SHVETSIYA (Sverige), Shvetsiya Qirolligi (Konungariket Sverige) — Shim. Yevropada, Skandinaviya ya. o. ning sharqiy qismidagi davlat. Mayd. 450 ming km2. Aholisi 8,94 mln. kishi (2002). Poytaxti — Stokgolm shahri. Maʼmuriy jihatdan 24 len (gubernya)ga boʻlynadi. Stokgolm lenga tenglashtirilgan mustaqil maʼmuriy birlik sifatida ajratilgan.
Davlat tuzumi. Shvetsiya — konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1975 yil 1 yanv. dan kuchga kirgan. Davlat boshligʻi qirol (1973-yildan Karl XVI Gustav). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni riksdag (1 palatali parlament), ijrochi hokimiyatni hukumat amalga oshiradi.
Tabiati. Sh. Yevropaning Atlantika boʻyi qismida, moʻtadil mintaqa shim. da joylashgan. Shvetsiya gʻarbiy qismi togʻli (Skandinaviya togʻlari, eng baland joyi 2123 m, Kebnekayse togʻi). Shvetsiya shim. da Norland yassitogʻligi (bal. 200—800 m), jan. da Smoland qiri bor. Qolgan qismi pasttekislik va koʻllardan iborat. Foydali qazilmalardan temir, mis, qoʻrgʻoshin, rux, uran rudalari, oltin, kumush, marganes, volfram konlari hamda mineral buloqlar bor. Iqlimi moʻtadil, Golfstrim iliq oqimining taʼsiri katta. Shim. da iqlim sovuq. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi jan. da 0—5°, shim. da —6° dan —14° gacha, iyulniki xuddi shu joylarda 15—17° va 10—11°. Yillik yogʻin togʻlarda 1500—2000 mm, tekisliklarda 700—800 mm. Daryolari qisqa va serostona. Shvetsiya hududining 9% qoʻllar bilan band. Yirik koʻllari: Venern, Vettern, Yelmaren, Melaren. Hududining 57% oʻrmon, asosan, igna bargli daraxtlar, aralash oʻrmonlar, shim. da tundra oʻsimligi oʻsadi. Tuproqlari podzol, chimli podzol, qoʻngʻir oʻrmon, togʻ podzol, togʻ tundra va botqoq tuproqlar. Shvetsiyada oʻrmon hayvonlari va suv parrandalari koʻproq uchraydi. Abisku, Muddus, SarskShyoffallet milliy bogʻlari va koʻrixonalar bor.
Aholisining 91% shvedlar. Shuningdek, saamlar, finlar, norveglar, danlar ham yashaydi. Rasmiy til — shved tili. Dindorlari — xristianlar (asosan, lyuterchilar). Shahar aholisi 83,1%. Yirik shaharlari: Stokgolm, Gyoteborg, Malmyo.
Tarixi. Mil. av. 8—9ming yillikdan boshlab Shvetsiya hududida odam yashab keladi. Mil. ning 1-asr oʻrtalarida german qabilalari (sve, gyot va boshqalar) kelib joylashgan: ular hoz. shvedlarning etnik asosini tashkil qilgan. 6—7-asrlarda shved qabilalarining birlashish jarayoni boshlandi. 8 —11-asrlarda shvedlar vikinglar yurishlarida qatnashdilar. 11asr boshlarida xristianlik tarqaldi. 11-asrda birlashgan shved qirolligi tashkil topdi. 12 — 14-asrlarda Sh. Finlyandiyani bosib oldi (1809-yilgacha Shvetsiya tarkibida boʻlgan). 1397-yilda Shvetsiyaning Daniya va Norvegiya bilan birlashishi natijasida Sh. Daniyaga tobe boʻlib qoldi. 15-asr — 16-asr boshlarida Daniya hukmronligiga qarshi milliy ozodlik harakati avj oldi. 1521—23 yillarda dvoryan Gustav Erikson rahbarligida koʻtarilgan gʻalayon Daniya hukmronligiga barham berdi. G. Erikson 1523-yil Gustav I nomi bilan Shvetsiya qiroli etib saylandi va Vaza sulolasiga asos soldi. 16-asrning 30-y. larida reformatsiya harakati avj oldi va lyuterchilik joriy etildi. 16—19-asrlarda Shvetsiya, ayniqsa, Gustav II Adolf davrida Boltiq dengizida oʻz hukmronligini oʻrnatish uchun urush olib bordi (1558—83 yillardagi Livon urushi, 1618—48 yillardagi Oʻttiz yillik urush, 17-asr boshida Rus davlatiga qarshi urush, 17-asr 2-yarmida Polsha, Daniya, Rossiya bilan boʻlgan urushlar). 1700—21y. lardagi Rossiya bilan boʻlgan Shimoliy urusht Karl XII boshchiligidagi shved armiyasi tormor keltirildi; Sh. oʻz hududining bir qismidan mahrum boʻldi. 19-asr boshlarida Shvetsiya antifransuz koalitsiyasi tarkibida Napoleon I ga qarshi urushlarda ishtirok etdi. 1809-yil Shvetsiyada demokratik islohotlar oʻtkazildi, konstitutsiya qabul qilindi (ayrim oʻzgarishlar bilan 1975-yilgacha amalda boʻldi). 1814-yil Daniya bilan tuzilgan Kil shartnomasiga muvofiq, Norvegiya Shvetsiya tarkibiga oʻtdi (1905-yil Shvetsiyadan ajralib chiqdi). 1-jahon urushi (1914—18) davrida betaraf Shvetsiya amalda Germaniyaga yon bosdi. 2-jahon urushi (1939—45) davrida qatʼiy betaraflik eʼlon qildi. 2-jahon urushidan keyin tashqi siyosatda harbiysiyosiy bloklarda ishtirok etmaslik yoʻlini tutdi. 193276, 198291-yillarda va 1994-yildan hokimiyatni Sotsial-demokratik ishchi partiyasi egallab kelmoqda. Shvetsiya 1946-yildan BMT aʼzosi. OʻzR suverenitetini 1992-yil 16 yanv. da tan olgan va 1992-yil 8 apr. da diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayramlari: 30 apr. — Qirol tugʻilgan kun (1946), 6 iyun — Shvetsiya bayrogʻi kuni (1523, 1809).
Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushma birlashmalari. Soʻl partiya, 1917-yil tuzilgan; Xalq partiyasiliberallar, 1895-yil tashkil etilgan; Atrofmuhitni muhofaza qilish partiyasi («Koʻkatparvarlar») yoki «Milyepartiyet», 1981-yil asos solingan; Markaz partiyasi, 1910-yil tuzilgan; Sh. sotsialdemokratik ishchi partiyasi, 1889-yil tashkil etilgan; Moʻtadil koalitsion partiya, 1904-yil asos solingan; Xristiandemokratik partiya, 1964-yil tuzilgan. Shvetsiya kasaba uyushmalari markaziy birlashmasi, 1898-yil tuzilgan, 20 tarmoq kasaba uyushmalarini birlashtiradi.
Xoʻjaligi. Shvetsiya intensiv q. x. ga ega yuksak darajada rivojlangan industrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 30,5%, qishloq va oʻrmon xoʻjaliginiki 2,2%, xizmat koʻrsatish tarmogʻiniki 67,3% ni tashkil etadi.
Sanoatida qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik (kemasozlik, avtomobilsozlik, aviasozlik, elektrotexnika va radioelektronika), yogʻochsozlik va sellyuloza qozoz sanoati yetakchi tarmoqlardir. Kimyo, toʻqimachilik, oziqovqat (sut va goʻsht ishlab chiqarish) rivojlangan. Temir rudasi va rangli metallar qazib olinadi. Energetikasi gidroenergiya resurslari va chetdan keltiriladigan yonilgʻiga asoslangan. Yiliga oʻrtacha 142,9 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi, uning 1/2 qismi GES larga, 1/2 qismi AESlarga toʻgʻri keladi. Asosiy sanoat markazlari: Stokgolm, Gyoteborg, Malmyo, Vesteros, Linchyoping.
Qishloq xoʻjaligi sermahsul boʻlib, oziqovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojning 80% ni taʼminlaydi. Chorvachilik yetakchi tarmoq hisoblanadi va u goʻshtsut yetishtirishga ixtisoslashgan; qoramol, choʻchqa, shim. bugʻusi boqiladi. Dehqonchilikda yemxashak ekinlari, gʻalla (arpa, suli, bugʻdoy), qand lavlagi, kartoshka ekiladi. Boltiq va Shim. dengizlardan baliq ovlanadi. Oʻrmonda yogʻoch tayyorlanadi.
Transportida t. y. uzunligi 10,9 ming km, avtomobil yoʻllari uz. 136,2 ming km. Dengiz savdo flotining tonnaji 2,74 mln. reg. brutto t. Yirik portlari: Gyoteborg. Stokgolm, Luleo, Malmyo. Daniya, Finlyandiya, Germaniya bilan temir yoʻl, paromlar orqali bogʻlangan. Shvetsiya chetga qogʻoz, karton, sellyuloza, yogʻoch, mashina va jihozlar, temir rudasi, kimyoviy mahsulotlar chiqaradi; chetdan sanoat mahsulotlari, xom ashyo, oziqovqat mollari oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Norvegiya bilan hamkorlik qiladi. Xorijiy sayyohlik rivojlangan (yiliga 6 mln. kishi kelib ketadi). Pul birligi — shved kronasi. Tibbiy xizmati. Vrachlar 6 untning tibbiyot ftlarida tayyorlanadi. Shvetsiyada aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish bepul. Stryomstad balchiqli, Rannebyu balneolbgikbalchiqli, Marstrand dengiz boʻyi iqlimiy va boshqalar kurortlar bor.
Maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari. Mamlakatda 7 yoshdan 9 yillik majburiy taʼlim joriy etilgan boʻlib, u 3 bosqich (3+3+3) dan iborat. 9 yillik maktabni tugatganlar oʻqishni gimnaziyada davom ettiradi. Shvetsiyada ZOdan ortiq oliy oʻquv yurti bor. Yiriklari: Upsala universiteti, Stokgolm universiteti, Gyoteborg unti (1891), Stokgolmdagi Qirollik oliy texnika maktabi (1827), Gyoteborgdagi Politexnika unti (1829). Shvetsiya dagi mashhur ilmiy muassasalar: Shvetsiya qirollik fanlar akademiyasi, Muhandislik akademiyasi (1919), Upsaladagi qirollik gumanitar fanlar jamiyati (1889), Upsaladagi qirollik tabiiy fanlar jamiyati (1710), Gyoteborgdagi qirollik sanʼat va fan jamiyati (1778), Stokgolmdagi tibbiyotjarrohlik inti, Stokgolmdagi Shvetsiya akademiyasi (1786). Yirik kutubxonalari: Stokgolmdagi qirollik kutubxonasi, Upsala, Gyoteborg untlarining kutubxonalari, Stokgolm va Gyoteborg shahri kutubxonalari. Muzeylari: Milliy muzey, hoz. zamon sanʼat muzeyi, ent. muzeyi, Stokgolm shahri muzeyi, Tarix muzeyi, Shim. muzey, Milliy dengiz muzeyi, Kronan qalʼasidagi harbiy muzey, arxeologiya muzeyi va boshqalar Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Shvetsiyada bir qancha gaz. va jur. nashr etiladi. Yiriklari: «Arbetet» («Mehnat», kundalik gaz., 1887-yildan), «Aftonbladet» («Kechki gazeta», kundalik kechki gaz., 1830-yildan), «Vi» («Biz», haftalik ijtimoiysiyosiy bezakli jur., 1913-yildan), «Gyotebergsposten» («Gyoteborg pochtasi», kundalik gaz., 1858-yildan), «Dagens nyuxeter» («Kun yangiliklari», kundalik gaz., 1864-yildan), «Kvellsposten» («Kechki pochta», kundalik kechki gaz., 1948-yildan), «Metallarbetaren» («Metallurg», haftalik jur., 1888-yildan), «Svenska dagbladet» («Shvetsiya haftalik gazetasi», kundalik gaz., 1884-yildan), «Syudsvenska dagbladet snellposten» («Janubiy Shvetsiya haftalik gazetasi», kundalik gaz., 1848-yildan), «Ekspressen» («Ekspress», kundalik kechki gaz., 1944-yildan). Shvetsiya telegraf byurosi 1921-yil tuzilgan; Sh. dagi gaz. larning aksiyadorlik jamiyati. Shvetsiya radiosi hamda Shvetsiya televideniyesi aksiyadorlik jamiyatlari sifatida 1993-yil tashkil etilgan. Shvetsiyada radioeshittirishlar 1924-yildan, telekoʻrsatuvlar 1956-yildan olib boriladi.
Adabiyoti. Shved badiiy adabiyotining dastlabki yodgorliklari 9-asrga oid boʻlib, u sheʼr yoki ritmik nasr shaklidagi runik yozuvlardsr. Oʻrta asrlarda adabiy anʼanalar xalq ogʻzaki ijodida oʻz aksini topdi. Xristianlikning tarqalishi davrida lotin tilida diniy adabiyot yaratildi. 14—15-asrlarda ballada, qoʻshiq, tarixiy xronikalar, 17-asrdan dramaturgiya rivoj topa boshladi. Bu janrlarda tarixchi va dramaturg Yu. Messenius asarlar yaratdi. Birinchi yirik lirik shoir L. Vivalius boʻldi. Uygʻonish davri gʻoyalari ensiklopedist olim va shoir G. Shernyelm ijodida, Yu. Runius sheʼriyatida oʻz aksini topdi. G. Dalperna sheʼriyatda barokko uslubining asoschisidir. 18asr adabiyoti maʼrifatchilik gʻoyalari taʼsirida rivojlandi; uning yorqin vakili shoir, publitsist va tarixchi U. Dalindir. 19-asr boshlarida romantizm adabiyotdagi yetakchi oqimga aylandi. Bu oqimning taniqli vakili shoir, tarixchi va faylasuf E. G. Geyer boʻldi. E. Tegner oʻz ijodida maʼrifatchi va romantiklar tajribasidan foydalanib, «Frityof haqida doston»ni yaratdi; bu asar keyinchalik milliyeposga aylandi. 19-asrning 30-y. larida K. Yu. L. Almkvistning realistik qissalari yuzaga keldi. 70-y. larda Yu. A. Strindberg tanqidiy realizm asoslarini yaratdi. 20-asr boshlarida tanqidiy realizm Ya. Syoderberg, Ya. Bergman, P. S. Siverts ijodida yorqin namoyon boʻldi. D. Anderson, M. Kox. Yu. Chelgren, I. LuYuxanson, M. Martinson proletar adabiyoti vakili sifatida maydonga chiqdilar. P. F. Lagerkvist oʻz asarlarida murakkab axloqiy va falsafiy muammolarga toʻxtalib oʻtdi. Sheʼriyatla A. Esterling, N. Ferlin realistik yoʻnalishda ijod qildilar. 30-y. lar va 2-jahon urushi yillari Shvetsiyada antifashistik adabiyot shakllandi (E. Yunson, V. Muberg, M. Martinson asarlari). 50—70-y. larda realistik nasr anʼanalarini P. A. Fogelstryom, S. Lidman, P. Rodstryom, L. Gustafson va boshqalar davom ettirdi. Hujjatli nasr rivojlandi (A. Lundkvist, S. Lidman, Ye. Palma va boshqalarning ayrim asarlari). A. Lindgrenning bolalar uchun kitoblari jahonda shuhrat qozongan. Adiblardan B. Setterland, L. Forshel, B. Xokanson, Yo. Sunnevi, S. Okesson, Yo. Palma mashhur.
Meʼmorligi. 11 —12-asrlarda roman uslubida cherkovlar, 13—15-asrlarda gotika uslubida ibodatxonalar qurildi. 16-asrda Uygʻonish davri meʼmorligi uslubida qasrlar bunyod etildi. 17-asrda barokko va klassitsizm uslubida shahar saroylari, shahardan tashqarida bogʻli qarorgohlar qurildi (Ritsarlar uyi, 1641—71, meʼmorlar S. de la Valle, J. de la Valle va boshqalar; birja, 1767—76, meʼmorlar K. Yu. Krunstedt va boshqalar; ikkalasi ham Stokgolmda). 19-asr meʼmorligidagi klassitsizm eklektikaga oʻrin boʻshatdi. 20-asr boshlarida milliy romantizm belgilari paydo boʻldi (meʼmorlar F. Buberg, K. Bergsten). Neoklassitsizm (Stokgolmdagi shahar kutubxonasi, 1924—27, meʼmor Ye. G. Asplund), neoromantizm (Stokgolmdagi ratusha, 1911—23, meʼmor R. Estberg) yoʻnalishlari, funksionalizm va organik meʼmorlik gʻoyalari uygʻunlashgan zamonaviy meʼmorlik maktabi (Stokgolmdagi Vellingbyu turar joylari, 1951—55, meʼmorlar S. Markelius va boshqalar; Eksilstundagi Freslund turar joy majmui va savdo markazi, 20-asr oʻrtalari, meʼmorlar Ya. Geyer, S. Yungkvist) shakllandi. Keyingi yillarda yaratilgan yirik inshootlar: «VennerGren» ilmiy markazi binosi (1959—61, meʼmorlar S. Lindstryom, A. Byuden), teleminora (1964—67, meʼmorlar X. Borgstryom, B. Lindros; ikkalasi ham Stokgolmda), Gyoteborg shahridagi savdo markazi (1967, meʼmorlar X. Klemming, E. Telaus), Stokgolmdagi madaniyat uyi (1974, meʼmor P. Gelsing).
Tasviriy sanʼati. Boxuslendda jez davrida ishlangan qoyatosh rasmlari saqlangan (ov, jang lavhalari). Temir davrida (mil. av. 6-asr — mil. boshlari) tosh stelalar tayyorlangan, metall va yogʻochga oʻyib naqsh, tasvirlar ishlangan. Oʻrta asrlarda bezak rassomligi, haykaltaroshlik, miniatyura rivoj topdi. 18-asrda haykaltaroshlik (Yu. T. Sergel), rassomlik N(. Lafrensen, P. Xillestryom), portret sanʼati (A. Roslin, K. G. Pilo, G. Lundberg) yuksak darajaga koʻtarildi. 19-asr ning 1-yarmida tasviriy sanʼatda romantizm tarqaldi. 19-asrning 2-yarmi — 20asr boshlarida A. Sorn, E. Yusefson portret va maishiy kartinalarda realizmni rivojlantirdilar. 20-asr haykaltaroshligida K. Milles, B. Yurt, B. Marklundning monumentalbezak asarlari, rassomlikda S. Derkert, E. Yulli, A. Amelin asarlari ajralib turadi. Rassomlar I. Gryunevald, V. Nilson, S. Xalstryom kartinalari maishiy mavzuga bagʻishlangan. F. fan Shans, K. Du, L. Lindebergning grafik asarlarida sanʼatkorlarning yuksak mahorati yaqqol koʻzga tashlanadi. 20-asr Sh tasviriy sanʼatida syurrealizmdan popart va giperrealizmgacha boʻlgan turli modernistik oqimlar keng tarqaldi. Xalq sanʼati anʼanalarga boy. Kulollik, metall va charmga badiiy ishlov berish, suyak va yogʻoch oʻymakorligi rivojlangan.
Musiqasi. Skandinaviya musiqa madaniyati oqimida rivojlandi. Xalq cholgʻulari — lur (choʻpon burgʻusi), qoʻngʻiroqcha, keyinchalik skripka, klarnet, fleyta, arfa, akkordeon. 11-asrdan professional cherkov musiqasi rivojlandi. Dunyoviy musiqa madaniyatini tarqatuvchilar — skaldlar (13-asrgacha) va sayoq musiqachilar (16-asrgacha) boʻlgan. 14—15-asrlarda ballada qoʻshiqlar paydo boʻldi. 16-asrda protestant xorali tarqaldi. 1526-yil Stokgolmda saroy kapellasi tuzildi [dastlab Dyuben oilasi boshchiligidagi nemis musiqachilari, 18-asrdan Yu. X. Rumen (birinchi professional kompozitorlardan biri) va F. Uttini (birinchi shved operasi muallifi, 1773, opera truppasi asoschisi, 1773, uning negizida qirollik operasi tuzilgan)]. 1771-yil Stokgolmda qirollik musiqa akademiyasi tashkil etilgan (19-asr oxiridan konservatoriya, 1940-yildan Oliy musiqa maktabi, 1971-yildan Davlat oliy musiqa maktabi). 18asr oxiri — 19-asr kompozitorlari oʻrtasida Yu. G. Nauman, F. A. Bervald, K. Stenborg mashhur boʻlgan. 19-asr boshlari romantizm taʼsirida milliy musiqa folkloriga qiziqish ortdi. 19-asr 2-yarmida kompozitorlar xalq kuylaridan foydalandilar. Shved vokal maktabi jahonda shuhrat qozondi (Ye. Lind, K. Nilson, E. Gulbranson va boshqalar). 20-asr 1-yarmida milliy kompozitorlik maktabi asoschisi V. PetersonBerger ijod qildi (musiqali dramalar, 5 simfoniya, cholgʻu asboblari asarlari muallifi). 20-asrning oʻrtalarida kompozitorlardan K. M. Atterberg, yil Nyustryom (cholgʻu asarlari), X. Rusenberg va boshqalar samarali ijod qildilar. 1950—70-y. lar kompozitorlari ijodiga avangardizm oqimi taʼsir qoʻrsatdi. Ijrochilar oʻrtasida dirijyorlar S. Erling, S. Vesterberg, X. Blumstedt; xonandalar N. Gedda, R. Syoderlyof, B. Nilson, L. Anderson; balet artistlari I. Brosse, M. Lang mashhur. Shvetsiyada 10 simfonik orkestr, xorlar, Stokgolm, Gyoteborg, Malmyoda opera teatrlari ishlaydi.
Teatri. Shved professional teatri tarixi un-t va maktablarda drama teatr truppalari paydo boʻlganvaqt (1ba.)dan boshlanadi. 1682-yil dramaturg Urban Yernening Upsala unti qoshida tuzgan teatr truppasi Shvetsiyaning birinchi professional teatri hisoblanadi. 1779-yildan Gyoteborgda doimiy teatr, 1788-yildan Stokgolmda Kirollik drama teatri ishlay boshladi. 19-asrning yetakchi aktyorlari: L. Yurtsberg, E. Xyogkvist, N. Almlyof, G. Dalkvist. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Yu. A. Strindber ijodi tufayli Shvetsiya teatri Yevropada shuhrat qozondi. Uning pyesalarini rej. va aktyor Yu. Lindberg va rej. G. Mulander sahnalashtirdilar. 1907-yil Strindberg tashabbusi bilan Stokgolmda Intim teatri ochildi. 20-asrning 20—30-y. larida rej. P. Lindbergning faoliyati muhim oʻrin egalladi; u turli davrlarda Gyoteborgdagi «Lorensberg teatr», Stokgolmdagi «Teatr Ekman» va «Vasateatr»ga rahbarlik qildi. P. Lindberg ijodi Shvetsiyada hoz. zamon rej. larining shakllanishiga taʼsir koʻrsatdi (A. Shyoberg, I. Bergman, S. Malkvist va boshqalar). Shvetsiyaning yirik teatrlari: Qirollik drama teatri, Gyoteborg, Xelsingborg, Malmyodagi teatrlar. 20-asrning 60—80-y. laridagi yetakchi aktyorlar: T. Xammaren, I. Xedkvist, L. Xanson, E. Dalbek, G. Volgren, Ya. Kulle, S. Miliander, M. Ekstryom K. Xanning, U. Palme.
Kinosi. 1897-yilda shved N. Paterson bir necha hujjatli va badiiy filmni suratga oldi. Shvetsiyada muntazam ravishda kino ishlab chiqarish 1907-yildan boshlandi. 1910—20-y. larda bir qancha filmlar yaratildi («Tirye Vigen», 1916; «Togʻlik Eyven va uning rafiqasi», 1917; «Ingmar oʻgʻillari», 1918; hammasining rej. V. Shyostrem). 20—30y. larda kinoning badiiy va gʻoyaviy saviyasi pasaydi, ekranlarga oʻrtamiyona komediya va melodramalar chiqarildi. 40-y. larda fashizmni qoralovchi filmlar qoʻyildi («Oʻt alanga oladi», 1943, rej. G. Mulander; «Janobi oliylari», 1944, rej. X. Ekman). 2-jahon urushidan keyingi yillarda rej. lar ijodida yolgʻizlik, maʼnaviy tushqunlik yetakchi mavzuga aylandi. Bu I. Bergman ijodida oʻz ifodasini topdi («Masxarabozlar oqshomi», 1953; «Koʻzgudagidek», «Daxldor» va «Sukut» trilogiyasi, 1961—63; «Kuzgi sonata», 1980; «Fanni va Aleksandr», 1982). A. Shyobergning filmlari esa inson ichki dunyosi taxliliga bagʻishlangan («Oddiygina ona», 1949; «Fryoken Yuliya», 1951; «Soʻnggisi oʻyindan chiqadi», 1956). 60—70-y. larda rej. lar ijtimoiysiyosiy muammolar koʻtarilgan filmlarni yaratdilar («Odalen31», 1969; «Jo Xill», 1971; ikkalasining rej. B. Viderberg; «Mana sening hayoting», 1967; «Muhojirlar», 1970; «Yangi yer», 1972; hammasining rej. Ya. Troell). Shu bilan birga 60—80-y. larda ayrim rej. lar oʻz ijodlarida ochiq naturalizm, qoʻpol erotikadan ham foydalandilar (V. Shyoman, T. Vikman, B. Torn). Shvetsiya kinosida hujjatli filmlar ishlab chiqarish alohida oʻrin tutadi (E. Leyslerning «Qonli davr» filmi, 1960; 70-y. larning boshlaridagi ish tashlashlar toʻgʻrisida kinoreportajlar turkumi). Shvetsiya kinosining yetakchi aktyorlari: B. Anderson, X. Anderson, I. Tulin, L. Ulman, G. Byornstrand, M. Syudov va boshqalar 1963-yildan Stokgolmda Shved kino inti, 1965-yildan uning huzurida kino maktabi ishlaydi.
Oʻzbekiston — Sh. munosabatlari. 2001-yil 29-mayda OʻzR hukumati bilan Sh. Qirolligi oʻrtasida sarmoyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisida bitim, 2002-yil 12-sentyabrda OʻzR Oliy Majlisining Inson huquqlari vakili (Ombudsman) bilan Shvetsiya parlamenti Ombudsmani oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi. Ikki mamlakat oʻrtasida tovar aylanmasi 2003-yilda 17,9 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. 1999-yil 10—13 apr. da Shvetsiyada Oʻzbekistonning iqtisodiy imkoniyatlari taqdimoti boʻlib oʻtdi.