Shaftolining degani:
– Meni, derlar, shaftoli,
Koʻp mevalar qatori
Mazaliman, totliman,
Narxi baland otliman.
Maqtanish boʻlar, desam,
Ming bir dardga doriman.
Oʻgʻirlagan siz boʻlib,
Yana mendan nolimang.
Maqsadim – xursand qilmoq
Siz xoʻranda doʻstimni.
Biron-bir soʻz aytdimmi,
Shilsangiz ham poʻstimni?!.
Rubobning degani:
– Odamlarday
Boshim bor.
Lek, ikkita
Shoxim bor.
Torimni
Sayrataman,
Dillarni
Yayrataman.
Men kuylayman:
“Ting-ting-ting”.
Qani –
Davraga tushing.
Qoʻziqorinning degani:
Oʻzim yalpoq,
Boshda “qalpoq”,
Yomgʻir yogʻsa
Oʻsaman.
Sariyogʻda
Pishirsangiz,
Shirin boʻlgum
Rosa man.
Quloqning degani:
– Quloq degan bir nomga
Egaman, bilasizlar.
Men orqali koʻp gapni
Eshitib, kulasizlar.
Faxrlidir vazifam,
Bundan juda roziman.
Lek baʼzan “ikki” olgan
Boladan noroziman.
Chunki barcha muallim,
Jazo yoʻlin topishgan.
Qoʻllari faqat menga
Yopishgani-yopishgan.
Meni boshga koʻtarib,
Koʻcha-koʻyni kezasiz.
Kunning sovuqligin ham
Kaminadan sezasiz.
Yaxshi eshitmaydi, deb,
Dogʻ surkamang shaʼnimga.
… Biror gap aytdingizmi,
Tushunmadim, a, nima?!.
Olmaning degani:
– Tanishaylik, men – olma,
Nomimga quloq solma.
Olaver, ikkilanmay,
Ishtahang boʻlsin karnay.
Reklamaga hojat yoʻq,
Taʼmim rosa yoqimli.
Ortganini quritsang,
Qishda yeysan qoqimni.
Arining degani:
Men ariman, ariman,
Mendan xafa Narimon.
U bilmay asabimni,
Qoʻzgʻadi gʻazabimni.
Hozir xafa ishimdan,
Chunki yedi nishimdan.
Nuqtaning degani:
– Men nuqtaman,
Men nuqta.
Oʻrgan avval
Sen puxta.
Gaplarning
Har birida,
Shay turgum
Oxirida.
Boʻlsa agar
Gap soʻroq,
Boshimda
Turar oʻroq.
Gap undov
Boʻlganda boq,
Tepamda turar
Tayoq.
Vergullarda
Dumim bor,
Boshqa doʻstim,
Kimim bor?!.
Orif TOʻXTASH
“Sharq yulduzi”, 2012–6
https://saviya.uz/ijod/nazm/shunday-degan-ekan/