Oliy ta’lim muassasalarida sirtqi (maxsus sirtqi) ta’lim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq tashkil etiladi.
Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’lim quyidagi shakllarda olib boriladi: sirtqi shakl, maxsus sirtqi shakl, ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot berishning sirtqi shakli.
Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limga talabalarni qabul qilish:
- sirtqi shaklda — umumiy o‘rta (10-11-sinflar negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumoti to‘g‘risidagi tegishli hujjatga ega bo‘lgan va test sinovlaridan (kirish imtihonlaridan) muvaffaqiyatli o‘tgan;
- maxsus sirtqi shaklda — faqat tegishli yoki turdosh ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga va ta’lim yo‘nalishiga muvofiq soha, kasb, lavozimlarda kamida uch yillik amaliy ish stajiga (pedagogika yo‘nalishlari uchun pedagogik stajga) ega bo‘lgan, tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega, test sinovlaridan (kirish imtihonlari yoki kasbiy suhbatdan) muvaffaqiyatli o‘tgan;
- ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot berishning sirtqi shaklda — oliy ma’lumotga ega bo‘lgan (agar xorijiy oliy ta’lim muassasasini tugatgan bo‘lsa, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjati belgilangan tartibda tan olingan (nostrifikatsiya qilishgan) bo‘lishi kerak) va test sinovlaridan (kirish imtihonlaridan yoki kasbiy suhbatdan) muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar hisobidan amalga oshiriladi.
Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limga talabalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limda o‘qish muddati:
- sirtqi shaklda — kamida 5 yil;
- maxsus sirtqi shaklda — kamida 3 yil;
- ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim negizidagi sirtqi shaklda — kamida 3 yil. Bunda, o‘qish o‘quv rejalaridagi fanlar farqidan qat’i nazar, bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-kursidan boshlanadi.
Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’lim talabalarini talabalar safidan chetlashtirish va o‘qishini qayta tiklash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan kirish test sinovlari yoki oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) orqali tanlov asosida amalga oshiriladi.
Bunda:
- oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining sirtqi ta’lim shakliga test sinovlari orqali o‘qishga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi;
- oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining sirtqi ta’lim shakliga oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) orqali tanlov asosida o‘qishga qabul qilish mazkur Nizomga 5-ilovada belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchisiga ko‘chirishga ruxsat beriladi.