Post Views:
90
“Myuzeum-studiya” ilmiy tekshirish markazi direktori, o‘lkashunos olim Rishat Rahimov Sibir tarixini o‘rganish maqsadida minglab kilometr masofani bosib o‘tdi. U Islom dinini bundan sakkiz asr oldin bir guruh olimlar yoyishganini isbotladi.
Shu paytgacha tarixchilar Sibirga Islom dinini 1394-95 yillari Bahouddin Naqshband shogirdlari yoyishgan deb hisoblashardi. Ushbu fikrni Qozon universiteti turk-tatarshunoslik kafedrasi professori Nikolay Katanov ilgari surgan edi. U Tobol muzeyida saqlanadigan “Sachara” (Shajara) nomli qo‘lyozmani tarjima qilib, unda keltirilgan “Bahouddin” so‘zini bevosita hazrat Naqshbandga bog‘laydi.
Omsk viloyati shimolida topilgan o‘n olti nafar shayx qabri Rahimovni mavzuni yanada chuqurroq o‘rganishga undadi. U ba’zi ma’lumotlarga suyanib, olimlarning Sibirga kelishi XIV asrdan oldinroq bo‘lganini isbotlayapti. Ya’ni, tarixda “Bahouddin” ismli shaxslar ko‘p o‘tgan. Bahouddin Naqshband 1394 yildan kamida 5 yil oldin vafot etgan. U davrda Buxoro Amir Temur qo‘l ostida edi. “Sachara”da esa amir deb boshqa odam ismi ko‘rsatilgan. Tuymen knyazligi XIV asr boshlarida Oltin O‘rda hududiga kirgan, asr oxiriga kelib esa butun Sibir Islomni qabul qilib bo‘lgan edi. Rishat Rahimov fikricha, Sibirga Islom XIII asr birinchi yarmida yoyila boshlagan. Olimlar safarini esa Mavlono Jaloliddin Rumiyning otasi Bahouddin Balxiy uyushtirgan. Aynan shu kishi Sibirga bir guruh shogirdlarini yuborgan. Ya’ni topilgan qabrlar ana shu zotlarnikidir. Sibirga Islom dini XIV asr oxirida kelmaganini “Sachara”da Tuymen knyazligi poytaxti Chimg‘ito‘ra nomi qayd etilmagani ham isbotlab turibdi.
“Sachara”da shayxlarning Irtishga Ishim daryosi bo‘ylab yo‘l olishgani ham yozilgan. Guruh Chimg‘ito‘radagi To‘ra daryosiga emas, balki Ishimga qarab yo‘l olgani tasodif emas. Aynan XIII asrda Tuymen va Isker shimoli-sharqidagi Qizilto‘ra Sibir poytaxti bo‘lgan. Qizilto‘ra qoldiqlari esa Omsk viloyati shimolidagi Ust Ishim tumanining Krasnoyarka qishlog‘i yaqinida saqlanib qolgani ma’lum.
Qo‘lyozmada yana bunday so‘zlar bitilgan: “Buyuk avliyolar Ishim qirg‘og‘idan to Irtishgacha yetib borishdi. Irtish ahli johillari 360 nafar avliyoni yovuzlarcha qirib yuborishdi. Buxoroi sharifga esa faqat 60 nafari qaytdi”. Matnda shayxlarning dafn etilgan joyi va silsilasi ham keltirilgan. Sibir tatarlari “Ostona” deb atovchi qabriston hozirgi jug‘rofiy xaritada Tuymen va Omsk viloyatlarida, birgina maqbara Xanti-Mansiya hududidagi Singalada ekani ayon bo‘ldi. Qo‘lyozmada aytilishicha, shayxlar qozoq O‘rta O‘rdasi xoni qo‘shini bilan Ishim daryosi bo‘ylab shimol tomon yo‘l oladi. O‘rmon va dashtlarni kezib, Irtish daryosining chap qirg‘og‘i (Omsk viloyati Ust Ishim tumani)ga chiqadilar.
Avliyolar qabri hozirgi Ust Ishim tumani Ulla Buryan qishlog‘i hamda Tuymen viloyatining Vagay va Tobol tumanlarida ham topilgan. Demak, shayxlar karvoni daryo bo‘ylab yo‘lda davom etib, o‘rmonzor va botqoqliklardan ham o‘tishgan.
Rishat Rahimov “Ostona”ni o‘rganish jarayonida qabrlarning yetmishdan ortig‘ini ko‘zdan kechirdi. Shayxlar qabrlari uch ming kvadrat kilometrdan ortiq maydonning turli joylaridan topilgan. Bu hudud Omsk viloyati Kuskun Tevriz tumanining shimoli-sharqiy burchagi, Yurgadagi Singalning shimoli-g‘arbiy burchagi, Tuymen hududidagi Andreyevsk ko‘lining janubi-g‘arbidan tortib to viloyatning Aromashevo qishlog‘igacha bo‘lgan joylarni qamrab oladi.
Qo‘lyozmada keltirilgan hujjat-dalillar, “Ostona” qabristoni topilmalari Sibirga kelgan xalq orasidagi rivoyatlar, karvonda yegulik, kiyim-kechak va qurol-yaroq ortilgan aravalar, O‘rta O‘rda askarlari, tabiblar va yordamchilar ham bo‘lganini tasdiqlaydi. Shuningdek, qo‘lyozmada “Ostona”da dafn etilgan shaxslar ismlari ham ko‘rsatilgan.
Olimlar karvoni Ishim va Irtish tutashgan Qizilto‘radan o‘tib, hozirgi Tuymengacha borgan. Yo‘lda ko‘pgina shayxlar shahid bo‘lishsa-da, mahalliy aholining ko‘pchiligini Islomga chaqirishgan. Shu bois “Sachara” oxirida: “Bundan so‘ng bu zaminda Islom nur taratib, bu yerdan ko‘pgina olimu fozillar va ulamolar yetishib chiqdi”, deb bitilgan.
1994-95 yillari Tuymen va Omskda Sibirga Islom dini yoyilishining 600 yilligi nishonlandi. “Myuzeum-studiya” ilmiy tekshirish markazi direktori Rishat Rahimovning izlanishlari esa bu sharafli voqyeaga 800 yil bo‘lganini ko‘rsatmoqda.
Azizxon HAKIMOV tayyorladi.
https://shosh.uz/uz/sibirga-islom-dini-yoyilishiga-doir-2/