(Yoʻlakdan topilgan xat)
Tashqarida yomgʻir yogʻyapti. Turli-tuman mashinalar, avtobuslarning keti uzilmaydi. Koʻcha toʻla soyabonlar xuddi rang-barang qoʻziqorinlarga oʻxshaydi. Avtobuslar bekatda toʻxtab oʻtadi. Ana, yana bitta avtobus kelib, toʻxtadi. Eshik ochilib, yoʻlovchilar tusha boshladi. Hamma bir zumda atrofga tarqalib ketdi. Faqat bir shlyapali kishi shoshilmasdan koʻp qavatli uy tomon yurdi. Tezroq yursa boʻlmasmikin? Ivib ketadi-ku!
U toʻxtab sigareta yondirdi. Yomgʻir tutunga qorishib ketdi. Cumkasi xuddi siznikiga oʻxshagan sariq ekan, dadajon. Shlyapasining rangini yaxshi ajrata olmadim. Ammo koʻrinishi siznikiga oʻxshar ekan.
Oynaga peshonamni tirab, koʻchaga tikilib oʻtiraverib, peshonam muzlab qoldi. Ana, Aqidaning dadasi taksidan tushib, chopib yoʻlakka kirib ketdi. Adhamning dadasi katta xalta koʻtarib keldi. Chunki bugun Adhamning tugʻilgan kuni. Bugun men ham… yettiga toʻlaman. Oyimlar aytganlar, ikkalamiz bir kunda tugʻilgan ekanmiz. Siz meni koʻproq yaxshi koʻrasiz, toʻgʻrimi? Hech kim aytmasa ham buni oʻzim bilaman.
Kecha ham maktabdan kelib, derazaga boshimni qoʻygancha sizni kutib oʻtirdim. Kelmadingiz. Lekin shlyapangizni koʻrib qoldim. Avtobusdan hammadan keyin tushib, atrofga qaradingiz. Sigareta chekdingiz. Uyimizga yaqinroq kelib, men oʻtirgan derazaga qaradingiz. Lekin meni koʻrmadingiz. Uyimizning chirogʻi oʻchiq boʻlgani uchun koʻrmagan boʻlsangiz kerak. Derazani ochib, “Dada!” deb chaqirgim keldi-yu, eshikdan oʻzingiz kirib kelasiz deb oʻyladim. Kira solib ust-boshingizni yechmayoq, meni bagʻringizga bosib, “Ona qizim” deya yuz-koʻzlarimdan oʻpib, sochlarimni silashingizni kutdim, dadajon. Avvaliga chiroqni yoqmay jim oʻtiraveraman, oʻzingiz meni topib olasiz deb oʻyladim. Ammo birdan sizni qoʻrqitmoqchi boʻlib eshikning orqasiga yashirinib oldim. Nafas olmay turdim. Eshikni ochib ichkariga kirishingiz bilan toʻsatdan boʻyningizga osilib olmoqchi boʻldim. Boʻyningizdan mahkam quchoqlab olaman-da, sira qoʻyib yubormayman, deb oʻyladim.
Ana, oyoq tovushlari eshitilyapti… Siz kelyapsiz… Eshik ochildi… Qoʻllarimni yelkangizga qoʻyib, koʻtarib oldingiz… Sochlarimni silab, oʻrnimga yotqizdingiz… Qoʻllarimni ushlab oʻtiribsiz… Ertak aytyapsiz… Men uchib yuribman… Bulutlardan ham balandroq uchyapman…
Dadajon, kecha roʻmolchangizni topib oldim. Hidlasam, sizning hidingiz kelib turipti. Oldiniga yuvib-dazmollab qoʻymoqchi boʻldim. Ammo yuvmadim. Yuvsam, hidingiz ketib qoladi-da. Kelganingizda yuvib, dazmollab beraman.
…Dadajon, bugun ham kelmadingiz-ku… Men yana deraza oldida oʻtiribman. Aytmoqchi, kecha biznikiga bitta amaki keldi. Oyimning oʻrtogʻi ekan. Menga qoʻgʻirchoq olib kelipti. Juda ham chiroyli, koʻzlarini pirpiratadi. Yotqizib turgʻazsangiz “inga-inga” deb rostakamiga yigʻlaydi. Uning ham adasi ketib qolgan boʻlsa kerak…
Oʻsha amaki shirinlik ham olib keldi. Ammo bir tishlamgina yedim. Ishonmasangiz oyimdan soʻrang. Siz olib kelganingizda mazza qilib koʻp yeb olaman. Oʻsha amaki hozir ham biznikida televizor koʻrib oʻtiripti. Nega endi siz olib kelgan televizorni koʻradi? Nima haqqi bor?
Kecha rasm darsidan besh baho oldim. Ona tilidan esa endi “toʻrt” olyapman. Oʻqituvchimiz ham sizga oʻxshab, har bir kishi oʻz ona tilini bilishi kerak, deydilar. Oʻqishdan ham baholarim “4”. Sizga soʻz beraman, yil oxiriga qadar hammasi aʼlo boʻladi. Chunki siz men bilan dars qilasiz. Dadajon, boʻyoq qalamimni yoʻqotib qoʻydim. Oyimlarga shuncha aytsam ham yangisini olib bermayaptilar. Iltimos kelayotganingizda boʻyoq qalam olib keling.
Kecha-chi, dada, Akrom Surayyoning daftariga qizil qalam bilan chizib tashladi. Surayyo adamga aytib beraman deb rosa yigʻladi. Uning dadasi militsiyada ishlar ekan. Mashinalari bor ekan. Lekin u ham menga oʻxshab maktabga yayov kelib-ketadi. Derazamizning tagidagi oʻrik gulladi. Siz bilan birga ekkan oʻrigimiz. Men kichkina chelakchamda suv tashib, sizga qarashgan edim.
Ana, avtobuslar ham uxlagani ketishdi. Koʻchada hech kim qolmadi. Siz bugun ham kelmadingiz…
Dam olish kuni kelgan amaki bugun yana biznikiga keldi. Tagʻin qoʻgʻirchoq olib kelipti. Men unga qaramadim ham. Oyim uchchalamiz ovqatlangani oʻtirganimizda men oʻrnimdan turib, oʻz xonamga kirib ketdim. Oyim urishdilar. Men boʻlsam, dadam kelganlarida birga ovqatlanamiz, dedim. Oyim yana qulogʻimdan choʻzdilar. “Begona odamlar orasida oʻzimni tutishni bilmas” emishman. Rosa yigʻladim.
Oʻsha amaki men bilan gaplashmoqchi boʻlgan edi, siz kimsiz, bizning uyimizda nima qilib oʻtiribsiz, dedim. Oyim boʻlsalar oyogʻimni qattiq bosdilar. Lekin men yigʻlamadim. Begona odamlar oldida sira ham yigʻlamagin, degan edingiz-ku, axir.
Oyim meni oʻrnimga yotqizib, eshikni yopib chiqib ketdilar. Men boʻlsam darrov oʻrnimdan turib, yana deraza yoniga bordim. Sizni kutgani. Ha, aytganday, oʻtgan yili tugʻilgan kunimda siz sovgʻa qilgan akvariumdagi baliqcha oʻlib qoldi. Oyim, ajap boʻpti, xoʻb boʻpti, bitta tashvishdan qutulibman, deb baliqni derazadan koʻchaga uloqtirib yubordilar. Surayyoning aytishiga qaraganda, baliqcha kimnidir sogʻinsa, oʻlib qolar emish. Shu toʻgʻrimi, dada?
Bugun yana havo bulut. Lekin negadir yomgʻir yogʻmayapti. Balki bulut yigʻlayverib charchagandir. Siz nima deb oʻylaysiz, dadajon?
Men deraza tokchasidan pastga tushib, stulga oʻtirib oldim. Qoʻllarim yana sovqotdi. Lekin bu yerdan ham avtobuslar bemalol koʻrinib turipti. Siz kelib qolsangiz, koʻrinadi. Iltimos, tezroq kelib anavi amakini haydab yuboring…
Oʻtirgan joyimda uxlab qolibman. Ertalab oyim yana urishdilar. Nega boʻlmasam oʻzlari kechqurun men bilan yotmay, televizor koʻrgani begona amakining oldiga chiqib ketadilar? Bir ozdan keyin ular nimadir deb gaplashishdi. Keyin eshigimiz ochildi. Men siz keldingizmi deb yugurib chiqdim. Yoʻq, haligi amaki eshigimizni qattiq yopib chiqib ketdi. Oyim eshikni qulfladilar. Eshik qattiq yopilganidan ilgakdagi doʻppingiz yerga tushib ketdi. Oyim uni darrov oldilar-da, qoqib-qoqib, yana joyiga ilib qoʻydilar.
Dada, bugun rasm darsida Surayyoning dadasi kelib, Akromning qulogʻini choʻzib yuziga urdi. Akrom yigʻladi. Unga rahmim keldi. Akrom boʻlsa, mening ham dadam kelib, sizning qulogʻingizdan choʻzadilar, dedi. Surayyo, sening dadang yoʻq-ku, sizlarni tashlab ketgan, deb uni masxara qildi. Sinfimizdagi bolalarning hammasi Akromning dadasi yoʻqligini bilishsa ham sira masxara qilishmas edi. Akromning qulogʻi qizarib ketdi. Lekin yigʻlamadi. Mushtlarini tugib Surayyoning dadasiga “Bir kunmas-bir kun sizni qamashadi. Oʻshanda qorningiz yorilib ketadi”, dedi. U kishi boʻlsa qizarib ketib, Akromni yana urmoqchi edi, u qochib ketdi.
Biz darsdan keyin Akromning papkasi va paltosini uyiga olib borib berdik. U uyiga bormapti. Keyin oyisi bilan uni zoʻrgʻa qidirib topdik. U maktabimiz orqasidagi buzilgan uylarning hujrasida bekinib oʻtirgan ekan. Sovuqdan qoʻllari va lablari koʻkarib ketipti. Yigʻlayverganidan koʻzlari shishib qizarib ketipti. Ertasiga sinfimizdagi hamma qizlar Surayyo bilan “pom” chiqishdi. Men endi u bilan bir partada oʻtirmayapman. Surayyo, yakkamoxov boʻlib, bir oʻzi oʻtiripti. Endi unga matematikadan yordam bermayman. Agar Surayyo Akromdan kechirim soʻrasa, oʻylab koʻramiz. Dada, siz nima deb oʻylaysiz? U kechirim soʻrarmikin?
Kecha maktabdan kelsam, oyim menga oʻxshab derazadan tashqariga qarab oʻtirgan ekanlar. Meni koʻrishlari bilan koʻz yoshlarini artib, “Kelaqol, qizim” deb bagʻrilariga bosdilar. Deraza oldida sovqotgan boʻlsalar kerak, titrab ketdilar. Negadir boshimni silab, oʻzlaridan oʻzlari “Kechir, qizim” dedilar. Hayron qoldim. Meni urib-urishsalar ham kechirim soʻramas edilar. Dada, siz bilmaysizmi, oyim nega mendan kechirim soʻradilar?
Ha, aytganday, endi-chi, dada, paypogʻimni, roʻmolchamni oʻzim yuvishni oʻrgandim. Lekin hali dazmol bosishni bilmayman. Siz kelganingizda paypoq va roʻmolchangizni oʻzim yuvib beraman.
Kecha Zulayho bilan urishib qoldim. Tanaffusda rasmli kitobini menga koʻrsatmadi. Dadam olib berganlar, kir qilib qoʻyasan, dedi. Men unga “qizgʻanchiq” dedim. U boʻlsa, oʻzingni dadang olib bersin, dedi. Seni dadamga aytib beraman, dedim. U esa, sening dadang yoʻq. Sizlarni tashlab ketgan. Oyingni yomonligidan butunlay ketib qolgan, endi sira kelmaydi, dedi.
Dada, rostdan ham bizni tashlab ketganmisiz? Oyim yomon boʻlsalar, men yaxshiman-ku. Doim aytganingizni qilaman. Nega meni tashlab ketasiz? Mushuk ham bolasini tashlab ketmaydi-ku.
Men hammaning oldida, dadam ota-onalar majlisiga keladilar, seni qulogʻingni choʻzadilar, dedim. Toʻgʻri aytibmanmi? Siz kelasiz-a? Agar kelmasangiz, hamma meni masxara qiladi. Uyimizga kelmasangiz ham, ota-onalar majlisiga keling.
Voy, dada! Toʻxtang… Ketib qolmang… Hozir oldingizga tushaman… Birpas toʻxtab turing… Shoshmang dada-a! Hozir oldingizga boraman… Oyim ham sizni kutib oʻtiribdilar… Rost aytyapman… Toʻxtang, dadajon!…
Joʻra MAHMUD
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/sizni-sogindim-dadajon/