1968 yili hazrat Navoiy tugʻilganining 525 yilligi nishonlandi. Mehmonlarga dastyorlik qilish oʻsha kezlari universitetni yangi bitirgan bizga oʻxshash yosh qalamkashlar zimmasiga yuklandi. Menga Ukraina bilan yana bir guruh topshirildi. Ukrainadan kelgan mehmonlarning boshligʻi taniqli dramaturg Yakov Bash ekan. Unga ajratilgan xonaga kirishimiz bilan mendan birinchi soʻragan savoli bu boʻldi:
– Toshkentda nechta oʻzbekcha maktab bor?
– Oʻzbekcha maktab koʻp, – dedim rostini aytib.
– Taxminan qancha? Besh-oltita bormi? – deb takror soʻradi mehmon.
Jinday gʻashim keldi.
– Nega besh-oltita boʻlarkan, Toshkentdagi maktablarning yarmidan koʻpi milliy tilda oʻqitiladi!
– Unda yaxshi ekan, – dedi Bash, – falon respublika poytaxtida (qoʻshni respublikalardan birini aytdi) milliy tilda dars oʻtiladigan maktab bitta qolibdi. Faqat bitta! Boshqa hammasi “russkoyaziʼchniʼy!”
Ukrainalik mehmon juda jiddiy masalada kuyinib gapirayotganini angladim. Toʻgʻri, bizda ham iloji boricha oʻzbekcha darslarni kamaytirib, “ulugʻ” tilga koʻchirish odati bor edi-ku, ammo qoʻshnimizdagi kabi fojiali darajaga yetmagan edi. Ammo “Lagʻmonxona” degan soʻzga ayrimlarning tili kelishmagani uchun “Lagmannaya” deb yozib qoʻyishlar, kinoteatrlar, bogʻ va xiyobonlarni yoppasiga ulugʻ inqilobchilar nomi bilan atashlar, har qanday majlisni rus tilida olib borishlar avjiga chiqqani ham bor gap edi.
Shundaylardan biriga oʻzim guvoh boʻlganman. Ustoz Said Ahmad aka boshliq bir guruh adib va shoirlar bir viloyatga bordik. Kolxozchi-dehqonlar hayotini “oʻrganish” uchun katta-kichik zallarda uchrashuvlar qilish odat tusiga kirgan edi.
Xullas, dongʻi ketgan xoʻjaliklardan birida galdagi uchrashuv boʻldi. Xoʻjalik raisi “toʻy ichida challarni ham oʻtkazib yuboradiganlar” toifasidan ekan, ijodiy uchrashuvni hisobot majlisiga aylantirib yubordi. Keyingi yillarda kolxoz erishgan yutuqlar haqida uzoq gapirdi. Faqat bir kamchiligi rus tilini bilish masalasida “mundayroq” ekan.
– Tavarish kalxozniki! – dedi baqirib. – pilon xlopka gatop. Pilon masa gatop! Pilon kokana gatop! Pilon jivot – deya shu yerda tutildi. jivot… jivot… dedi-yu, “jivotnovodstva” degan soʻzga tili kelishmay terlab ketdi, shoʻrlik! Men yonida oʻtirgan edim. Sekin bilagidan tutdim:
– Oʻzbekcha gapiravering, rais buva, zalda oʻtirganlarning hammasi oʻzbek-ku!
– Ibi! – dedi rais bosh chayqab. – Bu yerga sholi birgad boshligʻi tavarish Pak oʻtiribdi.
Oʻrtaroq qatorda oʻtirgan pastakkina boʻyli yigit dik etib oʻrnidan turdi.
– Oʻzbekcha gapiravering, rais bova, – dedi ovozini baralla qoʻyib. – Men oʻzbekchani yaxshi bilaman.
Rais yana bosh chayqadi:
– Bu apisalni sabrani, piratakol yozilopti!
Nachora! Tagʻin yarim soat “siyosiy hushyor” raisning almoyi-jalmoyi gaplarini eshitishga majbur boʻldik.
Oʻtkir Hoshimov.
https://saviya.uz/ijod/nasr/siyosiy-hushyor-rais/