SHUMANAY TUMANI — Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi tuman. 1950 yil 6-oktyabrda tashkil etilgan. 1960-yil 5 fev. da Qoʻngʻirot va Xoʻjayli tumanlariga qoʻshib yuborilgan edi. 1976-yil 9 yanv. da qayta tashkil etildi. Sharqdan Xoʻjayli, Qanlikoʻl, shim. va gʻarbdan Qoʻngʻirot tumanlari, jan. dan Turkmaniston bilan chegaralangan. Mayd. 0,64 ming km2. Aholisi 41,4 ming kishi (2003). Tumanda 1 shahar (Shumanay), 6 ovul fuqarolari yigʻini (Birleshiq, Dehqonobod, Ketenlar, Mamiy, Oqjap, Sarmonboykoʻl) bor. Tuman markazi — Shumanay shahri.
Tabiati. Relyefi, asosan, pasttekislikdan iborat, dehqonchilik uchun qulay yerlar. Hududi gʻarbdan Ustyurt platosiga tutash. Iqlimi keskin kontinental. Yillik oʻrtacha tra 11°. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi —6,9°, eng past tra —32°. Iyulning oʻrtacha t-rasi 27,1°, eng yuqori tra 40°. Yiliga 95 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 195 kun. Tuproqlari boʻz, taqirli choʻl va shoʻrlangan choʻl oʻtloqi tuproqlardan iborat. Yovvoyi oʻsimliklardan yantoq, saksovul, oqbosh, yulgʻun, qamgʻoq, pechak, qorabaroq va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, qobon, quyon, qirgʻovul, boʻrsiq, turli xil ilonlar, kaltakesaklar va boshqalar bor.
Aholisi qoraqalpoq va oʻzbeklar, shuningdek, qozoq, turkman, rus, tatar va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1km2 ga 64,7 kishi. Qishloq aholisi 29 ming kishi, shahar aholisi 12,4 ming kishi.
Xoʻjaligi. Tumanda «Shumanay momigʻi» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli paxta tozalash z-di, gʻisht z-di, xoʻjaliklararo koʻchma mexanizatsiyalashgan kolonna, qurilishtaʼmirlash boʻlinmasi, qishloq qurilishtaʼmirlash korxonasi bor. Avtokorxona, MTP, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari ishlab turibdi. 200 dan ziyod tadbirkor faoliyat koʻrsatadi. Shumanay tumani, asosan, q. x. ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 6 shirkat xoʻjaligi, 200 dan ortiq fermer xoʻjaligi bor. 4 ta xususiy chorvachilik fermasi mavjud. Paxtachilik — tuman iqtisodiyotida yetakchi tarmoq. 7 ming ga yerga paxta, 4,5 ming ga yerga bugʻdoy, shuningdek, sabzavot, poliz, yemxashak va boshqalar ekinlar ekiladi. Pilla yetishtiriladi. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy, parranda boqiladi. 36 umumiy taʼlim maktabi (10 mingdan ziyod oʻquvchi), bolalar musiqa va sport maktablari, 2 kasbhunar kolleji (2 mingga yaqin talaba), bioekosan markazi, kasb-hunar oʻrganish markazi va boshqalar mavjud. Madaniyat saroyi, markaziy kutubxona va uning 25 ta tarmogʻi, 3 qishloq klubi, «Gulpak» xalq raqs dastasi, madaniyat uylari, sport majmuasi, stadion, sport zallari, sport maydonchalari va boshqalar bor.
Markaziy tuman kasalxonasi (240 oʻrin), 2 qishloq kasalxonasi, 5 qishloq vrachlik punkti, 2 poliklinika, shuningdek, maxsus, rentgen lab. lar va boshqalar tibbiy muassasalarda 1 mingdan ziyod vrach va oʻrta tibbiy xodim ishlaydi.
Qad. tarixiy yodgorliklardan tuman hududida Jampiqqalʼa (tarixda Aybuyir nomi bilan mashhur, mil. av. 5—4-asrlar), Janaqalʼa (19-asr boshlari, mahalliy aholi uni yana Ulkan tom, Qoʻhna Shumanay deb ham ataydi) bor.