Shukuhli karvon

XIZR YURGAN DASHT…

Bunday barokatli dasht Amirlik hududida tanhoyu yagona, desayam boʻlaveradi. Abdullaxon zamonida Zarafshon suvi qoʻl mehnati bilan Eski Anhor kanali orqali shu keng dashtning yarmidan koʻpini serob qilganida Buxorodan Qarshi orqali Samarqand sari yoʻl olgan karvonlar, bu dashtning naq kindigini kesib oʻtgan yoʻl yoqalarida mevazor bogʻlar bisyorligi uchun ularga intilmasin, ziyoni tegmasin, deya tuyalar ogʻziga toʻrxalta tutib oʻtishgani ogʻizdan-ogʻizga oʻtib keladi. Shimol tomoni Galatepa-Jom qishlogʻi, kun chiqish tarafi Kesh vohasi, qibla tarafi Buxoroga, oyoq-adogʻini Qarshi tarafga uzatgan bu dashtga suv keltirishga bot-bot urinishlar koʻp boʻlgan. Chashmiob soy yoʻliga toshqaloq band qildirgan Arab qizi Jiydaguli nomi bilan bogʻliq Arabbandi selxonasiga suv yigʻilmay qolganidan beri ham besh-olti pusht odamlar oʻtib ketgan…

Ayni koʻklam soy yoqalarida qoʻngʻiroq boʻlib gullaydigan, boychechak tusli, ammo koʻm-koʻk siyoh rang Erbahosi Choʻlika telpak gullar yam-yashil maysalar ustiga siyoh toʻkilganday sochilib yotadi. Qizaloqlar uni terib olib, boshiga chambarak yasaydilar. Uning gʻoyat shifobaxshligini bilgan ayollar soyada quritib, ich ogʻrigʻiga davo qiladilar. Erbahosi bor joyda yigit oʻlmas, degani shundan qolgan.

Boshi Urgut togʻlariga tutashgan, adogʻi Jomda toʻxtagan, Oftob yoʻli togʻning adoq tarafida xuddi shu toqqa monand choʻzilgan, ammo yarmini boʻylaydigan Qoraqiya adirlarida Beshchashma degan jilgʻali yurtga, elsaroyliklarning qachon kelganini hech kim bilmaydi. Bu adirlarning bahori fayziyob. Yoz boʻyi ham Beshchashmadagi zilol buloqlardan bilakday suv oqib turadi. Hamal toʻlishgan pallada soy yoqalari qip-qizil lolaga toʻlib ketadi. Lolabuloq qishlogʻi ham shu yurtda…

Janubdan qishlab qaytayotgan bulbullar bu dashtni qoʻnalgʻa qilishmaydi. Agar turnalar qanotiga qoʻnib qaytayotgan boʻlsa noiloj. Chunki tojdor turnalarning qariyb yuz suruvi koʻklamni shu dashtda oʻtkazadi. Javzogacha sabr qilgan bulbullar oʻz egallagan joyini mezbon toʻrgʻaylarga qoldirib, togʻ oralaridagi daraxtzor, butazor yurtlarga yoʻl oladi. U yoqda bola ochguncha shunday sayroqi boʻladiki, bogʻ-rogʻlar kechayu kunduz qoʻshiqqa toʻlib ketadi. Bu yoqda Arabbandi dashtlarida qishlovga qoladigan toʻrgʻaylar, “soʻfitoʻrgʻay” deb atalmish bulbuldan biroz katta dasht toʻrgʻaylari subhi sodiqdan chuldirab-chuldirab, mudroq dashtni uygʻotib yuboradi. Ayni choshgohda dashtning har yer – har yerida bir-ikki argʻamchi boʻyi balandlikda havoda muallaq turib qoladigan toʻrgʻayni koʻrsangiz, faqat yerda yurishga mahkumligingiz, qush boʻlib tugʻilmaganingiz yodga kelib, hafsalangiz pir boʻladi. Salkam ikki quloch qanoti bor choʻl burgutlari ham badnafs emas, sabru qanoatda har qanday qanotli jonzotga saboq beradi.

Aslida oʻn besh dahaga boʻlinadigan, baʼzida sanogʻidan adashib ketib, sonsiz saroy, degan atamaga ham egalik qilgan bu elning ming yillik makoni boʻlgan Beshchashmaga Xizr boboning nazari tushgan. Biroq adoqdagi dashtda quduq qazuvchilik hunari, novvoy yoki qassobnikidan kam emas. Quduqchilar quduq atrofidagi zarang yerdan shunday oʻxshatib chim oʻyadiki, gugurt quti kabi terilganda, biri boshqasidan sira farq qilmaydi.

Arabbandining shundoqqina yelkasidan oʻtadigan Kesh va Buxoro, Samarqand karvon yoʻli yoqasida ot bozori bor. Bu bozor yilning toʻqqiz oyida goʻshangaga kirgan kuyovnavkarlar oldiga tortiladigan toʻqqiz tovoq kabi rang-barang, nazar-eʼtiborli boʻladi. Otbozlik, chavandozlik elsaroyliklarning ota-bobosidan qolgan. Ot yigitning – murodi, degan naql balki shu eldan tarqagan boʻlsa ajab emas. Bu elning boylari yaxshi nasllik otni qayerdan boʻlsa topib keltiradi. Eronu Afgʻon, Turkmanu Qirgʻiz yoʻrgʻa otlarini ham shu bozorda uchratsa boʻladi. Elsaroyliklar urugʻiga chatishib ketgan naymanlar (ular oʻzlarini qara nayman deb atashadi), qayerda dongʻi chiqqan ot boʻlsa, oʻgʻirlab boʻlsa ham keltirishni eplaydi. Qara naymanlar oʻzlaridan chiqqan chapdast ot oʻgʻrilarini yigitning zoʻri, kahramon sifatida eʼzozlashadi. Qadim qoʻngʻirotlarning Mavlesh degan toʻforida ham shundaylarni uchratsa boʻladi.

Bozor – el koʻrki. El obodligi, hunarmandligi bozorda bilinadi. Arabbandi bozorida tillo yoki kumush bezakli yugan jilovni, dubulgʻa dastali qamchin, uzangiyu egar-jabduqni, tulpor otlarni, beli biqinida toychogʻi tepib turgan suluv biyalarni bir safga tortilgancha, qiblani koʻzlab turganini koʻrganda, ishqiboz odamning boshi aylanishi turgan gap. Ayniqsa, beshchashmalik ustalar tomonidan quyma, terma poʻstloqdan yelimlab yasalgan, ajdar boshli, quyma karsonli egarlarning har qaysisiga ikki panji qoʻchqorning pulini bersang ham, puling oʻzing bilan ketadi. Egarsozlik – qadimgi kasb. Bu hunar Beshchashmada qondan-qonga, otadan oʻgʻilga oʻtib keladi. Bu elda yorma jabduq, oʻrama-babr yasovchi ustalar, yopigʻ gilamcha toʻqiydigan ayollar, charm pishirib, unga anor poʻstidan rang berib, ayil, pushtan, chavandoz etik yasaydigan noyob hunarli ustalar ham borki, ularning taʼrif-tavsifi amirlikka borib yetgan.

Gavjum rastalarda boshdan-oyoq ot anjomlari bisyorligi uchun ancha arzonga tushirib olsa boʻladi. Yurgan yoʻlida urchuq koʻtarib, jun yigiradigan momolar terma, arabi, gʻajari, patgilamlarni qotirib toʻqiydi. Erkak – oila boshligʻi, ot-eshagiga chiroyli xurjun tashlab, bozorga boradi. Bozor devoriga qator qilib ilib qoʻyilgan xurjunlar koʻziga begona qoʻl yaqinlashmaydi. Koʻklamgi yomgʻir ikki-uch marta ziyodroq tushgani uchun arpa-bugʻdoy hosili moʻl boʻladi. Kamida ikki-uch oy somon shuvoqli oxur-xammada dam olib yetilgan bugʻdoy donasi loy suvoqdan kuch olib magʻzi toʻladi. Har biri oʻn-oʻn besh qopdan don yiqqan dehqon kech kuzdan qish boshlanib, to yoz oyoqlaguncha ot-eshak, tuyalarda gʻalla ortib unlatib kelgani, togʻ orasidagi sersuv qishloqlarga tegirmonga boradi. Togʻ orasida nuqra tangaday sochilib ketgan Langar ota, Taragʻay, Tutli qishloqlarida katta-kichik suv tegirmonlari kechayu kunduz ishlaydi. Har bir beshchashmalik uchun bu qishloqlarga yumush bilan yoki beyumush kelib-ketish sayohat yoki ziyorat kabi xush yoqadi. Har qaysisida ayni koʻklam payti toʻlib toshadigan daryoyu daryochalar, uning qirgʻoqlari, hatto oʻrtasida ham qiqirlab-biqirlab oqib yotadigan besanoq chashmalar serobligidan cheti uch paxsa devor bilan oʻralgan tokzorlar, har hovlida koʻm-koʻk suvi chayqalib turadigan hovuzlar, atrofi chinniy rayhonlar hidini bir marta hidlash, eng tabarruk maskan Langar Ota machit-madrasasi tuprogʻini “yalash” ham koʻpchilik yoshlarning orzu-havasi. Arabbandining katta boylaridan Jumagʻulboy ham oʻsha madrasaning tuprogʻini “yalagan”. Langar Ota madrasasida diniy bilimlar qatori, dunyoviy bilimlar, soʻz sanʼati, notiqlik sanʼati, falsafadan ham saboq berilar, chinakamiga ilm quvganlar saboqni Buxoroda davom ettirar, baʼzilar chekka qishloq ovullariga imomlik, shariat ilmini pishiq oʻzlashtirganlar esa qozi kalonlik qilib ketardi.

Dunyo yaratilgan kuni Jumada tavallud topgan Juma oʻgʻli, shevada Jumagʻulboy bir kun kelib ming qoʻyli mashhur boy boʻlishi, uning bir boshqa saxovati bilan bus-butun toʻfor boy el, deb nom olishini, uning sharofati bilan necha qavmu qarindosh amirlik nazariga tushgani, Buxoro va Samarqandda tahsil olgani, ekin maydonlari koʻz ilgʻamas boʻlib kengayib ketishini qayerdan bilsin?

Oʻshanda endi yetti yoshga yetib, Navroʻz kuni boshlanadigan xat-savod maktabiga boraman, deb shaylanib turganda otajoni toʻsatdan bandalik qilib, oʻqishi ham aro yoʻlda qolib ketdi. Shu-shu unga maktab nasib qilmadi. Ikki akasining qoʻy-echkilarini boqadigan beminnat choʻpon boʻlib qoldi. 11-12 yoshlarda edi. Dashtda qoʻy boqib yurib, gʻaflat bosdi-da, uxlab qoldi. Uygʻonsa, suruv boʻlinib ketgan, izillab yigʻlab, rosa qidirdi. Yoʻq. Oz emas, salkam qirq jonliq izi-tubi bilan yoʻq. Qosh qorayganda sudranib uyga bordi. Boʻlgan voqeani oqizmay-tomizmay akalari Yaxshiboy va Qoʻyliboylarga yetkazdi. Yaxshiboyning sargʻishdan kelgan qizil yuzi birdaniga lovullab ketdi:

– Sen bola qachon boʻlsayam bizni xonavayron qilasan. Avval ham bir marta shunday qilganding. Tun boʻyi ot minib qidirib, tongotarda topgan edik. Bu safar nima qilding? Tayin, oʻlikday qotib uxlab qolgansan!..

Aka, ukaning qoʻlidan choʻpon tayogʻini tortib olib, xayriyat, boshiga emas beliga, oyoqlariga qarsillatib ura ketdi.

Jumagʻul aybdor, miq etmay bosh egib turdi…

– Uyginang kuygur, sen qursoq kenjatoyni, bor joʻgʻol, qayerdan boʻlsa ham, osmonning ustidan, jerning ostidan boʻlsa ham topib kel! Quruq kelsang, oʻldiraman!

Borliqni zimiston oʻz qaʼriga tortib borardi. Qaydadir Yosuman kampirning qahqahiga oʻxshatib boyoʻgʻli qichqiradi.

Bu paytda shoʻrlik ena ham uydan chiqib boʻlgan, kori-holdan ogoh boʻlib, oyoq-qoʻli qaltirab, tili kalimaga kelmay Jumagʻul qoshiga yetgan, hadeb javrardi.

– Joman tiymadimi, bolam, hah qoʻllari sinsina, Yaxshiboy boʻlmay Jomonboy boʻlding-a, bolam! Mol topiladi, odam topilmaydi. Jur bolam, ikkimiz qidiramiz. Jaratgan egamdan jilab soʻraymiz. Baribir topamiz, topmay qoʻymaymiz, Xudoyimning oʻzi joʻlimizni joritib turadi.

Bolakay enasi pinjida ancha dadillandi. Birdaniga yuzini qiblaga qaratib, ilk bora duoga qoʻl ochdi:

– E bor Xudoyo, meniyam, enamniyam noumid qilma! Yoʻgʻimizni bor qilgin. Oʻzingdan soʻrayman, Egam!

Mushtipar ena ham bu duoga qoʻshildi.

Ena-bola shoshilgancha qorongʻulik qaʼriga singib ketdilar.

Ena oldinda ildam borardi. Oʻgʻil keyinda, chor tarafga alanglab enaga bazoʻr yetib boradi. Mol qidirganda tusmol-tavakkal qilib qidirib boʻlmaydi. Moʻljal bilan, suruvni tushlikda yotqizgan joyga yetib, keyin oʻrish tomon ketish kerak. Ular eski qoʻtontepaga yetib kelganda, kun botish taraf, osmon gumbazining bir chetidan kemtikkina boʻlib oy chikdi. Uzoq-yaqin yorishib koʻrina boshladi. Togʻ tarafdagi suv yuvib ketgan arna soylar ichi, biltanglab toqqa oʻrmalayotgan qora ilon kabi vahimali koʻrinadi.

Yoʻqolgan qoʻylarni balki oʻsha qora ilonlar yutib yuborgandir. Bunday tusmolni enaga aytib boʻlmaydi.

“Ena, qoʻylarimiz huv anavi arna soylar ichiga kirib oʻzini panaga olgandir…”

“Kim biladi, bolam, qani oʻsha tarafga kirib koʻraylik-chi…” Ular yana yoʻlga tushishdi.

Bir payt Jumagʻul bexos ortiga qarab, hayron qoldi. Ular izidan oppoqqina bir it ergashib kelardi.

“Ena, anavi it!”

“Ishing boʻlmasin, bolam, ortingga qarama!”

Jumagʻul bolalik qilib qancha qiziqsa ham, ortiga qarashga botinolmadi. Oy yorugʻida ulkan chinor kovagi kabi toqqa tomon choʻzilgan arna soylar soni uchta edi. Ena-bola qoʻrqa-pisa uchala soyga ham bir-bir kirib chiqa boshladi. Soʻnggi ilinj bilan uchinchi soyga burilishganda yoʻl boshida orqalaridan ergashgan oq it lip etib oldinga oʻtib soy ichiga kirib ketdi. Boʻlinib ketib, koʻzdan yoʻqolgan qoʻylar kunduzi boshi oqqan|tomonda oʻtlab yurib, kechqurun nimadandir hayiqib oʻzini panaga olgan, soy toʻrida bir-birovining pinjiga kirib, gʻujgʻon boʻlgan arilardek toʻp boʻlib turardi. Ertaga ertalab yana oftob balqib chiqishidan xabar berib subhi kozibda yarqirab chiqqan Zuhro yulduzi, Hisortogʻ ustiga chiqib koʻrinish berganda, ena-bola boʻlingan suruvni butlab, uyga kirishdi-da, teskari toʻshalgan poʻstak ustiga choʻzilishdi. Baribir enaning koʻziga uyqu kelmadi. U qattiq charchagan, “yo tavba, yo tavba” deb pichirlagani-pichirlagan edi.

Oftob yoyilganda ikki katta oʻgʻlini ham birday chaqirib, koʻkayidagi iddaoni koʻndalang qoʻydi:

– Ikkoving oʻng qulogʻing bilan ham, chap qulogʻing bilan ham eshit! Otangdan qolgan bu suruv – bu qoʻylar uchalang oʻrtangda ham teppa-teng. Hatto mening ham oʻlimligim uchun biroz haqqim bor. Shu bugunning oʻzidayoq oʻzlaring ep koʻrib, Jumagʻulning haqini ayirib beringlar-da, qoʻylaringni oʻzlaring boqinglar. Menikini ham kenjamga beringlar. Bu ketishda mendan zamon oʻtsa, oʻligimni ham zoru sarson qilmay Jumagʻulning oʻziga tashlanglar!

Ukasi orqasidan oʻzini boyvachcha sanab yurgan akalari, noiloj rozi boʻlishdi. Uka ulushini ajratib berdilar. Qoʻylar almashib ketishining oldini olib, Jumagʻulning qoʻylari qulogʻiga quloqcha shaklida en solishdi. Bir kun kelib, ikki aka ham shu kenjatoyning podasini boqib, jon saqlashini kim xayoliga keltiribdi deysiz…

Enali yetim gul, otali yetim shoʻr yetim deganlaridek, Jumagʻul oʻn oltiga kirganda boʻy-basti choʻzilib, ovozi buzilib, qoʻy-echkisiga ham baraka enib, ikki akasining qoʻyini qoʻshib hisoblaganda ham ulardan oshib ketdi. Oʻrtancha aka choʻponlikni boʻyniga olib Jumagʻulga tegishli qoʻylarni ham qoʻshib hayday boshladi. Kenjatoy fahmu farosat sohibi, akasining choʻponligi uchun haqmador haqini uzmay berib turdi. Katta akani ham zakotdan quruq qoʻymaydi. Ena bundan rozi boʻlib, yana bir himmat qildi. Kenjasining peshona yulduzi balqib turganini sezibmi, uni ikki-uch tengquriga qoʻshib Langar Ota machit-madrasasiga oʻqishga joʻnatdi. Otadan qolgan hamyonga uch – toʻrtta tillo tanga solishni ham unutmadi.

Beshchashmaning Samarqand bilan chegaradosh togʻ oraligʻida joylashgan Langar Ota qishlogʻi olti qishloqning qoq oʻrtasida, muvozanat nuqtasi boʻlib qad rostlagan. Qishloq oʻrtasida joylashgan koʻhna, ammo hashamatli machit ayvoni bilan besh yuz namozxonga moʻljallangan. Yarim oy shaklida qurilgan gumbazli hujralarda talabalar yotib oʻqishadi. Langar Ota avliyolariga moʻljallab Ashtarxoniy hukmdorlari tomonidan koʻtarilgan baland, mahobatli xonaqohlarda muazzam ruh hukmron. Shahar qiyofasida guzarlarga boʻlingan qishloqning har bir guzarida alohida mehmonxonalar ishlab turadi. Bu oʻziga xos musofirxonalar tekin, bir bovur elning xolis xizmati bilan ishlaydi. Oʻshanda Jumagʻul oʻqishga borganida qishloqda qariyb yigirmadan ziyod urugʻlar amirlik eʼtiboridagi eshonlar qanoti ostida bahamjihat yashayotganini koʻrib hayron qolgandi. Maʼrifat qoʻrgʻoni boʻlgan Machit-madrasa yonidagi baland kungurali mezanada muazzin besh vaqt namoz oldidan azon aytar, qishloq ahli ham, kattayu kichik talabalar ham namozga shoshilar, bir boshqa fayzu farishta atrofda hukmronlik qilardi. Hujralarda talabalar yoshiga qarab joylashar, domlalar ham yon hujralarda yashab, diniy va dunyoviy bilimlarini singdirishdan charchamas edi. Boʻlgʻusi talabalar bu oʻquv yurtiga oʻz ovuli oqsoqoli yoki mullasining tavsiya-yoʻllanmasi bilan kelar, bu yerda ularning alohida iqtidori sinab koʻrilar, oʻzlashtirish darajasiga qarab ikki yildan yetti yilgacha oʻqishni davom ettirib, har yili Buxoroyi sharifdan kelib imtihon oladigan nufuzli domlalar nazaridan oʻtgach, kimdir katta madrasalarga, kimdir oʻz qishloq-ovuliga domla-imomlik qilgani joʻnab ketardi. Machit va Madrasa taʼminoti uchun hukumat tomonidan xatlab berilgan “Vaqfiya” yerlarga ekiladigan ekinlar hosilidan ajratib berilgan, boz ustiga saxovatpesha boylarning yordam koʻmagidan bahramand edilar. Jumagʻul zoʻr ishtiyoq va ixlos bilan ikki yil oʻqib domla-imomlik hujjatini olib, Buxoroyi sharifga emas, oʻz qishlogʻi Arabbandiga qaytdi. Bosh sabab, enajoni qarib qolgandi. Jumagʻulning asl muddaosi boy-badavlat boʻlib, topgan-tutganiga ishonib, kerilib yurish emasdi. Niyati Bahovuddin Naqshband yoʻli – “Dil ba yoru dast ba kor” tarzida qalbni Alloh bilan mahkam bogʻlab, halol mehnat bilan kun kechirish edi. U avvalo lalmikor dehqonchilik sir-asrorini oʻrgandi. Ota meros bir juft hoʻkiz, omoch, boʻyinturuqni har yili ikkitadan koʻpaytirib 10 juftga yetkazdi. Obi-tobida yer haydab, dona sochgan dehqonning kosasi oqardi. Kigiz kimniki – bilak shuniki, deganlaridek, Jumagʻul shudgor paytida sirayam xizmatkorlariga qarab oʻtirmay, bir oʻzi navbatma-navbat ikki juft hoʻkizni omochga qoʻshib, oʻng qoʻlda gavron, chap qoʻli bilan omoch tishini yerga mahkam botirib, maydon aylanardi. Uning bu xatti – harakatidan ulgu, zavq-shavq olgan yollanma shudgorchilar ham xoʻjayindan qolishmaslikka intilib, jon-dili bilan mehnat qilishardi. Uning yildan-yil kengayib borgan dalasida hech kim, hatto hoʻkizlar ham gʻirromlik qilishga botinolmasdi. Boy buva yerni ham, yerga egilgan har kimsaning ham haqiga xiyonat qilmas, Xudoyim halolidan bersin, degan jumlani bot-bot takrorlar edi. Bugʻdoy rang, xushroʻy yuzli, har qanday eshikdan egilib kiradigan polvon gavdali, bir oz qisiq koʻzlari bilan tikilib qarasa yerni teshadigan boy xokisor, halimlikda ham oldinda boʻlgan. Gʻalla oʻrogʻi paytida mana-man, degan oʻroqchidan kam oʻrmas, yanchib sovurishda “mayda” qoʻshigʻini ovozi boricha aytib, hushtak chalib shamol chaqirishda ham ustasi farang edi. Jumagʻulboy oʻttizdan oshib qirqqa yaqinlashganida toʻrt oʻgʻil, toʻrt qizning otasi boʻlganidan tashqari, suruv-suruv qoʻy-echkili, biyali, tuyali zamindor boyga aylanib ulgurdi. Uning dalasida zigʻiru kunjut yaxshi boʻladi. Ot juvozlar kechayu kunduz ishlab, birdaniga kosaga solib, non botirib yesa boʻladigan totimli yogʻ el-elat, qavmu qarindoshdan tashqari atrof bozorlarni ham obod qilishga yarab qolgandi. Oʻzbek boy boʻlsa, xotin ustiga xotin oladi, degan gap Jumagʻulboyning shaʼni-shavkatiga koʻpam yarashmaydi. Ust-ustiga tugʻib, uchta qorabosh farzandini yerga bergan Zarbuvi bemorlanib, roʻzgʻorga yaramay qoldi. Oʻzi rozi boʻlib begini uylanishga koʻndirdi. Kimdir aytgandi: sogʻu sandal, yegulik-ichkiligi kam boʻlmagan erkak qirqdan oshgach, topilsa, yosh qizga uylanishi kerak.

Shunga amal qilibmi yoki boshqa vajdanmi Jumagʻulboy uylandi. Qaysi tarafdan deysizmi? Aynan kun chiqish tarafdan. Moybaliq degani chashma koʻzida boʻladi. Agar chashma suvi oqib daryoga qoʻshilsa, moybaliqlar ham anhor baliqlariga qoʻshilib-chatishib mazali shirmoy baliqlar dunyoga keladi. Gʻilon pari qishloq. Uning qizlari daryo suviga yuzini chaysa, oqavasi adoqqa, Kesh vodiysiga oqib tushadi. Keshlik qizlarning xushroʻy, kaklik koʻz, shoʻx-shodon boʻlishi balki shundandir. Keshlik kelin Zarnigor, olam jahon husni malohatdan tashqari, Arabbandi vohasiga bir boshqa nazokat, odobu ikrom, mehmonnavozlik, fahmu farosat, fayzu tarovat hadya qilganini aytmasak boʻlmas. Avval boshdan Jumagʻulboyning mol-mulki uchun vaqtida zakot berishi, oliq-soliq, xayru ehsonni muntazam ado etishi haqida ishorat qilgandik. Zarnigor suyarcha xotin boʻlib tushgan yili qirq qozonda osh damlab, shunday toʻy berdiki, toʻydagi berimning taʼrifi tillarda doston boʻldi. Bu toʻydagi kurash-koʻpkarida naq Chiroqchi xonjoni Aziz toʻraning oʻzi kayvonilik qildi. Chopagʻonlikda, bel olishda chuyit, qushchi polvonlari bir taraf, Kesh-Kitob polvonlari bir taraf olishib, taqimlashdiki, elsaroyda bundayi boʻlmagan edi. Toy yoki baytal minib, koʻpkariga kirib tomosha qilgan ham, qoʻliga uloqning qili-da tegmagan otliq ham, kurashsa-kurashmasa yechinib, davraga chiqqan yosh bola ham, kaftiga tuflab tengquriga talab solgan qariya bormi, birortasi ham sovrinsiz qolmadi. Toʻyga kelib bir kecha koʻnoq boʻlgan mehmonlar Arabbandiga sigʻmay ketib, yon-atrof xonadonlarga borib joylashdi. Eng qizigʻi, oʻsha oqshom mehmon tushgan xonadon borki, hammasi qoʻnoqchilar bahona qozoni qaynadi. Mehmonjonlar orqasidan xonadon bola-chaqasi ham shoʻrvayu palovdan bahramand boʻldi. Koʻpda Xizr bor. Koʻpning duosi koʻl. Koʻpincha Hayit kunida yorilib oʻladigan mechkaylar chidab berganiga qoyil!..

 

AMIR MEHMON BOʻLDI, UNDAN ANTIQA GAP QOLDI

Bugun ham Arabbandi dashtini saharxez toʻrgʻaylar chuldirab uygʻotdi. Hali toʻrgʻaylar uygʻonmasdan burun uygʻonadigan Jumagʻulboyning yodiga lop etib kechagi kun tushib, hushyor tortdi. Kuni kecha payshanbi, ayni tushda Chiroqchi xonjoni qabulida boʻlib, izn soʻradi-da, anchadan beri koʻnglida tugib yurgan muddaosini aytib yorildi:

– Janobi bek, anchadan beri xayolimni band etib kelgan bir xohish-istagimni sizga bayon etsam, hoyu havasga yoʻymang.

– Gapiravering, siz bilan yaqin birodarmiz.

– Shu desangiz, Amirimiz siz bilan yaqin qarindoshligidan foydalanib, ul zotni xonadonimizda bir kunga mehmon qilib, duolarini olsam devdim.

– Bilmasam, kuchingiz yetarmikan? Aytmoqchi, Amirimiz ayonlari bilan Arabbandi bozoriga ot olgani keladi. Uni xuddi shu joyda Shahrisabz begi ham kutib oladi. Uning ham Amirni bir joyda mehmon qilish niyati bor. Undan oldinroq men ogʻiz solaman. Yoʻq demas. Boʻldi, olib boramiz. Joyni Qoʻshtegirmon adogʻidagi chorbogʻingizda qilavering. Gujum sadalar soyasi eng maqbul joy. Hoziroq uyga qaytib, tadorik koʻravering.

Xoʻsh, avval boshiga ikkitagina tuyaning boʻz bola taylogʻini soʻyib, halimga solasiz. Ikki qoʻzi qoʻchqorni Amirimiz oyoqlari tagiga soʻyasiz. Oq shoʻrva, oh-voh shoʻrva. Yaxnayu tandir, Qalqamaning shirmoy baligʻi, Kattaqoʻrgʻon mayizi, Chiyalining yogʻli halvosi, pashmak parvardasi, yaxna goʻshtidan qildiring. Or kelsa, otingni sot, degan gap bor. Shu bahona biroz yaylov ham soʻrab olasiz. Tila tilagingni, deb qolsa, yana bamaslahat ish qilamiz…

Bu gap yodiga tushgan boyning yuraklari hapqirib ketdi. Xayriyatki, kecha kechqurun chorboqqa borib tuyalarini soʻydirgan. Tuya goʻshti solingan halim qozonga tushib, bilq-bilq qaynab turgandir.

Xudoyo, oʻzing sharmanda qilma!..

Amir bozorga kirsa, avval qoʻy bozorini oralab, qoʻchqorlarni tomosha qiladi. Koʻngliga oʻtirsa, bir-ikki juft burama shoxli urishqoq qoʻchqor oladi. Keyin albatta ot bozoriga oʻtadi. Bugun esa Amir qoʻy bozorida toʻxtamay, toʻppa-toʻgʻri ot bozoriga oʻtdi. Jumagʻulboy ayni shuni kutgandi. Toy bozorida oʻn besh chogʻli toyni oʻnglab bir chetda kutib turgandi.

Amir koʻpam shohona kiyinmagan, yoʻl ust-boshi bilan ham salobatli koʻrinar, bozorda goʻyo undan boshqa birorta xaridor koʻzga tashlanmayotgan edi.

– Huv anovi qizil qashqa jiyronning narxi qancha? Egasi boʻlsa tortinmay aytaversin.

Amirning soʻrovi takror-takror eshitilganda, Jumagʻulboy saman toy ortidan chiqib, javob qildi.

– Taqsir, baholash sizdan.

– Aytavering, mol sizniki!

– Amirim, toyning bahosi yoʻq. Biroq soʻradingiz, aytayin. Qirq tillo bersangiz boʻladi.

Amir rozi boʻlib xazinachisiga imo qildi.

Jumagʻulboy shosha-pisha Amirga qulluq qildi.

– Taqsirim, shuncha yoʻl yurib, bosgan izlaringizdan aylanay, shu gʻunonga koʻnglingiz ketibdimi, bizdan sizga arzimas hadya boʻlsin. Himmat qilib qabul etsangiz, boshimiz etagingizda. Amringizga koʻra bozor qoidasi boʻyicha narxini aytgan edim. Xazinachi irimiga ikki tillo bersa boʻldi.

– Bahay, bahay, qoʻlingizni bering, shunga rozisiz?

– Mingdan ming roziman…

Jumagʻulboy egilib kelib, Amirning qoʻlini oldi. Oʻpib tavof qilarkan, ancha dadil ovoz bilan dedi:

– Amirim, agar lozim koʻrsangiz qadamlaringizga hasanot, xonadonimizdan bir piyola choy ichib ketsangiz. Elsaroy nomidan aytishga jazm etdim.

– Ha, xonjon ham aytgan edi. Endi bormasak boʻlmas. Sizga ruxsat, tadorik koʻravering.

Jumagʻulboy qushday yengil boʻlib, otiga mindi-da, qanot chiqarib chorbogʻ tomon shamolday uchdi.

U chorbogʻga yetib kelganida chang koʻchalarga qalin suv sepilgan, sada va oʻriklar soyasidagi shohsupalarga julhirs, gʻajari gilamlar toʻshalgan, par yostiqlar qoʻyilganini koʻrib koʻngli xotirjam boʻldi. Eng katta supadan boshlangan poyondoz sifatidagi patli gilamlar bir xilda toʻshalib katta koʻchagacha olib chiqilgani yarashib turardi. Ichkarida esa keshlik kelin barcha yegulik-ichkulikning tuzini totib koʻrishdan boshlab, choynak-piyola, chinnivor yuvib-artilgani, qaysi dasturxonning qayerga mos kelishini nazoratga olib, kuyib-pishmoqda. Unga tomon yurib, yaqin kelgan boyning suyukli xotiniga tobora hurmati ortib, tiliga kelgani shu boʻldi:

– Begoyim, Amir kelayapti, shoshilinglar, uyalib qolmaylik. Amir mamnun boʻlib ketsa, sizga alohida tuhfamiz bor.

– Qulluq, qulluq, begim.

– Halim tayyor, sovib qolmasin-a. Shoʻrvaning olovini pasaytirib, shopirib turinglar! Mis oftobalarni yoʻlga chiqarib, har biriga bittadan xushroʻy yigitchalarni kiyintirib, qoʻl yuvdirishga shaylab qoʻyinglar. Oʻzimizning oʻgʻillar ham shular orasida boʻlsin. Aytmoqchi, ularning har biri qoʻlga suv quyayotganda “Bismillahir rohmanir rohiym, valaka mislika zolika” deyishni unutmasin. Keshdan kelgan oshpazlar bedana, kaklik, qirgʻovul goʻshtlarini pishirib, tayyorlab qoʻydimi? Chiyalining yaxna goʻshtidan ikki karson buyurgan edim. Kasbidan keltirilgan guldor sopol laganlarga soldirib koʻysangiz.

– Begim, hammasiga oʻzim qarayapman. Amirimizning poy-qadamlaridan aylanay!

– Yana bir narsa yodimdan koʻtarilipti. Huv chetdagi supada peshin namozi uchun patgilamlar ustiga joynamoz toʻshatib qoʻyinglar. Balki ovqatdan oldin peshin namoziga oʻtishar.

– Xoʻp, xoʻp boʻladi, begim…

Oradan taxminan bir osh pishgulik vaqt oʻtgach, koʻcha boshidan jarchining ovozi eshitildi.

– Odamlaru odamlar, eshitmadim demanglar, Elsaroyga Buxoro Amiri tashrif buyurmokda. Yoʻl boʻshatinglar!

Bunday xushxabar Arabbandi vodiysida ilk bor yangramoqda edi. Hamma hushyor tortdi. Qizigʻi, itlar hurmay, tovuqlar qoqogʻlamay, eshaklar hangramay, otlar kishnamay qoʻydi. Negadir goʻdaklarning ham ovozi oʻchdi.

Jumagʻulboy yonidan nosqovogʻini olib, tilining tagiga bir otim nos tashladi. Boy ota nosning kayfini olishga bazoʻr ulgurdi. Koʻcha boshida qumgʻon ushlagan yigitlar birvarakayiga “kelayapti” deb qolishdi. Boy tili tagidagi nosni bir chetga tuflab yuborib, yigitchalarga buyurdi:

– Otlarni ushlanglar, suvliq yuganni olib, belini boʻshatib, yakka mixga tortib, har qaysisiga bir bogʻdan koʻk beda tashlab qoʻyinglar.

Boy hovli oldida kutib olishga sabri chidamay, koʻcha boshiga chikdi. Amir arkoni davlatining qorasi koʻringanida, egilib taʼzim qilib turdi. Arkoni davlat qirq kishidan kam emas. Vazirlar, xazinachi, qoziyu quzzot, lashkarboshiyu oʻn chogʻli qurollangan sarbozlar, hatto bosh Madrasa imom xatibigacha hamrohlik qilmoqda edi.

Boy avvalo Amirning oti jilovidan tutdi. Uning otdan tushishiga koʻmaklashdi. Egasini avaylab, muvozanat saqlab yerga tushirgan har bir ot yana egalik boʻldi…

Amir beqasam toʻnli yigitcha qoʻliga quygan suvdan bahramand boʻlib, uning ogʻzidan chiqqan “Valaka mislika zolika” duosini eshitib, xotirjam boʻldi-da, Jumagʻulboyga yuzlandi:

– Bir chetda tahorat ushatib, peshin namoziga oʻtsak.

– Mana bu chetda, chorbogʻ burjida hojatxonayu tahoratxona, oftobalar bor. Marhamat, Amirim.

Amir izidan hamma oʻsha tomonga yurdi. Imom xatib xushovoz ekan. Azonni shunday oʻxshatib aytdiki, namozxonlar past ovozda joʻr boʻlib turdilar. Namoz soʻnggida imom duoyi xayr qildi. Uning duolaridan taʼsirlangan boy koʻzlariga yosh oldi. Allohu akbar! Allohu akbar! Sendan ulugʻ kim bor?…

Amir avvalo bir qishloq boyining dasturxonida nimayam boʻlardi, deb biroz mensimagan edi. Tuya goʻshti solingan halim izidan oq shoʻrva, lazzatli parranda goʻshtlari, Kattaqoʻrgʻon mayizi, Maymonoq bodomi, Samarqand noni – hamma-hammasi ishtahani qitiqlab, tomoqdan oʻtgani hamono, huzurijon boʻlib singib ketardi.

Ayniqsa, qoʻzi goʻshtidan boshqa hech qanday masalliq solinmay pishirilgan oq shoʻrvani hamma bay-baylab ichdi. Oq bugʻdoy unidan qaymoq surtib tayyorlangan patir oq shoʻrvani yanada xushtaʼm qilib yubordi. Oxirrogʻida hazmi taom sifatida tortilgan qatiqli goʻja joyiga tushdi. Yaxshiyam bu dashtning havosi yengil. Agar shu ovqatni shaharda tanavvul qilinsa, har qanday zoʻrni boʻktirib qoʻyishi tayin. Xitoydan keltirilgan qirmizi choynaklarda achchiqqina qilib damlangan choy nafs qutqusi bilan oshqozonga tushgan ketma-ket goʻshtu yogʻni jigar ustidan purkalayotgan ziddi zahar bilan bab-baravar parchalamoqda edi. Togʻ oraligʻidagi Quruqsoy qishlogʻi tokzorlarida yetishgan qora loʻnda uzum suvidan ichi sirlangan xumlarda obi-tobiga keltirib tayyorlangan musallas ich-ichdan qizdira boshlardi. Ishtaha ochilishi bilan birga mehmonlarning qulfi-dilini ochib yubordi. Jumagʻulboy, Amir unga zimdan bot-bot qarab qoʻyayotganini sezib qoldi. Nigohlar uchrashib qolganda Jumagʻulboy boshini burmasdan koʻzini yo yuqoriga, yo pastga olar, ichimdagi dardimni Amir bilarmikan, Xudovanda, oʻzing Xalloq, unga yetkaz, deya ich-ichdan iltijo qilardi. Amirning fahmu farosati esa boyning oʻziga yetarlicha dardi borligini bozordayoq anglab yetgan, payti kelsa gap ochishni moʻljal qilib turgandi. Xayriyatki, dasturxonga fotiha tortildi. Amirning xos mullasi xayru ehson ziyofat uchun uzundan-uzun duoyi xayr qildi. Hamma unga qoʻshildi. Koʻpning duosi koʻl. Amir mamnun jilmaygancha Jumagʻulboyga qaradi:

– Elsaroyning himmatli oqsoqoli, ziyofat uchun tashakkur! Biz endi qoʻzgʻalurmiz. Inshoolloh, bugun kech Qarshi begining mehmoni boʻlurmiz. Biror istagingiz boʻlsa, tortinmang…

– Amirim, himmatingizning cheki yoʻq. Agar mumkin boʻlsa, anovi Otqamar tomondan biroz yaylov, lalmi ekin qilish uchun yer bersangiz… Elsaroyda fahmu farosati oʻziga yetarli oqsoqol boʻladigan yigitlarimiz bor. Shulardan baʼzi birovlarini tanlab bersak, mahkama xizmatiga olsangiz. Yana besh-toʻrtta mullavachcha yigitlarni shariat ilmidan chuqurroq saboq olishlari uchun Buxoroyi Sharif Oliy madrasalarida oʻqib, ilm olishlariga izn bersangiz. Oxirgisi esa, ijozatingiz bilan mehmonlarimizning tabarruk yelkalariga bittadan toʻn yopishimizga rozilik bersangiz…

– Bahay, bahay, davlatingiz bundan-da ziyoda boʻlsin! Malolli yumush soʻramadingiz.

Keyin bosh mirzoga oʻgirilib dedi:

– Jumagʻulboyga soʻragan yerlarini aniqlab, hozirning oʻzida “vaqf” yozib bering. Tolibi ilmlarni bemalol Buxoroga joʻnatavering. Haligi boʻlarmon yigitlar bilan Chiroqchi xonjoni shugʻullanadi. Boshqa gap-soʻzingiz yoʻqmi?

– Joʻq, joʻq, e, yoʻq, taqsirim! Umringiz uzoq, rizqingiz forigʻ, soyai davlatingiz bundan-da ziyoda boʻlsin! Oliy himmatingizga tasanno!

Amirga zar qoʻshib tikilgan Kesh doʻppisi, Buxoriy zardoʻzi toʻn, kashtali kamar-poʻta, qolganlarning har qaysisiga simobiy beqasam adras, kimxob toʻnlar yopildi. Mehmonlar qoʻzgʻoldilar. Oʻrnidan turayotgan vazirlardan biri qoʻpolroq hazil gap qildi:

– Elsaroylik boyning hammayogʻiga jir bitib, qoʻtonigacha yogʻ bosgan ekan. Qoʻtonboy desayam boʻlaveradi. Tuf, tufay, iloyo koʻz tegmasin! Amir ham hazil aralash mamnuniyat bilan aytilgan jaydari gapga bosh irgʻab, kulib qoʻydi. Oliy zotning samimiy kulgusi uning ham eʼtirofi sifatida qabul qilinib, oradagi noqulaylikni koʻtardi.

Jumagʻulboyning oʻzi bu gapni maqtanib hech kimga aytmasa ham, chor atrofga tez tarqaldi. Boyning urugʻ-aymogʻi esa soʻrab – surishtirganga bu gapni kimsan Amir aytgan, deb ogʻzini toʻldirib maqtanadigan boʻldi:

“Asli boylikni Boy Otamizga Xudoning oʻzi bergan. Hammayam Qoʻtonboy boʻlavermaydi-da. Ana Barot toʻqsoba bizning toʻfordan chiqqan, yerlarimizning poyoni yoʻq.

Buxoroyi sharifni bitirgan mullalarimiz, berilib azon aytsa, ovozi Makkaga yetadi.

Tomirimiz jantoqning tomiriday suvga yetgan…”

Toʻfor ahlining maqtanganicha bor edi. Jumagʻulboyning sharofati barokatga aylandi.

Yaylovlarning keng-moʻlligi dehqonchilik va chorvaga baraka kiritib, magʻzi toʻq, oʻqimishli ilmu odob sohiblari esa el-ulusning boshqaruviga yarab qolganidan bisyor xotirjam yashab kelgani bor gap.

Jumagʻulboy davru davronini shuytib oʻtkazdi. Undan nima qoldi? Biroz qoʻpolgina Qoʻtanboy degan nomu, halolu poklik, elim-elim, deb emranmogʻu bir chimdim oriyat qoldi. Saksondan sakrab oʻtishu Iymom, Oʻroz, Irza, Mahkamboy degan oʻgʻillari qoldi. Ular otasiday nom chiqargan boy boʻlmasa ham, yaxshi zuvaladan toʻkilgan urvoq kabi oʻz boshicha totimli zuryod boʻldi. Bunday zuryodning hech boʻlmagani uvol-savobni biladigan, shaytoniy, rahmoniy tuygʻuni darrov ajratadigan, ikkovning oʻrtasiga kirsa, ogʻziga qaratadigan, ozgina qiyshayganki bor, epga soladigan odamshavanda boʻlgani hammasidan aʼlo. Bilʼaks har toʻkisda bir ayb, deydilar. Ular orasida bexos birovga yaxshilik qilaman deb, oʻziga gunoh orttirib, ming pushaymon yeb, dunyodan oʻtganlariyam bor. Ikkinchi qism shu haqda…

 

MAHKAMBOYNING TAVBASI…

 

Otani koʻrgan oʻq yoʻnar, onani koʻrgan toʻn bichar. Otasiz oʻgʻilning oʻmgani, onasiz oʻsgan qizning koʻkragi katta. Kimgaki, otali, onali boʻlib voyaga yetish nasib etsa, bu – bearmon taqdir tuhfasi. Kimgaki tugʻilgan tuprogʻida yayrab-yashamoq, qarib-qartaymoq nasib etsa, bu ham bearmon tole. Kimniki peshonasiga bola-chaqa bitib, izida qolsa, buyam armonli dunyoning taskinu yupanchi…

Arabbandilik Mahkamboy, kimsan dongʻi ketgan Jumagʻulboyning kenja oʻgʻli, tanglayi ilik moyi bilan koʻtarilgan, kindigi ostonaga koʻmilgan. Har kun tongda adashmay chiqadigan oftob nuriga choʻmilib, xulqu odobdan kami yoʻq, bola-chaqasidan boshqa gʻami yoʻq boʻlib, qirchillama yoshida bilib-bilmay xato qilib, umr soʻnggida ming pushaymon qilib turgan joyini koʻring…

Ul zotning pushti kamaridan boʻlgan Narzilla boy aytardi:

– Otamiz rahmatli saksondan uchtagina oshib, qazo qildilar. Bobomiz ham shu yoshda qazo qilgan. Otaning yoshi bir marra-da, bolam. Kuni bitib rizqu nasibasi tugab borayotganini oldindan sezgan shekilli, meni yonlaridan sira jildirmadi. Har safar biroz oʻziga kelganida, ulgurib qolayin, deb shahodat kalimasini takrorlar, biroz nafasini rostlagach, ichidan chiqayotgan hasratidan tutun koʻkka oʻrlar, hoʻng-hoʻng yigʻlar, tutila-tutila tiliga kelgani shu boʻlardi:

– Astagʻfurulloh, astagʻfurulloh, tavba qildim, tavba qildim, Egam! Oʻzingga sigʻinaman. Oʻzing kechir! Meni kechirarmisan? Agar kechirmasang, chin dunyo – jannating menga nasib qilmaydi. Axir, bilib-bilmay qilgan gunohim uchun koʻrgan azobim doʻzax azobidan kam boʻlmadi. Shoʻrimni qarangki, oz emas, nikohli boʻlib, jamisidan oʻn sakkiz farzand koʻrib, oʻn beshtasini qoʻshqoʻllab tuproqqa berdim-a. Koʻrgan-bilganim shu uchtagina oʻgʻilga ovunib, suyanib turibman. Astagʻfirulloh, shunisiga ham shukr! Tirnoqqa zor qilib qoʻysa, qayoqqa borardim. Uchchovginalaring bir boʻlib, Narzulla, sen bosh boʻlib, tepkilab-tepkilab koʻminglar. Qoldiradigan meros-nasihatimga amal qilinglar. Bola-chaqalaring qulogʻiga mahkam quyinglar!

Yolgʻonu oʻtrikdan ot minib qochinglar. Zinhor va zinhor qasam ichmanglar! Hech qachon yolgʻon guvohlik bermanglar! Ikki nafsini tiyganga Olloh oʻzi baraka ato etadi. Davri qiyomatda haq azobidan qoʻrqinglar!

Otam dunyodan oʻtgach, ul zotning tirikligida qanday kabir gunohi boʻlganini soʻrab-surishtirdim. Koʻpchilik yelka qisdi. Biroz anglaganim shuki, otam tirikligida bilib-bilmay qilgan gunohlarini esga olib, tavbaga chogʻlangan. Otamizning gunohlarini Oʻzing magʻfirat qil! Hozir bir uchini chiqaray, erinmay eshitsangiz, sizgayam ibrat boʻlar…

Burungining bir topishmogʻi boʻlardi: Soy-soy qamish – soy qamish, saylanib turgan bir qamish. Javobini oqsoqol, kayvoni, marqa, bek yoki xon deb aytilsa, toʻgʻri boʻladi.

Jumagʻulboydan soʻrashdi: “Boybuva, oʻzingiz oliyhimmat, yaxshi odamsiz. Sholi kurmaksiz boʻlmaganidek, elimizda onda-sonda chiqib turadigan yomonlarning ham tarafini olasiz. Yomon boʻlsa, qilmishiga yarasha jazosini olsin-da…”

“Qoʻy boʻrisiz, el oʻgʻrisiz boʻlmas. Yaxshi ham, yomon ham mening oʻzimdan. Shoir aytadi: Orqasi bor orqasini maqtar mudom. Orqasi yoʻq marqasini maqtar mudom. Oʻsha yomon mening yomonim. Yomon kunimga yaraydi, hali hech kim shahardan tobutkash yollab ketmagan…”

 

DEVONA KOʻNGIL…

 

Ishqu muhabbat hammadan koʻra Tangri Taoloda bisyor, moʻl-koʻl. Rahimu Rahmonni koʻring. Oʻzidan ep koʻrib, bir chimdim mehr zarrasini shu Zaminga, borliq xilqatu jonzotga bergan. Odam Ato, Momo Havoga bergan.

Inchunun odamzod zuryodi Ishqi Allohdan benasib emas. Daryo toʻla suv, it degani tili bilan ichadi deganlaridek, mehru muhabbat tuygʻusi ham birovda koʻp, birovda oz. Birovda botiniy, birovda zohiran.

Qoʻtonboy toʻforidan Toshboy doʻmbirachiniki, ancha-muncha oshkor boʻlganidan tashqari sergʻalvaligi ham bor. Toshboy toʻrt qizdan keyin paytini topib tugʻilib, suygumchik, erkaroq boʻlib oʻsdi. Moʻylabi sabza urib, ovozi doʻrillab qolganida hovlisidan ikki uy narida, yelkasiga ip solib quduqdan qovgʻa tortayotgan qizni koʻrib qoldi. Toʻgʻrisi, Toshboy bu qizni avval ham birda – yarim koʻrgandi. Eʼtibor qilmagan ekan. E, bu Karimqul quduqchining ot choptirib yuradigan qizi Misqol-ku. Kattarib qopti. Saxti-sumbati boʻliqqina, rangi sariq ham, oq ham emas, raʼno guliga monand, oʻsma-surma koʻrmagan qosh-koʻzlari oʻynab turibdi. Oftobda qizgʻish, soyada qorovut koʻrinadigan mayda oʻrim kokillari iroqi doʻppisiyu gʻijim roʻmolidan pastga osilib turadi.

Hali oxurlar toʻlishiga ancha bor. Qizning nozik yelkalarini arqon qiyib qizartirgan shekilli, tishini tishiga qoʻyib ihrab-ihrab qoʻyadi. Aytmoqchi, quduq boshida ham kimdir bor. Yana bir qiz, singlisi shekilli, toʻlib chiqqan qovgʻani oxurga agʻdarmoqda. Shu turishida Misqolni boshqa bir boʻydoq yigit koʻrib qolsa unchalik oshiq boʻlmas. Biroq Toshboy negadir dadil boʻlib gap qotdi:

– Misqol, kel, biroz yordam beray!

Misqol yoniga kimdir kelayotganini sezsa ham, kimligiga eʼtibor qilmagan edi, bexos burilib qaradi.

– Toshboy aka, sizmisiz. Joʻgʻay, oʻzim eplayman. Har kungi ishim-da.

– Ber, beraqol, qara, nozik yelkalaringni arqon qiyib ketipti. Ot-ulovlaring joʻqmi?

– Juvosh baytalni otam qaqqadir minib ketgan. Boylovdagi otni quduqqa qoʻshib boʻlmaydi. Yaxshisi oʻzim…

– Ber endi, senga rahmim keldi.

Misqol qizarib-boʻzarib arqonni berdi. Toshboy qoʻliga tuflab, arqonni olarkan, qizga dedi:

– Sen endi ketib qolma, xuddi shu yerda, shunda tur. Suv tortish bahonasida seni bir koʻrib olay.

Qiz indamay yerga qaradi.

Yer haydamoq – bormoq, kelmoq, deganday quduqdan suv tortmoq ham borishli-kelishli.

Misqol quduq boshidan oʻttiz qadam berida turibdi. Toshboy – boʻz yigit. Ikki-uch chelak suv sigʻadigan qovgʻani toʻldirib tortar, quduq boshidagi qizgina suv toʻla qovgʻani bazoʻr oxurga agʻdarar, uning qiynalayotgani Toshboyning xayoliga ham kelmas, yelkadagi yukli arqonni pisand qilmay Misqol sari intilar, yetganda qizga boshdan-adoq tikilib toʻymas, agar panaroq boʻlsa, borasolib quchoqlab oʻpishdan ham toymas edi.

Chamasi oʻninchi borishda oxur lipillab suvga toʻldi.

Yigit yurak yutib, qizga gap qotdi:

– Misqol, menga jogʻib qolding! Qosh qorayganda shu quduq joniga kelasanmi?

– Bilmasam, iloji boʻlarmikan?

– Biror bahona toparsan, maylimi?

Oʻsha kuni qosh qoraymogʻini intizor kutgan hamma emas, ikki yosh boʻldi, desak chippa-chin boʻlar. Toshboy ham, Misqol ham ilk uchrashuvda aytmoqchi soʻzlarini tinmay takrorlar, yuraklar dupuridan tanada sezgin qaltiroq hukmron edi. Bu yogʻiga “tavba,” desa boʻladi.

Qishloqdagi devor-darmiyonsiz hovlilarning har birida bittadan it bor. It boʻlgandayam naq boʻribosar. Chaqirib kelganning har biri qoʻlida uzun arqon yoki tayoq boʻlmasa, qirq yil oldin oʻlib ketgan momosini koʻradi.

Xonadon aʼzolaridan birovi bezovtaroq boʻlsa yaxshi it hammadan burun sezadi. Havoga otilgan kesak koʻrinmay qoladigan boʻlganda, Toshboy qiyshayib uydan chiqdi. Yigit bexabar, Boʻynoq izidan indamay ergashdi. Quduqqa yaqin kelganda Misqolning qorasi koʻrindi. Xayriyat. Biroq qiz izidan hidini olib kelayotgan yaxshi it Toʻrtkoʻzni hech kim sezmadi. Imi-jimida titroq qoʻllar bir-biriga chirmashganda, ikki yaxshi it bir-biriga tashlanib, gʻirillashib qolsa boʻladimi? Buni hech kutmagan oshiqlar baravariga ovoz chiqardi:

– Boʻynoq, Toʻrtkoʻz, koʻzing koʻrmi, men oʻzim…

Taajjubki, itlar ovozi birdan oʻchdi. Bir-birovini hidlab-hidlab nari ketdi. Ana bu boshqa gap. Titroq qoʻllar yana chirmashdi. Hech gap-soʻzsiz yigit qizni bagʻriga oldi. Balogʻat hidlari tutashdi. Ilk boʻsa taʼmidan qoʻsh yurak avval joʻr boʻlib, dukilladi. Qoʻsh badandagi titroq birdan bosildi. Takror-takror boʻsa xurujidan lovullab yongan oʻng yonoq, chap yonoq hovri bosildi. Lablar lablarga intilayotganda, qiz yigitni toʻxtatdi:

– Tosh aka, bugunga yetadi. Haddingizdan oshmang.

– Pari qiz, ertaga ham kelasizmi?

– Ertaga qoʻzi-uloqlarni haydab Uzunjar tarafga chiqaman.

– Ertagacha baribir sogʻinib qolaman. Tushlaringga kirsam maylimi?

Ular noiloj, biroq mastona ajraldilar.

Oʻzaro hid almashgan itlar ham mamnun, loʻkillab, egalari izidan ergashdi.

Oshiqlar pinhona kunda, kunora uchrashib yurdilar. Oʻzlaricha ahdu paymon qilishdi. Biroq “nasib”ni aytishmagan ekan…

Yigit hayallatmay sovchi qoʻydi. Birdan rad javobini oldi. Quduqchi qizini Chorkoʻsalik kasbdosh oshnasining oʻgʻliga vaʼda qilib qoʻygan ekan, bermadi. Toshboyning otasi oʻrtaga oqsoqolni aralashtirdi. Baribir bermadi. Quduqchi oshnasiga xabar qildi. U yoqdan toʻy tezlashib ketdi. Misqol zor-zor yalindi. Buyoqda suyganim bor, deb aytolmadi. Koʻzda shashqator yosh bilan ellik chaqirim nariga kelin boʻlib ketdi. Kuyovga koʻngilsiz, shoʻr peshona, shoʻr taqdir…

Bundayin koʻz yoshli chimildiq hech joyda boʻlmadi. Misqol pari qaqshab qon boʻldi. Kuyov hayron, lol boʻldi. Chilla degani zavol boʻldi.

Endi gapni buyoqda qolgan Toshboydan eshiting. Toshday ogʻir, bosiq yigit oʻz-oʻzidan yengil tabiat boʻldi.

Avval oʻziga-oʻzi gapiradigan Majnunga uka tutindi. Keyin qoʻshiq aytdi. Qaydandir doʻmbira topib kelib, ustoz koʻrmay chalib yotdi. Maymonoqdagi Xoʻjamurodbaxshi Otani qirq kun tunab qaytdi. Huy-huylab, boʻy-boʻylab aytadigan baxshi boʻldi. Bundayroq baxshidan yaxshi boʻldi. Avval “Tohir-Zuhro” ni, keyin, “Vomiq Uzro”ni aytdi. Azaga borgan dardini aytib yigʻlaydi. Qay taraf toʻyga borsa, aylanib aytgani – Misqol, Misqoloy boʻldi…

Mahkamboy kenja oʻgʻil boʻlgani uchun Boy ota merosidan olgani bir chimdim ziyod boʻldi. Hammadan oldin oʻzini tutdi, yomon kunni unutdi. Oʻgʻil otadan bir bahya kam boʻladi degani rost shekilli, unchayam oshib-toshib ketmadi. Jumagʻulboyga qiyos qilganda, Amir tugul, xonjonni ham uyiga taklif qilganini hech kim eshitmadi. Biroq Avazbek degan oshnalariga qoʻshilib, anchayin shariatboz boʻlganini el biladi. (Bu jumlaning qisqa sharhi shuki, oʻsha davrning shariat qonun-qoidalariga qattiq amal qiluvchi, talab qiluvchi qozilarga yaqinlik) Ikki nafsini tiygandan baloyi bad hazar qiladi. Rizqu roʻzini yerdan topadigan odamzod yer uchun talashib-tortishmagan kuni bormi? Qoʻtonboylar urugʻiga biroz naridan tutashadigan Karchin (Buyam bir saroy urugʻining toʻfori) toʻfori hosildorgina 100 tanoblik yer ustida talashib-tortishib keladi. Jumagʻulboy davrida bu joyga Qoʻtonboylar egalik qilgani tayin. Katta boyning zamonida Karchinlar tilini tishlab yurardi. Endi ular gʻimirlab qolishgan. Mish-mish tarqaldi. Karchinlar sotib-sovunib, odam yoʻllab, Amir dargohiga bosh suqib shu yerga “vasiqa” olishibdi. Kuzgi shudgor oldidan yigʻilib shu “vasiqa”ni eʼlon qilarmish. Bu gap-soʻz hammadan koʻra Mahkamboyga yoqmadi.

Maslahat qilgani usta Dangal bilan Avazboy yoniga bordi. Ular gapni bir joyga qoʻyishdi. Karchinlar Doʻngtepa ustiga jamlangan kuni Mahkamboy ham besh-olti ogʻaynisi bilan jiyin (yigʻin)ga bordi. Mahkamboy shirin gap-soʻz, ustakorlik bilan Karchinlar oqsoqoliga dedi:

– Birodar, moli-moʻmin joni-moʻmin, yeri moʻmin-xuni moʻmin, deganlar. Yaxshi koru xayrga qoʻl uribsizlar. Endi oramizda hech qanday nizo boʻlmaydi. Vasiqa-hukmi Amir. Oqsoqol, oʻsha “vasiqa”ni buyoqqa bering-chi, bir oʻqib koʻraylik. Tabarruk xatni koʻzga surmoq kerak-da. Mana shariatboz Usta Dangal, Avazbeklar ham oʻqisin, buyogʻi xotirjamlik boʻladi. Oqsoqol iyib ketib, Mahkamboy tomon taʼzim qildi-da, “Xat”ni unga berdi. Samarqand qogʻozi pishiq qogʻoz. Husnixatni mirzo yozgan. Ammo muhrida ozgina xilofi bor. Buni ikki shariatboz ham, Mahkamboy ham sezdi. Mahkamboy qoʻlidagi xat avval biroz titradi, keyin birdan qoʻl bilan bolalikdan ogʻayni boʻlgan ogʻizga ravona boʻldi. Baquvvat tishlar orasida chaynalib, yutilib ketdi. Xullas Mahkamboy “vasiqa xat”ni hech narsa koʻrmaganday osongina yutib yubordi. Birov bildi, birov bilmay qoldi. Qoʻli quruq qolgan, bor ilinjidan ayrilgan Karchinlar oqsoqolining “e, e” deyishdan oʻzga holi qolmadi.

Mahkamboyning oxirgi gapi oʻlganning ustiga tepgan boʻldi.

– Ogʻaynilar, bu yerning “vasiqa” si Jumagʻulboy bilan birga ketgan. Boyning tanasi chirib ketgandir. Lekin erinmay qidirsak, uni albatta topamiz. Gap tamom-vassalom. Uy-uyga tarqalamiz!…

Oradan olti oyu olti kun oʻtdi. Toshboy baxshi Misqol pariga yetaman, deb koʻkragini zaxga berib, yotgani yoʻq. Dardu dilini har joyda, har kimga ayta-ayta “uytib-buytib” oʻzini yupatib yurdi…

“Yozi bilan Zebo” izini qidirib Maymanoqqa bordi. Qovchinda “Tohir Zuhro”ning tikanli mozorini tavof qildi.

 

Ay yoronlar aytayina, aytayin,

Yaxshini topib, yomondan qaytayin

Qiz bolaning badanida olovcha bor,

Qoʻy goʻshti, quyruq yogʻi palovcha bor.

Ahaylasang, qoʻy qoʻshilmas podaga

Roʻmolingni yonib ilgin xodaga.

Misqol pari, qomatingdan aylanay

Boʻylaringga bori umrim sadagʻa.

Dardim yomon, rangim somon, otim oriq,

Ishqu dardim azobidan qular osmon.

Toleimdan visol emas, ming pushaymon

Qoʻshigʻim qoʻshiq, tomogʻim teshik

Bir burda non bersang, aytaman qoʻshiq.

Misqoloyni bir koʻrsam ham, bas edi

Hech koʻrmasam tuproq, xoru xas edim…

 

Gʻij-gʻij yulduzli osmon edi. Kimgadir visol, kimgadir armon edi. Chorkoʻsa ovulida alomat toʻy boʻlayotgan edi. Mehmonlar qoʻnoq joydan chiqib, toʻyxonaga toʻp-toʻp boʻlib yigʻilayotgan joyi edi. Davra oʻrtasida tarasha oʻtindan yoqilib, unga kimdir yermoyi sepib turgandi. Mardon baxshi zardoli doʻmbirasini qoʻlga olib, toʻyga munosib kuy izidan boʻtaday boʻzladi. Goʻroʻgʻlidan boshlab Avazxondan qaytdi. Oʻxshatib aytdi, qaqshatib aytdi. Oʻrtada yozilgan belbogʻ, qogʻoz pul, poshshoyi tangaga toʻlib ketdi. Navbat Toshboy baxshiga kelganda qiz-juvonlar orasidan kimdir “voy” deb yubordi. Bu ovoz yosh baxshining qulogʻiga hammadan burun yetdi. Baxshi entika-entika shunday joʻshib aytdi-ki, eshitgan quloqqa moyday yoqdi. Axir dunyoning eng tolmas qanotli qoʻshigʻi Ishq qoʻshigʻi-da. Va lekin Toshboy baxshi oʻxshatdi. Oshiqlik termalari orasiga astalik-ustalik bilan koʻngil dardini qorib-qorib purkab yubordi. Dilnoma aynan Misqolga, Misqoloyga qaratilgan edi.

– Misqolim, jonim, jahonim, sensiz dilim vayron, umrim xazon. Hozirning oʻzida men bilan ketasanmi? Huv narida, toʻyxona ortida Jiyron qashqa otim gijinglab turibdi. Chiqsang bas, ikkimiz qanot chiqarib uchamiz, visol quchamiz. Naryogʻi Xudo poshsho!!!

Ustoz baxshi baribir zoʻr-da. Undan boshqa hech kim Toshboyning ishoratini sezmadi. Mardon baxshi qoʻlini koʻtardi. Toshboy toʻxtadi. Navbat Loʻli shoirga berildi. Qarshilik Loʻli shoir koʻhna aytishuvni boshlaganida, Toshboy sekin qoʻzgʻaldi. Qoʻlida zombircha doʻmbira bilan oti tomon yurdi.

 

EY OSHIQLAR PIRI, OʻZING MADADKOR BOʻL!

Yo Xudoyimay, ana omad, mana omad, Misqoloy paranjiga oʻralib, bellari buralib, koʻzi yonib, ming bora quvonib, Toshboy otining yollarini silab turibdi.

– Misqoloy, jonim, oʻzingmisan. Xayriyat, tushunibsan.

– Tosh aka, ketdik, ketaylik!

– Misqol, sen oldinga oʻtir, yaxshi boshqarasan. Men keyinda, quchoqlab ketaman.

– Tosh aka, menga it tekkan, yana yuzimga solmaysizmi?

– Hali it ekan, choʻchqa boʻlsa ham, sen menga halolsan, Misqol!

Har qanday yaxshi ot egasi koʻnglini darrov sezadi. Rizq bergan xonadonga tinmay intilish esa har qaysi jonivorning suyukli odati.

Jiyron qashqa kun botish tarafni koʻzlab, oʻqday uchib ketdi. Tuyogʻidan oʻt chaqnab, quloqlari orasidan jannat shamoli esib, gʻayrati joʻshib ketdi. Hademay manzilga yetib boradi. Otning naq kallasiday keladigan yuragi, ustidagi qoʻsh yurak bilan joʻrovoz tepayotgan, toʻrt oyogʻi ham ularga joʻr boʻlib chopayotgan edi.

Erta tongdan Chorkoʻsada duv-duv gap tarqaldi. Falonchining kelini falon bilan qochipti. Voy sharmanda, asli buzuq ekan-da.

Er boʻlmish toʻrt-besh yigit bilan dov toʻkib Toshboynikiga bordi. Baxshi koʻrinish bermadi. Misqoloyning oʻzi chiqib rad javobini berdi:

– Sen menga er boʻlmading, qaro jer boʻlding. Darrov talogʻimni ber! Mard boʻlsang ayama! Ber, beraqol, yalinib aytaman. Men endi Toshboyniki boʻldim. Shuncha xoʻrlanganim yetar.

Er boʻlmish ori keldimi, uzangiga oyoq tirab, uch taloq, ming taloq, osmondagi yulduzcha taloq, deb oxirida tilga olib boʻlmas soʻz bilan soʻkib yubordi…

– Ena taloq, haromi Toshboyingga ayt! Men uni urugʻ-aymogʻi bilan zindonda chiritaman!

– Bilganingni qil. Hezalak, hezalaksan!

Har qanday baloyi badga oldindan rozi boʻlgan baxshi Misqoloyni hayallatmay nikohiga oldi. Chimildiq, irim-sirimi esa hovlidan tashqarida qoldi.

Endigi gapni Chorkoʻsadan eshiting. Sonsiz saroyning har toʻforida oʻzicha oriyat, ul nari, biz beri degan gap bor. Toshboy qoʻshiq (uning shunday nomi ham boʻlgan) bilib-bilmay bir toʻforning qilday nozik oriyatiga tegib ketdi. Bunday paytda kim ham qoladi. Besh-oʻn kayvoni jam boʻlib, shariat qozikalonini qidirib ketdi. Arznomaga jami erkagu ayolning barmogʻi ranglab bosilgan edi. Quruq qoshiq ogʻiz yirtadi. Nafs qozoniga bir boʻlak dumba yogʻ tushib, jazi erigan qozikalon mahkama mirshabu mirgʻazablarini olib, aynan Toshboy qoʻshiqning ovuliga qoʻshin tashladi. Eng avval Toshboy koʻshiqning toʻfori Bekliboy urugʻining oʻn chogʻli oqsoqolini aybdorga qoʻshib, boʻyniga arqon solib, yertoʻlaga qamab tashladi. Bosh aybdor, yoki aybiga iqror kelindan bir ogʻiz soʻrash hech kimning xayoliga kelmadi. Avval bizga tanish uch shariatboz Usta Dangal, Avazbek, Mahkamboy yana ish beradigan boʻldi. “Uchlik” degani uzoq talashib-tortishdi. Xayriyatki, toʻrtinchi odam yoʻq. Tepada Allohni aralashtirib, reja tuzishdi. Yana oldinga Mahkamboy koʻkrak kerib chikdi. Axir bitta yomon deb shuncha gunohsiz oqsoqol zindonda yotadimi? Qolaversa, oʻsha yomon ham oʻzimizning yomonimiz. Baxtash tavakkal.

Mahkamboy koʻchma qozixona oldida tiz choʻkib, shahodat kalimasini aytib guvohlik berdi:

– Qozikalon janobi oliylari, shariat hukmi-oliy hukm. Haq taolo oldida guvohlik berib aytamanki, bu oʻrinda el oqsoqollarida zarra gunoh yoʻq. Bu ayolni ham hech kim oʻsha yoqdan olib qochib kelgani yoʻq. Oʻzi, oʻz oyogʻi bilan ota-enasini koʻrgani kelgan, shu yerda Toshboy bilan topishib ahdu paymon qilgan. Ayolning oʻzi avvalgi eridan taloq olib, baxshining nikohiga kirgan. Ishonmasangiz, oʻsha nomard kelinning oʻzini chaqirib soʻrang. Mahkamboy Jumagʻulboy oʻgʻli nomim bilan aytamanki, Toshboyda ham, el oqsoqollarida ham gunoh yoʻq. U yogʻi oʻzingizga havola.

Qozi katta kitobini uzoq varaqlab, bir toʻxtamga keldi. Bir gap boʻlmasa, shunday baobroʻ boy oʻzini tikka tutib, guvohlik berarmidi?

Qozikalon ishorat qildi. Boʻyniga sirtmoq solingan oqsoqollar qozikalonga ham, Mahkamboyga ham tasanno oʻqishdi. Mahkamboyning guvohligi biroz oʻtrikka qorilgan boʻlsa ham, uni fosh etishga hech kim jurʼat topolmadi. Aslida Mahkamboyning soxta guvohligi Toshboy va Misqolga qayishgani, toʻforiga qayishgani edi. Yana tepadagi katta Qozidan boshqa kim biladi deysiz?

Hammaniyam Xudo yaratgan. Oʻsha paytda boshi egilib qolgan er boʻlmish tarafdan qargʻanmagan odam qolmagan ekan. Men qilaman toʻqqiz, Xudo qiladi oʻttiz. Hech bir toʻqqiz oʻttizga teng kelarmidi?

Mahkamboyning bir chimdimgina imoni borligi uchun umrining soʻnggi choragida tillari tavbadan tushmadi. Oʻlimi oldidan oʻgʻli Narzullaboyga meros sifatida tayin qilgani ham oʻsha tavbalarining sharhi-ashʼori edi. Ota oʻgʻil, padar oʻgitiga, tavbasiga, iqroru ibratiga amal qilib yashadi. Bola-chaqalarini ham shunga oʻrgatdi. Oradan uch-toʻrt pusht oʻtsayamki, zuryodlar bobolarining oʻsha tavbasini, iqrorini sira unutishmaydi. A, buyam bir eski rivoyat-da, deb qoʻl siltab ketishmaydi. Barakasini bersin!

– Oʻtganlarni Oʻzing magʻfirat qil, Egam!

 

 

Gʻozi RAHMON

 

Arabbandi, 2012 yil, mezon…

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 11–12-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/shukuhli-karvon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x