Shulochona

Bengal yozuvchisi Bibhutibhushon Bondopaddhay 1894 yilda Gʻarbiy Bengaliyaning (Hindiston) Pashchimband viloyatida tugʻilib, 1950 yilda vafot etgan. U umri davomida oʻn oltita roman va ikki yuzdan ortiq hikoya yozgan. Chuqur lirizm, oʻz vataniga muhabbat tuygʻusi uning asarlarining asosiy leytmotivini tashkil etadi.

Yozuvchining koʻplab asarlari ingliz tiliga tarjima qilinib, jahonga yoyilgan. Tanqidchilar taʼbiricha, “Bibhutibhushon Bondopaddhay XIX asr ijtimoiy realizmiga asos solgan ijodkordir”. Ayniqsa, uning “Pater Panchali” romani katta shov-shuvga sabab boʻlib, muallif ijodining choʻqqisi hisoblanadi. B. Bondopaddhay asarlari jahonning koʻplab tillariga tarjima qilingan, ular asosida kinossenariylar yozilgan, oʻzi ham shu sohada samarali mehnat qilgan. U qator mukofotlar, xususan, Hindistonning eng nufuzli mukofoti hisoblanmish “Rabindr Puraskar” bilan taqdirlangan.


 

 Bibhutibhushon BONDOPADDHAY

 

1

Oqshom. Shukiya koʻchasi boʻylab jadal qadam tashlab borardim. Men ishlaydigan dorixona allaqachon ochilib boʻlgandi, men boʻlsam kechikyapman.

Dabdurustdan bir ustun soyasida turgan keksa ayolning sharpasiga koʻzim tushdi-yu, qoqan qoziqdek toʻxtab qoldim.

Nahotki bu Shulochonaning onasi boʻlsa? Haqiqatan ham u qiziga juda oʻxshab ketardi. Lekin qanday qilib bu yerga kelib qoldiykin-a? Aql bovar qilmaydi… Oradan qancha yillar oʻtib ketdi. Yana uni bu yerda − Kalkuttada uchratsam-a!

Men asta ayolning otini aytib chaqirdim. Ayol ikkilanib men tomon oʻgirildi. Men haqiqatan ham bu ayol Shulochonaning onasi ekanligiga shohid boʻldim. U kimligimni tanimasa-da, men tomon asta yurib kela boshladi.

Men oʻzimni tanishtirganimda u tishsiz ogʻzini katta ochib, kularkan:

− Sen Jodusan-a?! Ha, ha, Jodusan! Anchadan buyon koʻrishmagandik… − dedi sevinib.

Men uning ovozini eshitishim bilanoq bundan yigirma yetti yil avval boʻlib oʻtgan voqealar xotiramda zumda qayta jonlandi. Birinchi jahon urushi paytidagi Kalkutta… U paytlar konka yurmasdi… Ha, bu kampir men bilgan oʻsha Shulochonaning onasi edi. Oʻsha paytlarda bu qiz menga dunyodagi eng goʻzal qiz boʻlib tuyulgandi… Ammo uni tez orada hayot dengizida yoʻqotib qoʻydim.

Oʻsha yillarda ayollar sochlarini oʻzgacha turmaklab, ajoyib sarilar kiyishar edi. Ammo goʻzallik doimo goʻzalligicha qolaveradi. Shulochona haqiqatan ham juda yoqimtoy qiz edi. Uning kelishgan qaddi-basti goʻyo champak guli kabi sarvqomat edi, timqora shahlo koʻzlari, orqasi bilan bitta boʻlib toʻlqinlanib turuvchi sochlari-yu nozik qoʻllari va uning oʻta yoqimtoy chehrasi suv yoqalab ketayotganimda ham, katta koʻchadan jinkoʻchaga burilganimda ham, kimsasiz bogʻda aylanib yurgan paytimda ham koʻz oʻngimda namoyon boʻlaverardi. Iyul, avgust oylarining yomgʻirli tunlarida yoshlikdagi men his etgan orzu-umidlarga toʻla bu xotiralar xayolimdan oʻchib ketgan boʻlsa-da, lekin hozir qalbimni qayta junbushga keltirdi. Unutilgan Shulochona yana koʻz oʻngimda namoyon boʻldi. Bu hol aynan shu bugun, Kalkuttada sodir boʻldi.

Bu oddiy ishqiy sarguzasht emasdi. Dangal aytaman, sarguzasht qahramoni men emasdim.

Hammavaqt muhabbat bobida qizlar iztirob chekadilar, javobsiz muhabbat iztirobidan indamay, kuyib kul boʻladilar, kun-bakun soʻlib boradilar…

Shulochona ham bu holdan qochib qutula olmaganini bilardim. Oradan koʻp yillar oʻtib, aqlim toʻlishgach, yosh va sohibjamol Shulochonaga rahmim kela boshladi.

Oʻtgan kunlarni eslashning nima hojati bor! Hozir esa qarshimda Shulochonaning onasi turibdi, u juda qarib qolgandi, buni darhol sezdim. Qiziq, u nega tilanib yuribdi? Ustun soyasida u biron paysa berishlariga umid qilib, qoʻl uzatib turganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Uning qizi hozir qayerda ekan-a?

Kampir uyalinqirab turardi, uni noqulay ahvoldan qutqarish niyatida:

− Hoynahoy, siz shu yaqin atrofda yashasangiz kerak? Doʻkonga xarid qilgani chiqqanmidingiz? Sogʻligʻingiz yaxshimi? − deb soʻradim.

− Eh, oʻgʻlim-a, bir amallab kunimni koʻryapman! Oʻzing qanday yashayapsan?

Men uning javobidan qoniqmadim. Anchadan buyon ichimda qolib ketgan savolni berdim qizning onasiga. Shulochona aftidan qirq ikki yoshlarda boʻlsa ehtimol, men noqulay ahvolga tushib qolishdan choʻchimay undan qizi haqida soʻrab-surishtirsam boʻladi. Hozir Shulochonaning hayoti oʻz izmiga tushib ketgan boʻlishi kerak.

− Oʻgʻlim, qizim tirik boʻlganida edi, u bugun… − shunday deya kampir yigʻlab yubordi.

Men dong qotib qoldim, oʻzimni yoʻqotib gʻoʻldirardim:

− Yoʻgʻ-ye… U oʻldi…

Biz biroz sukut saqlab turdik. Soʻngra yana men gap boshladim.

− Siz hozir qayerda yashayapsiz?

− Koʻchada… Ha, ha, koʻchada…

Gap nimadaligini tushundim. Ichim ezilib, qanday ahvolga tushganim yolgʻiz oʻzimga ayon. Toʻgʻri, faqat bu kampir deb emas. Men unga biroz choy-chaqa berib, xayrlashmoqchi boʻlganimda, u meni gapga tutdi:

− Seni uchratganim yaxshi boʻldi. Bechora qizim, ikki bolasini menga tashlab, oʻzi bu olamni tark etdi. Bolalarning biri oʻn olti yoshda, ikkinchisi esa oʻn toʻrt yoshda. Bu yoshimda ikki bola bilan qolishning qanchalik ogʻirligini tasavvur qilasanmi! Moʻjazgina uychada yashaymiz, yaqin orada u joydan ham quvib yuborsalar kerak. Ijara haqini toʻlashga pulimiz yoʻq. Ana shuning uchun ham “koʻcha”da yashayapmiz deb aytyapman.

− Shulochona qachon vafot etdi?

− Hademay oʻn toʻrt yil boʻladi. Oʻshanda kichik oʻgʻli ikki oylik edi. Qizimning vafotidan keyin oʻgʻillari men bilan qolgan.

Kutilmaganda bir fikr yarq etib miyamga kelib urildi. Shulochonani men tanisam-da, lekin asl hayoti men uchun jumboq edi. Yosh boʻlganligim sababli oʻsha yillarda men koʻp narsaning asl mohiyatini tushunib yetmasdim. Sohibjamol Shulochona men uchun abadiy goʻzallik timsoli boʻlib, shundayligicha qolgan edi. Hozir esa uning hayoti haqida batafsil bilib olishim uchun imkoniyat tugʻilgandi.

Men kampirga:

− Ertaga soat beshda meni Shrodxanondo bogʻida kuting, − dedim. − Turar joy muammosini hal etamiz.

Kampir meni qoʻyib yuborgisi kelmas, hoziroq borib ular yashayotgan kulbani koʻrishimni juda xohlardi. Xullas, borishimga toʻgʻri keldi. Ular yashayotgan xonani koʻrgach, bu yerda nafaqat odam, balki hayvonni ham saqlab boʻlmasligining guvohi boʻldim. Derazasiz yertoʻlaga oʻxshash pastak bir xona edi. Hatto hozir avgust oyining yomgʻirli, salqin kuni boʻlsa-da, bu yerda nafas olib boʻlmasdi.

Shu tob Shulochonaning kelishgan ikki oʻgʻli kirib keldi. Ayniqsa, kichik oʻgʻli kelishgan ekan. Men Shulochonaning koʻrinishini unutayozgan boʻlsam-da, farzandlarini koʻrgach, uning husni-jamoli yana koʻz oʻngimda namoyon boʻldi. Ular sayyoh guruh bilan birga ekanliklarini − biri Krishna rolini ijro etishini, ikkinchisi esa qoʻshiq kuylashini soʻzlab berdilar.

Baxti qaro Shulochona!.. Bu goʻzal ayolning ikki oʻgʻli va onasi endilikda qanday nochor hayot kechirishga mahkumlar-a! Xonadagi torgina yogʻoch karavotning sirti qop bilan qoplangan boʻlib, uning ustida uvadasi chiqqan yostiq bor edi, xolos. Bu karavot uch kimsaning yotadigan joyi boʻlib, qariya oʻrtada, bolalar esa uning ikki yonida yotar edilar. Xonada singan tuvak, taqsimchaning bir boʻlagi, sopol koʻzacha bor edi, xolos. Tortilgan arqonda kir-chir latta-puttalar osilib yotardi, xonadagi bor narsa shulardan iborat edi. Nahotki, bu xonaning egasi tashlandiq mana shu oʻradan ularni haydab chiqarmoqchi boʻlsa?

Hikoyamni davom ettirishdan avval men Shulochona bilan qanday tanishganimni va u haqda nimalarni bilishligimni soʻzlab bermoqchiman. Bularni aytmasam, oʻquvchi uchun koʻp narsalar tushunarsiz boʻlib qolishi mumkin.

 

2

 

Maktabni tugatgach, kollejga kirish maqsadida Kalkuttaga keldim. Bechu Chatujo koʻchasida istiqomat qiluvchi hamqishlogʻimning uyiga kelib tushdim. U payt doʻstimning akasi bakalavrlikka imtihon topshirayotgan edi, uning oldiga Prokashchondro Boshu tez-tez qadam ranjida qilib turardi. U juda gʻaroyib kimsa edi. Aytishlaricha, u Bengaliyaning boʻlinishiga qarshi harakatda faol ishtirok etgani uchun politsiya tomonidan kaltaklangan boʻlib, gospital va qamoqxonaga tushib chiqqan edi. Uning shaxsan oʻzi bomba tashlaganini aniq bilmasam-da, ammo Alipurdagi portlash boʻyicha olib borilayotgan sud jarayoni davomida u politsiya nazoratida boʻlgan. Prokash baland boʻyli, baquvvat, ziyrak va aql bilan ish qiluvchi bola edi. U Kalkuttadagi yevropacha uslubdagi qadimgi oʻquv yurtlaridan hisoblanmish Prezidensi kollejini tugallash arafasida edi. U kollejni yaxshi bitiruvchilaridan biri hisoblanardi. Biz Prokashni juda hurmat qilardik. U kelganida hammaning chehrasi ochilib ketardi, ayniqsa, qizlarni aytmaysizmi! U uyimizga kelgan zahotiyoq − Prokashga choy damlanglar, Prokashning orqasiga yostiq qoʻyinglar, degan gaplar quloqqa chalinardi; Minni ismli qiz unga oʻzi toʻqigan narsalarini koʻrsatishga oshiqardi, Dolli esa qiyin uy vazifasini tushuntirib berishini iltimos qilib, uni bizning yonimizdan olib ketar va soatlab u bilan gap sotardi. Xullas, Prokashni oilaning barcha aʼzolari bilan doʻstlik rishtalari bogʻlab turardi. U atrofidagilarning gʻazabini qoʻzgʻatmaslik uchun hammamiz bilan ochiqkoʻngillik bilan gaplashar edi.

Baʼzan Prokash oʻzi bilan birga qorachadan kelgan, koʻzlari katta, tibbiyot kollejining talabasi boʻlmish doʻsti Shotish Rayni boshlab kelardi. Oʻsha kezlarda hamma talabalar menga xushchaqchaq va yoqimtoy boʻlib koʻrinardilar − ular kelganida uy kulgu, qizgʻin suhbatlaru qoʻshiqlarga toʻlib ketardi. Ammo doʻstlar faqat xushchaqchaqlik bilan kun oʻtkazmas edilar, baʼzida ular xonaga qamalib olib, allanimalar haqida soʻzlashishar, shunday paytlarda eshik va deraza yoniga kelib turish man etilardi.

Kunlardan bir kuni oʻzimni tiyolmay doʻstim Shorotdan:

− Ular xonaga berkinib olib nima qiladilar? − deb soʻradim.

Shorot shivirlab:

− Oʻrtoq, faqat hech kimga aytma, ular anarxistlar, – dedi.

− Sening akang hammi?

− Ha, uni ham guruhga qabul qilishgan.

Barchalari xonada gaplashib olishgach, ularda qandaydir besaranjomlikni sezardim. Anarxistlar bilan bir uyda ekanligimni oʻylasam, etim jimirlab ketardi.

Ana shu uyda men Shulochonaning onasini birinchi bor koʻrgan edim. Men oʻz xonamda kitob oʻqib oʻtirganimda oʻrta yoshdagi notanish bir ayol xonamga bosh suqib, Prokashning biznikiga kelish-kelmasligini soʻradi. U egniga bevalar kiyadigan dagʻal matodan tikilgan kiyim kiyib olgandi. U chamasi oʻttiz besh-oʻttiz olti yoshlarda edi. Oq tanli boʻlib, hali husnini yoʻqotmagandi. Mendan Prokash babu kelishi mumkinligini eshitgach, yonimga kelib oʻtirdi-da:

− Oʻgʻlim, sen oʻqiysanmi? − deb soʻradi.

− Ha, birinchi kursda oʻqiyman.

− Bu uy sening ota-onangnikimi?

− Yoʻq. Bu uy doʻstimning otasiniki, men ular bilan yashayapman. Sizni ayollar xonasiga kuzatib qoʻyaymi?

Shulochonaning onasi bilan tanishish mana shunday boshlangandi. Tez orada men va doʻstimning qarindoshlari beva ayol bu yerga faqat Prokash bilan uchrashish uchun kelishini tushunib yetdik. Keyinchalik bu ayol Prokashdan pul olib turishi maʼlum boʻldi. U koʻpincha bizning oldimizda ham tortinmay undan pul soʻrardi.

− Prokash bobu, iltimos, oʻn rupiy berib tur. Qizimga kitob olib berishim kerak, boʻlmasa uni urishadilar, qizim maktabga borolmay qoladi, – derdi u.

− Maʼlum boʻlishicha, bu bevaning qizi bor ekan, − dedim doʻstimga kunlardan bir kuni. − Ular Prokashga kim boʻladilar? Prokash nega ularga pul beradi?

− Uning qizi maktabda oʻqishini bilaman. Aytishlaricha, qizi turmushga chiqqan ekan, ammo eri uzoqda boʻlganligi sababli u haqda gʻamxoʻrlik qilmas ekan. U onasi bilan yashaydi, Prokash bilan Shotish esa ularning barcha xarajatlarini koʻtaradilar. Bu haqda menga akam gapirib bergan.

− Nima uchun Prokash bilan Shotish ularni pul bilan taʼminlab turadilar?

− Ular anarxistlar-ku, ular uchun, ayniqsa, Prokash uchun muhimi, oʻz Vataniga va xalqiga xizmat qilish. Akamning aytishiga qaraganda, uyidan keladigan pulning koʻpini u ana shu beva bilan qiziga berib, oʻzi bizdan dam-badam qarz olib turadi. Yana ikki oʻquvchisidan oladigan oʻqitish haqini ham ularga berar ekan.

Menda bu ayol turli bahonalar bilan Prokashdan uyalmay pul undiradi, degan fikr tugʻildi. U hamma vaqt qizini bahona qilib kelardi. Bugun unisi yoʻq, ertaga boshqasi yoʻq, deb tanda qoʻyardi. Pul olishi uchun bahonalari juda koʻp edi. Prokash goʻyo sehrli xazinabon kabi uning hamma istaklarini bajo keltirib, ularning hech qachon iltimosini rad etmasdi. Ichimda juda jahlim chiqardi. Oʻsha vaqtlarda bu ayol yosh koʻrinardi, ammo men uni yomon koʻrib qolganimdan kampir deb atardim.

Men bir necha marotaba:

− Prokash, ular seni shilishyapti, nega sen doimo ularga soʻragan pullarini beraverasan, − deb aytishga chogʻlanardimu, ammo undan hayiqqanimdan aytmoqchi boʻlgan gapim ichimda qolib ketaverardi, bu soʻzlarni aytishga menda jurʼat yetishmasdi.

 

3

 

Kunlardan bir kuni Shulochona onasi bilan birga biznikiga kirib keldi. Uning goʻzalligi aqli hushimni oʻgʻirladi. Men – qishloqi bir bola shuncha vaqt shaharda yashab, bunday sohibjamolni umrim bino boʻlib uchratmagandim. Koʻrinishdan qiz oʻn olti-oʻn yetti yoshlarda edi. Yuzi sutga chayib olingandek, shunday oppoq ediki! Sochlarini aytmaysizmi, qop-qora zulukdek boʻlib, yelkasida qulf urib turardi.

Shulochona bir zumda uydagilar bilan chiqishib, doʻstlashib ketdi va biznikiga tez-tez qadam ranjida etib turadigan boʻldi. U odatda Prokash bilan qariyb bir vaqtda uyimizga kelar, faqat yigit bilan suhbatlashar, uning oldidan sira jilmasdi. Odatda Prokash oʻtirgan stulning ortidan ushlagancha tik turardi. U bu odatini tark etganini men sira eslay olmayman.

Prokash ketgach, Shulochona bizlarga tegishib, shoʻxlik qila boshlardi. Balki u bizni odam oʻrnida koʻrmagan boʻlsa kerak. Men dars tayyorlayotgan paytimda birdan u paydo boʻlib qolar, qoʻlimdagi kitobni yulib, qochib ketardi yoki orqadan pusib kelib, qoʻllari bilan koʻzimni berkitgancha mahkam ushlab turardi yo boʻlmasa roʻparamga oʻtirib olib, arvohlar haqida soʻzlab berishimga majbur etardi. Shunday paytda qanday qilib dars tayyorlab boʻladi deysiz.

− Oʻqishni bas qiling, yuring, tomga chiqamiz! − derdi qiz.

Tomda u turli xil oʻyinlarni oʻylab topardi. Masalan, oʻzining qoʻgʻirchogʻi bilan Dollining qoʻgʻirchogʻining toʻyini deganday… Kunlar shu zaylda oʻtib borardi.

Prokashning oldida esa Shulochona boshqa odamga aylanib qolardi. Ogʻir-vazmin, kamgap boʻlib, deyarli kulmas, nimadandir uyalgandek tortinib gapirardi. Men koʻpincha uning xafa boʻlib yurganini koʻrardim.

Prokash uni Shu deb chaqirardi, biz ham unga ergashib Shulochonani Shu deb atay boshladik. Bir kuni Shulochona toʻsatdan Shotishga buyrugʻona shunday deb qoldi:

− Meni bunday deb chaqirmanglar! Men sizni Prokash kabi chaqirishingizni istamayman!

Uning bu gapidan juda jahlim chiqqani esimda. Shulochonaga qancha guruch berish haqida gap ketganida men jahl ustida, bu magʻrur va maqtanchoq qizga hech narsa berish kerak emas, u umuman biz bilan oʻynamasa-oʻynamas, deb yubordim.

Shu kabi janjallar Shulochona ikkimiz oʻrtamizda tez-tez boʻlib turardi. Shulochona biznikiga kelib-ketishni kanda qilmasdi. Hamma qizni Prokash kelgan kuni kelishiga oʻrganib qolgan edi.

Men yana bir narsani sezib qoldim. Shulochona doim Shotishni koʻrsa, teskari oʻgirilib olar, u boʻlsa qizni jonidan ortiq sevardi. Doʻstim Shorotning aytishicha, ona-bolaning barcha xarajatlarini Shotish oʻz boʻyniga olgan ekan. Lekin qiz Shotishni yoqtirmasdi.

Hozir bir voqeani soʻzlab bermoqchiman. Kunlardan bir kuni Shotish kelganidan keyin zum oʻtmayoq Shulochona onasi bilan kirib keldi. Qizning onasi Shotishdan qizi bilan birga Dokxineshvarga borib kelishni iltimos qildi.

− Amaki, yoʻq demang (qiz Shotishni amaki deb chaqirardi), ketdik, men ham siz bilan birga boraman, − dedi Shulochona.

Shotish goʻyo oyni qoʻlga kiritgandek mamnun jilmaydi. Uning chehrasi ochilib ketdi.

− Yaxshi, yaxshi, albatta boraman! − suyunib dedi u. − Dokxineshvardan biz Boranogorga oʻtib, Svami Odbxutanondo ibodatxonasini ziyorat qilamiz − bu Gang daryosi sohilidagi goʻzal joylardan biri hisoblanadi.

− Unday boʻlsa biryoʻla yigirma ikki qudratga ega Shiva ibodatxonasini ham ziyorat qilarmiz? − dedi Shulochonaning onasi.

− Amaki, juda zoʻr boʻlardi-da! − xitob qildi qiz. − Tezroq izvoshchini chaqiring.

Shotish izvoshchini qidirib ketdi, shu orada ularning yoniga Prokash kelib qoldi. Shulochona Prokashni ham oʻzlari bilan birga borishini iltimos qila boshladi. Negaligini bilmadimu, lekin Prokash ular bilan borishga rozi boʻlmadi. Shunda Shulochona ham bormasligini va agar istasa, onasi usiz ketaverishi mumkinligini aytdi. Shotish arava topib keldi. Gap nimadaligini tushungach, uning avzoyi buzildi. Prokash Shulochonani ketishga uvallo undadi, koʻndira olmagach, qaysar Shulochonadan jahli chiqdi. Ammo Shulochona oʻz soʻzida qatʼiy turib oldi. Shunday qilib, bechora Shotishni Shulochonaning onasi bilan yoʻlga tushishdan oʻzga chorasi qolmadi. Ularga doʻstimning singillari ham qoʻshilib oldilar. Shulochona esa Prokash bilan qoldi.

Oradan ikki yil oʻtdi, boshimdan koʻp savdolar kechdi. Men doʻstimning uyidan ketib, kollej yotoqxonasiga joylashdim va shundan soʻng Shulochonani uchratmadim. Kollejni tugatgunimga qadar men na Shulochonani koʻrdim va na uning onasini. Shotishni ham uchratmadim. Uni politsiya taʼqibga olgandi. Shuning uchun u turar joyini oʻzgartirishga majbur boʻlgandi.

Prokash ham dom-daraksiz ketdi. Uni oxirgi marotaba uchinchi kursda oʻqib yurgan paytimda koʻrgan edim. Bir yillar oʻtgach, Bengaliyaning boʻlinishiga qarshi harakat vaqtida politsiyachining otgan oʻqidan halok boʻlganligini eshitdim.

Oradan ancha yillar oʻtdi. Kollejni tugatgach, men Kalkutta yaqinidagi bir yerga ishga joylashdim. Kunlardan bir kuni toʻsatdan Xovra stansiyasida tushib qolishimga toʻgʻri keldi. Uyga men Sheyaldoxo orqali ketayotgan edim. U paytlarda Sheyaldoxo-Nortda poyezd toʻxtamasdi. Hozir yengil mashinalarning turar joyi boʻlgan vokzal yonida qator kichik qahvaxonalar boʻlib, choy, sharbat va boshqa yeguliklar bilan savdo qilinardi. Men sharbat ichgani ichkariga kirdim, odam koʻp. Ular orasida bir yigit va yaxshi kiyingan qiz eʼtiborimni tortdi. Ular tik turgancha sopol idishda sharbat ichmoqda edilar. Qizga oʻgʻrincha qarab, uning yoshi yigirma ikkilarda boʻlsa kerak, deb xayol qildim. Qiz shunday sohibjamol ediki, asti qoʻyaverasiz! Unga faqat mengina suqlanib qaramayotgan edim, balki atrofdagilar ham uning husni-jamolidan koʻz uzolmayotgan edilar.

Behosdan qiz jilmayib men tomon yaqinlashib kela boshladi:

− Axir bu Jodu-ku! − dedi kaftlarini juftlab menga taʼzim qilarkan.

Qizning ovozini eshitib, men uning kimligini tanidim:

− Shulochona! Qayerdan kelyapsan? Bu yerga qanday kelib qolding? Oying qayerdalar? Sogʻliqlaring yaxshimi? Hozir nima ish qilyapsan?

Shulochona savollarimga javob bermay, gapimni boʻlib:

− Sen Prokash haqida biron gap eshitmadingmi? − soʻradi entikib.

Prokashning halok boʻlganini bilsam-da, unga bu haqda aytishga tilim bormadi. U meni bir chekkaga olib oʻtdi-da, eski qadrdonlar haqida surishtirib ketdi: Doʻstim Shorot qayerdaligini, uning akasi Binod nima ish qilayotganini, ular uylanishdimi-yoʻqmi, shular haqida soʻrab-surishtira boshladi.

Shulochona yengimdan tutib:

− Koʻrishmaganimizga ham ancha boʻldi, shuning uchun buni nishonlashimiz kerak, yur, “Raya” mehmonxonasiga boramiz, − dedi.

Shulochona xuddi yoshlik davridagidek oʻzini emin-erkin tutardi. U ulgʻaygan boʻlsa-da, bolalarcha qiliqlari, oʻylamay-netmay gapirishlari hali ham saqlanib qolgandi. Kiygan kiyimiga qaraganda oʻziga toʻq yashashi shundoq koʻzga tashlanib turardi: ustida havorang yaltiroq hoshiyali sari, chiroyli kofta, oyogʻiga esa kumushrang guldor tufli kiyib olgandi. Nozik qoʻllarini tilla bilakuzuk va ingichka tasmali soat bezab turardi. “Agar yosh qizlar chiroyli kiyinmasalar, pardoz qilib, atir sepmasalar, chiroyli koʻrinadilarmi?” Egnidagi chiroyli sarisi Shulochonani yanayam ochib yuborgandi, suhbatdoshimga suqlanib tikilar ekanman:

− Yengimdan tortma. “Raya” mehmonxonasida nima bor, yaxshisi, tramvayga oʻtirib, Kollej-strit koʻchasi muyulishidagi “Natsional” qahvaxonasiga boramiz, – dedim. Biz hoynahoy shunday qilgan ham boʻlardik, ammo shu payt Shulochonaning hamrohi uni chaqirib qoldi.

− Hademay poyezd kelib qoladi, sen qayerga ketyapsan? − dedi u buyruq ohangida soatiga qarab qoʻyarkan.

“U buyruq berayapti-ku! – oʻyladim men jahlim chiqib. − Birodar, sen qayerdan paydo boʻlib qolding? Men Shulochonani bolaligidan taniyman, u paytda sen onangning qornida eding. Endi unga buyruq beryapsan-a!”

Ilgaridan Shulochonaning qoʻlidan har qanday ish kelishini yaxshi bilardim − hozir bu yana bir bora tasdiqlandi. Bechora Prokash! Ana senga Shulochonaning muhabbati! Hech boʻlmaganda Shulochona kabilarni… Qizdan nafratlana boshladim.

Yosh yigit Shulochona bilan birga stansiya tomon keta boshlashdi. Ular bir necha qadam bosgach, Shulochona oʻgirilib:

− Men Domdom hududida yashayman. Yoʻling tushsa, kirib oʻt, − dedi. − Onam juda xursand boʻladilar. Bizning uy Noresh Pala gulxonasi oldidagi qandolat fabrikasining orqasida joylashgan.

Domdom hududidagi Noresh Pala gulxonasi oldidagi uyni qidirib topishga na vaqtim, na xohishim bor edi.

 

* * *

Kunlardan bir kuni kechqurun Esplanada maydonidagi tramvay bekatida turgan edim. Tramvay kelib toʻxtadi. Vagonda Shulochona oʻtirganini koʻrib qoldim. U oyna oldida oʻtirardi. Oʻylab oʻtirmay vagonga chiqdim-da, uning yoniga borib oʻtirdim. Shulochona avval bir choʻchib tushdi, meni tanigach, quvonib ketdi.

− Qoʻrqitib yubording-a! Men boʻlsam vagonga sakrab chiqib, yonimga kelib oʻtirgan kim ekan, deb oʻylabman! Koʻrishmaganimizga ham qancha yillar boʻlib ketdi-ya! Oxirgi marta Sheyaldoxo stansiyasida uchrashganimiz boʻldi-da! Xoʻsh, ishlaring qalay, yaxshi yuribsanmi?

Tramvay Chadana muyulishiga kelib toʻxtaganini ham sezmay qolibmiz.

− Men shu yerda tushaman. Toʻqish uchun ip va oʻgʻlim uchun shirinlik xarid qilishim kerak.

Men hayratlangancha undan koʻzimni uzolmay turardim. Shulochona xijolat tortib:

− Erimning qaytib kelganiga bir yilcha boʻlib qoldi. Mening yaxshi pul topayotganimni eshitib, darhol yugurib kelibdi. Avvallari u meni izlab topishni xayoliga ham keltirmagandi, – dedi.

− Hozir nima ish qilyapsan?

− Bilasanmi, Kempbelda hamshira boʻlib ishlayapman. Uzoq vaqt yotoqxonada yashab yurdim. Erim qaytib kelgach, Domdom hududiga koʻchib oʻtdim. Oʻgʻlimni koʻrishni istaysanmi?

− Mayli, keyingi safar koʻrarman. Yur, biron joyda choy ichaylik.

− Menga qara, sen bolamga togʻasi oʻrnidasan. Marjon olib berishga qarzdorsan-a!

Aftidan, Shulochona ham onasi kabi sovgʻalar undirib olishga oʻrgangan, shekilli. Hozirgi “tugʻishgan” togʻasi jiyaniga bir necha rupiy sovgʻa qila oladi, xolos. Qiziq, menga begona boʻlgan bola uchun onasiga nega marjon sovgʻa qilishim kerak ekan?

Biz ustun chirogʻi tagiga kelib toʻxtadik. Goʻzal Shulochonaga tikilib qarar ekanman, avvalgidek undan koʻzimni uzolmasdim. Bunday goʻzal xonim bilan qahvaxonaga birga kirishga iymandim, chunki oʻsha 1913 yillari Kalkutta koʻchalarida ayollar kam koʻzga tashlanardilar. Men taxmin qilgandek, qahvaxonadagilarning barchasi Shulochonaga yeb qoʻygudek qaray boshladilar. U boʻlsa parvo qilmay, toʻxtamay javrardi − axir u jim turolmasdi-da.

− Ixtiyoring, − dedi Shulochona. − Rost aytyapman, biznikiga kiraylik, oʻgʻlimni hali koʻrmagansan-ku. Sovgʻadan qochyapsanmi? Uyalmaysanmi! Kelishdik, seni biz shanba kuni kutamiz, eshityapsanmi? Seni erim bilan tanishtirib qoʻyaman.

Uning hayoti sir-sinoatga toʻla edi: eri qayerda yurganu qayerdan kelib qoldi. Bu haqda soʻrashni juda istasam-da, ammo jurʼat etolmadim. Bir narsani aniq bilardim − Shulochona yolgʻon gapirmayotgandi. U har vaqt, har qanday sharoitda ham, hatto oʻziga ziyon keltiradigan sharoitda ham toʻgʻrisini aytardi-qoʻyardi, shuning uchun uning gapiga ishondim.

Biz choy ichib boʻlgach, Shulochona uchun kerakli narsalarni sotib olib, tramvay bekatiga qaytib keldik.

− Ketdik, Jodu! − dedi Shulochona tramvay bekatiga kelib toʻxtagach.

− Kechirasan, Shulochona, bugun ilojim yoʻq. Ishlarim koʻp, borolmayman.

− Ishing qochib ketmaydi, ketdik! − ranjigannamo ohangda dedi Shulochona. − Senga aytadigan gaplarim koʻp! Oʻtmishim haqida yana men kim bilan ham gaplashishim mumkin?

Soʻng u hayajonlanib:

− Prokash haqida hech narsa eshitmadingmi? − deb soʻradi.

− Yoʻq. Qayerdanam eshitay, − dedim men. Ichimda esa: “Senga uning oʻlikmi-tirikligining nima keragi bor”, deb qoʻydim.

− U tirik, politsiyadan qochib yurgan boʻlsa kerak. U haqda menga sendan boshqa kim ham gapirib berishi mumkin?

− Shotish bobu qayerda?

− Amakimmi? U uylanib, uyda oʻtirib qoldi. Qoʻlidan nima ham kelardi deysan, axir, u Prokash emas-ku!

Qoʻngʻiroq chalindi.

− Jodu rostdanam uyimizga bormaysanmi? − uning ovozidan xafa boʻlayotgani shundoq sezilib turardi. − Chiq tramvayga! − qistadi u meni.

U qoʻlimdan torta boshladi. Ammo men tramvayga chiqmadim. Negadir oyogʻim tortmadi. Ustiga-ustak kechqurun ishga borishim kerak edi, oxirgi poyezdga ulgurmasam, ishga kech qolishim tayin. Ishga kechikish mumkin emasdi!

Oʻshanda, bundan oʻn yetti yil muqaddam men Shulochonani soʻnggi marta koʻrib turganligimni qayerdan ham bilay?

 

4

 

Shulochonaning onasi meni xiyobonda kutib turardi. Men unga yashayotgan uyining ijara haqini berib:

− Xoʻsh, endi menga hammasini − bor haqiqatni aytib bering, koʻp narsadan xabarim yoʻq, − dedim.

Vaqt choshgohga yaqinlashmoqda edi. Atrofimizda bolalar shovqin koʻtargancha argʻimchoq uchardilar.

Men voqeani eshitar ekanman, ich-ichimdan ularga achinib ketdim.

Shulochonaning onasi juda yoshligidanoq beva qolgan ekan. Ular Burdvan mavzesida yashabdilar. Shulochona sakkiz yoshga toʻlgach, uni qoʻshni qishloqqa erga beribdilar. Erining yoshi oʻn uchdan-oʻn toʻrtga qarab ketayotgan ekan. Kuyov koʻrimsiz boʻlgani uchun, yosh qizaloq unikiga borishni istamabdi. Ustiga-ustak, bolaning xulq-atvori ham oʻziga yarasha − oʻjar va kaltabin ekan. Kuyov sakkiz yashar xotinini doʻpposlab, azob berarkan. Nihoyat, onasi yerini sotib, qizi bilan Kalkuttaga koʻchib oʻtibdi. Shu payt Shulochona oʻn yoshlarda ekan, onasi uni maktabga bermoqchi boʻlibdi.

Ammo oʻsha vaqtlarda qizlar oʻqishmas ekan. Onasi qizini u maktabdan-bu maktabga olib borarkan, jamgʻarib qoʻygan pullarining tagi koʻrinib qolibdi, biroq Shulochonani maktabga joylashtirishning iloji boʻlmabdi. Baxtga qarshi qiz nihoyatda goʻzal boʻlib, tashqi koʻrinishidan oʻn uch yashar qizning nusxini berarkan. Ustiga-ustak qiz yovuz niyatli odamlar eʼtiboriga tushibdi. Kunlardan bir kuni onasi uyiga qaytib kelgach, qiziga:

− Qizim, bizga bir chora − oʻzimizni Gang suviga tashlash qoldi, xolos, boshqa yoʻl yoʻq − sening nomusingni saqlash uchun bundan oʻzga ilojimiz yoʻq. Himoyachimiz ham yoʻq, − debdi.

Kechqurun soat toʻqqizlarda Shulochona:

− Onajon, qachongacha biz oʻzimizni daryoga tashlamoqchi boʻlamiz? − degan savolni beribdi. − Yuring, Annapurna sohiliga boraylik!

− Keyin boramiz, qizim. Hozir u yerda odam koʻp.

Kechqurun soat oʻnlarda ular Annapurna sohilining zinapoyalaridan tushib boribdilar.

− Sen oʻzingni choʻktira olasanmi? Bunga jurʼat eta olasanmi? Ayt, jurʼat eta olasanmi? − qatʼiy soʻrabdi onasi qizidan.

Qiz mutlaqo qoʻrqmabdi.

− Siz bilan boʻlsa qoʻrqmayman.

Shu payt Jamini Gxosh ismli yigit sohil boʻylab oʻtib bormoqda edi. U bir oz ochiq havodan nafas olay deb tashqariga chiqqan ekan.

− Sizlar yarim tunda bu yerda nima qilmoqchisizlar? − soʻrabdi u ona-bolaga yaqinlashib. − Tinchlikmi?

Shulochona esankirab yigʻlab yuboribdi. Onasi esa yigitga bor gapni roʻyi rost soʻzlab beribdi. Jamini ularni oʻz uyiga olib ketibdi. U ona-bolani uyiga joylashtiribdi. Ona-bola bu yerda ikki hafta osoyishta hayot kechiribdilar. Jamini insofli yigit ekan. Kunlardan bir kuni yigitning doʻstlaridan biri bu voqeadan xabar topgach, unda ona-bolani koʻrish istagi tugʻilibdi, doʻstining uyiga kiribdi-yu, bu yerdan ketgisi kelmay qolibdi. U doʻstining uyiga deyarli har kuni keladigan odat chiqaribdi. Shulochona undan oʻzini olib qochar ekan. Uning qadam tovushini eshitgudek boʻlsa, ayollar xonasiga kirib oladigan boʻlibdi. Shulochona unga Kakatuya, yaʼni toʻtiqush deb laqab qoʻyibdi.

− Oyi, Kakatuya yomon odam. U qutichadagi taqinchoqlarni koʻrsatib, men bilan ketsang, shularning barchasini senga beraman, dedi. Endi men sira uning oldiga chiqmayman, – debdi.

− Bechora qizim, undan ehtiyot boʻl, − debdi onasi. − Hammaning koʻziga koʻrinaverma. Biz kambagʻal odamlarmiz, ishqilib, xato qilib qoʻymaylik-da.

Jaminining Shotish Ray ismli yana bir doʻsti bor ekan. Ona-bolaning boshdan kechirgan qiyinchiliklarini koʻrib, u ularni oʻz uyiga olib ketibdi. Ammo bu yerda ham ularga tinchlik berishmabdi. Shotish ham qizga oshiqi beqaror boʻlib qolibdi. Shotishning onasi Shulochonaning turmushga chiqqanligini bilsa ham, uni oʻz oʻgʻli bilan nikohlab qoʻyishni taklif qilibdi. Shulochonaning onasi rozi boʻlsa-da, ammo qizi bunga qarshilik qilib:

– Necha marotaba erga tegishim mumkin? Hammangiz esingizni yeb qoʻyibsiz. Agar meni oʻqishga joylashtirmasangiz, unda, yaxshisi, qaynotamning uyiga olib borib qoʻying. Oʻsha yerda yashab, oʻsha yerda oʻlganim yaxshi! Hayotdan juda charchadim, − debdi.

Va nihoyat, kunlardan bir kuni qiz Prokash bilan uchrashib qolibdi. Prokash doʻsti Shotishnikiga qadam ranjida qilgan ekan. Talabalar Prokashni oʻz doʻsti deb atar ekanlar. Lekin u politsiya roʻyxatida turarkan. Prokash Shulochonaning boshidan oʻtgan voqealarni bilgach, uni qizlar maktabiga joylashtirib qoʻyibdi. Vaqti-vaqti bilan kelib, uning oʻqishidan xabar olib turarkan.

Shotishning borgan sari Shulochonaga muhabbati orta boshlabdi. U Shulochona bilan uchrashishga intilar, qiz bechora bir hovlida yashayotganlaridan hech qayerga qocha olmas ekan. U Shulochonaga qimmatbaho sovgʻalar hadya etarkan. Shulochona esa unga:

− Amakijon, nega menga qimmatbaho sovgʻalarni hadya etyapsiz? Buning tagida bir gap boʻlmasin tagʻin! Men sovgʻalaringizni olmayman, − derkan.

Shulochona onasiga:

− Oyijon, hayotim davomida turli xil odamlarni koʻrdim, ammo Prokashdek insonni hali uchratmadim, u mutlaqo boshqa odam. Oʻyimning tagiga yetolmayman, u insonmi yoki farishtami? − der ekan.

Qaysidir bayram munosabati bilan Shotish Shulochonaga qimmatbaho sari, Prokash esa oddiy qoʻlda toʻqilgan sarini sovgʻa etibdilar. Shulochona Prokashning sovgʻasini olib, quvonchdan boshi osmonga yetibdi. Shotish sovgʻa qilgan sarisini u ahyon-ahyonda kiysa, Prokash sovgʻa qilgan oddiy sarini egnidan yechmas ekan.

Kunlardan bir kuni Shulochona Prokashga Shotishning qilayotgan shilqimligini aytib beribdi.

− Sizlar bundan buyon uning uyida qolmasligingiz kerak, − debdi Prokash. − Bu yerda yashab turib, oʻqishing qiyin kechadi. Boshqa xonadonga koʻchib oʻtishingiz kerak. Sizlarga oʻzim yordam berib turaman.

Bir oz naridagi jinkoʻchada Shulochonaning uzoq qarindoshi rafiqasi bilan istiqomat qilardi. Ular oʻsha yerga koʻchib oʻtishga ahd qildilar. Shotishning xonadonini tark etaturib, Shulochona egniga Prokash sovgʻa qilgan sarini kiydi. Shotish sovgʻa qilgan barcha qimmatbaho kiyim va taqinchoqlarni Shotishning uyida qoldirib ketdi.

Qattiq ranjigan Shotish biron bir kimsa bilan, hatto Prokash bilan ham uchrashishdan oʻzini olib qochib yurdi.

Onasi Shulochonani koyib:

− Sen nega Shotishni xafa qilding? Uni bekorga qiynayapsan? − derdi.

− Bir oz qiynalsa, aqli kiradi. Toʻgʻri, biz kambagʻalmiz, lekin bundan buyon undan hech narsa olmayman.

Ranjigani bir oz yodidan koʻtarilgach, Shotish yana Shulochonaning yoniga qatnay boshladi, har safar unga biron narsa olib kelardi.

− Amaki, nega hadeb kelaverasiz? Men sizga ishonmayman. Siz faqat oʻz manfaatingizni oʻylaysiz. Bularning barchasi menga yoqmaydi. Ochigʻi, siz Prokashdan ibrat olsangiz yaxshi boʻlardi.

Nihoyat, Shotishning sabr kosasi toʻlib:

− Xoʻsh, qani aytgin-chi, nima qilsam koʻnglingni olaman? − dedi. − Ayt, rostini ayt…

− Tezroq uylaning, amaki. Ana shunda men xursand boʻlaman, − uning gapiga javob qaytardi Shulochona. − Agar meni xursand boʻlsin desangiz, oʻzingizga qalliq topib, uylaning.

Prokash Shulochonalar istiqomat qilayotgan uydan qadamini uzibdi, Shulochonaning yoniga doʻsti kelib turishini sezib qolibdi, qiz esa Prokashning uyiga boradigan boʻlibdi.

Shu paytlarda Alipurda fitnachi-anarxistlarga qarshi kurash boshlanib ketgandi, qanday qilib Prokashning bu ishga aralashib qolganini Shulochonaning onasi menga tushuntirib berolmadi. Prokash dom-daraksiz ketibdi. Shulochona oʻzini qoʻyarga joy topolmayotganini koʻrgan onasi Prokash oʻqiydigan kollejga boribdi. U yerda Prokash anchadan buyon darsga kelmayotganini aytishibdi.

Oradan olti oy oʻtgach, Prokash koʻp shirinliklar bilan ularnikiga tashrif buyuribdi. Yigitning kelganini bilgan Shulochona hamma ishini tashlab, u tomon oshiqibdi.

− Prokash babu, shuncha vaqtdan beri qayerlarda yurgan edingiz? Nega koʻrinishingiz bir holatda!

− Mendan hech narsa soʻrama, Shu. Endi mening ishim chatoq. Politsiya ketimdan izma-iz kuzatib yuribdi. Ehtimol, sizlarnikiga boshqa kelolmasam kerak. Balki sizlar bilan boshqa koʻrishmasman ham, − dedi Prokash xayrlasha turib. − Ayt-chi, Shu, sen meni yomon soʻzlar bilan eslamaysanmi?

− Men sizni jon-dildan yaxshi koʻraman, − dedi Shulochona Prokashga. − Eh, negayam erga tekkanman, siz bilan baxtli boʻlgan boʻlardim… Poyingizni ola turib, shuni ont ichib aytamanki, boshim ochiq boʻlganida sizni shunday ogʻir ahvolda aslo yolgʻiz tashlab qoʻymagan boʻlardim… − Shulochona shunday deya yigʻlab yubordi.

− Qizim hech qachon koʻz yoshi qilmagandi, − hikoyasini tugatarkan dedi beva ayol. − Men qizimning yigʻlayotganini koʻrib qoldim. U Prokashdan imkoniyat boʻlishi bilan oʻzi haqida xabar berishi vaʼdasini oldi.

Prokash shu ketganicha dom-daraksiz ketdi.

− Keyin nima boʻldi? − soʻradim men. − Sizlarning holingiz nima kechdi?

− Prokash shu ketganicha qaytib kelmadi. Hikoyamning davomini eshit. Qizim va men boshimizdan qancha qaygʻuli kunlarni oʻtkazganimizni aytsam, ishonmaysan. Baxti qaro qizim, goʻzalligi sabab Kalkuttada esini yoʻqotib qoʻyayozdi. Sen bilan uchrashib qolganini menga soʻzlab bergandi.

− Ha, men qizingiz bilan uchrashgan edim, − dedim. Shu tobda yana yigirma yil avvalgidek qarshimda xuddi tirik Shulochonaning goʻzal siymosi namoyon boʻldi. Katta shahlo koʻzlari, qalin zulukdek qop-qora sochlari va maftunkor qiliqlari-yu jon olgʻuvchi kulishlari…

Oʻsha paytlari yoshligimga borib men hech narsani tushunmagan ekanman; tajribasizligim uchun Shulochona menga oʻjar va tantiq qiz boʻlib koʻringan ekan. Nafaqat men, doʻstimning uyidagilarning hammasi Shulochona haqida shu fikrda edilar. Men boʻlsam birovning gapiga ishongan ekanman. Endi men marhum Shulochonadan uni tushunmaganim uchun kechirim soʻrab turibman. Shulochona Prokashni jon-dildan sevgan, sevgisiga shunchalar sodiq ekanligini bilmabman-a!

Ona hikoyasida davom etdi:

− Prokash ketganidan soʻng, u kechgacha yigʻladi, qimirlamay deraza yonida oʻtirardi. Shotishni koʻrgani koʻzi yoʻq edi. Biz uyning ijara haqini oʻz vaqtida toʻlay olmaganimiz uchun u yerdan haydab chiqardilar. Kaligxatdagi bir kichik kulbaga koʻchib oʻtdik. Kunlardan bir kuni roja nomidan qandaydir odam kelib, bizga oʻn ming rupiya hadya etdi. Uning aytishicha, pul yuborgan janob Shulochona gapga koʻnsa, uni tillaga koʻmib tashlashga vaʼda berganmish.

− Oyi, men sochimni kesib tashlayman, sabr kosam toʻldi, − dedi Shulochona jahli chiqib.

− Ablahlar, men uyda yoʻqligimni bilib, uyni qurshab olibdilar-da. Tavba, Kalkuttada shunday ishlar boʻlishiga aqling bovar qilmaydi. Qizim ustidan kerosin quyib, oʻzini yoqib yubormoqchi boʻlibdi. Men oʻz vaqtida kelib qolibman, odamlarni yordamga chaqirdim. Razillar qochib ketishdi.

− Shotish sizlarnikiga kelib turarmidi? − soʻradim men.

− Ha, kelib turardi, qizimga bildirmay menga pul tashlab ketardi. Qizim uni koʻrarga koʻzi yoʻq edi. U bilan durustroq gaplashmasdi ham. Xatlariga javob ham yozmasdi. “Uni uyga kiritmang, deb tayinlardi menga. Nega u bizga pul beradi? Nega biz u bergan sadaqaga yashashimiz kerak? Agar biz uning sadaqasini olmasak, u uylanishi mumkin”, derdi qizim mendan ranjib.

− Keyinchalik bizga oqkoʻngil, yoshi ulugʻ shifokor uchrab qoldi. U qoʻshnimiz edi. U Shulochonani tibbiyot kollejining hamshiralar kursiga joylashtirib qoʻydi. Qizim oʻqishni tugatgach, oʻsha shifokorning kasalxonasida ishlay boshladi. Bir kuni qizim menga:

− Hamma yer ham bir goʻr ekan, − dedi. − Endi men u yerda ishlolmayman. Ketishimga toʻgʻri keladi.

Oradan ikki oy oʻtgach, Shulochona Kempbeldagi kasalxonaga ishga joylashdi. Oʻshanda biz Potoldangda istiqomat qilardik. Men har kuni qizimni kutib olish uchun kasalxona eshigi oldiga kechqurun soat oʻn birda kelib turardim, biz uyga birga qaytardik. Ammo bu yerda ham bizni baxtsizlik kutib turgan ekan. Shifoxonadagi sanitar ayollar Shulochonaning sohibjamolligini doston qilibdilar. Koʻplar unga oshiqi beqaror boʻlib qolibdilar. Bu xushtorlar qizimning koʻnglini ovlamoqchi boʻlganlarida, u ablahlarning qoʻllaridan zoʻrgʻa qochib qutulibdi.

− Agar Prokash qaytib kelganda, mening azob chekayotganimni koʻrganda edi! Lekin men uni ranjitadigan biron-bir ish qilmagan boʻlardim. Oyijon, siz shu yerda yolgʻiz yashayvering. Men kasalxona qoshidagi yotoqxonaga koʻchib oʻtaman, − debdi u onasiga.

Shulochona oʻz aytganini qildi. Yotoqxona qorovuliga uni koʻrishi mumkin boʻlgan ikki kishining nomini aytdi: biri eri, ikkinchisi Prokash. Shulochona hamon Prokash qaytib kelishidan umidvor edi.

− Prokashdan xat olib turarmidingiz? −soʻradim men.

Ona ogʻir xoʻrsindi:

− Birorta ham xat kelmadi… Qizim faqat Prokash haqida oʻylardi va uning qaytib kelishiga ishonchi komil edi. Qizim men bilan sirlashardi. U Domdomda kelib-ketuvchilar uchun mehmonxona ochmoqchi ekanligini aytdi. Onasi qizining gapiga hayron boʻlib:

− Kelgindilar uchun mehmonxona? − deya soʻradi ajablanib.

Qizim aytgan gapini bajarmay qoʻymasdi. Mehmonxonaga keluvchilar roʻyxatiga birinchilar qatorida Prokashni kiritib qoʻydi. U mehmonxonani ochishga ochdi-ku, lekin Prokash hayotmi, yoʻqmi, bilmasdi.

Kempbelda erining qishlogʻidagi bir bemor davolanayotgan edi. U qishloqqa qaytib borgach, kuyovimga biz haqimizda soʻzlab beribdi, shundan soʻng u kelib bizdan kechirim soʻradi. Bizni himoya qiluvchi hech kim yoʻq deb, uni qabul qilishga majbur boʻldik, chunki qizimning sohibjamolligi sababli yon-atrofdagilardan bizga tinchlik yoʻq edi. Suyanadigan doʻstlarimiz yoʻq, atrofdagilarning barchasi dushman edi. Bugun doʻst boʻlib turganlar ertaga dushman boʻlib qolardilar. Qizim eri bilan Domdomda yashay boshladi. Kim kelmasin, barchani shirin muomala bilan kutib olardik, shuning uchun ham uyimiz musofirxonaga oʻxshab ketardi.

− Hoynahoy, men oʻsha kezlari Shulochonani uchratgan boʻlsam kerak. − Men bu haqda qizning onasiga soʻzlab berdim.

− Ha, ha, − dedi ayol, − qizim menga aytgandi. U shifoxonadan boʻshab, xususiy faoliyat koʻrsata boshladi. Moʻmaygina pul topardi. Shu orada ikki oʻgʻil koʻrdi. Kuyovning qishloqda katta qarzi bor ekan. Ularni ham Shulochona toʻladi. Baxtsiz kunlarning birida bir begona kimsa kelib Prokashning oʻlgani haqida xabar berdi. Qizim bu mudhish xabarni eshitib, hushidan ketdi. Oʻshandan buyon yuragida bir dard paydo boʻldi. Oxiri shu dard uni olib ketdi. Prokashning oʻlimidan keyin Shulochona olti oy yashadi, xolos.

Biz uzoq vaqt sukut saqlagancha jim oʻtirdik.

− Men ziyoratgohlarga borishni niyat qilgandim, − gʻoʻldiradi kampir, − shuning uchun ham qizimni erta turmushga bergan edim. Orzularim amalga oshmadi. Qizim bu dunyo tashvishidan qutulib ketdi, lekin men-chi, qarigan chogʻimda nevaralarimni boqishimga toʻgʻri kelayapti. Erini ichkilik balosidan qutqardi, kuyovim ham vafot etdi. Men ham bandalikni bajo keltirsam, bolalar gʻirt yetim boʻlib qoladilar. Ular qayoqqa boradilar? Nima qiladilar, kechayu-kunduz shuni oʻylaganim-oʻylagan. Koʻchada qoladilar-da. Yaxshi kunlarni ham koʻrganmiz. Bundan xabaring yoʻq. Oʻz uyimiz ham boʻlgan… Shulochona moʻmaygina pul topardi. Barcha anjomlarni didiga mos qilib sotib olardi. U yaxshi kiyinardi, oʻzing shohidi boʻlibsan-ku. Oʻziga yoqmaydigan narsalarni uyida saqlamasdi. Qizimning vafotidan soʻng jamgʻarmamiz kuyovimning qoʻliga oʻtib qoldi. U odamlardan ustama haq olib, qarz berardi. Oxirgi bitim bizni xonavayron qildi. U Xovrdagi uy uchun ikki ming rupiy berdi-yu bandalikni bajo keltirdi. Bu bitimning hujjatlari hali ham menda saqlanib turibdi, ammo savodsiz boʻlsam, ularni nima ham qilardim, oʻgʻlim?

−Ha, oradan oʻn toʻrt yil oʻtibdi, ular endi yaroqsiz. Ular oʻz qiymatini yoʻqotgan.

Dabdurustdan eslab qoldim:

− Uni vokzalda uchratganimda yonida bir yosh yigit bor edi. Uning kimligini bilasizmi?

− Ozgʻin, qorachadan kelgan yigitmi? Uning qaynisi edi. Domdomda biz bilan yashagandi.

Men katta xatoga yoʻl qoʻyganimni juda kech tushundim! Shulochonaga nisbatan men nohaq boʻlgan ekanman! U koʻchalarda bir oʻzi yurishiga toʻgʻri kelgan, oʻsha vaqtlarda ayolning yolgʻiz yurishi man etilgandi. Shuning uchun ham u haqda turli xil mish-mishlar bolalab ketgandi. Rahmdil va mehribon Shulochona bir umr amalga oshmaydigan orzu-umidlari ila sevgilisini behuda kutardi.

Har safar Kempbel shifoxonasi yonidan oʻtib ketayotganimda sohibjamol Shulochonaning hayoti yodimga tushaveradi.

 

Rus tilidan Nazira JOʻRAYEVA tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–6

https://saviya.uz/ijod/nasr/shulochona/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x