar Mahmula bilan
Asqar Mahkam gaplashgan kabi!..
Buvimga yuborilmagan maktub
Yana yomgʻir yogʻar toʻzgʻib, tirqirab,
osmon tomogʻida yaraqlar xanjar…
Bu toʻzonlar aro manzilgoh istab,
umring qay sohilga tashladi langar?..
Soʻqqa muslimadek vahdat gʻorida
tuyding ruh kosasin zahru bolini,
roʻshino kunlaring roʻshnolarida
ohular toʻlgʻotdi kumush yolini…
Oy bistari kuyib bitgan nafasdan
farishtaning tovus qanoti yondi
va kakliklar uchib ketdi qafasdan,
pichogʻini tishlab qotillar qoldi…
Gumdon kechalarda bir gumroh kabi
talmovsirar sarson-sargashta shamol.
Garchi bu shoh, garchand bu gado qabri,
sening qabring mening boshimda, Ayol!..
Meni oʻldirolmas qismat bari bir,
bir kun oyogʻingga qaytarman oʻzim, –
Mushkul kunlaringga gunohkor, munkir,
munkillagan buvim, muslimam, buvim!
Nechun yana faryod, nechun yana zor?
taqdir hamon toʻzmas choriqlarida…
ne-ne yulduzlarning siniqlari bor
baytulhazan kulbang yoriqlarida.
Yana yomgʻir… Xayr, yolgʻizim buvim!
Yana yomgʻir… Xayr, men endi qaytay…
U na yazdon ruhi, na jim jit oʻlim, –
maymun yigʻisiga qolgan bir menday…
* * *
Men bu shamollarga nima ham derdim.
Ular oʻzimdan-da tantiq va xudsar.
Men umrimning yarmin ularga berdim,
kerak boʻlsa borin berardim agar.
Ular mendan xabar eltar buvimga,
sigirlarga, mozor tollariga ham.
Sariq xazonlarni sochar yuzimga,
bargrezon bogʻlarga qoʻyganda qadam.
Keyin darichamiz ostida yotib
itdek ulib chiqar to tongga qadar.
Buvim topib olar meni yoʻqotib,
sekin yanib qoʻyar: “Asqar, eh Asqar!..”
Poxollarga yotib oy dumalaydi,
soy boʻyida bir qiz oʻltirar xomush.
Sunbul sochlarida jim oʻrmalaydi
pastqam kulbalarda mudrayotgan tush.
Shamol badar ketar tepalar oshib,
daricha ortida oʻchar sadolar.
Yana burungidek aqldan ozib,
boshini toshlarga urar daryolar…
Tiriklik
Qoʻy, peshonam ketsin soʻkilib,
Yeb tashlasin yer emas, xayol.
Devorlarning darzidan kirib,
Yorib chiqsin koʻksimni shamol.
Nigohimning sahifalari
Oʻchib bitsin eski bitikdek.
Daryolarim zor giryalari
Sohillarda izgʻisin itdek.
Va har nechuk nomu nishonni
Yuzlarimdan tashlay sidirib.
Tovoningga kirgan tikanni
Koʻzim bilan olay sugʻurib.
Ming yillik goʻr kabi koʻmilib,
Soʻng qarshingdan chiqarman tirik.
Uch yuz oltmish paygʻambar boʻlib,
Sigʻinaman senga, Tiriklik!
Manzara
Kuz… oxirgi barglar yiqilar,
burishadi ogʻochlar labi.
Qip-yalangʻoch tollar oʻy surar,
qadim-qadim roviylar kabi.
Oy kezadi mahzun, aftoda,
olislardan olisdir yoʻli.
Gʻudranadi devor ortida
Mastu alas shamollar tili.
Ayoz tushar keskir, berahm,
oʻchar oshiq turnalar izi.
Chakalaklar uvishar marhum
xazonlarning kul – uyundisi.
Kunning esa chehrasi siniq,
yuzga tortar kuz surmasini.
Sanay boshlar achchiq izgʻiriq,
yaydoq tolning qovurgʻasini.
Tunlar oyni kemira boshlar,
sochiladi shuʼlalar unsiz.
Yiroqlarga zoriqib boqar,
yiroqlarda qolib ketgan qiz.
Kuz… oxirgi barglar yiqilar.
Asqar MAHKAM
“Ijod olami”, 2018/6
https://saviya.uz/ijod/nazm/soyladik-goh-uryon-gohi-munaqqash/