SIBIR XONLIGI — 15-a. oxirlarida tashkil topgan davlat. 1495-y. Tyumen xoni Iboq oʻldirilganidan keyin, uning avlodi Taybugʻo Maxmet (Mahmudak) tatar uluslari siyosiy ittifoqiga bosh boʻldi va xonlikni oʻzining asosiy qarorgohi — Sibir (Qishliq) nomi bilan atadi. Volga boʻyidagi Oltin Oʻrda davlati ichki va tashqi urushlar orqasida zaiflashib va parchalanib ketdi. Natijada birbirlaridan mustaqil Astraxon, Qozon, Sibir va b. xonliklar yuzaga keldi. Ularning orasida Sibir xonligi eng chekka va sovuq joy boʻlib oʻrmonlar va dare suvlariga boy oʻlka hisoblangan. U yerda turkiy tilli aholi yashab chorvachilik, dehqonchilik va xunarmandchilik bilan shugullangan. Xonlikning poytaxti dastavval hoz. Tyumen sh. oʻrnidagi Chingitura degan joy edi. Keyinchalik poytaxt Irtish daryosi boʻyidagi Qishliq (rus manbalarida — Iskar) nomli shaharga koʻchirilgan.
1555-y. da tatar yuqori tabaqa vakillari Sibir taxtini egalladilar. Ammo, 1563-y. da shayboniylar sulolasiga mansub Koʻchumxon Buxoro xoni Abdullaxon II ning harbiy yordami tufayli taxtni qoʻlga kiritadi. Buxorodan Sibirga harbiy qism bilan bir qatorda savdogarlar va din peshvolari borib oʻrnashdilar. Koʻchumxon oʻz qoʻli ostidagi yerlarda oʻzbek din peshvolarining boshchiligida islom dinini tarqatishga harakat qildi.
Shu tariqa Sibir xonligi Abdullaxonning taʼsir doirasiga tortiddi. U yerga oʻzbeklar borib savdo va dehqonchilik b-n shugʻullandilar. Ular hokimiyatni boshqarishga ham koʻmaklashdilar.
Buxoro xonliginchng Sibir bilan aloqani yaxshilashga qaratilgan harakati bejiz boʻlmagan. Sibirning Oʻrta Osiyo b-n siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari chuqur tarixiy davrlardan boshlanib koʻp asrlar mobaynida davom etgan. U yerda oʻzbek gazlamalari, kiyimboshlari va b. mollariga talab katta edi. Oʻz navbatida, Oʻrta Osiyoda Sibirning qimmatli moʻynalariga ehtiyoj zoʻr boʻlgan. Buxoroliklar islom dinini tarqatish vositasi bilan ham Sibirda oʻzlarining mavqeini mustahkamlashga harakat qilganlar. Xususan, naqshbandiya tariqatining 361 kishidan iborat muridlari Sibirga borib islom dinining tarqalishiga asos solganlar. Bu ishda Oqilabibi, Anipabibi, Xadichabibi, Solihabibi va b. oʻzbek ayollari ham qatnashgan. 1581-y. da Yermak va Koʻchumxon askarlari urtasida jang boʻlib Yermak poytaxt Iskarni egallaydi. Shundan keyin ham ular oʻrtasidagi urushlar davom etib ulardan birida Yermak halokatga uchraydi. Ammo, xonlik 1598-y. da rus qoʻshini tomonidan tamomila bosib olinib Sibir Rossiyaga qoʻshib olinadi.
Ad.:3iyayev H., Sibir, Volga va Ural boʻylaridagi oʻzbeklar, T., 2003.
Hamid Ziyoyev.