Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” qissasini oʻqiganimizda, shu asar asosida sahnalashtirilgan badiiy filmni tomosha qilganimizda har safar film qahramonining topqirligi, zukkoligi, shoʻx-shaddodligini koʻrib zavqlanamiz. Garchi yolgʻonchiligi, shumliklari odob-axloq qoidalariga zid boʻlsa-da, asar davomida unga xayrixoh boʻlamiz. Sababi, asarda shum bola oʻzidan-da shumroq hayot bilan yuzma-yuz keladi, taʼbir joiz boʻlsa, bellashuvga kirishadi.
Jahon adabiyotida “Shum bola”ning oshnalari – oʻz uyiga sigʻmasdan aqlini koʻchada tanigan, hayot sinovlarida toblangan bolalar haqidagi asarlar talaygina. Quyida ularning ayrimlari haqida maʼlumot berishni niyat qildik.
Jeyms Grinvudning “Mitti juldurvoqi” asari – XIX asr ikkinchi yarmida yashagan londonliklar hayotiga oid taʼsirli qissa. Oʻgay onaning adoqsiz janjalu malomatlari, kaltaklaridan bezgan sakkiz yashar Jim uydan qochib ketishga va sayoqlik koʻchasiga kirishga majbur boʻladi. Oʻziga qismatdosh bolalar bilan kechasi duch kelgan joyda tunab, kunduz kunlari bozorda kun koʻrib, bezorilik bilan shugʻullanib yuradi. Faqat butunlay yoʻqolmagan tartib va adolat tuygʻusi uni jinoyatchiga aylanishdan saqlab qoladi.
Luiza Mey Olkottning “Kichik erkaklar” asari – yozuvchining ushbu turkumdagi uchinchi kitobi (birinchisi – “Kichkina xonimlar”). Jo va eri boshqa maktablar qabul qilishni rad etgan bolalar uchun maxsus maktab ochishadi. Ularning tarbiyalanuvchilari orasida koʻcha musiqachisi Nat ham bor edi. Kunlardan bir kun maktabda Natning oʻrtogʻi – bezori Den paydo boʻladi. Qissada didaktik ruh kuchli boʻlib, bolalarning xarakterlari yaxshi ifodalangan.
Frensis Bret Hartning “Dashtda topilgan bola” asari. Oʻn bir yoshli Klarens begona oilada oʻsib-ulgʻayadi va oʻz ota-onasi haqida hech qanday maʼlumotga ega boʻlmaydi. Haqiqatni bilgach, mustaqil ravishda oʻz yaqinlarini izlab topishga urinadi. U butun mamlakat boʻylab mashaqqatli va qaltis yoʻlga chiqadi, tabiiyki, safar davomida kutilmagan voqealarga duch keladi.
Aleks Veddingning “Temir buqacha” asari. Oʻn bir yoshli qishloq bolasi Te Nyu – Temir buqacha Pekin shahriga keladi va tajribasizligi tufayli ilk kundanoq firibgarlardan pand yeydi. Ancha payt bezorilik bilan kun kechirgan bolakay tayinli boshpanaga ega boʻlgach, hayotida yangi davr boshlanadi.
Redyard Kiplingning “Kim” asari qahramoni – irland askarining oʻgʻli, Lohur koʻchalarida oʻsgan yetim bola haqidagi qissa. U afgʻon otsotarining sherigi, Tibet lamasining shogirdi yoki Qirolicha xizmati xufiyasi qiyofalarida namoyon boʻladi. Bu kitob Kiplingning keng qamrovli eng yaxshi asarlaridan biri sanaladi.
Mark Tvenning “Heklberri Finn sarguzashtlari” kitobini katta yoshda oʻqish yanada foydaliroq: malakali oʻquvchining koʻz oʻngida sarguzasht-fabula ortga chekinib, nega bu asarni “Amerika buyuk romani” deyishlari sababi oydinlashadi. Asar dunyo kino ustalari tomonidan koʻp marta ekranlashtirilgan.
Jorjetta Gegen-Dreyfyusning “Kichkina Jak” asari – Parij yaqinida tugʻilib oʻsgan bolakay haqidagi qissa. Uning otasi ishsiz qolib, katta oilasini boqishga qiynaladi. Natijada Jak Parijga qochib ketadi. U bu shaharda koʻplab sarguzashtlarni boshidan oʻtkazib, uyiga qaytadi.
Viktor Hyugoning “Gavrosh”i parijlik shoʻx-shaddod, begʻubor va jasur bolakay haqidagi, “Xoʻrlanganlar” romani parchalari asosida bolalar uchun tayyorlangan asar. Qoʻrqmas va toʻpolonchi Gavrosh voqealar rivoji soʻngida barrikadada halok boʻladi.
Sanjar Javlon tayyorladi.
“Yoshlik”, 2016 yil 1-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/shum-bolaning-oshnalari/